BIRINCHI TIBBIY  YORDAM  ( 31145 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 B


JaviK  26 Noyabr 2010, 17:03:07

«Birinchi tibbiy yordam asoslari» predmetini  o‘qitishning zaruriyati


Bugungi kunda baxtsiz hodisa va to‘satdan kasal bo‘lib qolishda tez tibbiy yordam ko‘rsatish yuqori darajaga yetdi. Ammo juda yaxshi tashkil qilingan shifokorlik muolajasi ham, agar shikastlangan kishiga o‘z vaqtida zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, samarasiz va kechikkan bo‘lishi mumkin. Chunki hamma baxtsiz hodisalarda shikastlanish to‘satdan va hayot uchun xavfli bo‘lishi xosdir. Shikastlanish natijasi, ayniqsa og‘ir va xavfli bo‘lgan shikastlanishlarda, ilk daqiqalardayoq hal
bo‘ladi. Shuning uchun ham baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan joydagi kishining tez va samarali birinchi yordam ko‘rsatish qobiliyati juda katta va hayotiy ahamiyat kasb etadi.  Shu bilan bir qatorda, birinchi yordam ko‘rsatishda juda ehtiyot bo‘lish kerak. Chunki siz yordam bermoqchi bo‘lgan kishiga qo‘shimcha shikast yetkazishingiz mumkin. Shuni esda tutish kerakki, siz berayotgan yordam faqat davolashning boshlanishidir. U qanchalik zarur bo‘lmasin, hech qachon mutaxassis vrachning malakali yondashuvi o‘rnini bosa olmaydi. Sizning vazifangiz shikastlanganni davolash emas, faqat birinchi
yordam ko‘rsatish. Birinchi tibbiy yordamni tez va sifatli ko‘rsatish uchun esa maxsus bilimga ega bo‘lishingiz lozim. 

Qayd etilgan


JaviK  26 Noyabr 2010, 17:04:44

Birinchi tibbiy yordamning ahamiyati va qoidalari


Tinchlik sharoitida eng ko‘p uchraydigan baxtsiz hodisalarga: mexanik jarohat, kuyish, issiq va oftob urish, sovuq urish va umumiy muzlash, cho‘kish va yer bosib qolishi tufayli bo‘g‘ilish, is gazidan
zaharlanish, elektrdan jarohatlanish va chaqmoqdan shikastlanish kiradi. Bu holatlarda birinchi tibbiy yordamning asosiy vazifalari shikastlanganlar hayotini eng zarur chora-tadbirlar bilan saqlab qolish, ularning azoblanishini kamaytirish, kelib chiqishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish hamda kasallik va jarohat kechuvini yengillashtirishdan iborat. Birinchi tibbiy yordamni voqea sodir bo‘lgan joyda shikastlanganning o‘zi (o‘z-o‘ziga yordam) yoki boshqa kishi (o‘zaro yordam) hamda
maxsus o‘rgatilgan shaxslar ko‘rsatadi.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda tezlik bilan shikastlovchi manba (faktor)ni aniqlash, uni yo‘qotish, har bir jarohatda tavsiya qilinadigan tibbiy yordam choralarini qo‘llash, vrachni chaqirish yoki jarohatlanganni yaqin tibbiyot muassasasiga olib borish kerak. Ba’zi hollar (kuchli qon ketishb, og‘ir suyak sinishlari, hushini yo‘qotish, nafas olish va yurak
faoliyatining to‘xtashi va boshqalar)da shikastlanganlarga shu joyning o‘zida tezlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatmay turib, ularni tashish (transportirovka qilish) mutlaqo mumkin emas. 

Qayd etilgan


JaviK  26 Noyabr 2010, 17:06:10

Bunday hollarda reanimatsiya chora-tadbirlari kerak bo‘ladi. Reanimatsiya (jonlantirish) o‘layotgan kishini hayotga qaytarishga, uning organ va to‘qimalarida qaytmas o‘zgarishlarning oldini olishga qaratilgan, zudlik bilan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuidir. Bunda, birinchi navbatda, shikastlanganlarning nafas olishi va qon aylanishini tiklashga va ushlab turishga erishiladi. Reanimatsiyaning murakkab bo‘lmagan choralari (sun’iy nafas oldirish, bilvosita yurak massaji) har bir
kishiga ma’lum. Shu bilan bir qatorda, ko‘pgina hollarda shikastlanganlar qon to‘xtatish, og‘riq azobidan qutulish, suyagi singan qo‘l-oyoqni harakatsizlantirish, yara, kuygan va sovuq urgan yuzalarni infeksiyadan himoyalash kabi har bir kishi amalga oshirishi mumkin bo‘lgan
yordamlarga muhtoj bo‘ladilar.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish voqea sodir bo‘lgandan so‘ng, iloji
boricha erta muddatlarda amalga oshirilishi kerak. Kuchli qon ketishb, elektrdan shikastlanish, cho‘kish, bo‘g‘ilish, yurak faoliyatining to‘xtashi va boshqa qator holatlarda birinchi tibbiy yordam zudlik bilan, kechiktirmay ko‘rsatilishi lozim. Agar bir paytda bir necha kishi jarohat olsa,ko‘rsatiladigan yordam muddati va ketma-ketligi aniqlanadi. Bolalarga va shoshilinch yordamga muhtoj kishilarga kerakli yordam birinchi navbatda ko‘rsatiladi. Ko‘p sonli va qo‘shimcha jarohat olgan kishilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning ketma-ketligi aniqlanishi kerak. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:27:06

