Fotimaxon Sulaymonqori qizi. Ayol mukarramdir  ( 29126 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 B


maknuna  13 Avgust 2006, 08:03:30

Tarixda ayolning o’rni

Turli zamonlarda ayolning ijtimoiy ahvoli, jamiyatdagi o’rni har xil bo’lgan. Tarixda har doim ham ayolga inson sifatida qaralmagan. Hatto, Alloh taolo payg’ambari Iso Masihga (a.s.) Injil nozil bo’lgan davrda ham ayol haq-huquqlari to’la bo’lmagan va bari ham ado etilmagan. Butun yer yuzida ayolga adolat bilan qaraydigan jamiyat yo’q edi. Qadimgi Hindistonda ayol turmush qurish, meros va boshqa hech qanday haqqa ega emasdi. U nopok tamoyilga, zaif fe’lga, yomon axloqqa ega, deb hisoblanar, shu sababli Manu III qonuni uni bolaligida otasiga, yoshligida eriga, erining vafotidan so’ng ham o’g’liga yoki erining aqrabosidan bir erkakka qaram bo’lmoqqa majbur etardi. Hatto, ba’zi joylarda eri o’lgach, ayolga yashash ta’qiqlanardi. Marhum eri bilan tiriklayin yoqib yuborishardi.

Hindlarning muqaddas kitobi «Veda»da ayol momaqaldiroqdan, o’limdan, zahardan va ilondan ham yomonroq maxluq sifatida tasvirlanadi.

Buddaviylik asoschisi Budda avvallari ayolni dinga qabul qilmasdi. Yaqin do’sti bo’lgan amakivachchasi Ananda:
— Ayollarga qanday muomala qilamiz? — deb so’rashi bilan oralarida shunday suhbat bo’ldi:
—  Ularga hech qaramaysan!
— Agar qarashga majbur bo’lsak-chi?
— Suhbatlashmaysan.
— Suhbatlashishga majbur bo’lib qolsak-chi?
— U holda ulardan juda ehtiyot bo’lasan, saqlanasan.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:03:40

Ananda ayollarni himoya etardi, uning qat’iyligi bilan Budda ancha taraddudlardan so’ng ayollarni diniga qabul qiladigan bo’ldi. Faqat buning buddachilar jamoati uchun bir talay tahlikalar keltirganini doim so’zlashardi.

Budda bir gal Anandaga shunday dedi:
 — Ayolni bu dinga qabul qilmaganimizda, buddachilik (buddizm) sof holda uzoq asrlar davom etardi. Endi oramizga ayol kirgach, bu din uzoq yashaydi, deb ayta olmayman.

Mesopotamiya va unga yaqin hududlarda ayolning ahvoli quyidagicha bo’lgan: masalan, shumerlarda zino qilgan ayol na o’ldirilardi va na eridan ajrashga hukm qilinardi. Faqat erining ikkinchi uylanishiga e’tibor berishmasdi. Aybdor ayol esa oiladagi yuksak maqomidan mahrum etilardi.

Yana shumer huquqiga ko’ra, bir ayol eriga: «Sen mening erim emassan», desa, ya’ni ajrashmoqni istasa, u ayol daryoga tashlanardi. Faqat erkak xotiniga: «Sen mening xotinim emassan», deydigan bo’lsa, erkak unga bir miqdor kumush pul berishi lozim edi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:03:49

Azaldan akadlarda bir erkak ayolning bolasini tushirishga majbur qilib, natijada u ayol o’lsa, o’sha erkakning qizi o’limga mahkum etilardi. Chunki akadlarga ko’ra, ayolga muqobil erkak o’ldirilmaydi, ayolga muqobil ayol, hur erkakka muqobil hur erkak, qulga muqobil qul o’ldirilardi.

Bu huquqqa ko’ra, birovning jinoyati boshqaga ko’chirilmoqda. Aybdor, jinoyatchi erkak o’rniga ma’sum bir qiz o’ldirilmoqda.

Ko’hna Bobildagi Hammurapiy qonunlari aslida shumer qonunlarining o’zginasi. Faqat keng qamrovli va mukammal. Bu qonunda oila huquqi jihatidan ayol foydasiga ba’zi moddalar kiritilgan. Qonun yolg’iz ayol bilan turmush qurishni asos qilgani holda, ba’zi vaziyatlarda birdan ziyod ayolga uylanishga ruxsat etilgan.

Shu bilan birga agar bir odam birovning qizini o’ldirsa, o’z qizini u odamga cho’ri va xizmatchi sifatida berishi kerak bo’lardi.

