Har sohadan bir shingil: qiziqarli ma'lumotlar  ( 105541 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 10 11 12 13 14 15 16 17 18 19 20 B


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:25

YETTI TUYOQLI BUZOQ

Rossiyadagi bo‘rdoqichilik fermalaridan birida dunyoga kelgan buzoqchaning bir oyog‘ida to‘rtta tuyoq borligi hamma-hammani ajablantirdi. Hali bunaqasi bo‘lmagan.
Ferma xodimlari unga «Mutant» deb nom berdilar. Bu chaqmoq va radiatsiya oqibati bo‘lsa kerak, degan taxmin bor. Sotnikov hududi Chernobilga ancha uzoq bo‘lsa ham radiatsiya ta’sir ko‘rsatganligi aniq. «Mutant» mutaxassislarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. Buzoqchaning ishtahasi karnay. Agar u o‘rnidan turadigan bo‘lsa, oddiy oyoqlarini ishlatadi, to‘rt tuyoqli antiqa oyog‘ini shalviratib oladi. Tezda tolib qolgan uch oyog‘i bilan yotish buzoqchaga rohat bag‘ishlaydi shekilli, ko‘pincha yotib oladi.
Ferma xodimlari yetti tuyoqli buzoqni go‘sht kombinatiga topshirish niyatida. Ortiqcha tuyoqlar buzoqchaga tashvish keltiradiganga o‘xshaydi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:33

BIRI OQ, BIRI QORA

Ikki tomchi suvdek bir-biriga o‘xshash egizaklar yaqinda Los-Anjelesning Traydi shaharchasida dunyoga keldi. Ba’zi egizaklar bir-biridan andak farqli bo‘lishadi. Er-xotin Kayli va Remilar xonadoniga quvonch keltirgan qizaloqlarning rangidagi yer bilan osmoncha farq barcha-barchani ajablantirardi. Chunki ularning biri qordek oppoq, ikkinchisi shokolad rangida.
Qizaloqlarning rangidagi katta farqlanishdan oila sohiblari mutlaqo ajablanishgani yo‘q. Chunki egizaklarning buvisi oq, buvasi esa qora tanli. «Qazisan-qartasan, o‘z naslingga tortasan» deganlaricha bor. Mutaxassislar bunday egizaklar har 50 yilda faqat bir marotaba tug‘ilishini ta’kidlashmoqda.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:41

AQL BOVAR QILMAYDI

Uzun sochli ayollar hamisha hammaning diqqat-e’tiborini tortib keladi. Xitoylik xonim Jang Zong sochi u qadar uzun bo‘lmasa ham juda pishiq va baquvvat ekanligini ko‘rsatishga qaror qildi. Buning uchun xonim mahalliy matbuot nashrlariga shunday mazmundagi e’lonni berdi: «Sochlarim bilan 3 ta mashinani tortaman. Qiziqqanlar tomoshaga tashrif buyurishi mumkin».
Maydonda tumonat odam. Barchaning nigohi 100 ot kuchiga ega uchta mashinani sochiga ip bog‘lab, uni avtomobilga ulab tortayotgan ayolda! Jang Zong soch tolalari uzilib ketishidan qo‘rqibmi, ipni ushlab, uchta mashinani inqillab-sinqillab tortib borardi. Shu tariqa 20 metrlik masofani bosib o‘tdi.
Tomoshadan so‘ng zamonaning qahramoni bo‘lishni, mashhur odam sifatida tilga tushishni istagan bu xonimning sog‘ligida muammolar uchramasmikan?

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:49

«ISTE’DODLI» CHO‘CHQA

Luiza laqabi bilan ataluvchi cho‘chqa Germaniyaning Gannover shahrida tug‘ilib va o‘sib, «mashhurlik» pog‘onasiga chiqdi. Dastlab u giyohvand moddalarni hidlab, uning mashqini oldi. Keyinchalik uni mahalliy kinoijodkorlar cho‘chqa o‘ynashi kerak bo‘lgan epizodga taklif qilishdi. Luizaning 70 marotaba televideniega chiqishi va Gannover opera teatrining spektakllarida o‘ynashi uning o‘zi bilib-bilmay amalga oshirgan yutuqlaridir.
Nemislarning «Oylenshpigel» jurnali ko‘pchilikni lol qoldiradigan shunday yangilikni e’lon qilgan: hali yer yuzida bu qadar «iste’dodli» cho‘chqaga hech kim duch kelmagan.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:01:56

GUVOHNOMASIZ HAYDOVCHI

Har qanday texnika rulini boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi va buning uchun qisqa muddatli kurslarda o‘qish kerak. 50 yildan beri mashina rulini boshqarib kelayotgan janubiy afrikalik Yan Klopper yaqinda, ya’ni 75 yoshida haydovchilik guvohnomasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Shu paytgacha unda bu hujjat yo‘q edi va hech qanday qoidaga xilof ish qilmagani bois, avtomobil nazorati xodimlarining na dashnomiga, na jarimasiga duch keldi.
Yan Klopperga xotini qayta-qayta aytaverganidan so‘ng imtihon topshirishga qaror qildi va savollarning barchasiga aniq-tiniq, to‘g‘ri javob berdi. Imtihon oluvchilar bir-birlariga qarab yelka qisishdi: qarib qolganda bu odamga mashina boshqarish nima uchun kerak? Ular bilishmasdiki, keksa shofyor rul boshqarish uchun emas, balki tajribasi qay darajada ekanligini bilish uchun imtihon topshirgan edi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:02:03

