Nuriddinbek, adabiyot ham, matbuot ham bir-biriga yaqin sohalar.
Siz aytgan holat hamma davrda bo'lgan. Bu narsa har davrda siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sabablarga bog'liq bo'lgan.
Ayni davrning iqtisodiy va maishiy talabi "Daydi qizning daftari", "Toptalgan gulbadan" kabi badiiy jihatdan puxta emas, lekin oldi-qochdi, bozor odamlaribop mafiya, jinoyatchilik, fahsh, "sevgi-muhabbat" mavzulariga mos asarlar bo'lib, hozircha ularning bozori yurib turibdi. Lekin bu vaqtinchalik xolos.
E'tibor bergan bo'lsangiz, Sovet davrida "zamona qahramoni" degan tushuncha bo'lar, o'sha davrning qahramoni kommunist ishchi-dehqon edi. Aynan shular haqida ne-ne romanlar bitilmadi. Lekin ularni hozir birov o'qiyaptimi? Albatta yo'q. Lekin ular o'z davrida matbuotni bezagan, maktab darsliklariga ko'rk bergan. O'sib kelayotgan yoshlar ana o'sha mafkura ostida tarbiyalangan.
Bu holat yaqin o'tmishimizdan ham avval, hatto Navoiy zamonida ham bo'lgan. Hukmdorni vasf etadigan, uni ko'kka ko'taradigan asarlar xonlar tomonidan rag'batlanilgan. Lekin u asarlar o'sha yozilgandan buyon chang ostida qolishga mahkum bo'lgan. Ularni ham hozir hech kim o'qimaydi. Bu usulda ham ikki xil yondashish bo'lgan. Navoiy kabi mutafakkirlar ham hukmdorni maqtagan, lekin maqtov orasida unga tanbeh ham berilgan, uning ishlaridan norozilik izhor etilgan.
Demak, hozirgi bozorbop asarlar ertaga qayta o'qilishiga hech kim kafolat bermaydi. Yaxshi asarlar esa, mayli, u 5 yilda bitta yozilsin, lekin uni 50 yildan keyin ham sevib o'qiyveriladi.
Yana bir masala, yaxshi asarlarning ko'p yozilishi bilan ham yuqoridagidek past saviyalik asarlar kamayib qolmaydi. Ularning ham vaqtinchalik bo'lsa-da o'z o'quvchisi bor.
Hamma gap o'zimizda: kitobni tanlay bilishda. Boshqalarga ham tavsiya eta olishda. Zero, insonning tabiati shunday: ko'pgina yaxshi narsalar tursa-da, avval yomonini ko'rgisi keladi...