Miloddan oldingi 1800-1700 yillar orasida Onado’lida yashagan xatitlarda uyda bolalarga hokim faqat ota edi. Istasa, bolalarni tovon, badal sifatida boshqasiga bera olardi. Er o’lganda, ayol oiladagi qarindoshlariga topshirilardi. Bunga aloqador qonunning 193-moddasida shunday deyiladi:

«Agar bir kishi o’lib, xotini tul qolsa, avval ayol erning erkak qarindoshiga turmushga chiqadi. Bu o’lsa, uning otasiga, ota o’lsa, er qarindoshining o’g’liga (erning jiyaniga) turmushga chiqish majburiyatida edi».

Shu qonunda yana shunday deyilgan: «O‘lgan otasidan qolgan o’gay onaga uylanish ayb emasdir».

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:03:58

Bundan tashqari, tul xotinga erining qarindoshlari ham uylanishga haqli bo’lgan. Mehnatga to’lanadigan haq jihatidan ayol erkak haqqining yarmini olardi.

Qadimgi Yunonistonda ayol xor va xaqir sanalardi. Qonun jihatidan bozorda sotiladigan va olinadigan mol turidan, narsadan uning farqi yo’q edi. Madaniy haqlarga oid turli erkinliklardan va hurriyatdan mahrum edi, butun umri davomida bir erkakning obro’si ostida bo’lib, turmush va turmush qurish ishlari o’sha erkakka topshirilardi. O‘sha erkak istagan biriga er sifatida taklif etar va ayolni zo’rlab tasarrufiga olardi. Erkak kishi barcha mol-mulkning idorachisi edi. Uning roziligisiz ayol hech bir tasarruf huquqiga ega emas edi. Ajralish ishlarida er mutloq haq hisoblanardi. Faqat ba’zi istisno hollardagina ayol ham ajralishni talab eta olardi. Faqat bu istak oldiga bir necha to’siqlar ham qo’yilardi. Bu to’siqlardan biri — ayol ajralishni talab  qilib mahkamaga bormoqchi bo’lsa, erkak yo’lini to’sib, zo’ravonlik bilan uyga qaytarardi.

Spartaliklar esa ayolga, masalan, merosda, kelin sepida va muomalada ba’zi huquqlar, madaniy haqlar bergandilar. Faqat bu ularning ayollarni hurmat qilganlari sababli emasdi. Sparta harbiy joy bo’lganligi uchun erkaklar davomli urush, jang bilan mashg’ul bo’lardilar. Sita (maxsus biror narsa bilan shug’ullanuvchi shahar, o’lka, davlat)da bo’lmaganlaridan, tasarruf etishni majburan ixtiyorsiz ayollarga qoldirishardi. Shu sababli spartalik ayol Afina va boshqa Yunon shaharlarida yashagan ayollarga qaraganda erkinroq edi.

Yunon madaniyati cho’qqiga chiqqach, ayollar ahvoli yanada yomonlashdi. Fahsh yoyildi. Ayollar bir zavq vositasi va shahvatlarni qondiradigan ermak holiga tushdi. Turmushdan maqsad, faqat zavq va shahvat qondirish bo’lib qoldi. Farzand ko’rish maqsadi yo’qoldi. Spartada jinsiy jozibasi bo’lgan ayollar eridan boshqa erkaklar bilan g’ayri mashru’ aloqalarga zo’rlanadigan bo’ldi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:11

Aflotunning fikricha: «Ayol qo’ldan-qo’lga o’rtalikning moli bo’lib o’tishi kerak».

Vaqti bilan jamiyatda Lut qavmida bo’lgani kabi erkakning erkak bilan munosabatga kirishishi yoyildi. Nihoyat, Yunon madaniyati bu axloqsizlik va buzuqlik sababidan tarix sahnasidan tushib ketdi.

Rumliklarda tug’ilgan bola xoh o’g’il, xoh qiz bo’lsin, ota buni oilaga qabul qilish majburiyatini olgandi. Hatto, bola tug’ilar-tug’ilmas, eng avval otaning oyoqlariga qo’yilardi. Ota uni quchib, yuqori ko’tarsa, qabul qilganiga dalil edi. E’tibor bermasa, bola tark etilgan hisoblanardi. U holda bola bir umumiy maydonga tashlanar  yoki «tangri» haykallari yonida qoldirilardi. Bola erkak (o’g’il) bo’lsa, xohlagan farzand qilib olardi. Agar qiz bo’lsa, ko’pincha uni hech kim olmas, u esa ochlikdan, suvsizlikdan, issiqdan, sovuqdan halok bo’lardi. Oilada ota mutloq hokim edi. Bolalarni istaganicha tasarruf etardi. Qizning mulk tutish haqqi yo’q edi. Moli bo’lsa, oila raisining moliga qo’shib qo’yilardi.

