Aziz Nesin. G'aroyib bolalar (roman)  ( 97326 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 16 17 18 19 20 21 B


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:43:27

Damir olamdan o'tgan Mineni bag'riga bosib, ho'ng-ho'ng yig'lashi kerak.
—   Qanisan, xotinjon, qayoqda qolding, jabrdiydam! — deganicha u o'zini yerga otib, Mineni timirskilab qidira boshladi.
Mine yotgan joyida unga qarab talpindi.
—   Bu yerdaman, men o'ldim.
—   Mana endi birga bo'linglar! — deb Damirni yoqasidan oldim-da, Minening ustiga uloqtirdim.
Shu bilan ikkinchi parda ham tugadi. Parda tushirilgach, o'qituvchimiz Damirni qattiq koyib berdi.
—   Ko'zoynakda ko'rmayotgan bo'lsam, nima qilay axir, — dedi u ham o'zini oqlab.
Oxirgi pardada Damirni ko'zoynaksiz chiqarmoq-chi bo'lishdi-yu, lekin shu paytgacha ko'zoynakda yurgan chol o'limi oldidan birdan uni tashlasa, qiziq tuyuladi, degan andishada bu fikrdan voz kechishdi.
—   Ko'zoynakni taqqin-u, lekin oynagining ustidan qara, — maslahat berdi direktor.
Damir direktorning maslahatiga amal qilgani uchun uchinchi parda ancha silliq o'tdi. Ammo oldingi sahnalarda tomoshabinlarning kulgi patini qitiqlab qo'ygan ekanmiz, to'g'ri gapgayam qiyqiriq ko'tarishadi. Yig'lash kerak bo'lgan joyda ham nuqul kulgi qilishadi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:43:33

Uchinchi pardada men qamoqdan bo'shab, uyga kelaman. Endi o'z qilmishlaridan pushaymon bo'lgan o'g'ilman. Otamga yalinib, meni kechirishini so'rayman. Zaldagilarga qolsa, shu ham kulgi. Buning nimasi kulgi ekan, hayronman.
Kechirim so'rab, otamning qo’lini o'pishim kerak. Endi o'pmoqchi bo'lib engashgan edim, bundoq qarasam, mo'ylovimning bir tomoni yerda yotibdi. Yarimta mo'ylov bilan boshni qandoq ko'taraman?!
Darrov buyog'ini kelishtirib yubordim.
—   Oyog'ingizga bosh qo'yib yalinaman, otajon! — deb Damirning oyog'i ostiga o'zimni otdim.
Ayni paytning o'zida yerda mo'ylovga chang sol-dim. Darrov labning tepasiga qo'ndirdim. Ammo falokat degan narsa yolg'iz yurmas ekan. Mo'ylovning chap bo'lagi tushgan ekan-u, uni o'ng tomonga yopishtiribman. Ikkovi ustma-ust bo'lib qoldi. Damir buni sezgan ekan, «chapga ol uni», deb shivirladi. Harakat qilib ko'rdim, bo'lmadi. Oxiri mo'ylovini burayotgan kishidek qilib chap qo'lni bo'sh joyda ushlab turaverdim.
—   Men seni kechirdim, o'g'lim, — dedi otam nihoyat.
Men bo’lsam unga mo'ylov qilaman. Lekin buning ham cheki bo’lishi kerak-da! Qachongacha otamga qarab mo'ylov burayman?!

