Har sohadan bir shingil: qiziqarli ma'lumotlar  ( 156669 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 20 B


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:50:48

AYLANADIGAN UY

Odamlar yashaydigan uy barcha shart-sharoitlarga ega bo‘lishi kerak. Lekin qishda turar-joylarni isitish ancha jiddiy muammoga aylanadi. Yangi Zelandiya quruvchilarining iste’molchilarga taqdim etayotgan uyi aylanib turadigan platformaga ega. Uning ichiga shunday qurilma o‘rnatilganki, havo harorati past bo‘lganda, uy ichida turib u quyosh nur sochayotgan tomonga qarab aylantiriladi. Albatta, ko‘p qavatli uylarda bunday moslamaning o‘rnatilishi boshqalarga noqulaylik tug‘dirmaydimi, degan savol tug‘iladi.

Bu uy hozircha sinovda. Qurilish firmalari mutaxassislaridan iborat maxsus komissiya, shifokorlar va turarjoyda yashayotganlar shu xususda o‘z fikrlarini bildirishmoqda. Agar ular ma’qul topsa, bunday moslamali uylarni ko‘plab qurishga ruxsatnoma beriladi, bu esa aholi uchun birmuncha qulay, deb xabar beradi Shveytsariyada chiqadigan "œVeltvoxs" gazetasi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:50:56

AVVAL TO‘LA, KEYIN HAYDA

Norfolk shahridagi avto­mobillarni kreditga beradigan kompaniyalardan biri mijozlar bilan ishlashning samarali usulini o‘ylab topdi.

Kreditga berilgan har bir mashinaga shunday uskuna o‘rnatildiki, agar mijoz ko‘r­satilgan qarz pulini to‘la­magan bo‘lsa, bu axborot zudlik bilan avtomatik ravishda kompaniyaga uzatiladi. Har bir to‘lovda mijozga beshta raqamdan iborat kod beriladi. Navbatdagi badalni to‘lash zarurati tug‘ilganda, ushbu kod raqami klaviatura qurilmasida terilmay turaveradi.

"œYu-es-ey tudey" gaze­tasida yozilishicha, kompa­niyaning bu usulni qo‘llashi natijasida mijozlarning qarzni to‘lamasdan yurish holati bir muncha qisqargan.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:51:04

300 YILLIK TAOM

Har bir millatning milliy taomlari bor va tabiiyki, uning ilk bor tayyorlangan davri haqida ko‘pchilik o‘ylab ham o‘tirmaydi. Ukrainalik tarixchi Grigoriy Gordienko o‘z xalqining eng xushxo‘r va eng ommaviy taomi — borshni 300 yillik tarixga ega, deb hisob­lamoqda.

Karam sho‘rva uch asr­dan beri tayyorlanayot­ganiga mamlakatda deyarli hech kim e’tibor bermaydi. U avloddan avlodga o‘tib, bugungi ukrainaliklarning ham oshxonasidan o‘z o‘r­nini topib oldi. Pazandalar borshning o‘nlab xillarini ixtiro qilishdi: sabzili, kabachkali, sarimsoqpiyozli. Qaysi tur bo‘lishidan qat’i nazar, karamsiz tayyor­lanmaydi. Ammo bari xushxo‘r, betakror, har bir oilaning taomnomasida birinchi o‘rinni ishg‘ol etadi.

Tarixda nomi qolgan ofitser Ivan Kotlyarevskiy o‘z kitobida, "œUkrainaliklar sho‘rvaning bu xilisiz yashay olmaydilar, agar uni uch kun ichmasalar, oshqozonlari "œg‘alayon" ko‘taradi" deb yozib ketgan ekan.

Borsh — o‘z yo‘liga, o‘z xalqining dasturxoniga, ammo bizning oshdan qo‘ymasin!

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:51:12

ENG QARI BO‘YDOQ

Yigitlarga uylanish, qizlarga turmushga chiqish hayotning abadiy qonuni va buni hech kim rad etolmaydi. Ana shu qonuniyat mavjud ekan, yer yuzida hayot davom etadi. Ammo odamlar orasida uylanmagan va turmushga chiqmaganlari ham uchrab turadi.

Ukrainalik Grigoriy Nestor shu toifaga mansub. Biror marta ham uylanmagan bu kishini ko‘rsangiz, quvnoq, tetik, qo‘shiq aytishni xush ko‘radi, chekmaydi, ichmaydi, vaqtida ovqatlanish va dam olish uning doimiy shiori.

