QOR GULLAYDIMI?
Odatda biror narsaning pokligi ta’kidlanganida, «qordek oppoq» iborasi ishlatiladi. Biroq yer kurrasining ayrim tog‘lik va pasttekislik yerlarida, shuningdek, Arktika va Antarktidaning muz bilan qoplangan dengizlarida qorning usti qizil , yashil , sariq, jigarrang va hatto ko‘k yoki qora tusga kirib qolganligiga necha-necha sayyohlar shohid. Shu hodisa ko‘chma ma’noda «qorning gullashi» deb yuritiladi.
Qadim zamonlardan qizil qor to‘g‘risidagi afsona va ertaklar og‘izdan-og‘izga o‘tib keladi. Qizil qor yer kurrasining ko‘p joylarida, xususan, tog‘ cho‘qqilarida ko‘p uchraydi. Jumladan, Kavkaz tog‘larida, Armaniston tog‘larining shimoliy qismida, Bolgariyaning dengiz sathidan 2300-3460 metrgacha bo‘lgan balandliklarida qizil qorni ko‘rish mumkin.
Botanik olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qizil qor Kamchatkaning doimiy qorli cho‘qqilarida, Sibirda, Tyanshan tog‘laridan 4500 metr balandlikda keng tarqalgan. 1907-yili Tyanshanning Qorchoy tog‘i dovonlaridan birining shimoliy qismi pushtirang qor bilan qoplanganligi, 1927-yili esa shu yerda bir necha metr qalinlikdagi qizil qor to‘shalgan dalalar kattagina maydonni egallaganligi haqida ma’lumot bor.
Xo‘sh, qorning gullashiga sabab nima? Gap shundaki, qor harorati past bo‘lishiga qaramay, uning usti va orasida ko‘z mikroskop vositasidagina ilg‘ay oladigan, juda mayda, bir yoki bir necha hujayrali suv o‘tlari mavjud. Ularning tez ko‘payishi oqibatida rang paydo bo‘lishi aniqlangan. Hozirgi paytda bunday suv o‘tlarining 70dan ortiq turi ma’lum. Chunonchi, Kavkaz tog‘larida uchraydigan rang-barang qorlarda 55, Ufa shahri atrofidagi qorlarda esa 37 turdagi suv o‘t o‘sishi kuzatilgan. Darvoqe, aksariyat rangli qorlarning o‘ziga xos hidi bor. Masalan, oltinrang suv o‘tlarining ko‘payib o‘sishidan baliq yog‘ining hidi anqisa, bir hujayrali yashil suv o‘tining cheksiz ko‘payishidan yoqimli tarvuz hidi keladi va u qorni qizil rangga bo‘yaydi. Chunki suv o‘t, aslida yashil bo‘lsa ham, uning tarkibida qizil bo‘yoq modda bor. Ana shu modda suv o‘tni quyoshdan keladigan qisqa to‘lqinli nurlarning halokatli ta’siridan saqlaydi. Qor erishi yoki uning namlanishi natijasida suv o‘ti tez ko‘payadi.
Pasttekisliklarda qor ko‘pincha yashil yoki sariq rangga bo‘yaladi. Arktika va Antarktidadagi muzliklar sharoiti ba’zi suv o‘tlarning o‘sishi uchun qulay hisoblanadi. Bunday suv o‘tlar quyosh nuri yetadigan muzliklar orasida va ostida ko‘payib , ularni sarg‘ish-jigarrang tusga kiritadi. Ayrim hollarda bir kubmetr muz orasida shunday suv o‘tlardan bir kilogrammga yaqini to‘planadi.
Zebo NAMOZOVA