Xorijda chekuvchilarning sonini kamaytirishga bo‘lgan harakat shunchalik kuchayganki, Buyuk Britaniyaning yetakchi Guardian gazetasi 2004 yil Amerika kuchlari Iroqqa bostirib kirgani haqida yozar ekan, maqolaga «Iroq yonyapti, biz esa sigaret olovini o‘chirish bilan o‘ralashib qolganmiz» degan g‘ayrioddiy sarlavha qo‘ygandi.
Buni biroz izohlash uchun o‘sha vaqtda Yevropada «sigaretaga qarshi kurash» hukumatlar diqqat markazida turganini va endi ikkinchi masala sifatida «AQShning Iroqdagi tinchlikparvar harakatlari» kun tartibiga kiritilganini aytish kifoya. Ammo ming afsuski, ikkala urush ham to hozirgacha muvaffaqiyatsiz davom etmoqda. Iroqdagi olov ham, chekuvchilarning lablaridagi sigaret olovi ham hanuz o‘chirilgani yo‘q.
Sigaret haqida roman yozsa bo‘ladi. Chekuvchilarga qarshi olib borilayotgan kurash haqida hikoya qilish uchun esa, rosti, roman ham kamlik qilsa kerak hozir.
Xo‘sh, sigaret chekuvchilarga qarshi urushda qachondir g‘alaba qozonish mumkinmi o‘zi?
Bu jang hozir shu qadar ayovsiz tus olganki, o‘sha Angliya hojatxonalarida ba'zan quyidagicha yozuvlarga ko‘zingiz tushishi mumkin: «Iltimos, sigaretingizni unitazga tashlamang, nam tortib, yondirishga qiyinlashib qoladi».
«Angliyada-ya?! Kim ham uni unitazdan olib chekardi?» deb ajablanarsiz. Ajablanish o‘rinsiz, inglizlarning istehzosini to‘g‘ri tushuning - yangi sigaretni chekish nima-yu, unitazdan olinganini chekish nima?!
Rasmiy hisobkitoblarga qaraganda, hozirgi paytda voyaga yetganlar orasida har uch kishidan biri sigaret chekar ekan. Yer aholisining rostmana kashandalari soni esa 1,3 milliard kishini (1,1 milliard erkak va 230 million ayol) tashkil qilarmish.
Sigaret bilan aloqador kasalliklar natijasida jahonda har yili 5 milliondan ortiq odam vafot etadi. Agar tamaki sanoati hozirgi rivojlanishida o‘zgarishsiz davom etadigan bo‘lsa, 2010 yilga borib sigaret bilan aloqador kasalliklar sababli vafot etadiganlar soni yiliga 10 million kishini tashkil qiladi. (Butunjahon sog‘likni saqlash tashkiloti ma'lumotlari).