Har sohadan bir shingil: qiziqarli ma'lumotlar  ( 105286 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 9 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 B


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:03

3,5 MING DOLLARLIK QOVUN

Yaponiyaning Xokaydo oroli hududida yetishtirilgan ikki dona qovun 3,5 ming dollardan baholandi. Demak, ikkita qovun 7 ming AQSH dollari, yaponlar puliga hisoblaganda, 800 ming ienaga baholandi. Xo‘sh, qovunlar narxining shu darajada yuqoriligiga sabab nima?
Mutaxassislar bu poliz mahsulotini juda kam uchraydigan nav deb baholashmoqda. Auktsionda sotuvga chiqarilgan qovunlar aslida internetda ham o‘z saytiga ega bo‘lib, xaridorlarining ko‘pligi shundan. Auktsion tashkilotchilarining fikriga ko‘ra, Xokaydo qovunlarining narxi yana ham oshishi mumkin.
Bir savol tug‘iladi: hali so‘yilmagan qovunning ta’mi ham shunga yarashamikan?

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:13

MAYMUNLAR QIZIQISHI

Maymunlarni odamzotning ajdodlari degan taxmin yuradi. Buning qanchalik rost-yolg‘onligini hech kim bilmaydi. Xorijlik olimlar Afrika maymunlarining o‘yinchoqlarga qanday munosabatda bo‘lishini kuzatdilar. Erkak maymun o‘yinchoq mashina atrofidan ketolmay qoldi. U mashinani yurgizib ko‘rar, goh ustini, goh ostini  aylantirib tomosha qilardi. Urg‘ochisi esa qo‘g‘irchoq qarshisida sehrlangandek turardi. Bir payt u qo‘g‘irchoqni quchoqlab oldi-da, egniga urib, erkalay boshladi. Har ikkala maymun suratli kitobchani qiziqib varaqlashga kirishdi.
Tadqiqotchilar odamzotning rivojlanish bosqichlari, hattoki xislatlari ham maymun bilan bog‘liq ekanligiga shubha qilmadilar. Erkak va urg‘ochi maymun — shuning isboti.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:21

ENG ULKAN QO‘ZIQORIN

Shveysariyadagi institutlardan birida olimlar qo‘ziqorinning mutlaqo yangi turini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar. Uning umumiy o‘lchovi gektarlab maydonni band qiladi, buni tasavvur qilish qiyin, faqat ko‘rish kerak. Bu qo‘ziqorin Shveysariya milliy bog‘idagi haqiqiy mo‘jizadir.
Qo‘ziqorinning asosiy qismi yer tagiga yashiringan bo‘lib, ustki qismidagi semiz ninalar tayoqchaga o‘xshab ketishi kishi diqqatini jalb qiladi. Qo‘ziqorinni yaxshi ko‘radiganlar xursand bo‘lmay qo‘ya qolishsin, u iste’mol qilishga mo‘ljallanmagan, bu — tomoshabop nav, deb sharhlaydi yangilikni «Veltvoxe» gazetasi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:29

40 YILDAN SO‘NG MO‘JIZA

40 yillik azob-uqubat — yorug‘ olamni ko‘rolmaslik bartaraf qilindi.  Bunga ko‘z mutaxassisi Uilyam Dobele erishdi. Bu shifokor o‘z bemori uchun sun’iy ko‘z yaratdi.
Dobele yaratgan sun’iy ko‘zoynak ultratovushli videokameraga ulangan. Ko‘zoynak bemorning bel qismiga o‘rnatilgan minikompyuterga signal uzatgach, u atrofni ko‘ra boshlaydi.
Bemor borliqni ko‘rayapti, ammo tabiiy ravishda emas, qirq yillik qorong‘ulikning sun’iy holda bo‘lsin, bartaraf etilishi unga chinakam baxt!

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:41

TOSH ASRINING STOMATOLOGIYASI

Qadimgi davrda odamlar tishlarini parmalatishgan, degan taxmin Pokiston hududida olib borilgan arxeologik qazilmalar jarayonida kelib chiqdi. Olimlar bundan ming-ming yillar muqaddam kishilar tishlarini qanday davolatishgani bilan qiziqdilar. «Nature» jurnalida e’lon qilingan maqolaga qaraganda, o‘sha paytlarda parma aynan shu maqsadda ishlatilgan. Ushbu maqolada 9 kishining kalla suyagidagi tishlar sinchiklab o‘rganib chiqildi. Ko‘rinadiki, qadimiy parmalar nafaqat bezash jarayonida, balki tishni mustahkamlashga ham xizmat qilgan. Bu qattiq qorishma tishga bir millimetr qalinlikda yopishtirilgan. Tishlarni plombalashning bu qadimiy usuli hozirgi odamlarga juda ham qiziq.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:50

