TARVUZ
TarvuzlarMana bozorlarga yozda chanqoqni qoldiradigan tarvuz ham chiqdi. Demak, bugungi suhbatimiz ushbu shirin poliz ekinining foydali xususiyatlariga bag‘ishlanadi. Shunday qilib,..
Tarvuz chanqoqni bosuvchi, tana haroratini tushiruvchi poliz mahsuloti hisoblanadi, u turli yallig‘lanishlarda foydali bo‘lib, qon bosimini me’yoriga keltiradi. Tarvuz immunitetni mustahkamlaydi, organizmni yengil hazm bo‘ladigan qandlar, temir, magniy moddalari va foliy kislotasi bilan ta’minlaydi, kamqonlik, ateroskleroz va o‘smalar hosil bo‘lishidan himoya qiladi. Tarvuz antibiotiklar tayinlangan bemor uchun juda foydali. U siydik haydovchi yaxshi vositadir, ortiqcha safroni chiqarib tashlaydi, qonning to‘g‘ri ishlab chiqarilish jarayoniga yordam beradi, qonni suyultiradi.
Tarvuz sharbati ich terlama kasalligida foydali. Oshqozon-ichak trakti zaifroq ishlaydigan kishilarga ham tarvuz etini yeyish tavsiya etilmaydi, bunda faqat ichakning tonusini ko‘taruvchi va qariyalarda uchraydigan ich qotishlarida juda foydali bo‘lgan tarvuz sharbatini ichish kerak. Shuningdek, tarvuz sharbati qon, jigar (sariq kasalligi, intoksikatsiya, tsirroz), buyrak hamda o‘t pufagidagi tosh kasalliklarida juda foydali.
Tarvuz buyrak va o‘t pufagini yaxshi tozalaydi, peshob miqdorini oshiradi, toshlarni va organizmdagi ortiqcha suyuqlikni chiqarishga yordam beradi. Uni gipertoniyada ichish foydali, bo‘g‘im kasalliklarida organizmga yaxshi ta’sir qiladi, ortiqcha vaznga qarshi kurashda yordam beradi. Tarvuz sharbatini kun davomida, ovqatlanishlar oralig‘ida ichish mumkin. Uni hatto muzlatib, keyinroq iste’mol qilish uchun muzlatgichda saqlab qo‘ysa ham bo‘ladi.
Tarvuz turli parhezlarda va semirish kasalligida tavsiya etiladi. Buyrak-tosh kasalligida, jigar, sistit, nefrit, siydik-tosh kasalliklarida har kuni 2-2,5 kilogramm tarvuz yeyish maslahat beriladi. U yurak qon-tomir tizimi va buyrak kasalliklari bilan bog‘liq shishlarda peshob haydovchi vosita sifatida ta’sir qiladi.
Agar sizda sariq kasalligi yoki o‘t pufagidagi tosh kasalligiga chalingan bo‘lsangiz, unda tarvuz sharbati yoki uning etini unga asal va sirkaning yengil eritmasini qo‘shgan holda iste’mol qilishingiz mumkin.
Tarvuz qondagi ortiqcha xolesterinni chiqarib tashlashga yordam beradi, bu aterosklerozga chalingan bemorlar uchun juda muhim. Tarvuz sharbati intoksikatsiyalarda, ovqat qiyinlik bilan hazm qilinganida va ich qotishlarda foydali. U organizmdagi tuzlarni (uratlar, oksalatlar, fosfatlar) eritadi va chiqarib tashlaydi, qum va tosh hosil bo‘lishining oldini oladi. Shu bois tarvuz podagra va artritda tavsiya etiladi.
Tarvuz etidan pardoz vositasi sifatida ham foydalaniladi. Undan vitaminli, tonusni ko‘taruvchi niqoblar tayyorlanadi, ular ajinlar paydo bo‘lishining oldini oladi, yuz terisining rangini yaxshilaydi, terini yumshoq va elastik holatga keltiradi. Buning uchun 5-6 qavat qilib bukilgan doka yoki momiqning yupqa qatlami tarvuz suviga botiriladi va 15-20 daqiqaga yuz va bo‘yin terisiga qo‘yiladi. Keyin suv bilan yuvib tashlanib, krem suriladi. Tarvuzli niqoblar quruq teriga ham, yog‘li teriga ham mos keladi.