Shunday qilib, Grigoriyga Xudo umr bermoqda. Tanish-bilishlari qari bo‘ydoqning uzoq umr ko‘rishi haqida so‘rasalar, u bitta haqiqatni ochiqdan-ochiq tan oladi: «Agar uylanganimda edi, er-xotinlar orasida bo‘ladigan janjal va mojarolardan men ham xoli bo‘lmas edim. Xotin kishining «ming‘ir-ming‘iri» ko‘pligini tengqurlarimdan ko‘p eshit­ganman. Uylangan, bola-chaqali bo‘lganimda, ehtimol, men bu yorug‘ olamni alla­qachon tark etgan bo‘larmidim. Ko‘rib turganingizdek, bo‘y­doqligim uchun hamon tirik­man».

Qari bo‘ydoqning falsafasini kim qanday qabul qilar ekan?

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:51:36

G‘AROYIB UY

Yaxna, spirtli, shirin va mi­neral ichimliklardan bo‘shagan idishni ko‘pchilik chiqindi sifatida tashlab yuboradi. To‘g‘ri, shishadan yasal­ganlarini xarid qiluvchi shoxob­chalar bor, ammo plastmassa idishlar bir martalik deb baholanganidan ishlab chi­qarish korxonalarida qabul qilinmaydi ham.

Georgiy Vashenko degan kishi yaqinda «Nauka i texnika» jurnalida qiziqarli maqola o‘qib qoldi. Jurnalda aytilishicha, bo‘shagan idishlardan uy-joy tiklash mumkin. Buning uchun plastmassa emas, balki shi­shadan yasalgan idishlar lozim bo‘lar ekan. Shunday qilib, Vashenkoning butun qarin­dosh-urug‘i-yu tanish-bilish­laridan to‘plagan shishalari ikki ming donadan oshib ketdi. Endi bemalol turar joy tiklasa bo‘ladi, jurnalda idishlar soni 2000 tadan kam bo‘lmasligi kerak, deb aytilgan.

Mana, ikki qavatli uy ham tayyor! Hali bunaqasi bo‘l­magan. Shishadan tiklangan uy devori quyosh nurida ko‘zni qamashtiradi. Ammo bu uyda yashashning sira iloji yo‘q, u ko‘rgazma uchun. Odam oyog‘ini qo‘yishi bilan shishalar shaqir-shuqur qilib, uy vayron bo‘lib ketishi hech gap emas, deb xabar beradi ITAR—TASS axborot agentligi.   

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:53:09

PINGVIN — "œPOLKOVNIK"

Edinburg hayvonot bog‘ida yashovchi Nils-Olaf laqabli pingvin Norvegiya Qirollik armiyasining faxriy "œpolkovnigi" deya e’lon qilindi. Norvegiya harbiylari bu pingvinni 1972 yildan beri biladilar. Shuncha vaqtdan beri bu jonivorga sidqidildan qilgan xizmati uchun ikkita medal ham berilgan, Edinburg hokimiyati esa Antarktidaning bu "œarzandasi"ga yodgorlik ham o‘rnatgan.

Hozirgi Nils o‘zining qarindoshlaridan ko‘ra ancha chaqqon chiqib qoldi. Balki unga tug‘ilishi bilan berilgan "œserjant" unvoni bunga imkon yaratgandir. 12 yil mobaynida u hayvonot bog‘idagi zinalar bo‘ylab chiroyli harakat qildi va "œpolkovnik"lik cho‘qqisiga chiqdi.

Nilsga faxriy mukofot topshirish marosimi Shotlandiyada bo‘lib o‘tdi. Tantanalar-ku, o‘z yo‘liga-ya, ammo shunday sharafga muyassar bo‘lganidan pingvin "œjanobi oliylari"ning xabarlari bormikan!

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:53:17

SAMOLYOTDA TUG‘ILGAN BOLA

Moskvadan Los-Anjelosga uchayotgan samolyotda Yer yuzining yangi mehmoni dunyoga keldi. Oy-kuni yaqinlashgan ona Lyudmila Yanulis hamma yo‘lovchilar qatori eson-omon o‘z manziliga yetib olishni Xudodan tilab ketmoqda edi. Shifokorlarning taxminiga ko‘ra, chaqaloq tug‘ilishiga hali vaqt bor edi. Ammo taxmin hamisha ham to‘g‘ri chiqavermaydi. Lyudmilani bortda to‘lg‘oq tutib qoldi. Butun ekipaj bir tanu bir jonga aylanib, ayolga yordam ko‘rsatdi.