Avval shikastlangan odam hayotini saqlab qolishga imkon beradigan yoki birinchi tibbiy yordamning keyingi chora-tadbirlarini qo‘llash uchun shart bo‘lgan usul-amallar bajariladi. Chunonchi, son suyagi ochiq sinib, arteriyadan qon ketib turganda, birinchi navbatda, hayot uchun xavfli bo‘lgan qon ketishini to‘xtatish, so‘ngra jarohatga steril bog‘lam qo‘yish va undan keyingina oyoqniqimirlatmaydigan qilib bog‘lashga kirishish  kerak. Singan joyni hech qimirlamaydigan qilib qo‘yish uchun esa maxsus shina bog‘lash yoki qo‘l ostidagi vositalardan foydalanish lozim.  
Birinchi tibbiy yordamning hamma usul-amallarini ehtiyot bo‘lib va avaylab bajarish lozim. Qo‘pol harakatlar qilinadigan bo‘lsa, bu shikastlangan kishiga zarar qilishi va uning ahvolini yomonlashtirishi
mumkin. Birinchi tibbiy yordamni bir emas, balki ikki yoki bir necha kishi ko‘rsatadigan bo‘lsa, u holda kelishib ish ko‘rish kerak. Bunda yordam ko‘rsatayotganlarning biri boshliq bo‘lib, birinchi tibbiy yordamning barcha usul-amallari bajarilishiga rahbarlik qilib turishi lozim.  Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitida tashxis masalasi katta ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘z vaqtida va to‘g‘ri qo‘yilgan tashxis kasallik yoki shikastlanish turini aniqlashga va shu asosda zarur yordam
ko‘rsatish tadbirlarining ketma-ketligi rejasini tuzishga imkon yaratadi. Tashxis kasallik yoki jarohatning subyektiv va obyektiv belgilarini aniqlash asosida qo‘yiladi. Subyektiv belgilarga bemor yoki jarohatlanganning shikoyatlari (agar uning hushi joyida bo‘lsa) kiradi. Obyektiv belgilarga esa kasallik va jarohatning tashqi belgilari yoki muayyan usuldagi yondashuv orqali aniqlanadigan, masalan, pulsni (tomir urishini) o‘lchash, nafas olish va chiqarishning miqdori, reflekslar va
boshqa belgilar kiradi.  Kasallik yoki shikastlanishning obyektiv va subyektiv belgilari umumiy va shu holat uchun xos bo‘lishi mumkin. Shu tufayli bu belgilarni aniqlash va taxmin qilish yo‘li bilan dastlabki tashxisni qo‘yish mumkin. Tashxis asosida esa zarur yordam turi ham aniqlanadi. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:29:18

Birinchi yordam vositalari


Tez tibbiy yordam ko‘rsatishda  birinchi yordam vositalari qo‘llaniladi. Ular tabel  va  qo‘l ostidagi  vositalarga bo‘linadi. Birinchi yordam tabel vositalariga bog‘lov materiallari, bintlar, tibbiy bog‘lov
paketi, steril bog‘lov materiallari, salfetkalar, paxta va boshqalar kiradi. Qon ketishini to‘xtatishda qon to‘xtatuvchi jgutlar, immobilizatsiya uchun fanerli, narvonsimon, to‘rsimon shinalar kabi tabel vositalari qo‘llaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda ba’zi dori-darmonlar ham qo‘llaniladi:
yodning 5 % spirtli eritmasi, brilliant ko‘ki (zelyonka)ning 1—2 % spirtli eritmasi, validol tabletkasi, valeriana tindirmasi, navshadil spirti, natriy gidrokarbonat tabletkasi yoki poroshogi, vazelin va boshqalar. Odatda birinchi tibbiy yordam tabel vositalari jamoat transporti yoki shaxsiy
transport haydovchilari aptechkasi tarkibiga kiradi hamda ommaviy dam olish joylarida ham bo‘ladi. 
Birinchi yordam ko‘rsatish vaqtida tabel vositalari bo‘lmasa, qo‘l ostidagi vositalardan foydalaniladi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishda bunday vositalar sifatida toza choyshab, ko‘ylak, mato (oq mato), karton, faner, taxta, yog‘och va boshqalarni qo‘llash mumkin. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:40:39

