Farzandi bor oilada yangi chaqaloq tug'ilganda, katta farzandga mehr yetmay qoladi. Tug'ruqxonadan uning sevimli onasi chaqaloq ko'tarib kelishi bolaga stress keltiradi, shu kundan boshlab u birdan injiq, to'polonchi, quloq solmaydigan bo'lib, ukasi (singli)dan ota-onasini qizg'anayotganini ko'rsata boshlaydi. Ushbu vaziyatdan qanday qilib bolaning psixikasiga salbiy ta'sir ko'rsatmay chiqib ketish mumkin?
"Singlining yig'lashi joniga tegib 4 yoshli o'g'lim uni og'zini yostiq bilan yopishga urundi. Oz qolsa, 1 oylik qizim nafas olmay qolar edi..."
Bu voqea hayotda kam uchrasa ham, haqiqatdir. Bittadan ko'p farzandi bor har bir ona bolaning rashqi degan tushuncha bilan tanish bo'lsa kerak. Deyarli hamma katta farzand uyga uka yoki singil kelganda ota-onasini undan qizg'anadi. Faqat qizg'anish darajasi turlicha bo'ladi. Kimdir yangi chaqaloqni yomon ko'rib qolib qitmirlik qilsa, kimdir unga shikast yetkazish istagida bo'ladi. Katta farzandlarga ham axir qiyin. Shu kunga qadar onasi ham otasi ham faqat uniki edi, endi esa ular mehrini, vaqtini, e'tiborini chaqaloq bilan bo'lishishi kerak, axir bu stress emasmi?
Katta farzandning ukasi (singli) ga nisbatan nafrati uyg'onmasligi, unga mehri ortishi va ota-onasi mehridan mahrum bo'lib qolmasligi har tomonlama ota-onaga bog'liq. Quyidagi maslahatlar ota-ona tarbiya jarayonida xato qilib qo'ymasligiga yordam beradi.
1. Uyga yangi chaqaloq kelmasidan oldin katta farzandni tayyorlash kerak. Homiladorlik davrida ona o'z farzandiga qornida uning ukasi yoki singlisi bor ekanligi haqida, yaqinda uyga kelib birga yashashi va o'ynashi haqida tushuntirish lozim. Homila qimirlaganda katta farzandga ko'rsatib, tushuntirib, unda mehr uyg'otishga harakat qilish kerak.