Talabalarga maslahat o'rnida  ( 9246 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


_Otabek_  01 Fevral 2011, 17:29:28

Hurmatli forumdoshlar,
Ushbu mavzuni ochishdan maqsadim sizni quyidagi kitob bilan tanishtirishdir. Undagi fikrlar sizlarga foydali va qiziqarli bo'ladi degan umiddaman. Kitob boblari asta-sekin tarjima qilib borilmoqda.

Mabodo, oralaringizda tarjimaga hissa qo'shaman deganlar bo'lsa, kitobning hali qo'l urilmagan qismlarini jo'natishim mumkin.  



"œA’lochilar uchun o’quv ko’nikmalari"




Fred Orrning "A'lochilar uchun o'quv ko'nikmalari" ("Study Skills for Successful Students") kitobi 1992 yilda Avstraliyada nashrdan chiqqan. Unda o'quv yurtlari talabalarining o'quv materiallarini yaxshi o'zlashtirishlari uchun muhim bo'lgan bir qator ko'nikmalar haqida so'z yuriltiladi va ushbu ko'nikmalarni rivojlantirsh borasida foydali maslahatlar beriladi. Kitobda berilgan maslahatlar yuqori sinf o'quvchilari, kollej va oily o'quv yurtlari talabalari uchun birdek mos keladi. Talabalar o'quv faoliyatidan keltirilgan misollar, yoki keyslar (case study) har bir talaba duch keladigan turli-tuman sharoitlarni tasvirlaydi. Ular asosida muallif o'z fikrlarini bildiradi va muammolarni bartaraf qilish borasidagi usullar bilan tanishtiradi. Keltirilgan keyslarning qahramonlarining ba'zilari ma'lum kurs bo'yicha mavjud qiyinchiliklarni mardona yengib o'tgan va a'lo natijalarga erishgan bo'lsalar, ayrimlari qiyin ahvolga tushib qolganlar. Bu yerda muallif yetkazmoqchi bo'lgan muhim ma'lumot shundaki, o'qish jarayonidagi har bir tajriba o'zida xos ijobiy potensialga ega. Hatto kurs ishi yomon baho bilan qaytarib berilsa ham. Masalaning "yorqin tarafi"ga qaraydigan bo'lsak, bu talabaning ma'lum ko'nikmalarini rivojlantirishiga bo'lgan bir chaqiruvdir.

Talabalardan tashqari, kitobning boshqa bir muhim auditoriyasini o'qituvchilar, ma'ruzachilar va ota-onalar tashkil qiladi.

Ta'lim shunchalik muhimmi? Axir, bir necha yil sinf partasida yoki auditoriyada o'tirib, keyin hayot tashvishlariga, kasbga aloqador faoliyatga shong'ib ketamiz-ku? Domlalar bizga beradigan bir olam materialga qo'shimcha qilib Fred Orrning kitobini o'qishimiz shartmi? Turgan gapki, 10 yildann keyin, masalan, hech kim bizdan Shekspirning "Makbet"idan biron sahnani yoddan ayytib berishimizni talab qilmaydi. Adabiyot muallimi yoki teatr aktyori bo'lib yetishmasak, albatta.. Samarali tahsil olishdan maqsad bu tonnalab aniq faktlarni yodlab olish emas, balki kishi o'zini va hayotda kerakli ko'nikmalarini rivojlantirib borishidir.

Bitiruvchi ish talab qilib tashkilotlarga borganida rahbarlar uchun eng muhimi uning diploma hisoblanadi. Aslida diplom uning egasiga xos bo'lgan distsiplina, tirishqoqlik va qat'iyatdan dalolat berib turishi kerak. Mehnat bozorida raqobat kuchli va ish o'rinlari cheklangan sharoitlarda, ish beruvchining diqqat-e'tiborida diplomdan tashqari mutaxassisning maxsus bilim va ko'nikmalari bo'ladi. Aynan shu bilim va ko'nikmalar uni boshqa raqiblaridan ajratatib turadi va maqsadga yaqinlashtiradi.

Ushbu kitobdan olinadigan samarani oshirish maqsadida TUF (try, use and fun), ya'ni "sinash, qo'llash va zavqlanish" yondashuvini qo'llashingizni tavsiya qilamiz. Qanchalik ko'p sinasangiz, shunchalik ko'nikmangiz oshadi. O'rganayotgan narsalaringizni turlicha o'rinlarda qo'llashingiz kerak bo'ladi. Masalan, ma'lum nazariya yuzasidan bahslashsangiz, muhokama olib borsangiz yoki hatto kuyga solsangiz u xotirangizda yaxshi o'rnashadi, ko'nikmaga aylanadi. Biroz g'alati eshitilishi mumkin, ammo bu ko'pchilikning tajribasida sinalgan.

