Qancha-qancha yurtdoshlarimiz chet ellarda hayot kechirib kelmoqdalar. Albatta bunday hayotda o'z qiyinchiliklari mavjud bo'lishi ajab emas. Bu qiyinchiliklardan biri chet elda bolalar ona tili muammosiga duch kelishidir.
Bola o'z ona tilini unutib yuborayotgan bo'lsa nima qilish kerak? Ko'chada chet ellik bolalar bilan muloqotda bo'lganida qiyinchilik bo'lmasligi uchun nima qilish kerak? Agar onasi o'zbek bo'lib otasi chet ellik bo'lsa-chi? U holda axir bolada ikki tili ona tili bo'lib qoladi-ku?
1. Farzand tug'ilishi bilanoq har bir ota-ona u bilan o'zining ona tilida gaplashmog'i lozim. Ota-ona ham bu holda o'z ona tilini y'ani o'zbek tilini mukammal bilmog'i darkor.
Agar bolaning onasi o'zbek bo'lib, otasi chet ellik bo'lsa, u holda ota-onalari har biri farzandi bilan o'z ona tilida gapirmog'i lozim. Nafaqat farzandi bilan, balki o'zaro ham o'z tillarida gaplashmoqlari lozim. Bu holat bolada ikki tilga moyillikni tug'diradi.
2. Bola bilan gaplashayotganingizda gap orasida boshqa tildagi so'zlarni aslo ishlatmang. Bu holat bolaning boshida adashishlarni keltirib chiqaradi.
3. Agar bolangiz o'zbek tilidan tashqari yana bir tilni ona tili darajasida bilishini istasangiz u holda farzandingiz bilan bir odam faqat o'zbek tilida, biri esa faqat chet tilida boshqa til so'zlarini umuman aralashtirmasdan gapirmog'i lozim. Boshida qiyin bo'lsada keyinchlik bola bu ikki tilni bemalol o'zlashtirib oladi.
4. Chet elga kelishdan oldin farzandingiz ikki tilni bilsa, u holda chet tilini bu yerga kelib o'zlashtirishi osonroq bo'ladi. Lekin 6-7 yoshgacha bo'lgan bolalarda yangi chet tili asosiy tili bo'lib qolishi mumkin. Bu holda siz u bilan muomala qilayotganingizda aslo yangi tilda muloqot qilmang.
Yangi tilni o'rganish 7 yoshdan keyin bo'lgani yaxshi. Shu yoshda bola o'z ona tilida bemalol so'zlasha oladigan payti bo'ladi.
Albatta bola bir nechta tilda gapira olishi bu yaxshi, lekin bu uning ona tiliga bo'lgan munosabatiga ta'sir etmasligi lozim.