Azaldan akadlarda bir erkak ayolning bolasini tushirishga majbur qilib, natijada u ayol o’lsa, o’sha erkakning qizi o’limga mahkum etilardi. Chunki akadlarga ko’ra, ayolga muqobil erkak o’ldirilmaydi, ayolga muqobil ayol, hur erkakka muqobil hur erkak, qulga muqobil qul o’ldirilardi.
Bu huquqqa ko’ra, birovning jinoyati boshqaga ko’chirilmoqda. Aybdor, jinoyatchi erkak o’rniga ma’sum bir qiz o’ldirilmoqda.
Ko’hna Bobildagi Hammurapiy qonunlari aslida shumer qonunlarining o’zginasi. Faqat keng qamrovli va mukammal. Bu qonunda oila huquqi jihatidan ayol foydasiga ba’zi moddalar kiritilgan. Qonun yolg’iz ayol bilan turmush qurishni asos qilgani holda, ba’zi vaziyatlarda birdan ziyod ayolga uylanishga ruxsat etilgan.
Shu bilan birga agar bir odam birovning qizini o’ldirsa, o’z qizini u odamga cho’ri va xizmatchi sifatida berishi kerak bo’lardi.
Miloddan oldingi 1800-1700 yillar orasida Onado’lida yashagan xatitlarda uyda bolalarga hokim faqat ota edi. Istasa, bolalarni tovon, badal sifatida boshqasiga bera olardi. Er o’lganda, ayol oiladagi qarindoshlariga topshirilardi. Bunga aloqador qonunning 193-moddasida shunday deyiladi:
«Agar bir kishi o’lib, xotini tul qolsa, avval ayol erning erkak qarindoshiga turmushga chiqadi. Bu o’lsa, uning otasiga, ota o’lsa, er qarindoshining o’g’liga (erning jiyaniga) turmushga chiqish majburiyatida edi».
Shu qonunda yana shunday deyilgan: «O‘lgan otasidan qolgan o’gay onaga uylanish ayb emasdir».