Yig’lamoq — tavbadir,
Yig’lamoq alam,
Ko’z yosh — tazarrudan yaralgan chashma.
Quvonchmi, shodlikmi, qayg’umi yo g’am,
Odam zoti azal yig’iga tashna"¦
Yig’lang,
Armon hecham rahna solmasin,
Tashqari chiqarib bor g’uborlarni,
Yig’lang,
Kiprig’ingiz qurib qolmasin,
Eslab, nadomatu, afsus, zorlarni"¦
Yig’lang, o’ksib-o’ksib,
Tavbalar aylab,
Gunohlar to’kilib ketgunga qadar.
Pushaymonlik hissin ko’ngilga joylab,
Duo ijobatga yetgunga qadar
Yig’lang,
Yig’layvering,
Qadringiz sabab,
Qimmatingiz yerga urilgani chun.
Milyon yo’lga kirib,
Adolat so’rab,
Haqdan panoh topib olganingiz kun
Yiglang,
To’yib-to’yib, mayli olmay tin,
Yukdan holi bo’lib qolguncha gardan.
Yaratgan umrimiz holi aylasin,
Yig’lashni bilmagan bag’ritoshlardan.
Yig’lang,
Ko’z yoshiga to’lib ketsin qalb,
Ko’ngil dunyosiga yoyilsin behad.
Titrasin avflarni so’raguvchi lab,
Ruhingiz o’shanda olarkan rohat"¦
Yig’lang,
Boshingizni qo’yib sajdaga,
Niyatni pok etib, ma’zurlar aytib,
Yaxshiga yondoshib, yomondan qaytib,
Ko’z tikib Allohdan kelar mujdaga,
Yig’lang,
Bag’ringizga to’lganida qon,
Dunyo tashvishidan bo’lganda xijil,
Ziyoga intilish to’xtagani on,
G’alat talvasani tuyganida jon,
Chorasiz qolganda begunoh inson,
Razolatga botib qolganda jahon,
G’uborga oshino bo’lganda imon,
Vijdon qiynoqlardan chekkanda fig’on,
Insof yiroqlarda kezganda sarson,
E’tiqod sotilsa suvdan ham arzon,
Adolat bo’zlasa yo’lda beimkon,
Yig’lang,
Titrab yig’lang,
Ich-ichdan yig’lang"¦
Ajab, yig’ingizni to’xtatgan zamon,
Ajib bir yengillik tortar ekan dil"¦
(c) 2010