3D formatdagi filmlar sog'liq uchun zararlimi?  ( 6155 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Habib  15 Oktyabr 2010, 11:02:54

Hozir 3D formatidagi filmlar to'liq zallarni yig'moqda. Ekspertlar kelajakda barcha filmlar uch o'lchamli bo'lishini ta'kidlashayotir. Biroq oxirgi paytlarda 3D filmlar salomatlik uchun zararli degan ogohlantirishlarni ham eshityapmiz. Xo'sh, aslida ham shundaymi?

Chiroyli aldov

"3D formatidagi filmlar salomatlik uchun zararli deb qat'iy aytish noto'g'ri bo'lardi, - deb hisoblaydi texnika fanlari doktori, Moskva ilmiy-tadqiqot kinofotoinstitutining vizualizatsiya laboratoriyasi mudiri Yuriy Ovechkis. - Ammo bunday filmlar salomatligimizga va o'zimizni his qilishimizga ta'sir qilishini ham inkor etib bo'lmaydi. Bu birinchi navbatda, har qanday stereofilm, afsuski, noto'g'ri qilinishi yoki noto'g'ri namoyish etilishi mumkinligi bilan bog'liq".

Stereokino o'zi nima? Aslini olganda - aldov. Bizga ikkita yassi suratni ko'rsatishadi, biz esa o'zimizning ko'rish apparatimiz orqali ularni bitta tasvirga aylantiramiz. Albatta, bu ko'rish analizatori va asab tizimiga qo'shimcha yuklama bo'ladi. Shuning uchun agar videoqator yetarli darajada sifatli terilmagan bo'lsa yoki filmni namoyish etish paytida texnologiya buzilsa, tomoshabinlarda noqulaylik hissi paydo bo'lishi mumkin. "Ammo bunda so'z faqat individual reaktsiyalar haqida borishi mumkin, - deydi Yuriy Ovechkis. - Zaldagi hamma odamlar bir kishiday bosh og'rig'i va ko'ngil aynishini his qilishi mumkin emas!"

San'atlar ichida eng zararlisi?

Bizning o'zimizni qanday his qilishimizga ta'sir qiladigan bir necha texnik omillar mavjud. Ulardan biri - Rossiyada kinoteatrlarning majburiy ravishda sertifikatlanishining yo'qligi. Ko'p holatlarda 3D filmlari zarur andozalarga to'g'ri kelmaydigan stereozallarda namoyish etiladi. "Oddiy proektor stereotasvirning yorqinligini 2-3 marta va, hatto, 5 martagacha kamaytiradi, - deydi Yu.Ovechkis. - Xira tasvir esa, xuddi haddan tashqari yorqin tasvir kabi, ko'zlarni sezilarli darajada toliqtirishi mumkin". Tegishli qonun chiqquniga qadar buning faqat bitta yo'li bor - film tomosha qilish uchun iloji boricha yangi va yaxshi jihozlangan kinoteatrlarni tanlash.

Bundan tashqari, quloqlarimiz ham 3D formatga o'z e'tirozlarini bildirishi mumkin. Bunday filmlar mualliflari tomoshabinni nafaqat ko'p o'lchamli tasvir, balki hajmli tovush bilan ham hayratda qoldirishga urinadilar. Unda haddan tashqari past va haddan tashqari yuqori tonlar noodatiy tarzda ko'p, ular ba'zi odamlarda noqulaylikni tug'dirishi mumkin.

3D-xavf guruhi

Mutaxassislar, agar 3D filmlar barcha texnologik nozik jihatlarga amal qilgan holda suratga olinib (masalan, o'sha "Avatar"ni olaylik, u ko'pchilikning fikricha, juda yaxshi darajada qilingan), sifatli apparaturadan foydalangan holda namoyish etilsa, unda salomatlikka ommaviy zarar haqida so'z ham bo'lishi mumkin emas. Biroq agar odamda salomatligi bilan qandaydir muammolar bo'lsa, unda u noqulaylikni his etishi ehtimoli katta. Quyida uch o'lchamli kinoni tomosha qilish bo'yicha "texnika xavfsizligi" qoidalarini keltiramiz:

* 3D filmlariga vegetativ qon-tomir distoniyasi hamda vestibulyar apparat kasalliklaridan aziyat chekuvchi odamlarga borish tavsiya etilmaydi. Bunday seanslarga maktab yoshigacha bo'lgan bolalarni ham olib bormagan ma'qul.

