Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399743 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:07:31

O'rni ustiga choponini yopdi-da, ko'rpasi ichiga kirib o'lturdi va «chindan oshiqmi?» degan savolni ko'nglidan kechirdi. Tanish bo'lmag'an bir shaharda kimning bo'lsa ham qizig'a uchrashsin, besh-olti kun ichida bu yanglig' uykuda ham... masalaga bu jihat bilan qarab bekning ishqig'a ishongusi kelmas edi. Ammo ikkinchi tomondan qulog'i ostida bekning o'z og'zidan eshitilgan — «kulib boqishlar, cho'chib qochishlar...» jumlalari takrorlang'andek bo'lib Xujazodasidagi bir necha kunlik o'zgarishka muhabbatdan boshqa hodisa, deb ma'no beralmas edi. Bu ikki turlik masalalarning o'ng-tersini aylandirib muhokama qildi va o'lchadi. Hasanalining o'zi tarozuning ishonmaslik pallasida bo'lsa ham — «kulib boqishlar, cho'chib qochishlar» hamon quloqlari ostida takrorlanar edilar. Tun tong otarg'a yaqinlashg'an, uning uyquliq miyasi hech bir turlik bu muammoni yesha bilmas edi. Ko'b o'ylasa ham bir karorg'a kela olmadi. Ammo ertaga bekning o'zini sinab ko'rmakchi bo'lib ko'zi uyqug'a ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:07:43

4. MARG'ILON HAVOSI YOQMADI

Ertalabki choy hozirlang'an. Otabek xomush o'lturub Hasanali ersa uning holini ta'qib etmakda edi. Oradag'i so'zsizlik bir piyoladan choy ichkuncha buzilmadi. Oxirda Hasanali Otabekning tusiga bir necha qayta kutarilib qo'ydi.
— Bir necha kundan beri xomushroq kurinasizmi?

Otabek savol tashlag'uchira qarab oldi va tasdiq ishorasini berib:
— Bilmadim,— dedi va bir oz to'xtab izoh berdi.— Xomushligim sizga ham sezildimi, bilmadim... Marg'ilon havosi mizojimga to'g'ri kelmaganga o'xshaydir...
— Aytkaningizdek,—dedi Hasanali.— Marg'ilonning havosi buzik ekan, bir-ikki kundan beri manim ham ahvolim o'zgarib boshladi. Marg'ilondan tez jo'namasaq men ham ishdan chikadirg'an o'xshayman...

Bu gapdan keyin Hasanalining ko'zi bekka tikilgan edi, agar tundagi uyqusirash Hasanalining o'ylag'an ehtimoliga to'g'ri kelsa o'zining haligi so'zi Otabekka bir o'zgarish berishida shubha, qilmas edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:07:50

Otabek boshi berk ko'chada qolg'andek bo'ldi, javobg'a qiynaldi:
— Ketamiz,—dedi bir oz o'ylag'andan keyin,—mol baholari to'g'risida bitisha olmay turamiz—olg'uchilar arzon so'raydirlar. Shuning uchun tag'in bir necha kun qolishimizg'a to'g'ri kelarmikin... Bilmadim...

Hasanalining sinashi nihoyatiga yetkandek bo'ldi, xatto yuqoridag'i javobni eshitkan vaqtida nima uchundir o'zini bir turlik kulgidan arang to'xtatib qolg'an edi. Yana o'rtada xomushlik hukm surib, Hasanali ishni tuzikrak ochish va yo shu ko'yi qoldirib ketaberish talashida edi. Hasanali bekning har bir sirriga o'zini mahram hisoblag'anliqdan, darhaqiqat Otabekka mahram bo'lishg'a loyiq bir mehribonchiliqqa ega bo'lg'anlikdan xo'jazodasi bilan ochiq so'zlashish fikriga keldi. Bir necha daqiqa mukaddima uchun reja qurib o'lturgandan so'ng tilga keldi:
— O'g'lim, Otabek.
— So'zlangiz.
— Aytingiz-chi, men sizning kimingiz?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:07:59

