Taxtapul - Yog'och ko'prik.  ( 7153 marta o'qilgan) Chop etish

1 B


Ziyovuddin  21 May 2011, 12:31:32

TAXTAPUL — YOG‘OCH KO‘PRIK

u haqdagi geografik, toponomik fikrlar


Toshkent — ta’rif-tavsifi butun dunyoga ketgan jonajon O‘zbekistonning poytaxtidir. Bu shahar qadim-qadimdan ilm-fan va madaniyatning beshigi bo‘lgan. Eng muhimi, Buyuk ipak yo‘lida joylashganligi bilan e’tiborlidir. Dunyoning butun mamlakatlari bu shaharga talpinishgan. Savdo-sotiq ishlari rivojlangan. Shu tufayli shahar obodonlashgan. Sag‘bon, Chig‘atoy, Qorasaroy hamda Taxtapul ko‘chalari har qachongidan jonlangan. Taxtapul ko‘chasi ana shu ko‘chalar ichida eng serqatnovi bo‘lgan.

Bu ko‘chaning bir uchi Eski shaharda bo‘lsa, bir uchi Yunusobodga borib taqalardi. Toshkentning tarixiy jug‘rofiy xaritasi va qurilishlarida xiyobon va ko‘chalarida, anhoru ariqlarida ham ular uzra qurilgan ko‘priklarida tariximiz aks etib turibdi. Taxtapul darvozasi, shu nomli ko‘prik va Kaykovus anhori bularga timsoldir.

Taxtapul talaffuzi forscha bo‘lib, ikki bo‘g‘in so‘z qo‘shilmasidan iborat: taxta (yog‘och), pul (ko‘prik), ya’ni «Yog‘och ko‘prik» demakdir. Boshqa ma’no yoki tushunchalar bilan aytilishiga o‘rin yo‘q. Taxtapul dahasi to‘g‘risida deyarli ikki asr mobaynida juda ko‘p yozilgan bo‘lib, birortasida ham hozirga qadar to‘liq ma’lumot berilmagan. Eng oxirgisi «Toshkentning 12 darvozasi» sarlavhasida yozilgan risolada «Taxta-sirat» so‘zidan olingan degan taxmin bor deb noto‘g‘ri ma’lumot berilgan. Aslida esa «Taxtapul» talaffuzi yuqorida aytilganidek, yog‘och ko‘prik degan aniq va tugal ma’noni anglatadi.

Xo‘sh, «Taxtapul» soddagina so‘z ekan, nega shu nomli mavze juda mashhur bo‘lib ketgan? Sababi, Taxtapul mavzesi va ko‘prigi Buyuk ipak yo‘lining Janubiy Qozog‘iston yo‘nalishidagi Chimkent, Turbat, Sharofxona, Qoziqurt tog‘i, Turkiston, Sayram, Qorabuloq kabi joylarni bog‘lovchi asosiy tarmoq bo‘lib xizmat qilgan. Yana shunisi e’tiborliki, anhordan o‘tishda boshqa ko‘prik bo‘lmagan. Taxtapul ko‘prigi atrofi karvonlar uchun asosiy to‘xtash va qo‘nish joyiga aylangan. Yozgi-qishki choyxonalar, sartaroshxonalar, qassobxonalar, novvoyxonalar, taqachilik ustaxonalari, etikdo‘zlik, moyjuvoz va masjidlar, do‘konlar, rastalar, tegirmonlar joylashgan.

Taxtapul ko‘prigi tagidan o‘tadigan anhor suvining havzasi 10-30 chaqirimgacha cho‘zilgan bo‘lsa-da, faqat Taxtapul dahasida uni Kaykovus deb nomlanishi hayratlanarli. 10-20 chaqirim narilarda ham oqayotgan anhor suvini Taxtapuldagi Kaykovusdan keladi deb aytishadi. Demak, Kaykovus atamasi ham shu Taxtapul mavzesida tug‘ilgan. Kaykovus atamasining hammaga ma’lum bo‘lgan Kaykovus (qadimgi Eron shohi) so‘zidan olinganligi esa bu maskanning juda ko‘hna tarixga egaligidan dalolat beradi.

Savol tug‘iladi: nega Taxtapul ko‘prigiga va shu nomli mavzega tarixda shunchalik katta e’tibor berilgan?

Eramizning boshlaridanoq Yunoniston hamda Rim imperiyasi, Eron-Turk davlatlarining gurkirab rivojlangan davridayoq anhor va kanallarga yirik transport ko‘priklari qurila boshlaydi. Bunga quldorlik davrining so‘nib, feodal davriga o‘tilayotganligi, savdo-sotiq rivojlanib, olisdagi yirik davlatlar bilan aloqalar o‘rnatilayotganligi sabab bo‘lgan. Chunki 40-50 pudlab yuk ortgan karvonlar ixcham yog‘och ko‘priklardan o‘ta olmasdi. Yiriklari yo‘q edi. Buning ustiga jamiyatning rivojlanishi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga markazlashgan talabning oshishi tufayli yangi irrigatsion tarmoqlarni qurishga zarurat sezilardi. O‘shanda ko‘priklar asosan toshdan va maxsus pishirilgan g‘ishtdan do‘ng-arkasimon qilib qurilar edi (arkasimon ko‘prik-arochс‹y most). Shunday ko‘priklargina og‘ir yukli aravalar karvonining bosimiga bardosh bera olar edi. Ta’kidlash joizki, o‘sha zamonlarda nazariy va texnik mexanika fanining tarmoqlari juda yaxshi rivojlangan edi. Ko‘prik markaziga tushadigan «cho‘zuvchi» og‘irlik kuchini qirg‘oqdagi «siquvchi» kuchlarga teng bo‘lib bera oladigan nihoyatda aniq va mukammal loyihalar iste’dodlar tomonidan bemalol tuzilar edi. Agar moziyga nazar solsangiz, yirik inshootlar, mavzoleylar peshtoqi shunday qurilganligini ko‘ramiz. Chunki bunday peshtoqlarning ko‘tarish kuchi 10-20 tonnalarga bemalol yetardi.