TUF yondashuvining uchinchi qismi bu zavqlanishdir. O'quv jarayonini kayfiyatingizni ko'taradigan tarzda tashkillashtirsangiz va olib borsangiz, jarayon ancha yengillashadi va qiynalmaysiz. Bunda sizning fantaziyangiz yordam beradi. Imkonini toping, o'yinlar, ko'riklarlar va sahnalar uyushtiring, ularga boshqa talabalarni jalb qiling. O'qish jarayoni zerikarli va quruq bo'lishi kerak, deb hech qayerda yozilmagan. Hatto top-menedjerlar ham yangi menedjment ko'nikmalarini shakllantirish maqsadida o'z tashkilotlarida maqsadli o'yinlarni yo'lga qo'yganlar.

Xullas kalom, kitobdan bahra oling, keltirilgan ko'nikmalarni amalda qo'llang va muvaffaqiyat sari otlaning!


Fred Orr,

Sidney, 1992

Qayd etilgan



_Otabek_  01 Fevral 2011, 17:40:23

Motivatsiya

Emma inter'er dizayni bo'yicha birinchi kurs talabasi bo'lishidan oldin maktabni bitirib, xorijda ikki yil sayohat qilib kelgan edi. Uzoq davom etgan beg'amlikdan so'ng bir joyda uzoq o'tirish va butun diqqatni darslarga jalb qilish vazifasi Emmani tashvishlantira boshladi. Uning uchun sa'nat va dizaynga aloqador barcha mavzular qiziqarli bo'lishi va o'qishning dastlabki haftalarini mas'uliyat bilan o'tkazganiga qaramasdan, test va referatlar vaqti kelganda unda o'zida nisbatan shubhalar uyg'ondi. Uch yil davom etadigan o'qishning birinchi semestridagi bunday ahvol talaba uchun tashvishli bo'lmay iloji yo'q. Birinchi vazifa - 2000 so'zli referat yozish muammosi Emmaning ich-ichida vahima va vujudida titroq uyg'otardi. U shu tarzda vaqtni o'tkazib, topshirish kuniga ikki kun qolganda, dam olish kunlari shoshilinch ravishda ishga tushib ketdi. Ammo ishning oxiriga kelganda, diqqatini jamlay olmasligi, xotirasi pand berayotgani va yaratuvchanlik qobiliyati yo'qolib qolganligini sezadi.

Bu misol keng tarqalgan, ammo jiddiy muammolar turkumidan dalolat berib turibdi. Psixolog huzuridagi bir necha uchrashuvdan so'ng, Emma o'z muammolariga asosiy sabab bu motivatsiyaning yo'qligidanligini tan olgan. Shu paytgacha yashab kelgan xotirjam hayot tarzidan tashqariga chiqa olmayotganin aytgan. Shuning uchun jiddiy va intensiv ishga qo'l urishi muammoli kechgan.

Nafaqat bizning birinchi qahramonimiz, balki ko'pchilik talabalar uchun motivatsiya eng asosiy muammo sanaladi. Agar sizda ham shu holat kuzatilayotgan bo'lsa, quyidagi maslahatlarga quloq tuting:
Bir alohida daftarga o'qish yuzasidan qilishingiz lozim bo'lgan vazifalarni ro'yxat qilib yozib oling. Tugatganlaringizni "qushcha" bilan belgilab boring. Sahifalarni to'ldirib boradigan bu ijobiy belgilarni ko'rish muvaffaqiyatingizdan dalolat berib, har safar sizning kayfiyatingizni ko'taradi, keyingi vazifalarga kirishishingizni rag'batlaydi.

Yaxshi natija uchun o'zingizni taqdirlang. O'zingizning ta'bingizga yoqadigan mukofotlarni tanlang. Masalan, bir loyihani yaxshi tugatib olgach, kinoga tushing. O'zingizga qilishingiz mumkin bo'lgan tortiqlarning ro'yxatini tuzib qo'ying, va ular sizda motivatsiya uyg'otsin.
Vaqt topib, murakkab vazifalarni muhokama qilish uchun o'qishga mas'uliyatli bo'lgan kursdosh/sinfdoshlringizni taklif qiling. Agar har bir kishi ikkitadan vazifani bo'yniga olsa, bu uchrashuvdan har biringiz ushbu uchrashuvdan manfaatdor bo'lasiz.

