Har sohadan bir shingil: qiziqarli ma'lumotlar  ( 103004 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 20 B


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:45:19

DALADA O‘TKAZILGAN OPERATSIYA

Surgutlik jarrohlar dala sharoitida odatdagidan tashqari, ya’ni odamni emas, balki otni operatsiya qilishga muvaffaq bo‘ldilar.

Gap shundaki, Beliy Yar posyolkasidagi ot sporti klubining «a’zosi», «Xaral» laqabli ot bir oycha tobi qochib yurdi. Uni qorin og‘rig‘i bezovta qilardi, veterinariya vrachlari ham uning dardiga malham bo‘lolmadilar. Agar surgutlik jarrohlarga murojaat qilinmaganida, Xudo bilsin, jonivorning holi ne kechardi?

Klub raisi Nikolay Dishaevning ta’kidlashicha, «Xaral»ga bir yillik tanaffus kerak. Eng muhimi, operatsiya muvaffaqiyatli tugadi. Ma’lum fursatdan so‘ng otning o‘z karerasidagi «faoliyati» davom etadi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:45:49

GULLAR ICHIShNI YOQTIRADIMI?

Bemorga alohida parvarish kerak. Nemis xonimlaridan biri tobi bo‘lmay yurgan erining ruhini qanday ko‘tarishga boshi qotib, uning sevimli gullari—fialka parvarishiga o‘z e’tiborini qarata boshladi. Shunday qilishi kerakki, gullarning yayrab-yashnashidan erining kayfiyati ko‘tarilsin.

Suvga jinday solingan aroq va konyak balki gullarni tezlikda o‘stirib yuborar. Ha, bunisi chinakam mo‘’jiza. Fialkalar o‘smadi-yu, oqlari och sariq tusga kirdi, havo ranglari esa noformon ko‘rinish kasb etdi. Ayol gullarni o‘simlikshunoslarga ko‘rsatganida, ular bu jumboqning sababini topolmay, yelka qisishdi, deb yozadi nemislarning «Zyuddoyche tsaytung» gazetasi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:46:13

«MAMA» DEYDIGAN MUSHUK

To‘rt yildan beri moskvalik Malaxovlar oilasining a’zosiga aylangan «Barsik» laqabli mushuk «gapiradigan» odat chiqardi. Albatta, hali uning so‘z boyligi ko‘p emas, ammo tunda tasodifan uyg‘onib, «Anya, turgin» deya iltijo qilishi... g‘oyatda ajablanarli? To‘qqiz yashar Anya esa uning iltijosini eshitmaydi, qotib uxlaydi. Uning o‘rniga onasi turadi va «Barsik» tomon beixtiyor qadam boshlasa, jonivor sekingina «mama» deydi. Uy bekasi Valeriya to‘lqinlanib ketganidan yugurib uning oldiga keladi va mushukni hojatxonaga kiritadi. So‘ngra «Barsik» kardon korobkaga sakrab kiradi-da, uyqusini davom ettiradi.

«Onajon» so‘zi qaysi tilda jaranglamasin, ayollarning kayfiyatini ko‘tarib yuboradi. Ayniqsa, bu so‘zning tilsiz jonivorlar tomonidan aytilishi chinakam mo‘’jiza-da...

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:46:27

QO‘NG‘IZDAN QO‘RQMANG

Afrikaga fotoapparat va videokamera bilan sayohatga jo‘nayotgan kishilarga, odatda bir-biridan qiziqarli maslahatlar beriladi. Bolgariyalik jurnalistlarning navbatdagi «instruktsiyasi» qo‘ng‘izlarni qanday aldash bilan bog‘liq.

«Agar sizga qo‘ng‘iz «hujum» qilib qolsa, u yetib ololmaydigan joyga chiqib olishga harakat qiling, masalan, ulkan daraxt tepasida jon saqlang. «Agar atrofda daraxt ko‘rinmasa, qoyalarga osilishga intiling. Agar qoya ham uchramasa, qo‘ng‘izni qandaydir boshqacha usul bilan aldashga urinib ko‘ring», deyiladi bu maslahatlarda.

Qo‘ng‘iz bilan aynan qanday usulda «kelishish» kerak? Eng yaxshi usul balki undan qo‘rqmaslikdir.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:46:39

EGASIGA QARAGANDA AQLLI

20 ming rubllik jarima! Axloq tuzatish bilan bog‘liq yarim yillik jazo! Hammasi silliqqina ketayotgan edi. 170 kilolik bug‘u o‘ziga tegishli bo‘lib turuvdi. Sirning fosh bo‘lishiga esa... iti sababchi.

Voqea tafsiloti kundek ravshan. Brakoner uyga qaytayotganida Alekseev tuman ichki ishlar idorasi xodimlari tomonidan to‘xtatildi. Qo‘lida ro‘yxatga olinmagan qurol. Birgalikda uning uyiga kelib, tintuv o‘tkazila boshlangan paytda saroydagi it vovullab berdi. Hali bug‘u go‘shtidan o‘z o‘ljasini ololmagan it to‘xtovsiz hurar edi. «Ish» shu darajaga borib yetdiki, it o‘z egasining man qilingan hayvonni otib bu yerga keltirganidan to‘liq ogoh etib qo‘ydi. Aslida xo‘jayin ana shu itini boqish uchun ham ov qilib qaytgan edi-da. To‘g‘risini aytganda, tirik jonzotga jabr-sitam yetkazish ham qonunan, ham hayotiy jihatdan qoralanadi. Demak, it egasiga qaraganda oqilona ish qilibdi: qing‘irlikni fosh etish ham savob.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:46:48

POCHTA MARKASI YIG‘ISH JINOYAT EMAS

Hindistonlik Jastin Everetta Qozon shahridan uchib ketayotganida, bojxona xodimlari uni madaniy boyliklar josusi sifatida qo‘lga olishdi. Uning sumkasidan hech qanday hujjati bo‘lmagan uch jildli pochta markalari topildi. Bu matohni u o‘z qiziqishiga ko‘ra ko‘p yillardan beri yig‘ar va o‘zi bilan olib yurardi. Qozonga uchib kelganida kollektsiya o‘ziga xalaqit berishini sira o‘ylab ko‘rmagan Jastin transport prokuraturasi ta’qibiga uchradi. Ammo Hindiston fuqarosining bu markalarni Qozon muzeyiga sovg‘a qilish niyatida olib kelganini bilishgach, bojxona xodimlari jinoiy ishni yopishga majbur bo‘ldilar.

