XO‘ROZLARNING XO‘ROZI
Qozonning qaysidir shaharchasida tovuq yili munosabati bilan bellashuv o‘tkazildi. Xo‘rozboqarlar ham anchagina ekan, keti uzilmasdi. «2005 yilning oltin xo‘rozi» deb nomlangan bu tanlov hay’ati muhim shartlarni inobatga olishni mo‘ljallardi. Ya’ni, xo‘roz patlarining rangi, ovozining o‘tkir va tiniqligi, panjalarining tozaligi, eng muhimi «tarbiyalanganlik» va xarakteri ham.
Birinchi o‘ringa Gilfanov degan kishining «Pentan» laqabli xo‘rozi munosib deb topildi. Oila a’zolari uni uyda «Gilfanchik» deb ham erkalashar ekan. Aftidan, «Pentanning tarbiyasi» bilan egasi astoydil shug‘ullangan ko‘rinadi. Chunki xo‘roz, ularni sinab ko‘rish uchun keltirilgan tovuqlarga shu qadar «iltifot» ko‘rsatdiki, hakamlar hay’ati «qoyil» degan ma’noda bosh chayqashdi.
Gilfanchik bu yerda ham har tong kallayi saharlab qichqirgani kabi o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu xo‘rozning qichqirig‘i uzoq, davomli va o‘ziga xosligi bilan ajralib turardi. Gapning qisqasi, haqiqiy xo‘roz!