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:43:40

—   Agar gunohimdan o'tmaganingda shu mo'ylovni mana bundoq qilib yulib tashlamoqchi edim, otajon! — deya solib mo'ylovni shartta olib, oyog'imning ostiga tashladim.
—   Nima qilib qo'yding, bolaginam?
—   Sendan aylansin shu mo'ylov, otajon! Gunohim katta, uni yuvishga bu ham yetmaydi.
Spektakl oxirlab qoldi. Endi otam ho'ng-ho'ng yigiab meni bag'riga bosishi va «gunohingdan o'tdim, o'g'lim. Endi parvardigorga iltijo qil, seni o'zi kechirsin», deb turib, jonini taslim qilishi kerak.
Damir ho'ngrab yig'lab yubordi. Razm solib qarasam, rostakamiga yig'layapti. Spektakldan keyin aytishiga qaraganda, yuragi ezilib ketgan ekan. Xullas, yuz-ko'zi chaplashib, paxta ivib ketdi. «Voy, bolagi¬nam!» deb o'zini menga tashladi. Birpas quchoqlashib turdik. Keyin bir-birimizni bo'shatdik.
Yuziga qarasam, bittayam soqol-mo'ylovi qolmapti. Hayron bo'lib o'zimnikina paypaslayman. Ana xolos. Mendan soqol o'sib chiqibdi. Boya bir-birimiz bilan achomlashib turganimizda Damirning ivib ket¬gan soqoli menga o'tib qolgan ekan-da... Birpasda o'g'lidan otaga aylanib qoldim. Hozir otaning yerga yiqilib, jon beradigan payti. Lekin Damirning hech oiadigan turqi yo'q.
—   Bo'l endi, Damir, o'ladigan bo'lsang tezroq o'lmaysanmi, — pichirlab dedim unga.
—   Soqol senga o'tdi-ku, endi qaysi birimiz oiishimiz kerak?
—   Axir sen otasan, albatta o'lishing kerak. Yerga ot o'zingni! — Damirning bo'lsa o'zini tashlagani hecham yuragi betlamaydi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:43:49

—   Namuncha imillaysan? Bo'l tez!
—   Yiqil desang yiqilaveraman-u, ammo direktorning ko'zoynagi nima bo'ladi? Tag'in sinib qolsa-ya? — dedi u oldimga kelib.
—   E, gapni cho'zma, tez boi. Spektakl tugashi kerak. Sharmanda bo'ldik.
—   Men gunohingdan o'tdim. Endi parvardigorga iltijo qil, seni kechirsin.
Damir shu gapni aytdi-da, ko'zoynakni bemalol stolga olib qo'ydi. Keyin: «Endi men o'lyapman!» deganicha gup etib yerga ag'darildi. Men uning ustiga o'zimni tashladim. Darhol pardani yopishdi. Ammo ikkovimiz juda oldinga chiqib ketgan ekanmiz, yarim belimiz pardadan tashqarida qoldi.
Zal kulgi va qarsak zarbidan larzaga keldi.
—   Bunday ahvolda yotaversak bo'lmaydi, qani, turamiz endi, — deb Damirga pichirladim.
—   O'lgan odam qanaqa qilib turadi? Xohlasang, o'zing tur, men yotishim kerak.
Allakim oyog'imizdan sudrab, parda ichiga oldi. O'rnimizdan turib ko'rsak, o'qituvchimiz ekan.
—   Rasvo bo'ldik, Ahmad, endi toza gap eshitamiz, — dedi sekingina Damir.
Yurak o'ynog'ida sahna ortiga o'tdik. Direktor bilan o'qituvchilar huzur qilib ko'zyoshlarini artib turishgan ekan.
Xullas, 23-apreldagi konsertni boplab tashladik. Hamma Damirga qoyil qoldi. Hali-hali Damir zo'r iste'dod egasi ekan, deb yurishibdi. Bu gapning tagida jon bor. Zotan u o'qituvchimizning tragediyasini ajoy-ib komediyaga aylantirib berdi.
Shu kunlarda Istanbulning havosi juda ajoyib. Kanikul kunlari Istanbulda diydor ko'rishguncha xayr. Omon bo'l.
Ahmad Tarbay.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:44:08

Bolalar romani uchun konkurs

Istanbul, 25-aprel, 1964-yil.

Qadrdonim Zaynab!
Kuni kecha senga xat jo'natgan edim, mana bugun esa yana yozyapman. Rosa hayron bo'lsang kerak. Ketma-ket yozishimning sababi bor — bir narsaga sen qandoq qaraysan, shuni bilmoqchiman. Agar mening fikrim senga ma'qul tushsa, bir ish qilamiz.
Yaqinda bir gap eshitib qoldim. Bolalar romani uchun konkurs e'lon qilinganmish. Shuni eshitdim-u, lop etib miyamga bir fikr keldi. Bir-birimizga yozgan xatlarimizni tartib bilan to'plab chiqsak, shuning o'zi roman bo'lmaydimi? Men hamma xatlaringni yig'ib yuribman. Sen ham mendan olgan xatlaringni tartibga solib, papkaga joylab qo'yganingni bilaman. Buni o'zing aytgan eding.
Xo'sh, bunga nima deysan? Senga ma'qulmi shu gap? Agar konkursga qatnashishga rozi bo'lsang, jami-ki xatlarni bir konvertga solib, aviapochta orqali tezda menga yubor. Ikkovimiz sherik bo'lib qatnashamiz.
Agar sen shu taklifimga qo'shilmaydigan bo'lsang, u holda menga darhol xabar qil. Yana bir iltimosim bor. Taklifni ma'qul topsang, bu haqda hozircha hech kimga gapirmay tur. Konkursda yutib chiqsak, uyi-mizdagilarga bu sovg'a bo’ladi. Bordi-yu, omadimiz kelmasa, u holda yopig'lik qozon yopig'lig'icha qola-veradi. Hech kim buni yuzimizga sololmaydi.
Javobingni kutaman.
Hurmat ila sinfdoshing:
Ahmad Tarbay.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:44:19