Har qanday harakatni ham jinoiy ish deb baholamaslik kerak ekan. Aks holda bizga o‘xshab ortiqcha va keraksiz chiqimga yo‘liqish hech gap emas, deb xulosa chiqarishdi bu voqeadan bojxona xodimlari.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:47:08

MEHRNING HAM CHEKI BOR

Kishinyovdagi klinikalardan biriga keltirilgan o‘n oylik qizcha bexush edi. Ota-onasining ham qo‘rquvdan rang-ro‘yi bir holatda. Shifokorlar uni zudlik bilan jarrohlik stoliga yotqizishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, qizchaning oyoq suyaklari shikastlangan. Bunga esa, bolaning otasi — yigirma yoshdagi yigitcha sababchi bo‘lgani oydinlashdi. U qizchasini shu qadar yaxshi ko‘rganidan har kuni uyning shiftiga tekkuday darajada balandga otar, natijada bolaning boshi potologga tegar, tabiiyki, bundan shikastlanish kelib chiqar edi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinar deganlaridek, hadeb balandga otilavergan go‘dak kunlarning birida jarohatlandi va shoshilinch ravishda shifoxonaga keltirildi. Baxtlari bor ekan, jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Bu voqea kishiga «Mehrning ham cheki bor» degan hikmatni eslatadi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:47:16

BALIQ PO‘STLOG‘IDAN KROSSOVKA

Argentinalik oyoq kiyimi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar baliq terisidan krossovkaning ilk namunasini havola etishdi. Ular braziliyaliklar bilan bu borada sira raqobatlasha olmayaptilar. Shimollik qo‘shnilarning oyoq kiyimi ishlab chiqarish texnologiyasi ancha mukammal bo‘lib, narxlari xaridorlarni ancha qoniqtiradi. Mana, endi argentinaliklar ulardan sifat bobida ancha ilgarilaydigan ko‘rinadi. Shimoli-g‘arbiy hududda joylashgan La-Rioxa provintsiyasida baliq terisidan tayyorlangan krossovkaning 500 jufti sotuvga chiqarildi.

Bu oyoq kiyimi cho‘ziluvchan va sigir terisiga qaraganda ikki karra pishiq. Narxi import oyoq kiyimlarnikidan ikki marta arzon. Ammo maqtanishga erta, bu mahsulotning "œtaqdiri" vaqt hukmiga havola.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:47:33

MEHR MUHIMMI, ZARAR...

Hayvonlar ham mehr talab. Ammo ularni asrab-avaylayotgan kishi, avvalo, yon-atrofdagilar haqida ham o‘ylab ko‘rishi lozim bo‘ladi. Voronejning Marshak ko‘chasida yashovchi 67 yoshdagi Aleksandra Konopuxina degan onaxonning miyasidan bunday fikr o‘tmagan ko‘rinadi. Qo‘ni-qo‘shnilar kampirning boquvidagi 20 ta it va 30 ta mushukning dastidan ko‘chaga chiqishga qo‘rqadilar. Pensiya pulidan boshqa daromadi bo‘lmagan onaxon jonivorlarni qanday boqayotganiga hamma taajjubda. Qo‘ni-qo‘shnilar 12 yildan beri turli idoralarga murojaat qilishmoqda. Javob esa bir xil: Rossiyada hayvonlarga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lish qonunan taqiqlanadi.

Jonivorlarga mehr-shafqat ko‘rsatish odamlarga ma’nan zarar yetkazish orqali bo‘layotganiga qanday qaraysiz?

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:47:42

XO‘ROZLARNING XO‘ROZI

Qozonning qaysidir shaharchasida tovuq yili munosabati bilan bellashuv o‘tkazildi. Xo‘rozboqarlar ham anchagina ekan, keti uzilmasdi. «2005 yilning oltin xo‘rozi» deb nomlangan bu tanlov hay’ati muhim shartlarni inobatga olishni mo‘ljallardi. Ya’ni, xo‘roz patlarining rangi, ovozining o‘tkir va tiniqligi, panjalarining tozaligi, eng muhimi «tarbiyalanganlik» va xarakteri ham.

Birinchi o‘ringa Gilfanov degan kishining «Pentan» laqabli xo‘rozi munosib deb topildi. Oila a’zolari uni uyda «Gilfanchik» deb ham erkalashar ekan. Aftidan, «Pentanning tarbiyasi» bilan egasi astoydil shug‘ullangan ko‘rinadi. Chunki xo‘roz, ularni sinab ko‘rish uchun keltirilgan tovuqlarga shu qadar «iltifot» ko‘rsatdiki, hakamlar hay’ati «qoyil» degan ma’noda bosh chayqashdi.

Gilfanchik bu yerda ham har tong kallayi saharlab qichqirgani kabi o‘zini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu xo‘rozning qichqirig‘i uzoq, davomli va o‘ziga xosligi bilan ajralib turardi. Gapning qisqasi, haqiqiy xo‘roz!

Qayd etilgan