Bu voqeani tasavvur qilishning o‘zi mushkul. Havo layneri Yer sathidan 10680 metr balandlikda uchib ketyapti. Hech kim, hattoki uchuvchilar ham bu vaziyatda ortiqcha talvasaga tushganlari yo‘q. Tug‘ruq muvaffaqiyatli yakunlandi, onaning ham, chaqaloqning ham ahvoli yaxshi. Yeru osmon o‘rtasida chaqaloqning dunyoga kelishi kam uchraydigan hodisa, deb xabar beradi bu haqda "œTrud" gazetasi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:53:25

ANTIQA MINORA

Qadimda qaysidir hududlarda qurilgan minoralar bugungi avlodga o‘tmishdan so‘zlab turadi. Ammo odamlardan yasalgan minorani ko‘rganmisiz? «Jonli mino¬ra»da ishtirok etishga har kimning ham jur’ati yetmaydi.

Barselonadagi ommaviy bayramlardan birida har yili ana shunday minorani namo¬yish etish rasm hisoblanadi. Bu bilan shug‘ullanadigan alohida guruh bor. Xo‘sh, odamlardan quriladigan minora qanday ko‘rinishda, dersiz.

100 yoki 200 kishi yig‘ilib, bir-birining yelkasiga chiqib oladilar va shu tariqa minora ko‘rinishidagi antiqa shakl hosil bo‘ladi. Tomosha qilish-ku oson-a, ammo ishtirokchilarning eng pastki qavatida turganlarga oson tutib bo‘lmasa kerak. Albatta, bunday paytda tepadagilarning o‘z tanalarini bor og‘irligi bilan emas, sal o‘zgalarni ayagan holatda turishi muhimdir. Aks holda pastda turganlar dodlab yuborishi aniq. Harqalay «jonli minora»ga o‘zini tikkanlar bir-birlarini ayaydilar va qo‘llab-quvvatlaydilar. Va bunda ko‘zda tutilgan olqishlarga ko‘milish maqsadi ham ish beradi.

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:53:33

DOLLARLI SEYF —METALLOMGA

Belorussiya metallurgiya zavodi ishchilari turli-tuman temir-tersaklarni saralash jarayonida hech qayeri shikastlanmagan seyfga duch kelishdi. Vo ajabo! Bu matohni qaysi boyvachcha bu yerga topshirib ketgan ekan? Axir bus-butun seyfni bo‘laklarga bo‘lish uvol-ku.

Ammo zavodga kelgan buyum xuddi bankka topshiri¬ladigan pachkali pul buzilib, qaytadan sanalgani kabi qirqilishga, bo‘laklarga bo‘li¬nishga mahkumdir. Qirqish sexi ishchilari seyfni maxsus asbob-uskunalar yordamida buzishar ekan, ko‘zlari katta-katta ochilib ketdi: uning ichidan pachka-pachka dollar chiqdi. Sanab ko‘rishsaki, yigirma ming. Buni ko‘rgan ishchilardan biri, deyarli aql-hushidan ayrilayozdi. To‘g‘ri, u bu boylikning ma’lum qismini yon-atrofidagilar bilan bo‘lishdi, lekin asosiy qismini o‘ziga oldi.

Tverdan kelgan seyf ichidagi pullar kimga tegishli ekanligi noma’lum. Nahotki, shuncha jamg‘armaning egasi uni chiqitga chiqarib, zavodga jo‘natgan bo‘lsa?

Qayd etilgan


Mohinur  05 Avgust 2006, 07:53:42

IKKI BOSHLI ILON

Filadelfiyadagi hayvonot bog‘ida ikki boshli ilonni ko‘rish mumkin. Ajdarholar haqida afsonalar to‘qilgan, ularning bir emas, 7-8 ta boshi bo‘lgan. Bu dahshatli jonzotlarning chindan ham bor-yo‘qligi noma’lum. Ammo ikki boshli ilonning shu kecha-kunduzda Filadelfiya hayvonot bog‘ida yashayotganligi rost.

Kelib-ketuvchilar ikki bosh bilan yashash unga oson emasligini payqaydilar. Chunki uning bitta boshi uxlasa, ikkinchi boshi yon-atrofni olazarak bo‘lib kuzatadi. Hattoki bitta tanadagi bu ikki boshning fe’l-atvorlari ham turlicha: biri muloyim, ikkinchisi qandaydir serjahl. Ammo ularning ishtahalari bir xil va aynan bir vaqtda yeyishdan to‘xtaydi.

Qayd etilgan