Ammo ot-ulov transportining rivojlanib ketishi bunday ko‘priklardan foydalanish imkonini cheklab qo‘yardi. Chunki og‘ir karvon aravalari garchi ko‘prik dosh berolsa ham, undan o‘ta olmasdilar — ko‘prik egriligi chiqish va tushishni qiyinlashtirar, shu sababdan ko‘priklar yonida albatta «kechuv» tashkil qilinar edi. Hattoki, Taxtapul mavzesidan Xastimomga boraverishda, Teshik qopqoq va Qumloq mahallasidagi Kaykovus anhori uzra o‘tadigan ko‘priklar yonida qoramollar, eshak arava yoki ot aravalar uchun «kechuv»lar 1960 yillargacha saqlanib qolgandi.

Shunday qilib yirik ko‘priklar qurilishi zaruriyati taraqqiyotning kun tartibidagi asosiy muammolardan biriga aylanib qolgan edi.

Lekin birlashtiruvchi, mustahkamlovchi jihozlar taqchil bo‘lib, metallurgiya endi atak-chechak qila boshlagan edi. Mexanikaning, teplo texnikaning o‘rta asrlarga kelib, rivojlanishi olimlarni yangi konlarni ochishga va metalli qoziqlar hamda qurilmalarni ko‘plab tayyorlashga sharoit tug‘dira boshladi. Natijada ko‘priklarga ham metall ajratish imkoni tug‘ilgan. Ana shunday mixli yog‘och ko‘priklardan biri Taxtapul ko‘prigi bo‘lganligi haqiqatga yaqin.

Yuqorida zikr qilingan fikrlar Taxtapul ko‘prigini afsonaga aylantirgan yagona va asosiy sabab bo‘lmasligi ham mumkin.

Alternativ sabab. Tayanch muammosi. Nazariy va texnik mexanika fanlaridan ma’lumki vertikal ustun va vertikal tayanch blokiga tushadigan og‘irlik kuchlarini ko‘prikning qirg‘oqdagi tayanch punktlariga tushirish muammosi eng dolzarb masala hisoblanadi. Ma’lumki, o‘rta asrlarda va undan keyingi davrlarda bu masala shunday aniq hal qilinar ediki, o‘sha vaqtda barpo qilingan g‘isht yoki ganch qurilmalardan tiklangan masjidlar, ko‘priklar, gumbazlar, cherkov va soborlar hozirgacha mustahkam saqlanib keladi. Ammo katta yukli og‘ir karvonlar, yirik aravalar majmuasi o‘tadigan uzun ko‘priklarni bunday mexanika ta’minlay olmasdi. Keng kanallar, anhorlar hamda daryolar ustiga bunday buyurtma — arkasimon ko‘prik bo‘lmas edi. Demak, endi ustun masalasi hal qilinishi zarur bo‘lib qoladi. Bizning ikkinchi, alternativ tarixiy taxminimizcha, Taxtapul mavzesidagi Kaykovus ko‘prigini yog‘och ustunlarga o‘rnatib qurishga qaror qilingan. Ya’ni suv sathi pasaygan yoki tamoman to‘xtagan qish vaqtida kanal zaminiga yo‘g‘on chinor yoki qayrag‘och ustunlari o‘rnatilib, ustiga gorizontal yog‘och sarrovlar yotqizilgan. Shunday qilib o‘ta yo‘g‘on yog‘och ustunlarga va ustiga yotqizilgan yo‘g‘on xodalarga nisbat berilib «yog‘och (taxta), ko‘prik (pul)» deb yuritilgan.

Toshkentliklarga aniq ma’lumki, «Chernyayevka» mavzesi «G‘isht ko‘prik» deb atalgan. Qariyalarimiz hozir ham «Chernyayevka»ga emas, «G‘isht ko‘prik»ka borib keldim», deb aytishadi.

Shundan xulosa chiqariladiki, «G‘isht ko‘prik»ning tayanch ustunlari g‘ishtdan yasalgan, Taxtapul ko‘prigining tayanch ustunlari esa yirik yog‘och xodalardan barpo qilingan. Shuning uchun «Taxtapul»», «Yog‘och ko‘prik» deb atalgan degan xulosa chiqadi.

Mustaqillik tufayli taxtadan qilingan ko‘priklar o‘rnini temir beton qurilmalar egalladi. Bu ko‘prik uzra o‘tadigan to‘rt qatorli yo‘ldan kechayu kunduz avtoulovlaru avtobus, trolleybuslar beto‘xtov qatnab turibdi.

Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan jonajon Toshkentimiz necha asrlarni g‘arbu sharq, janub va shimoldan keluvchi karvonlar oqimiga eng tinch va bexavotir maskan bo‘lgan. Bu bexatar qo‘rg‘onning bag‘ri istiqlol tufayli yanada kengaydi. Poytaxtimizning 2200 yillik katta to‘yiga keluvchi mehmonlar zamonaviy mustahkam ko‘priklardan, keng va ravon yo‘llardan o‘taveradilar.

Hojiakbar AZIMXO‘JAYEV, fizika-matematika fanlari nomzodi,
Yunus ZIYODOV, faxriy jurnalist.

Qayd etilgan


_IYMONA_  03 Iyun 2011, 20:00:41

Juda ham yaxshi ma'lumot berilibdi, jonajon Toshkentimiz haqida :)

Qayd etilgan