Jarohatlanganlarni transportda tashish


Jarohatlangan va kasallarni transportda tashishda asosan yo‘l transporti (avtomobil, temir-yo‘l transporti), havo (samolyot, vertolyotlar), suv (daryo va dengiz transporti), shuningdek sanitar va moslashtirilgan transport vositalari qo‘llaniladi. Jarohatlangan shaxs yoki kasallarni tashish zambilda, qo‘lda, orqada, yelkada hamda qo‘l ostidagi vositalardan foydalanib amalga oshiriladi.Jarohatlanganlar bir kishi yoki bir-necha kishi yordamida tashiladi. Eng maqbul, og‘riq chaqirmaydigan va avaylab
tashish usuli zambil yordamida tashishdir. Bemor yoki jarohatlanganlarni tashishda iloji boricha ehtiyot qiladigan sharoit yaratish kerak. Ularni qulay va to‘g‘ri holda yotqizish lozim.  Tashish va transportda tashish jarayonida noto‘g‘ri harakat qilish jarohatlangan yoki bemor ahvolining yomonlashuviga, qo‘shimcha jarohatlarning kelib chiqishiga, qon ketishining kuchayishiga, suyak bo‘laklarining joyidan siljishiga va boshqalarga olib kelishi mumkin.  Oyoqlar va bosh suyagining shikastlanishida jarohatlanganlarni chalqancha, umurtqa pog‘onasi suyaklari singanda esa, aksincha, qoringa
yotqizish lozim. Agar umurtqa pog‘onasi suyaklari jarohatlangan kishi zambilga chalqancha yotqizilsa, unda, albatta, zambilga yog‘och shit yoki keng taxta qo‘yilishi kerak. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:42:16

Qorin va tos suyaklari shikastlanganda jarohatlanganlar chalqancha yotqizilib, oyoqlar bir oz tashqariga kengaytiriladi, tizza va son bo‘g‘imlari bukiladi. Bunda tizza bo‘g‘imlari tagiga kiyimdan yostiqcha qo‘yiladi.  Shikastlanganlarni zambilda va transportda tashishda ularning
umumiy holatini, bog‘lam yoki immobilizatsiya shinasining to‘g‘ri qo‘yilganligini ko‘zdan kechirish lozim. Agar jarohatlanganlarni tashish uzoq davom etsa, ularning holatini o‘zgartirish, boshlari tagidagi
yostiqchalarni to‘g‘rilab turish kerak.  Gorizontal tekis yerda tashishda jarohatlanganlarning oyoq sohasi oldinda bo‘ladi. Agar jarohatlangan hushini yo‘qotgan bo‘lsa, bosh tomoni oldinda bo‘ladi. Chunki bunda uni kuzatib borish imkoni bo‘ladi. Yuqoriga olib chiqilayotganda yoki pastga tushirishda esa uni gorizontal holda ushlash kerak. Yuqoridan pastga tushirilayotganda shikastlanganning oyoq
sohasi oldinda, ko‘tarilayotganda esa, aksincha, bosh sohasi oldinda bo‘ladi.  Jarohatlangan yoki bemorlarni transport vositasiga joylashtirishda avval zambil yuqori qatorlarga qo‘yiladi, keyin esa pastki qatorlarga joylanadi, tushirilayotganda esa, aksincha, avval pastki qatorlardan,
so‘ngra esa yuqorigi qatorlardan zambil olinadi.  Bosh suyagi, umurtqa pog‘onasi, qorin sohasi jarohatlanganlar hamda og‘ir yaralanganlar pastki qatorlarga joylashtiriladi, chunki yuqoriga
nisbatan pastki qatorlarda kamroq chayqalish kuzatiladi. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:43:55

