— Savdo bilan qanday shaharlarga bordingiz, bek?— deb qutidor so'radi.
— Uzimizning shaharlardan ko'pini ko'rdim,—dedi bek,— o'ris shaharidan Shamayga ham bordim.
— Ha, ha, siz Shamayga ham bordingizmi?—deb Ziyo shohichi ajablandi.
— O'tkan yil borg'an edim,— dedi bek,— borishim noqulay bir vaqtg'a to'g'ri kelib ko'b mashaqqatlar chekdim.
— Chin savdogar siz emishsiz,— dedi qutidor,— biz shu yoshqa kelib xali o'zimizning kattaroq shaharlarimizni ham ko'ralmadik; siz o'risning Shamayigacha borg'ansiz.
— Yurgan daryo, o'lturgan bo'ryo emish,—dedi Akram hoji. O'ris shaharlariga borib savdo qilg'uchilar Turkistonda juda oz hisobda bo'lib, chet ellarni ko'rgan Otabek majliska tansiqlandi. O'rislar to'g'risida alla qanday xayoliy rivoyatlar eshitib yurgan qutidor va Ziyo shohichilarning Otabekdan haqiqiy holni bilgilari kelib, undan Shamayda ko'rib, kechirganlarini so'radilar. Otabek Shamay xotirotini so'zlab berdi. O'rislarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotlarini eshitkuchilarni tongg'a qoldirib, ortiq tafsiloti bilan aytib chiqg'ach:
— Shamayga bormasimdan ilgari o'z hukumatdorlirimizni ko'-rib; boshqalar ham shundaydir, deb o'ylar edim,—dedi bek,—lekin Shamay manim bu fikrimni ost-ust qilib, o'zimni ham butunlay boshqa kishi yasadi. Men o'risning idora ishlarini ko'rib, o'z idoramizning xuddi bir o'yinchiq bo'lg'anlig'ini iqror etishka majbur bo'ldim...