Umr. Qanchalar uzun va qanchalar qisqa...
Hayot. Naqadar tekis va naqadar murakkab...
Biz kim? Umr bog`iga qadalgan daraxtlar. Kimdir hali ko`chatlik darajasidan o`tib, nihollik bosqichiga ham yetgani yo`q, kimdir yetilib meva tuga boshlagan, kimdir esa...
kimdir soyasi, kimdir manzarasi, kimdir mevasi bilan o`z daraxtlik vazifalarini o`tasa, kimdir hatto asli qanday daraxt ekanligini bilmay turib o`tinga aylanadi...
Tong otadi. Quyoshning ilk zarrin nurlari bugun amalga oshirishimiz mumkin bo`lgan va lozim bo`lgan zaruriyatlarni yodga soladi go`yo.
Kun botadi. Yana bir kunning(imkoniyatning) boshiga yetamiz. Ulgurmay qolamiz ko`p ishlarga. Kelasi kundan umid qilamiz. Vaholanki har bir kun g`animat, omonat...
Har o`tayotgan kunimiz- bitta-bitta uzilib tushayotgan yaproqlarimiz.
Siz shunday yashangki, har bir uzilgan yaproqning ortidan afsus bilan emas, shukronalik bilan qarab qoling.
Siz shunday yashangki, umr bog`iga faqatgina soyangiz orqali nafingiz tegmasin...
E'tibor qiling.
Hayot tashvishlari, mayda yumushlar bilan chalg`ib, ko`pincha e'tiborimizdan chetda qolayotgan tabiatning har bir manzarasi, har zarrasi- gulga burkangan daraxt, oyoq ostida qolib ketgan kuzgi yaproqlar, yerdan endigina unib chiqayotgan mittigina maysa tanasi, bandidan yulinib, kimningdir quvonchiga sabab bo`lib, ohir so`lib bir chetda mung`ayib qolgan gul, yomg`ir, qor... umuman har bir ko`rinish bizga hayotning hali biz anglab yetmagan haqiqatlaridan darak berayotgan bo`lishi mumkin...