Assalamu alaykum!
YUNISEF tarqatgan xabarlarga ko'ra, ayni paytda Farg'ona vodiysida 100000 dan ortiq Qirg'izisitonlik qochoqlar joylashtirilgan.
Ular Andijon va Farg'ona viloyatlarining chegaraga yaqin mintaqalaridagi 75 dan ortiq maxsus lager, bolalalar dam olish lagerlari, maktablarga joylashtirilyapti.
Xabarda aytilishicha, qochoqlarning 90 foizi ayollar va yosh bolalardir. Ularning ahvolini yaxshi deb bo'lmaydi. Juda ko'p bolalar jismoniy va ruhiy ta'sirlarga berilishgan. Yordamga muhtojlarga O'zbekiston hukumati tomonidan sharoitlar yaratilmoqda.
Kecha Andijon viloyati teleradiokompaniyasi qochoqlar lagerlaridan reportajlar berdi. O'z vatanidan hech qanday gunohsiz quvg'indi bo'lgan millatdoshlarimiz bir tomondan o'z yaqinlarining o'limi-yu, u yoqda jon berib jon saqlayotgan erkaklarining g'amida ezilishgan bo'lsa, ikkinchi tarafdan o'limdan qochayotgan dilbandlariga boshpana bergan qardosh xaqimizning xizmatlaridan mamnunliklarini ko'z yoshlari bilan izhor qilishyapti.
Vodiy shahar va qishloqlarida qarindoshlari bo'lgan qochqinlarni yaqinlari qabul qilib, ta'minotlarini zimmalariga olishmoqda. Lagerlarda ham 3 mahal doshqozonlarda issiq ovqat tayyorlanib, tarqatilmoqda, kechqurunga issiq boshpana berilmoqda. Yaradorlar va chaqaloqlar, tibbiy yordamga muhtojlar uchun esa viloyatning barcha kasalxonalari bepul xizmat qilmoqdalar.
Qochoq ayollar va bolalarni erkaklar chegaragacha kuzatib qo'yishmoqda. Millatdoshlarini xavfsiz manzilga eltib qo'ygan yigitning ko'z yoshlarini yashirolmay aytishicha:
"Nima qilaylik, ayollarimiz va bolalarimizni shu yerda qoldiramiz. Yaxshiyam O'zbekiston koridor ochib berdi... Yana orqaga qaytamiz. O'z uyimizni, mahallamizni qo'riqlaymiz... Lekin nailoj, qo'limizda tayoqdan boshqa qurolimiz yo'q..."
Qochoqlarni qabul qilib, ularga xizmat qilayotganlardan Alloh rozi bo'lsin.
O'zbek xalqi, hukumati o'z birodarlariga birodarlarcha yordam bermoqda.
Uyoqda qolgan qardoshlarga esa Allohdan sabr, ofiyat va najot tilaymiz...