* Binokulyar ko'rish qobiliyatiga ega, ya'ni miya o'ng va chap ko'zlar tomonidan ko'riladigan tasvirlarni bir paytning o'zida ishlov berishga qodir bo'lmagan holatdagi kishilarga ham ehtiyot bo'lish maslahat beriladi. Odatda, bu muammo bolaligida g'ilayligi bo'lgan kishilarda kuzatiladi. Britaniyalik olimlar tomonidan o'tkazilgan tadqiqot bunday odamlar qariyb 12% ni tashkil etishini ko'rsatdi. Kishi kundalik hayotda bu kamchilikni sezmasligi mumkin, chunki miya uni kompensatsiya qilishga harakat qiladi.

* Yorqin namoyon bo'lgan uzoqni yaxshi ko'rolmaslik yoki uzoqni yaxshi ko'rish (minus 3 dan kam yoki plyus 3 dan ko'p) holatida oddiy dioptrik ko'zoynaklarning o'rniga yoki ular bilan birgalikda stereo ko'zoynaklardan foydalanish qiyin bo'ladi. Bu ko'z mushaklarining haddan ziyod zo'riqishiga va noqulaylikka olib kelishi mumkin. Bu ayniqsa, 40 yoshdan oshgan kishilarga taalluqli. Iloji boricha kinoga yaxshisi ko'zoynakda emas, balki kontakt linzalarda borgan ma'qul.

* O'tirish joyini zalning o'rtasidan tanlang. Yon tomonlardan va ekranga yaqin joylashgan yerdan stereotasvir yaxshi qabul qilinmaydi.

* 3D formatidagi film uzoq davom etmagani ma'qul. O'tgan asrning 60-yillarida, stereofilmlar endigina paydo bo'lganida, ularning davomiyligini cheklovchi normativ ham belgilangan edi. U ko'pi bilan bir yarim soatni tashkil etgan. Albatta, zamonaviy raqamli tasvir ancha mukammal, ammo uning yangi nuqsonlari ham paydo bo'lgan: masalan, tasvirlarning lipillash effekti. Ekspertlarning firkicha, o'sha uch soatga yaqin davom etadigan "Avatar" filmini tanaffus bilan tomosha qilgan yaxshi.

* Va eng asosiy qoida: o'z organizmingizga quloq soling. Agar namoyish paytida 15 daqiqadan so'ng noqulaylikni his qilsangiz, seansdan chiqib ketganingiz ma'qul.

Ko'zoynak - sizning foydangizga

3D filmlarini tomosha qilish shubhasiz ko'zga tushadigan qo'shimcha yuklama bilan bog'liq, shu bois ko'zoynaklarning sifatiga e'tibor qaratish kerak.

1) Avvalo ular butun bo'lishi lozim, har qanday darz ketgan ko'zoynak tasvirni buzadi va ko'zlarning zo'riqishini keltirib chiqaradi.

2) O'lchami sizga to'g'ri kelmaydigan ko'zoynak ham noqulaylik hissini tug'dirishi mumkin. Agar kinoteatr uch turdagi ko'zoynaklarni - bolalarniki, ayollarniki va erkaklarniki bersa, yaxshi. Ammo ko'p hollarda tomoshabinlarga bitta, o'rtacha o'lchamdagi ko'zoynaklarni taklif qilishadi. Ideal holatda o'zingizning sifatli ko'zoynagingiz bo'lgani ma'qul. Hozir bu bozor faol tarzda rivojlanmoqda, savdoda hatto ko'zoynak taqadiganlar uchun ham maxsus modellar bor. Ularni dioptriyali ko'zoynaklarning ustidan osongina taqish mumkin.

Lyudmila Orexova
Zdr.ru

Qayd etilgan