Nazorat jadvalini tayyorlang va ish joyingizning ko'rinarli yeriga ilib qo'ying. Has safar unga ko'zingiz tushganida jadval sizga ishingiz ustida muntazam va progressiv nazorat olib borishingiz muhimligini eslatib turadi. Yodingizda saqlang: muntazam nazorat amaliyoti imtihondagi muvaffaqiyatingiz kalitidir. Bu kalit esa haftada bir marotaba ish samaradorligini tekshirib turishdan iboratdir. Shu yo'sinda siz imtihon xonasida duch keladingiz muammolarning ko'pchiligini hal qila olasiz.

Agarda dissiplinaga rioya qilishga tabiatan maylingiz bo'lmasa, har haftada bajarishingiz lozim bo'lgan vazifalar ro'yxatini yaqin do'stingiz yoki oilangizdan biror kishiga berib qo'ying. Va har hafta shu kishi sizdan hisobot kutsin.
Kasbiy maqsad-vazifalaringizni oydinlashtirib oling. Qachonki qaysi yo'nalish siz uchun eng muhim va qobiliyatlaringizga mos ekanligini bilsangiz, har qanday qiyinchilikni yengib bo'lsa ham o'z maqsadingizga erisha olasiz. Ko'zlagan sohangizda ishlaydigan yaxshi mutaxassislar bilan iloji boricha ko'proq muloqot qilishga harakat qiling. Ulardan o'z ishlaridan qoniqish hosil qiladilarmi-yoqmi, ishning qaysi jihatlari ularga yoqadi va yoqmaydi - shularni obdon surishtiring.

Agarda kompyuter tizimlari injeneri (yoki jarroh, moliyachi, kosmonavt..) bo'lib yetishishga qat'iy qaror qilgan bo'lsangiz, o'zingiz uchun kattagina qog'ozda tashrif qog'ozi (business card) yasab oling, tez-tez ko'zingiz tushadigan yerga joylashtirib qo'ying. Bundan besh yil, o'n yil keyin shu lavozim yoki kasb haqiqatga aylanishi bu tashrif qog'ozi sizga yaxshigina rag'bat bo'lib xizmat qiladi.

Mabodo o'qish mashaqqatlaridan ko'p tushkunlikka tushayotgan bo'lsangiz, mashg'ulotlar orasidagi tanaffuslar oralig'ini qisqartiring (masalan, bungacha ikki haftada bir marotaba dam olsangiz, bundan keyin haftada ikki marotaba do'stlaringiz bilan uchrashing yoki tabiat qo'ynida sayr qiling. Yoki kunlik mashg'ulotlaringiz orasida, har ikki soatda 15 minutdan hordiq chiqaring - tarjimon). Va dam olish paytida o'qish haqidagi tashvishlarni butkul xayolingizdan chiqarishga harakat qiling. Bu sizga oq'ishga yangi kuch-g'ayrat bilan kirishishga imkon beradi.

Talabalarda motivatsiyaning yetishmasligi ko'p uchraydigan holat. Muammo shundaki, o'zingizni o'qishga rag'batlantirish - motivatsiya uyg'otish faqat sizning majburiyatingiz va o'qituvchilar, ota-ona va do'stlar buni o'z zimmalariga olishlari imkonsiz. Ammo, yuqorida sanab o'tilganga amal qilish yaxhsi natija berishi mumkin. Ularni albatta sinab ko'ring. Agarda bugun o'z ishingizadan ko'nglingiz to'lsa, demak maqsadga erishish yo'lida bitta qadam qo'ydim deb hisoblayvering. Asosiysi - harakat qilish va to'xtamaslik. Hech narsa shaxsiy tajribaga teng kela olmaydi.


Davomi bor

Qayd etilgan


_Otabek_  12 Avgust 2011, 10:29:48

Ushbu risolaning qistartirilgan tarjimasi yakunlandi va yuqoridagi Mundarija yangilab qo'yildi.  :) Boblarning sarlavhasiga sichqonchani chertgan holda ularning to'liq matnini kutubxona2.doira.uz saytiga o'tib o'qishingiz mumkin..

Qayd etilgan