GUGURTDAN QURILGAN UY
Germaniyalik Eberxardt degan tinib-tinchimas odam Ginnesning rekordlar kitobiga kirishni orzu qilgan shekilli, o‘z hovlisi atrofida ko‘pchilikni hayratda qoldiradigan mo‘jiza yaratdi.
Minglab gugurt qutilaridan tiklangan uy rosmana hovlini eslatadi. Unda mehmonxona, oshxona, bolalar uchun mo‘ljallangan bo‘lmalar, hattoki hojatxona ham bor. Devor shkaflari, deraza, eshik... Qisqasi, hashamatli uy. Ranglar shu darajada uyg‘unlashtirilganki, Elburt Eberxardtning dizayn san’atini yaxshigina egallaganligi sezilib turadi.
Xo‘sh, yashash uchun emas, tomosha qilish uchun yaratilgan imoratga qancha gugurt qutisi sarflandi ekan? Bir yarim million. «Koshona» egasining bu gugurt qutilarni to‘plash uchun sabr-toqat topa olganligi ham barchada taajjub uyg‘otadi, deb xabar beradi «Zyuddoyche tsaytung» gazetasi.