Shunday qayg'ular ichida bo'kib o'lturar ekan Hasanali qo'lida bir maktub bilan hujraga kirdi. Maktubni Otabekka uzatib — «Toshkanddan emish, otangizdan bo'lsa kerak» dedi. Otabek xatni ochdi: katta qog'ozda, yo'g'on qalam bilan yozilg'an uzun bir maktub edi. O'qudi( aynan):
«Huvalbori...ko'zimizning nuri, belimizning quvvati, hayotimizning mevasi o'g'limiz mulla Otabekka yetib ma'lum va ravshan bo'lg'aykim, alhamdulilloh biz duogo'y padaringiz, mushtipar onangiz va yaqin do'stlaringiz munda hak taoloning hifzi himoyatida sihat va salomat bo'lib ko'z nurimizning duoyi jonini subhi shom, balki aladdavom rabbulolamindan rajo va tamanno etmakdamiz. Janobi haq bod fursatlarda, yaqin va sa'id soatlarda to'kis-tugallik birlan diydor ko'rishmakka nasib va ro'zi qilsin, omin yorabbulolamin. Ba'da so'zimiz: o'glim, Marg'ilong'a sihhat va salomat yetish maktubingni olib haq taologa shukurlar qildik. Bizning Toshkanddan ahvol so'rasang, balki Marg'ilong'a ham eshitilgandir, munda Azizbek qandog'dir bir kuchka tayanib Qo'qong'a isyon etdi. Xazina hisobini olish uchun kelgan devon beklarini o'ldirib o'rda darbozasiga osdi, bunga qarshi Qo'qon ham tinch yotmag'an bo'lsa kerak. Bu kun Kirovchidan besh ming sipoh ila Normuhammad qushbegini Toshkand ustiga buyurilg'anlig'in eshitdik. Fuqaroning tag'in qandog' ko'rguliklari bor ekan, o'glim!
Kechagina qonliq qilichini fuqaro ustida yurguzib turg'an Azizbekka uning tig'i zulmi bilan qora qonig'a belanilgan o'glining, otasining, onasining, og'asining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib bu kun xalq yana Azizbekka, o'sha qonxo'rg'a o'z qoni bilan yamin etdi; Azizbekni to o'zining bir tomchi qoni qolgunchalik himoya qilmoqqa ond ichdi. Azizbekning buyrug'i bilan kecha o'rda tegiga barcha Toshkand xalqi yig'ilg'an, bu yig'inda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi. Azizbek o'rda qorovulxonasidan turib fuqarog'a salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf bo'lg'uchilarning ko'zlaridan yoshlar oqmoqda edi. O'g'lim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozg'anlarimi diqqat bilan o'qi.