Miloddan 4 yil avval va milodiy 65 yillar orasida yashagan Rum mutafakkiri va faylasufi Sineka Rumdagi ajrashish razolatlarini qayg’u ichida shunday tasvirlaydi: «Zamonamizda Rumdagi ajrashish hodisasi endi ayb sanalmayapti. Ayol hisobsiz marta erkaklarga turmushga chiqa oladi».

O‘sha davrdagi Rum ayoli birin-ketin, qatorasiga, bir necha bor nikohlanishi va xohlaganicha er almashtirishi mumkin edi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:26

Milodiy 43-104 yillarda yashagan Marsal ismli rumlik adib qisqa muddat ichida o’nta er o’zgartirgan  bir ayol to’g’risida so’z yuritadi. Boshqa ba’zi yozuvchilar esa besh yilda 8 marta er almashtirgan ayol haqida hikoyalar yozishgan.

U davrdagi nikohsiz munosabatlar chirkin va ayb sanalmasdi. Ko’ngildan hayo tuyg’usi ko’tarilgan edi. Shunchalikka borildiki, hatto, axloq muallimlari ham zinoni odatiy, oddiy ish, deb ataydigan bo’lishdi.

Jamiyatni ushlab, tutib turuvchi ma’naviy va axloqiy ustunlarning qulashi natijasida Rum xalqi orasida erotizm, yalong’ochlik, fahsh epidemiya tusini oldi.

Bu fahsh va erkin zino shunchalar tarqaldiki, Rum qaysari Taibror davrida aslzoda Rum oilalariga, ayollariga oddiy ayollar bilan qarindoshlikni ma’n etuvchi qonun chiqdi. Shu axloqiy va ma’naviy tanazzul Rum imperiyasining barbod bo’lishiga olib keldi.

Ko’rinib turganidek, ayol va erkak aloqalarining oila tartibidan chiqib, erkin qarovsiz holga keltirilishi jamiyatning har jihatdan inqiroziga olib keldi. Ma’naviyat va axloqdan uzoqlashgan jamiyat esa moddiy jihatdan ham qulaydi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:33

Qadimgi yahudiylar qiz bolaga xizmatchi sifatida qarashardi. Otasi uni sotish huquqiga ega edi. Otasining o’g’il farzandi bo’lmagandagina qizi meros olishi mumkin edi. Ajralish huquqi adolatsiz holda erga tegishli edi. Yahudiylar ayolni la’nati hisoblashardi. Ularning e’tiqodicha, momo Havvo hazrati Odamni (a.s.) yo’ldan ozdirib, jannatdan tushishlariga sabab bo’lgandi.

Yahudiylar hayz ko’rgan ayollar bilan birga o’tirishmas, birga ovqatlanmas va bir xonada bo’lishmasdi. Hayzli ayolga ifloslik tashuvchi sifatida qarashardi.

Buzilgan Tavrotda shunday yozilgan: «Ayol o’limdan achchiqdir (yomondir). Alloh nazdida yaxshi kishi xotinidan qutilgan odamdir. Ayollar orasida yaxshisini topolmadim».

Eronda, Sosoniylar davlatida qiz qarindosh bilan turmush qurish joiz edi. Qon — qarindoshlikning, onalarning, qiz qarindoshlarning hurmatga munosib xususiyatlari yo’q edi.

Chinda ayol inson sanalmas, hatto, ism qo’yilmasdi. Ayol 1, 2, 3, deb raqam bilan chaqirilardi. O‘g’il bolalar maqbul hisoblanar, qiz bolalarni to’ng’izdan battar ko’rishardi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:40

Xristian dini ham boshda odamlarni Rum jamiyatida tarqalgan fahsh va razolat dahshatiga yo’lladi. Jamiyat axloqsizlikka yuz burdi. Uning tanazzuliga sabab ayol, deya hukm etdilar. Chunki u jamiyatga aralashar, istagan shaklda ko’ngilxushlik qilar, erkaklar bilan xohlagan holda munosabatga kirisha olardi. Bu holatni ko’rgan qirol va poplar "œAyol iflos", deya iddao etdilar. «Uning go’zalligidan ehtiyot bo’lish lozim. Zero, u fitna va g’urur uchun iblisning qurolidir», dedilar.

Pop Trotilyon shunday degan: «U inson nafsiga shaytonni kiritgan. U erkakni Alloh taqiqlagan daraxtga yaqinlashtirgan. Allohning qonunlarini buzgan, erkakni chirkinlashtirgan».