Otabek, Hasanalining maqsadig'a tushunolmay majxul unga nazar tashladi:
—Sizmi?—deb kulimsiradi.—Otam bo'lmasangiz ham meni otaliq muhabbati bilan suygan sodiq va mehribon bir kishimsiz — ya'ni ma'naviy otam.
— Barakalla, ug'lim,— dedi Hasanali,— javobingiz o'z o'ylag'animchadir. Endi sizdan shuni ham so'rayin: xo'jasig'a sodiq bir qul, sizning ta'biringizcha ma'naviy bir padar o'z o'g'lig'a yomonlik sog'inarmi, bu to'g'rida javob beringiz-chi?

Otabek kutilmagan bu savoldan ajablandi:
— So'zingizga tushunolmadim, ota,—dedi,—shundog' bo'lsa ham javob beraman: bu kungacha siz yolg'iz mengagina emas—bizning oilamizga otaliq mavqi'ida turib, yaxshiliqdan boshqani sog'inmay kelasiz.

Hasanali tusini buzmadi:
—Ilgariroq balki shundog' bo'lgandir, ammo endi, ayniqsa siz...
— Ayniqsa men... ochib so'zlangiz.
— Ayniqsa sizning menga saqlag'an ishonchingiz tugalganga o'xshab, o'zimdan kandog' kamchilik o'tkaniga hayratdaman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:06

— Qiziq gaplar so'zlaysiz,—dedi Otabek, taajjubi ortqan edi.— Menga qandog' yomonlik sog'indingizki, sizga ishonchim bitsin? Vasvasalanishning o'rni yo'q, mundan so'ng ham sizning xayrixohona kengashlaringizga, ham vujudingizga muhtojman, amonatim, boshqam mundan keyin ham ona qornida saqlang'andek sizda saqlanishig'a ishonaman va bunga sizning ham amin bo'lishingiz kerak, ota.
— Lekin... til bilan ko'ngil boshqa-boshqadir, o'g'lim...

Otabek bu ters va qo'rs muqobaladan toqatsizlandi:
— Yanglishasiz, ota.
— Yanglishmayman, bil'aks bilib, qanoatlanib so'zlayman.
— Tilim bilan ko'nglimning boshqalig'ini isbot qilingiz.

Hasanali ginalik qiyofada qoshlarini chimirdi va:
— Mendan yashirib yurgan bir sirringiz bor,—dedi.
— Sizdan yashirg'an bir sirrim bor?
— Bor o'g'lim, bor,— dedi Hasanali,— agar da'vongiz to'g'ri bo'lsa, menga chindan o'z kishim deb qarasangiz o'sha sirni yashirmangiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:14

Otabek tusatdan o'zgarib, boyag'i asabiylik holatini yo'qotti, shundog' bo'lsa ham o'zini yig'ib kulgan bo'ldi:
— Hali shunaqa sizdan yashirin sirrim bormi?
— Bor.
— Bulmasa marhamat qilib kashfingizni so'zlangiz.

Hasanali piyolani og'zig'a ko'tarib, choyni xo'pladi, kashfini ochti:
— Marg'ilong'a kelgan kunlardan boshlab sizda qiziq bir holat bor,—dedi,—siz bu holatni «Marg'ilon havosi yoqmadi» deb ta'bir qilsangiz ham men mundan boshqa narsalar payqayman...

Otabek o'ziga kattig' tikilib turg'an Hasanalidan yuzini chetka burishka majbur bo'ldi. Go'yo bu sehrgar chol hamma sirni betdan o'qub olar edi. Hasanalini hamon o'ziga tikilib turg'aninn bilib-manglayini kashig'an bo'ldi:
— Xo'sh, davom etingiz...
— Bu sirringizni mendan yashirmoqchi bo'lasiz,—dedi tamom qanoat bilan Hasanali, chunki, endi o'z kashfiga juda ishong'an edi.—Xayr, yashirmoqqa ham balki haqqingiz bordir... Ammo shu ko'yi sir saqlash bilan birar natijaga yetish mumkinmi?
— "¦

