Qo‘shma so‘zlarning imlosi
I. Quyidagi tarkibdagi qo‘shma so‘zlar qo‘shib yoziladi:
1. Tarkibida xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxt, kam, umum, aro, rang, mijoz, sifat, talab kabi so‘zlardan biri qatnashgan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar: ishxona, qabulxona, ma’lumotnoma, tabriknoma, sholipoya, g‘o‘zapoya, ommabop, xushxabar, hamdo‘st, hamsuhbat, orombaxsh, kamgap, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, izzattalab kabi.
2. Ikkinchi qismi —ar (inkor shakli -mas) qo‘shimchasi bilan tugaydigan qo‘shma ot va qo‘shma sifatlar: otboqar, o‘rinbosar, molboqar, beshiktervatar, tezoqar, ertapishar, tinchliksevar, ishyoqmas, qushqo‘nmas kabi.
3. O‘xshash, qiyoslash asosida yuzaga keluvchi qo‘shma otlar va qo‘shma sifatlar: karnaygul, qo‘ziqorin, otquloq, oybolta, bodomqovoq, devchechak kabi.
4. Narsani biror belgisi asosida bildiruvchi qo‘shma otlar: olaqarg‘a, qizilishton, achchiqtosh, mingoyoq kabi.
5. Narsani joyga nisbatan bildiruvchi qo‘shma otlar: tog‘olcha, cho‘lyalpiz, suvilon, qashqargul kabi.
6. Biror maqsad, ish uchun mo‘ljallangan narsani bildiruvchi qo‘shma otlar: kirsovun, qiymataxta, tokqaychi, ko‘zoynak kabi.
7. Qaratqich x qaralmish tipidagi birikmaning so‘zga aylanishi bilan Yuzaga keluvchi qo‘shma otlar: mingboshi, shaftoliqoqi, olmaqoqi, qovunqoqi kabi.
8. Ikkinchi qismi turdosh otlardan yoki obod so‘zi bo‘lgan joy nomlari: Sirdaryo, Kattaqurg‘on, To‘rtko‘l, Yakkabog‘, Yangiobod, Xalqobod, Fayziobod kabi.
Ammo ikkinchi qismi atoqli otlardan bo‘lgan joy nomlari ajratib yoziladi: O‘rta Osiyo, Yuqori Chirchiq, Qo‘yi Chirchiq, Ko‘hna Urganch kabi.
9. Rus tilidan aynan o‘zlashgan yoki kal’ka usulida hosil qilingan qo‘shma so‘zlar: kinoteatr, fotoapparat, elektroapparat, elektrotexnika, teleko‘rsatuv, yarimavtomat, suvosti, bayramoldi kabi.
10. Qisqartma otlar qo‘shib yoziladi: O‘zMU (O‘zbekiston Milliy Universiteti), O‘zXDP (O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasi) kabi.