Ko‘p sonli jarohatlanish va kasallanishlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish
Ma’lumki, baxtsiz hodisalar, falokat, tabiiy ofat va boshqalar vaqtida voqea sodir bo‘lgan joyda ko‘p sonli jarohatlanganlar bo‘ladi. Bunday holatlarda tez yordam qanday tashkil qilinadi? Qanday yordam va u qanday ketma-ketlikda ko‘rsatiladi? Bunday hollarda voqea sodir bo‘lgan joyda tibbiyot xodimi yoki birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalariga ega bo‘lgan shaxs voqea oqibatlarini bartaraf qilish uchun qo‘llaniladigan chora-tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha javobgar bo‘ladi. U hamma jarohatlanganlarga yordam berilmaguncha yoki tez yordam brigadasi yetib kelmaguncha o‘sha joyda qolishi kerak.  Bu holatda hal qilinishi lozim bo‘lgan asosiy masalalar quyidagilardan iborat: shikastlanish turi bo‘yicha jarohatlanganlar guruhlarini tashkil qilish, hayotiy ko‘rsatmalar bo‘yicha tez tibbiy yordam ko‘rsatish, jarohatlanganlarni tezkorlik bilan, ularning holati va jarohati darajasiga
qarab, navbat  bilan davolash muassasasiga evakuatsiya qilish. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:45:06

Jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishni tashkil qilish bo‘yicha umumiy boshqaruv mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga yuklatiladi.  Amaliy boshqaruvni operativ bo‘lim orqali, o‘choqdagi (tabiiy yoki
baxtsiz hodisa yuz bergan joydagi) mas’ul tibbiy xodim va tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul navbatchi vrachi amalga oshiradi. O‘choqda barcha ishlarga mas’ul feldsher tez tibbiy yordam stansiyasining mas’ul vrachiga bo‘ysunadi. U voqea sodir bo‘lgan joyga yetib kelishi bilan
sharoitni baholab, barcha tibbiy xodimlarni birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirishi, so‘ngra o‘z o‘rnini belgilashi kerak.  U jarohatlanganlar sonini aniqlaydi va shunga mos ravishda radio
yoki telefon orqali qo‘shimcha tez yordam mashinalarini chaqirish masalasini hal qiladi. Fyeldsher muassasa rahbariyati, militsiya va avariya qutqaruv xizmati bilan aloqa bog‘laydi va jarohatlanganlar evakuatsiyasi yo‘nalishini aniqlaydi. Jarohat turiga qarab, tibbiy saralash va birinchi
tibbiy yordam ko‘rsatish uchun feldsher va hamshiralar ajratiladi.  Yangi kelgan brigadalarni o‘z boshqaruviga olib, bosh vrach bilan birgalikda jarohatlanganlarni gospitalizatsiya qilish va ko‘rsatmalar
bo‘yicha profilli kasalxonalarga evakuatsiya qilish tartibini aniqlaydi.  O‘choqda ishlar tugaganidan so‘ng voqea sodir bo‘lgan o‘choqni shaxsan tekshiradi va obyekt rahbariga hamda tez tibbiy yordam stansiyasi mas’ul navbatchi vrachiga axborot beradi, ularning ruxsati bilan voqea sodir bo‘lgan joydan eng keyin jo‘nab ketadi. 

Qayd etilgan


JaviK  27 Noyabr 2010, 08:52:33

Kriminal holatlarda chaqirilgan tibbiy xodimning harakati va vazifalari


Tibbiyot xodimlari, agar militsiya yoki prokuratura xodimlari bo‘lmasa, voqea sodir bo‘lgan joyda hamma begona kishilarni chiqarib yuboradilar. U yerdagi narsalarning joyi o‘zgarmasligini nazorat qiladilar (mebellarni joyidan qo‘zg‘atish, qog‘ozlarni bir-biriga qo‘shish yoki tashlab yuborish, polni supurish yoki yig‘ishtirish va boshqalarga yo‘l qo‘yilmaydi).  Voqea sodir bo‘lgan joydagi jihozlarning joylashuvi iloji boricha o‘zgartirilmasdan jarohatlanganga zarur tez yordam ko‘rsatiladi. Voqea
sodir bo‘lgan joyda qurol yoki boshqa vositalar topilganda, ularni militsiya yoki prokuratura xodimlari yetib kelguncha qaysi joyda va qanday holda topilgan bo‘lsa, shundayligicha saqlash choralari ko‘riladi. Bu voqea sodir bo‘lgan joydagi mas’ul yoki shu maqsadda chaqirilgan maxsus shaxslarga
ularni qo‘riqlash vazifasini yuklash orqali amalga oshiriladi. Fyeldsher shuni esda tutishi kerakki, jinoyat sodir etilgan vositalarda, jarohatlangan shaxs atrofidagi predmetlarda qon izlari, barmoq izlari va boshqalar bo‘lishi mumkin. Ular tergov olib borish uchun saqlanib qolishi kerak.  Tez yordam xodimlari yetib kelgan vaqtda jarohatlangan shaxsning qo‘lida qolgan qurol voqea sodir bo‘lgan joyda qoldiriladi. Osish yoki bo‘g‘ish uchun ishlatilgan sirtmoq yechilmaydi, balki kesib olinadi va
voqea sodir bo‘lgan joyda qoldiriladi. 

Qayd etilgan