MAYMUNLARGA ISHONISHMOQDA
Amerika politsiya maxsus xizmati o‘z ishiga maymunlarni jalb qilmoqchi. Arizona shtatining Mesa shahrida janubiy amerikalik kaputsin oilasiga mansub maymunlarga razvedkachi vazifasi yuklatiladigan bo‘ldi. Politsiyachilar zarur tadqiqot ishlari olib borishlari uchun 100 ming dollar miqdorida pul ajratilishiga rozilik berishdi. Ularning fikricha, to‘rt yildan so‘ng aniq ijobiy natijani olish mumkin. Maymunlar maxsus o‘q to‘suvchi ko‘ylak kiyib, radiouzatgich bilan jinoyatchini tutishga yuboriladi. Og‘ir bo‘lmagan vazni va tana tuzilishining mosligi maymunlarga odam, robot eplolmagan ishlarni qilishiga imkoniyat yaratadi. Ko‘plab kaputsinlar allaqachon kasal boqish, aravachadagi nogironlarga mehribonlik ko‘rsatish, ovqat tashish, chiroqni o‘chirish, yoqish va hatto soch tarashga o‘rgatilmoqda. Politsiyachilar maymunlarning o‘tkir zehni, aql-idroki va odamnikiga o‘xshash chaqqon, epchil qo‘llariga tan berishdi. Shuningdek, politsiyachilar qulfni ochish, binoni sinchiklab qidirish va yaradorlarga yordam berish mahoratini egallash ham maymunlarga xosdir, degan xulosaga kelishdi.