Ramazon hayitingiz muborak bo'lsin!
Allohning buyuk marhamati ila, bu yilgi Ramazon oyini ham o'tkazib oldik. Qalblarda biroz mahzunlik, chunki yana doimgidek, ko'z ochib yumguncha oylarning sultoni bilan xayrlashish vaqti keldi. Ammo Allohning buyuk xikmatini ko'ring. Ularning qalblarida shodlanib, sokinlik topishlari uchun, Ramazondan keyingi oyning birinchi sanasini musulmonlar bayrami qilib qo'yibdi. Imkon qadar ibodatlarda bardavom bo'lib, ro'za tutib ancha poklanib, sayqallanib olgan nafsimiz endi bir shodlanib olsin. Islom dini faqatgina namozu ro'zadan iborat emas. Bayram va shodiyona kunlari ham bor. Bu kunda ro'za tutish xarom, aza tutishdan ham qaytarilgan. Musulmonlar muqaddas oyning rahmatlaridan bahramand bo'lganini nishonlashlari kerak. Bu kuni bir-birini tabriklaganlar ham ulkan savoblarga ega bo'ladi.
Muhtaram Prezidantimiz farmonlari bilan, har yili hayit kunlari butun mamlakat bo'ylab dam olish va katta bayram kuni qilib belgilanadi. Alohida tabriknomalar o'qib eshittiriladi. Bu bayramni xalqimiz azaldan e'zozlab, nishonlanib kelgan. Bu kuni erta tongda, hayit namoziga shoshilgan insonlarni ko'ramiz. Boshlarida milliy do'ppilar, yuzlarida mayin tabassum. Mana shu holatni ko'rib, o'zinga o'xshading jonajon xalqim, degim keladi. Qaniydi har kuni hayit bo'lsa!
Bolalarga hayitlik ulashamiz. Buning zamirida ulkan va pokiza maqsadlar bordir. Esini tanigandan boshlab, bolajonlar hayitni yoqtirib qolishadi. Garchi pul yoki shunga o'xshash xadyalar tufayli mehr qo'ysada, bu faqatgina hayitning ne'mati ekanligidan, bolaning ongiga bu kunning qadr-qimmati chuqur singib boradi. Kattalarga, oilasiga, jamiyatga va muqaddas dinimizga muhabbati ortadi.
Bayram kunida qabristonlarga shoshadiganlar ham ko'p. Mayli, haqlariga duo qilsin, ibrat olib qaytsinlar. Lekin afsuski, bu kunni azaga aylantirib olganlar ham talaygina. Axir bugun bayramku! Bayramda faqat shod-u xurramlik, xursandchilik va tabassum bo'lishi kerak. Shu kuni azani qo'yib turaylik. Necha haftadan beri qarindoshlarni ziyorat qilgani bahona yoki vaqt topolmayotgandik. Mana imkoniyat, mana bahona. Ota-ona, amma, xola, tog'a, amaki, hammalariga hayitlik berib duolarini oling. O'ttiz kun ibodat qilgan odam, bir kun bayram qilishni ham bilish kerak. Sal yayrab, o'yin-kulgu ham qilib turish kerak chegaradan chiqmasdan. Kunduzi farzandlaringizni olib, istirohat bog'larida aylantirib keling. O'zingiz ham bir maza qilib xordiq chiqaring. Ha bugun shunaqa kun. Boshqa payt ham dam olib turamiz, lekin bugun zarur bu narsa. Ishdagi tashvishlarni bir kunga yig'ishtirib turing! Shunday nishonlangki, musulmon bo'lmaganlar ham Islomga xavas qilsin. Bayram qilsa ham katta savob bo'ladi, deganimizning boisi shudir.
Butun O'zbekistonimizni, vatanimizning har bir fuqorosini, barcha forumdoshlarimizni, dunyodagi barcha musulmonlarni, osmonlar-u yer va undagi barcha mavjudotlarni, bayramni quvonch bilan qarshi olgan barcha zotlarni chin qalbimdan tabriklayman! Ushbu kun quvonchli damlaringiz boshlanishi bo'lsin! Bu ojizona bitilgan tabrikni o'qiyotgan qaro ko'zlarga alohida tabrigimni izxor etaman! Ko'zlari hamisha baxt-u quvonchni ko'rsib yursin. Yashab turgan muqaddas zaminimiz, ko'rkam diyorimiz hamisha eng sokin va tinch maskanlar bo'lib qolsin! Uning bag'rida avlodlarimiz o'ynab-kulib ulg'aysinlar va keyingi avlodga yanada obodroq yurtni qoldirsinlar! Yurtimning har bir kuni avvalgisidan hayrliroq bo'lsin! Qalblarimiz hamisha iymon nuridan halovat topsin! Keyingi Ramazonga ham sog'-salomat, tinch-osudalik bilan yetish nasib qilsin!
Xayr Ramazon! Hozirdanoq seni sog'inishni boshladik...