HAMMA ME’YORIDA UXLASIN

Dunyoda eng kam uxlovchi millat yaponlar ekanligi kuzatilmoqda; sutkasiga olti soat. Chindan ham, surunkali uyqusizlik yaponlarning jiddiy muammosidir. Me’yorida uxlamaslik ishda unumdorlik bo‘lishiga xalaqit berishini hisobga olgan ayrim kompaniyalar qisqa lahzalik uyquning qonuniy ravishda amalga oshirilishini ta’minlaydilar. Bu esa ish qobiliyatining tiklanishiga ko‘mak beradi.
Darhaqiqat, Tokio va boshqa shaharlarda yarim soat uchun 4,5 dollar to‘lanadigan uyqu salonlari ham ochib qo‘yilgan, bu esa  ijobiy tajriba deb baholanmoqda. Buni ta’lim muassasalari ham bajonidil qo‘llab-quvvatlamoqda. Birinchilardan bo‘lib bu tashabbus ijrosiga kirishgan Meyzena maktabi o‘quvchilari tushlik mahali yoppasiga musiqa tinglab, uyquga ketdilar. Butun maktabda orom olish soatlarining belgilanishi ijobiy samara keltirdi; oradan bir yil o‘tar-o‘tmas o‘quvchilarning o‘zlashtirish va davomat darajasi keskin ko‘tarildi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:00:58

MEHR KO‘RSAT, MEHR KO‘RASAN

Itlar — insonning vafodor va sodiq do‘sti. Petalum shaharchasida jonivorning bu turi bilan odamzot o‘rtasidagi iliqlikni yana bir karra namoyish etuvchi antiqa musobaqa bo‘lib o‘tdi. Archi laqabli it bu tanlovda o‘z egasini shu darajada siyladiki, bunaqasi hali bo‘lmagan. It xonimning bo‘ynida o‘tirishiga shart-sharoit yaratdi va ular birgalikda yugurishdi. Xo‘sh, Xizer Pipls xonimga jonvorning shunchalik «izzat-ikrom» ko‘rsatishiga sabab nima?
Ayol itlar boqiladigan maskanda Archini uchratib, uni bir qarashdayoq yoqtirib qoldi va uyga itni olib keldi. Shunday qilib, eng badbashara itning mehriboni topildi. Itboqarlar boshlig‘i Piplsga uni bu yerga qaytib olib kelmasligi uchun pul to‘ladi.
Alqissa, hakamlar hay’at Xizer xonimning jonivorlar bilan munosabati boshqa ishtirokchilarnikidan ustun ekanligini e’tirof etdi. Unga esdalik sovg‘asidan tashqari, 1000 dollar pul ham berildi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:05

KELIN-KUYOV SHAHZODALAR

O‘rta asrlarga xos to‘y marosimi Vladivostokda bo‘lib o‘tdi. «Dorogoe udovolstvie» jurnalida ishlaydigan Kseniya kuyov bola Alekseydan ot muhayyo qilishini talab etdi. Oppoq otda kelinchak kuyov tomon yurib kelar ekan, Aleksey uning nozik barmoqlariga uzuk taqib  qo‘ydi. Shunda Keseniya unga rozilik berdi.
Ayni paytda hayajonli daqiqalar videoga ham olingan edi. Shunday qilib, uch yil muqaddam bir-biri bilan tanishgan kelin-kuyovlarning to‘yi odatdagidan boshqacharoq nishonlandi. Kelinchak unutilmas kunni shu tarzda nishonlash oila mustahkaligining sharti, deb hisoblaydi. Ishqilib, shunday bo‘lsin.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:12

MUZQAYMOQLI POCHTA MARKASI

TBWA reklama agentligining Germaniya bo‘limi mutaxassislari  Hdagen-Dazs  muzqaymoq ishlab chiqaruvchilari uchun ajoyib reklama kampaniyasini o‘ylab topdilar. Mazkur kampaniya Avstriya pochtalarining biri bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda.
O‘ziga xos tadbir doirasida Nyu-York, Gavayi, Afrika va boshqa hududlarga jo‘natiluvchi pochta markalari seriyasi iste’molga chiqarilgan.
55 yevrotsent turuvchi ushbu markalarni yopishtirish uchun tilingizga tekkizganingizda Hdagen-Dazsda ishlab chiqarilgan muzqaymoq yoki yana boshqa shirinliklar ta’mini his qilishingiz mumkin. Betakror ta’m yelim qavatiga "œqamab qo‘yilgan".
TBWA xodimlarining aytishicha, ana shu yo‘l bilan iste’molchilarda ortiqcha kaloriyalarsiz boshqa ta’mlarni totib ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi, shuningdek, bu mahsulotlar reklamasi uchun ham katta xizmat qiladi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:19

GUGURTDAN QURILGAN UY

Germaniyalik Eberxardt degan tinib-tinchimas odam Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni orzu qilgan shekilli, o‘z hovlisi atrofida ko‘pchilikni hayratda qoldiradigan mo‘jiza yaratdi.
Minglab gugurt qutilaridan tiklangan uy rosmana hovlini eslatadi. Unda mehmonxona, oshxona, bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lmalar, hattoki hojatxona ham bor. Devor shkaflari, deraza, eshik... Qisqasi, hashamatli uy. Ranglar shu darajada uyg‘unlashtirilganki, Elburt Eberxardtning dizayn san’atini yaxshigina egallaganligi sezilib turadi.
Xo‘sh, yashash uchun emas, tomosha qilish uchun yaratilgan imoratga qancha gugurt qutisi sarflandi ekan? Bir yarim million. «Koshona» egasining bu gugurt qutilarni to‘plash uchun sabr-toqat topa olganligi ham barchada taajjub uyg‘otadi, deb xabar beradi «Zyuddoyche tsaytung» gazetasi.

Qayd etilgan