Pop Sustam shunday deydi: «Uning gunohkor ekani muqarrar, muhaqqaqdir. Ayol qiziqarli ofatdir. Uy va oila uchun tahlikadir. G‘addor bir sevgili, sirli, noma’lum davomli musibatdir».

Ayni nasroniylikda rohiblik aqidasi, ya’ni bo’ydoq o’tish fikri ayol haqidagi manfiy qarashlar natijasidir.

Nasroniy olami milodiy V asrda quyidagi masalani muzokara etish uchun bir anjuman o’tkazdi. «Ayol mavhum, ruhsiz bir jismmi? Yo ruhi bormi?» Natijada shunday qarorga keldilar: «Masihning onasidan tashqari barcha ayollar jahannam azobidan qutiluvchi emaslar».

G‘arb mamlakatlari nasroniylikni qabul qilganlarida, dindorlarning qarashlari ularga ta’sir etdi. Milodiy 586 yilda Frantsiyada ayol haqida bir anjumanda shunday bahs bo’ldi: «Ayol insonmi yo inson emasmi?» Natijada shunday qaror qilindi: «Ayol inson, lekin u faqat erkakka xizmat etmoq uchun yaratilgan».

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:48

Frantsuz inqilobi  XVIII asr poyonida qullikdan, zulmatdan qutulganini e’lon qilar ekan, bu shavqat ayolga taalluqli emasdi. Frantsuz madaniy qonuni mana shu hujjatni qabul qildi: «Sabiy (go’dak), telba va ayol bundan mustasnodir». Frantsuz qonunchiligida turmush qurgan ayolga o’z qo’l mehnati uchun tasarruf huquqi faqat 1907 yil 13 iyulda qabul etilgan bir qonun bilan mustahkamlangan.

Angliyada ayol Injilga qo’l tekkiza olmasdi. Bu vaziyat qirol Xenri VII (1509-1547) zamoniga qadar davom etdi. Uning zamoniga kelibgina, ayollar Injil o’qiy boshladilar.

Bu vaqtgacha ingliz qonunida ayollar fuqaro sanalmasdi. Mulkiyat haqlari yo’q edi. Hatto, peshona teri bilan topgan mollarini tasarruf qilish huquqiga ham ega emas edilar.

Johiliyat davrida, ya’ni Islom kelmasdan avval Arabiston yarim orolida o’rta va quyi tabaqalarda ayolning hech qanday ahamiyati va qadr-qiymati yo’q edi. Bu holat tug’ishdan, tug’ilishdan boshlanardi. Bir oilada o’g’il bola dunyoga kelsa, sevinishar, xursandchiliklar qilishar, qiz tug’ilsa, uyalishar, go’yo ayb qilganday bir holga tushishardi. Bilxossa, quyi tabaqalarda ayolning eri oldidagi qadri erining molichalik emasdi. Johiliyat zamonida arab erkaklari ayol bilan bir xonada o’tirishmasdi. Ular bilan birga yeb-ichmasdilar. Hatto, ba’zan hayz ko’rgan ayol vaqtincha uydan uzoqlashtirilardi. Johiliyat davrida arablar uch narsada: otda, ayolda, uyda xosiyat yo’q, deb ishonishardi.

Qayd etilgan


maknuna  13 Avgust 2006, 08:04:56

Xotinidan ajrashgan er ayoli oxirigacha qiynalsin, deb uning boshqasiga turmushga chiqishiga to’sqinlik qila olardi. Shuning uchun idda muddati tugaydigan vaqtda uni yana nikohiga olar va takror qo’yardi. O‘sha vaqtlarda qabul qilingan idda muddati bir yil bo’lganidan, ajrashish cho’zilib ketardi. Er bu holni uch bor takrorlay olardi. Erning o’limidan so’ng esa, ayollar bir yil motam tutishardi va bir yil idda kutishardi. Shahardagi joriya (cho’ri)larning ahvoli yana ham og’ir edi. Ba’zi joriya sohiblari ularni fahshga yo’llar va topgan pullarini olib qo’yishardi.

Johiliyat davrida ayolga hurmat cho’ldagi badaviy hayotda bir oz ko’proq, shahardagi madaniy hayotda esa tamoman aksincha edi.

Makkaga nisbatan Madinada ayolning ahvoli yaxshiroq edi. Bu holga hazrati Umar (r.a.) shunday ishorat qilganlar: «Biz qurayshlarning odatimiz ayollarimizga hukm etmoq edi. Biz Madinaga vosil bo’lgach, madinaliklarni uy boshqarishda ayollar hokim bo’lgan bir qavm sifatida ko’rdik. Va ayollarimizga ularning odati yuqa boshladi».

Arab erkaklari hech qanday chegarasiz xohlaganlarigcha uylana olardilar.

Qayd etilgan