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:22

Otabek qip-qizil qizarib gunohkorlardek yerga karag'an edi. Hasanalining yuziga padarona tarahhum tusi kirib, keksalarga maxsus ohangdor bir tovush bilan bekning ustidagi og'ir yukni ola boshladi:

—Aybi yo'q, o'g'lim,—dedi,—muhabbat juda oz yigitlarga muyassar buladirg'an yurak javharidir. Shuning bilan birga ko'b vaqtlar kishiga zararlik ham bo'lib chiqadir. Shuning uchun kuch sarf kilib bo'lsa ham unitish, ko'b uylamasliq kerakdir.

Bu keyingi gap bilan Otabek ko'tarilib Hasanaliga qaradi va uzok, tin olib yana yerga boqdi. Go'yo buning ila «unitish mumkin emas» degan qat'iy so'zni aytkan edi. Orag'a so'zsizlik kirdi. Ikkisi ham fikrga tolg'an edi. Hasanalining ortiqcha berilib o'ylag'an kezda soqolini qayirib tishlaydirgan bir odati bo'lib, hozir ham soqolini yamlash bilan mashg'ul edi. Uzoq, o'ylag'andan so'ng ishning ochilmay kolg'an qismini yeshishni boshqa vaqtg'a qoldirmoqchi bo'ldi. Chunki Otabek shuning o'ziga ham yaxshigina qizarinib, bo'rtingan edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:33

5. KIROYI KUYAVING SHUNDOG' BO'LSA

Poyafzal bozori va uning burchagidagi havli... O'kug'uchi albatta bu havlining egasi bilan tanish chiqar. Ko'rimsiz, chirk bosib qorayg'an, juda ko'b xizmat qilib keksaygan, ochib-yopkanda anvo'i—turlik dodi-faryod qiladirg'an, bunda sanalg'an sifatlarini bir yerga jamlab natija chikarg'anda «sharti ketib, parti kolg'an» bir darbozaning ostonasidan uch-to'rt qadam ichkariga kirilsa Buxoro zindonlaridan birini xis etilur va qorong'u yo'lakning nihoyatidagi yorug'liqqa tomon oshiqilur. Qoqilib, suqilib yo'lak zindonidan qutiling'ach bir ulug' ariq yoqasiga, o'rdadek havliga chiqilur va rohat tin olinur. Havlining kun chiqarida kun botishg'a qaratib soling'an, uncha maxtarlik bo'lmasa ham ammo zamonasining olding'i binolaridan hisoblang'an bir ayvon bilan bir uyga ko'z tushadir. Sahn va binolar kishi zotidan bo'sh, shuning uchun bu havli oilaning tashqarig'i qismi — mehmonxona ekanligi onglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan o'ralg'an va bu hujralarning barcha eshiklari yopiq va qulflang'an holda bo'lib mollar bilan bandligi va uy egasining davlatlik kishi bo'lg'anlig'i bilinur. Havlining janub tarafi do'konlar orqasi, ammo katta tup gilos yog'ochlari qoplab yotadirlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:42