KO‘ZA KUNIDA SINDI

Odamlarni laqillatib, ne ko‘yga soladigan firibgarlardan biri 40 ming rubl ishlab topishga topdi-yu, oxiri voy bo‘lishini o‘ylab ham ko‘rmadi.
U o‘zi taniydigan va biladigan pensionerlarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li yoki nevarasi yo‘l transport hodisasida baxtsizlik sodir etganini, buning uchun tegishli idoraga kelib, 1,5 — 2 ming rubl miqdorida pul to‘lashi lozimligini talab qildi. Aks holda boshqa ko‘ngilsizliklar bo‘lishi mumkinligini ham aytdi. Bunga laqqa ishongan ota-ona, qarindoshlar shoshilinch ravishda pul yig‘ishib, aytilgan manzilga keltirishdi. Pulni olish uchun rasmiylashtirayotgan firibgarning aslida kimligi bilan «baxtsiz hodisadan aziyat chekayotganlar» qiziqishmadi ham.
Shunday qilib, ikki oy mobaynida 40 kishi laqqa tushdi. Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, hiyla-nayrang orqasidan kun ko‘rmoqchi bo‘lganlarni kimdir o‘g‘li orqali aniqlab, firibgarning iziga tushdi. Qancha odamni laqillatgan firibgarning sho‘riga sho‘rva to‘kildi, deyavering.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:02:11

TAOMINI KO‘RIB, BAHO BERING

Psixologlarning fikriga ko‘ra, yegan taomiga qarab, kishining fe’l-atvoriga baho berish mumkin ekan. Tadqiqotdan ma’lum bo‘ldiki, achchiqni muttasil iste’mol qiluvchilar o‘zlarini ko‘proq o‘ylaydigan xudbinlar ekan. Qandolatchilik mahsulotlari oldida o‘zini tiyolmaydiganlar anchagina romantik bo‘lib chiqdi. Sho‘rtakni yaxshi ko‘ruvchilar ijod qilishga moyil. Oldiga nima qo‘yilsa yeydigan kishilarga berilgan ta’rif barchani hayratda qoldirdi: bugun rahmdil va aziz, ertaga esa naq iblisning o‘zi.
Ikkinchi va uchinchi guruhga mansub bo‘lgan ma’qulroq, birinchi va to‘rtinchi toifaga kirishdan Xudo asrasin!

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:02:18

UCH QO‘LLI BOLA UCHINCHI QO‘LIDAN AYRILDI

Xitoylik uch qo‘li bor bolani operatsiya qilib, ikkita chap qo‘lidan birini ajratib olishdi, deb xabar beradi Associated Press. Shifokorlar ikki qo‘ldan qaysi birini olib tashlash kerakligi ustida ancha bosh qotirishdi, chunki ikkalasi ham bir xil rivojlangan edi. Hozir bolakay qayta tiklanish terapiyasi kursidan o‘tmoqda.
Bosh jarroh Chen Bochanning aytishicha, Shanxayning bolalar tibbiy markazida o‘tkazilgan 3 soatlik operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan. Hozirda shifokorlar bolaning kelajagi haqida aniq hech nima ayta olishgani yo‘q.
Bunaqa bolalarning aksariyat qismi yo chala tug‘ilib go‘dakligida nobud bo‘ladi yoki ota-onasi ularni abort qildirishga qaror qilishadi. Bu bolaning onasi esa biror marta ham ultratovush tekshiruvidan o‘tmagan. Shunisi ma’lumki, bolakayning bitta buyragi yo‘q. Undan tashqari, agar bola tirik qoladigan bo‘lsa, suyagi egilib ketishi ham mumkin.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:02:26

FUTBOLNING YANGI VATANI

Ma’lumotlarga qaraganda, xokkeyning vatani Kanada, futbol esa inglizlar o‘ylab topgan o‘yin. Ammo Jaypurdagi (Hindiston) tarixiy muzey direktori, doktor Ashok Kumer boshqa bir taxminni bildirmoqda. Eramizga qadar bo‘lgan davrda Hindiston hududini boshqargan shoh-vazirlar maxsus maydonchalarda xokkey va futbolga o‘xshab ketadigan o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lishgan.
Haqiqatan ham shundaydir, deya bu fikrni tasdiqlaydi ekspertlar. Biroq xokkey va futbolning qaerda ilk bor o‘ynalishidan qat’iy nazar, bugungi kunda millionlab kishilarni ohanrabodek o‘ziga tortadi.

Qayd etilgan


Mohinur  08 Avgust 2006, 07:02:34

OLISHUV

Nijegoroddagi «Limpopo» hayvonot bog‘ida yashovchi Sasha va Masha laqabli kengurular «farzand» ko‘rishdi. Jonivorlar o‘z kichkintoylarini begona ko‘zdan asrashga qat’iy kirishganliklari bog‘ xizmatchilarini ajablantirardi. Yangi mehmon uch oyga qadar onasining qornidagi «sumka»dan chiqmadi.
Kunlarning birida ona kenguru yotgan maydoncha setkasiga qopag‘on it tashlanib qoldi. Bunday paytda kenguru o‘zi qolib, bolasining hayotini saqlashga jon-jahdi bilan urinishi tabiiy. Kelib-ketuvchilardan birining «erkatoyi» bo‘lgan it Mashaning o‘zini emas, balki bolasini o‘lja qilmoqchi edi. Olishuv boshlanib ketdi. Ona kenguru bolasini «sumka»sidan chiqardi, kim bilsin nima maqsadda? Balki bolasi o‘zini ancha eplab qolgani uchundir, balki himoya  uchundir. Har tugul it bilan kengurularning olishuvi ko‘ngildagidek yakunlandi. Kenguru bolasi yana o‘z joyiga  olib qo‘yildi, it egasiga esa bu yerga jonivorni olib kirgani uchun jarima solindi.

Qayd etilgan