Marra seniki

Anqara, 27-aprel, 1964-yil.

Aziz do'stim Ahmad!
Hozirgina xatingni oldim. Darhol javobga o'tirdim. Bo'lishim bilanoq hamma xatlaringni senga banderol qilib jo'nataman.
Sen konkursga qatnashaylik, deb yozibsan. Rozi-man. Ko'nglingga kelmasin-u, lekin bundan bir ish chiqishiga ko'zim yetmay turibdi. Sababini aytaymi? Gap shundaki, biz o'z maktublarimizda katta odamlarni, ota-onalarimiz va o'qituvchilarimizni bir g'alvirdan o'tkazib ko'rdik. Endi buyog'ini so'rasang, konkursga kelgan romanlarni o'qib, hukm chiqaradigan ham shularning o'zi. O'zlari haqida yozilgan romanga bular ijobiy baho berishiga aslo ishonmay-man. «Rosa beadab bolalar ekan», deb bizga o'cha-kishib qolishlari ham mumkin. Qolaversa, romanni konkursga yuborayotganingda ism va adreslarimizni yozsang, yana baloga qolamiz. Shuning uchun ismlarimizni o'zgartirib, xatlarning ostiga bittadan taxal-lus qo'ygan ma'qul. Meniki Zaynab bo'lsin. Sen ham birorta ism topib qo'y.
Men bu bilan konkursga qatnashmaylik, demoqchi emasman. Bir-birimizga yozgan xatlarimizni to'pla-sak, bitta roman bo'lishiga imonim komil. Mayli, bularni konkursga jo'nat. G'olib chiqmasak, o'zimizga tan. Biz hech narsa yo'qotmaymiz.
Bundan ikki-uch kun oldin ba'zi xatlaringni yana bir o'qib ko'rgandim. Bilishimcha, kattalarni kuzatish bobida biz xiyla chegaradan chiqib ketibmiz. Xatlaringda nimalarni yozmagan ekansan... Ehtimol, meniki ham shundaydir. Shu xatlarimiz yaxlit bir holga kelsa, qalampirday achchiq haqiqat oshkor bo'ladi. Ochig'i, ko'rgan va eshitgan narsalarimizni ba'zan oshirib ham yuborgan ekanmiz...

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:44:29

Konkursning jyuri a'zolari katta yoshdagi odamlardan emas, balki bolalardan iborat bo'lganida biz biror mukofotga ilinib qolardik, deb o'ylayman. Ammo shunday bo'lsa ham, bizning bir yutuq tomonimiz bor. Men bolalar uchun yozilgan ba'zi romanlarni beixtiyor eslab qoldim. Hammasida o'sha siyqa gaplar: qishloqda tug'ilgan qashshoq bola qiynalib o'qiydi, sayohatga chiqqan bolalar ajobtovur savdolarga qoladi yoki kambag'al oilaning farzandi bemor yotgan onasiga qarashish uchun ishga kirib ketadi. Xullas, pand-u nasihat bilan tugaydigan kitoblar. Bizniki esa bularga sira o'xshamaydi.
Mabodo konkursda yutib chiqmasak ham, senga buning hech ahamiyati yo'q. Baribir birinchi o'rinni olgan bo'lasan: zotan, sen ham ota bo'lganingda hammaga o'xshab farzandlaringga shu gapni aytasan (iltimos qilaman, loaqal shu oxirgi xatimni konkursga yubora ko'rma).
Senga tasalli berib o'tirmayman. Roman uchun mukofot olmasak, ko'pam qayg'urib yurma. Katta bo'lsam yozuvchi bo'laman, deb yurarding. Xatlarni o'shanda bir kitob qilib chiqararsan.
Senga chin yurakdan omad tilayman. Mendan hamma o'rtoqlarga salom.
Zaynab Yolqir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:44:46

Yozuvchidan bolalarga maktub

Anqara, 11-aprel, 1967-yil.

