Motivatsiya
Emma inter'er dizayni bo'yicha birinchi kurs talabasi bo'lishidan oldin maktabni bitirib, xorijda ikki yil sayohat qilib kelgan edi. Uzoq davom etgan beg'amlikdan so'ng bir joyda uzoq o'tirish va butun diqqatni darslarga jalb qilish vazifasi Emmani tashvishlantira boshladi. Uning uchun sa'nat va dizaynga aloqador barcha mavzular qiziqarli bo'lishi va o'qishning dastlabki haftalarini mas'uliyat bilan o'tkazganiga qaramasdan, test va referatlar vaqti kelganda unda o'zida nisbatan shubhalar uyg'ondi. Uch yil davom etadigan o'qishning birinchi semestridagi bunday ahvol talaba uchun tashvishli bo'lmay iloji yo'q. Birinchi vazifa - 2000 so'zli referat yozish muammosi Emmaning ich-ichida vahima va vujudida titroq uyg'otardi. U shu tarzda vaqtni o'tkazib, topshirish kuniga ikki kun qolganda, dam olish kunlari shoshilinch ravishda ishga tushib ketdi. Ammo ishning oxiriga kelganda, diqqatini jamlay olmasligi, xotirasi pand berayotgani va yaratuvchanlik qobiliyati yo'qolib qolganligini sezadi.
Bu misol keng tarqalgan, ammo jiddiy muammolar turkumidan dalolat berib turibdi. Psixolog huzuridagi bir necha uchrashuvdan so'ng, Emma o'z muammolariga asosiy sabab bu motivatsiyaning yo'qligidanligini tan olgan. Shu paytgacha yashab kelgan xotirjam hayot tarzidan tashqariga chiqa olmayotganin aytgan. Shuning uchun jiddiy va intensiv ishga qo'l urishi muammoli kechgan.
Nafaqat bizning birinchi qahramonimiz, balki ko'pchilik talabalar uchun motivatsiya eng asosiy muammo sanaladi. Agar sizda ham shu holat kuzatilayotgan bo'lsa, quyidagi maslahatlarga quloq tuting:
Bir alohida daftarga o'qish yuzasidan qilishingiz lozim bo'lgan vazifalarni ro'yxat qilib yozib oling. Tugatganlaringizni "qushcha" bilan belgilab boring. Sahifalarni to'ldirib boradigan bu ijobiy belgilarni ko'rish muvaffaqiyatingizdan dalolat berib, har safar sizning kayfiyatingizni ko'taradi, keyingi vazifalarga kirishishingizni rag'batlaydi.
Yaxshi natija uchun o'zingizni taqdirlang. O'zingizning ta'bingizga yoqadigan mukofotlarni tanlang. Masalan, bir loyihani yaxshi tugatib olgach, kinoga tushing. O'zingizga qilishingiz mumkin bo'lgan tortiqlarning ro'yxatini tuzib qo'ying, va ular sizda motivatsiya uyg'otsin.
Vaqt topib, murakkab vazifalarni muhokama qilish uchun o'qishga mas'uliyatli bo'lgan kursdosh/sinfdoshlringizni taklif qiling. Agar har bir kishi ikkitadan vazifani bo'yniga olsa, bu uchrashuvdan har biringiz ushbu uchrashuvdan manfaatdor bo'lasiz.
Nazorat jadvalini tayyorlang va ish joyingizning ko'rinarli yeriga ilib qo'ying. Has safar unga ko'zingiz tushganida jadval sizga ishingiz ustida muntazam va progressiv nazorat olib borishingiz muhimligini eslatib turadi. Yodingizda saqlang: muntazam nazorat amaliyoti imtihondagi muvaffaqiyatingiz kalitidir. Bu kalit esa haftada bir marotaba ish samaradorligini tekshirib turishdan iboratdir. Shu yo'sinda siz imtihon xonasida duch keladingiz muammolarning ko'pchiligini hal qila olasiz.
Agarda dissiplinaga rioya qilishga tabiatan maylingiz bo'lmasa, har haftada bajarishingiz lozim bo'lgan vazifalar ro'yxatini yaqin do'stingiz yoki oilangizdan biror kishiga berib qo'ying. Va har hafta shu kishi sizdan hisobot kutsin.
Kasbiy maqsad-vazifalaringizni oydinlashtirib oling. Qachonki qaysi yo'nalish siz uchun eng muhim va qobiliyatlaringizga mos ekanligini bilsangiz, har qanday qiyinchilikni yengib bo'lsa ham o'z maqsadingizga erisha olasiz. Ko'zlagan sohangizda ishlaydigan yaxshi mutaxassislar bilan iloji boricha ko'proq muloqot qilishga harakat qiling. Ulardan o'z ishlaridan qoniqish hosil qiladilarmi-yoqmi, ishning qaysi jihatlari ularga yoqadi va yoqmaydi - shularni obdon surishtiring.
Agarda kompyuter tizimlari injeneri (yoki jarroh, moliyachi, kosmonavt..) bo'lib yetishishga qat'iy qaror qilgan bo'lsangiz, o'zingiz uchun kattagina qog'ozda tashrif qog'ozi (business card) yasab oling, tez-tez ko'zingiz tushadigan yerga joylashtirib qo'ying. Bundan besh yil, o'n yil keyin shu lavozim yoki kasb haqiqatga aylanishi bu tashrif qog'ozi sizga yaxshigina rag'bat bo'lib xizmat qiladi.
Mabodo o'qish mashaqqatlaridan ko'p tushkunlikka tushayotgan bo'lsangiz, mashg'ulotlar orasidagi tanaffuslar oralig'ini qisqartiring (masalan, bungacha ikki haftada bir marotaba dam olsangiz, bundan keyin haftada ikki marotaba do'stlaringiz bilan uchrashing yoki tabiat qo'ynida sayr qiling. Yoki kunlik mashg'ulotlaringiz orasida, har ikki soatda 15 minutdan hordiq chiqaring - tarjimon). Va dam olish paytida o'qish haqidagi tashvishlarni butkul xayolingizdan chiqarishga harakat qiling. Bu sizga oq'ishga yangi kuch-g'ayrat bilan kirishishga imkon beradi.
Talabalarda motivatsiyaning yetishmasligi ko'p uchraydigan holat. Muammo shundaki, o'zingizni o'qishga rag'batlantirish - motivatsiya uyg'otish faqat sizning majburiyatingiz va o'qituvchilar, ota-ona va do'stlar buni o'z zimmalariga olishlari imkonsiz. Ammo, yuqorida sanab o'tilganga amal qilish yaxhsi natija berishi mumkin. Ularni albatta sinab ko'ring. Agarda bugun o'z ishingizadan ko'nglingiz to'lsa, demak maqsadga erishish yo'lida bitta qadam qo'ydim deb hisoblayvering. Asosiysi - harakat qilish va to'xtamaslik. Hech narsa shaxsiy tajribaga teng kela olmaydi.
Davomi bor