Tarvuz po‘chog‘idan murabbo tayyorlanadi, bunday murabbo ichakda gazlar hosil bo‘lishining oldini oladi. Ba’zi meva va sabzavotlarning eti (masalan, bodringniki) qorinda bijg‘ishni keltirib chiqaradi, shu bois ularni po‘sti bilan yegan ma’qul. Xuddi shu narsa tarvuzda ham yuz beradi: tarvuz po‘chog‘i qorindagi bijg‘ishni yo‘q qiladi. Bundan tashqari, tarvuz murabbosini o‘tkir respirator kasalliklar va stenokardiyada hamda oshqozon yaxshi ishlamaganida iste’mol qilish foydali, chunki u ovqat hazm bo‘lishini rag‘batlantiradi. Tarvuz
Tarvuzning quritilgan po‘chog‘idan tayyorlangan damlamani esa o‘tkir va surunkali kolitlarda qo‘llashadi. Buning uchun 100 g quritilgan tarvuz po‘chog‘i 0,5 litr suvda damlanadi va sovugunga qadar tindirib qo‘yiladi, keyin dokada suzib olinadi. Har kuni 4-5 marta yarim stakandan qabul qilinadi.
Aytganday, tarvuz po‘chog‘ida karotin, kaliy va boshqa foydali moddalar mavjud, shu bois uni po‘chog‘i va hatto urug‘lari bilan birga sharbat chiqaruvchi qurilmadan chiqarilsa, sharbatning mineral va vitaminlar tarkibi yanada boyroq bo‘ladi. Bunday sharbat xlorofill bilan ham boyiydi, ammo ta’mi, albatta unchalik shirin bo‘lmaydi.
Xalq tabobatida hovonchada maydalangan tarvuz urug‘ini gijjalarga qarshi iste’mol qilishadi, shuningdek undan bachadondagi qon ketishlarida qonni to‘xtatuvchi vosita sifatida foydalanishadi. Tarvuz urug‘larida olein, linol kabi yog‘li to‘yinmagan kislotalar mavjud bo‘lib, ular nafaqat ovqatlanishda foydali, balki shifobaxsh xususiyatlarga ham ega. Buyuk alloma va tabib Abu Ali ibn Sino tarvuz urug‘larini buyrak-tosh kasalligini davolashda juda foydali deb hisoblagan.
Biroq tarvuz boshqa poliz ekinlari kabi o‘zida o‘g‘it sifatida qo‘llaniladigan turli kimyoviy moddalarni (nitratlar, selitra, fosfor va boshqalarni) yig‘ish xususiyatiga egaligini inobatga olish zarur. Bunday tarvuzni kesganda qalinligi bir necha santimetrgacha keladigan sariq uchastkalarni ko‘rish mumkin. Bunday tarvuzni yegan hatto sog‘lom qishilarda ham ko‘ngil aynishi, qusish, qorin og‘riqlari va ich ketishi paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, u kichik yoshdagi bolalar va o‘tkir yoki surunkali nefroz, nefrit va pielonefrit tashhisiga ega bemorlar uchun juda xavfli.
Tarvuz qandli diabetga uchragan bemorlarga tavsiya etilmaydi.
Tarvuzni duch kelgan joydan xarid qilish yaramaydi. Uni xarid qilayotganingizda, bir bo‘lagini kesib olib, uni suvga tiqib ko‘ring. Agar suv oz bo‘lsa-da qizil rangga bo‘yalsa, bilingki, tarvuz tarkibida ko‘plab pestitsidlar bor. Ko‘cha-ko‘yda tarvuz kestirayotganda pichoqni tozalab artish yoki yuvish yodingizdan chiqmasin.
Tarvuzni yeyishning ham vaqti-soati bor. Uni ovqatlanishdan oldin yoki keyin yeyish mumkinmas. Bunda ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolar kelib chiqishi mumkin. Tarvuzni boshqa narsalarga aralashtirmay yeyish kerak!!! Iloji bo‘lsa, ovqatlanishdan ikki soat oldin yoki shuncha vaqt keyin yesangiz, foydaliroq bo‘ladi.
Tarvuzni non yoki non mahsulotlari bilan yeyish ham ichaklarda gazlar hosil bo‘lishiga olib keladi. Shuningdek, uzoq safarga chiqishdan oldin tarvuz yeyish tavsiya etilmaydi. Chunki tarvuz siydik haydash xususiyati bilan mashhurdir.
http://uz.shifo.uznet.biz/TARVUZ