Aziz jigargo'shalar!
Yo'q, aziz jigargo'shalarim!
Men hammangizni o'z farzandlarimday sevaman. Har qanday sevgi-muhabbatda bo'lganidek, menikida ham ozroq xudbinlik bor. Biz, kattalar, sizlarda o'z hayotimizni, o'z izdoshlarimizni ko'ramiz, shundoq bo'lishiga qattiq ishonamiz. Men o'z farzandlarimnigina, faqat turk bolalarinigina emas, dunyodagi hamma bolalarni — amerika, rus, nemis, armani, xitoy, lo'li bolalarini ham jondan sevaman.
Men sizlarga bir narsani oshkor qilmoqchiman. Buni o'zingiz ham yaxshi bilasiz. Ushbu kitobdagi xatlarni Zaynab bilan Ahmad emas, balki men yozganman. Zaynab bilan Ahmadni men o'ylab topdim. Ikki o'quvchi bola bir-biriga bunchalik ko'p, bunchalik batafsil va bexato xat yozishi mumkin emasligini o'zingiz ham yaxshi bilib turibsiz. Bordi-yu, orala-ringizda bir-biriga xat yozishib yurgan bolalar bo'lsa va bu xatlarni yaxlit kitob holiga keltirsangiz baribir jumla tuzishda, imloda yanglishliklar ketgan bo'ladi. Ammo shunisiga aminmanki, sizlarniki menikidan durustroq chiqqan bo'lardi. Nega deganda, sizlar o'z tilingiz va dilingiz bilan samimiy so'zlagan bo’lardingiz. Kattalar bilan bolalar o'rtasidagi eng yirik farq ham shunda. Sizlar ham ulg'aygan sari bizga o'xshab boraverasiz, samimiylikdan uzoqlashasiz.

Qayd etilgan


AbdulAziz  19 Iyul 2010, 10:44:58

Bu asarimda men qo'limdan kelmaydigan bir ishga unnab ko'rdim — o'zimni sizlarning o'rningizga qo'ymoqchi bo'ldim. Aslida buning hech imkoni yo'q. Zotan, kattalar o'zlarining bolalik davrlaridan bir-ikki ming yilga uzoqlashib ketgan bo'lishadi. Shuning uchun ham biz, kattalar, o'z bolaligimizni mutlaqo unutib yuboramiz. Ota-onangiz ham, o'qituvchingiz ham bir paytlar bola bo'lishganini esdan chiqarishadi.
Zaynab bilan Ahmad nomidan yozilgan mana shu maktublar chindan ham konkursga qatnashdi. Ammo unga mukofot tekkani yo'q. Buni adolatsizlik deb ham bo'lmaydi. Bu roman konkursda mukofot olomasdi ham. Chunki kitobni o'qib chiqqan jyuri a'zolari ham bolalik yillarini allaqachon esdan chiqarib yuborishgan. Zaynab bilan Ahmad shundoq bo'lishini bilishgan edi.
Hamma yozuvchilarga o'xshab men ham sizga bir-oz nasihat qilmoqchi bo’ldim. Lekin mening nasihatlarim boshqa odamlarnikiga sira o'xshamay qoldi. Bo'lak ilojini topolmadim. Ammo bu kishi hamisha shunaqa ekan, deb o'ylamang. Shaxsiy hayotimda men ham o'g'il-qizlarimga o'sha kattalarga o'xshab muomala qilaman. Men ham go'yo yaqindagina emas, bundan ming yil oldin bola bo'lganday ish tutaman. Biz, kattalar, buning xato ekanini bilamiz-u, lekin boshqa ilojimiz yo'q. Nochormiz.
Men ushbu kitobimda yana bir narsaga unnab ko'rdim — o'zimni katta, sizlarni esa yosh bola deb bilmadim. Sizlar bilan tenglashib ololmaganim uchun sizlarni o'zim qatori deb bildim. Ha, sizlarni kattalar qatoriga qo'shib qo'ydim. Ayni bir paytda hali bola ekanligingizni esdan chiqarmaslikka harakat qildim. Shuning uchun ham men kitobdan ko'zlagan maqsadlarimni sizlarga ro'yirost gapiryapman...
Qadrli jigargo'shalarim! Hammangizga chin qalbimdan muvaffaqiyatlar tilayman.
Aziz Nesin.

Qayd etilgan