Endi biz tashqari havlini qo'yib mehmonxonaning yonidan ichkariga kiramiz. Ichkari havlining yo'lagi ham narigisidek usti va bag'ri yopiq— korong'u, yo'lakning nihoyatiga borib o'ngga yurilsa axtaxonag'a, chapka yurilsa birinchi martaba kirganimizdek ulug' bir havliga chiqarmiz. Havlining to'rt tarafi turlik extiyoj binolari bilan va to'rdagi binoning ikki biqini katta uylar bilan o'ralg'an bo'lib shu ikki uyning orasig'a o'lturgan qoshinkor va naqshin chorxari ayvon bu havlining birinchi mar-taba ko'zga chalinadirg'an ortiqliqlaridandir. Shu chorxari ayvonning o'rta bir yerida, ustiga atlas ko'rpalar yopilg'an tanchaning to'rida devorga suyanib, avrasiga qora movut sirilgan sovsar po'stin kiyib bir kishi o'lturadir. Bu kishi bilan ikkinchi martaba tanishib o'lturmaymiz, chunki, bu odam o'kug'uchi bilan tanishkan—Mirzakarim qutidor. Tanchaning ikki biqinida ikki xotin: bulardan bittasi ichidan atlas ko'ynak, ustidan odmi xon atlas guppi kiygan, boshig'a ok dakanani xom tashlag'an, o'ttuz besh yoshlar chamaliq go'zal, xush bichim bir xotin. Yuzidan muloyimlik, eriga itoat, to'g'rilik ma'nolari tomib turg'an bu xotin qutidorning rafiqasi — Oftob oyim, ikkinchisi yetmishlardan o'tkan bir kampir, Oftob oyimning onasi — Oysha bibi. O'chok boshida ko'polg'ina, qirq besh yoshlar chamaliq yana bir xotin choy qaynatib yuradir. Bu xotin ersa oilaning cho'risi — To'ybeka. Biz bular bilan tanishishni shu yerda qoldirib ayvonning chap tarafidagi daricha orqaliq uyga kiramiz, ham uyning to'riga soling'an atlas ko'rpa, par yostiq quchogida sovuqdan erinibmi va yo boshqa bir sabab bilanmi uyg'ok yotqan bir qizni ko'ramiz. Uning qora zulfi par yostiqning turlik tomonig'a tartibsiz suratda to'zg'ib, quyuq jinggila kiprak ostidari timqora ko'zlari bir nuqtag'a tikilganda, nimadir bir narsani ko'rgan kabi... qop-qora kamon, o'tib ketkan nafis, qiyig' qoshlari chimirlgan-da, nimadir bir narsadan cho'chigan kabi... to'lg'an oydek g'uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg'a anlangan-da, kimdandir uyalg'an kabi... Shu vaqt ko'rpani qayirib ushlagan oq, nozik qullari bilan latif burnining o'ung tomonida, tabi'atning nihoyatda usta qo'li bi-lan qo'ndirilran qora holini qashidi va boshini yostiqdan olib o'o'lturdi. Sariq rupoh atlas ko'ynakning ustidan uning o'rtacha ko'kragi bir oz kutarilib turmoqda edi. Turib ulturgach boshini bir silkitdi-da, ijirg'anib qo'ydi. Silkinish orqasida uning yuzini to'zg'ig'an soch tolalari o'rab olib jonso'z bir suratka kirgizdi. Bu qiz suratida ko'ringan malak qutidorning qizi—Kumushbibi edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:08:49

Kumushbibi bir necha kundan beri sovuq havo tegdirib, bosh og'rig'i va ko'z tinishka o'xshash og'riqlardan shikoyat qilib yurar, shuning uchun onasi «tinch uxlasin, ortik urinmasin» deb bu kun namozga ham uyg'otdirmag'an edi.

Kumush kiyinib uydan chiqdi, To'ybeka tomonidan hozirlanib berilgan issig' suv bilan yuzini yuvdi. Uyiga kirib artinib, tuzatingach ayvonga chiqdi. Ayvondagilarga salom berib otasining yonig'a kelib o'lturdi.

Qutidor qizini kuzatdi:
— Tuzikmisan, qizim?
— Yo'q, otajon, boshim hamon og'rib turadir.

Qutidor qizining peshonasini ushladi:
— Ey-xa, Kumush, hali issig'ing bor, dedi. — O'zingni teja qizim, o'rningni kalin qilib burkanib yot, terlasang yorisharsan, qizim. To'ybeka, Kumushning choyini oqlab berchi.

Oftob oyim erining so'zini kuchlab tushdi:
— Issig'i bor, yuzi ham qizarib, bo'rtib turibdir.

O'zining ruhsiz tovshi bilan Oysha buvi ham gapka aralashdi.
— Nax kechasi bilmapsiz, nax meni qo'rqutib enka-tenkamni chiqardi. Isitmasi aralash allanuchka so'zlarni aytib chiqdi...

Qayd etilgan