Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399817 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 50 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 ... 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:38:55

Otabek zo‘rg‘agina o‘rnidan turdi... Ul uzog‘lash-qandan keyin Kumush sekingina
yuzidan ko‘rpani oldi va mudroq ko‘zlari bilan Otabekka kulimsirab qaradi. Otabek
havlidag‘i oyog‘ tovshini eshitib, tokchadag‘i sham’lardan uchtasini o‘chirg‘an edi,
darichadan Zaynab ko‘rindi: «Hali ham shu yerda ekansiz, men sizni tashqarig‘a
chiqg‘ansiz, deb o‘ylabman...» dedi. Otabek javob bermay qolg‘an sham’larni o‘chirdi.
Zaynabning «hali ham shu yerda...» so‘zi bilan Kumushning ko‘zi uyqudan ochilib ketkan
edi... Otabek eshikni yopib chiqdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:39:10

12. KUNDASH — KUNDASHDIR

Kumush qayin otasi bilan qayin onasiga uch-to‘rt kunning ichidayoq o‘zini ko‘rsatib
qo‘ydi, shirin va aqllik muomalalari bilan ularni o‘ziga maftun qildi. Yusufbek hoji «bu odam
farzandi emas — farishta» der, orada Zaynab bo‘lmasa «farishta», deb atamoqqa ham
hozir edi. O‘zbek oyim bo‘lsa eski kina va adovatlarni qaytib kelmas dunyosiga jo‘natdi.
Tevarakdan marg‘ilonliq, kelinni ko‘rish uchun kelguchi xotinlarg‘a muomalani yana ham
yuqoriroqdan turib qila boshladi. Har bir «keliningiz ajabmi?» deb Kumushka suqlang‘uchi
xotinlarg‘a, «Manim chin kelinim Marg‘ilonda edi-da!» der edi. Goho O‘zbek oyimning o‘zi
ham Kumushning husniga va muomalasiga ajablana boshlar, hojini ovlog‘roqda uchratib
qolsa, «alhazar, o‘g‘lingizdan — uylangan xotinini qarang», deb qo‘yar, hoji bo‘lsa, «o‘zing
bilgan sihrchi hindi sening ham boshingni aylantiribdir...» deb iljayganda, O‘zbek oyim
«rost, bu kelinning husnidan ham boshqa yana tag‘in bir alohida xosiyati borg‘a
o‘xshaydir!» deb kular edi. Kumush o‘zini ko‘rgan kelguchi xotinlardan ko‘proq olqish olsa
(albatta oshkora emas), xotinlarning jo‘nashi bilanoq darrov O‘zbek oyim Oybodoqdan
isiriq tutatdirib avval Kumushka, undan keyin ko‘ngli qolmasin, deb Zaynabka soldirar, agar
Otabek ko‘rinib qolsa, uni ham quruq qoldirmas edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:39:46

Egasini siylag‘an itiga suyak tashlar, qabilidan qizlari tufayli qutidor va Oftob oyimlar
ham juda yaxshi izzat ko‘rar edilar. Qutidor kelganidan beri bir soat ham uyda bekor
qolmay, har kun Yusufbek hojining muxlislaridan birining uyida mehmon va hojining
suhbatidan mamnun edi. Oftob oyimni bo‘lsa O‘zbek oyim o‘tqizg‘ali joy topmas, quda so‘zi
o‘rniga — singlim deb xitob qilar, oshni ham uning ra’yini so‘ramasdan buyurmas edi.
Kelganlarining o‘n beshinchi kunigacha shaharning kazo va kazo xotinlarini qabul qilib
o‘tkardilar. Ya’ni Oftob oyim Toshkandning yuz boshi oyimidan tortib, ponsadboshi,
qo‘rboshi to o‘rda oyimlarig‘acha tanishib oldi va ularning har birlaridan kutilmagan
darajada izzat, hurmat ko‘rdi. Bu oyimlarning har birlaridan — «albatta biznikiga mehmon
bo‘lmasdan ketmaysiz, egachi1 degan takliflar ham hisobsiz edi. O‘zbek oyimning lozim
topishicha, bu takliflardan faqat o‘n chog‘lug‘i ijobat etiladirgan bo‘lib va birinchi martaba
Normuhammad qushbegining xotini Sorabek oyimnikiga, ya’ni o‘rdaga borilmoqchi edi.
O‘n oltinchi kun mehmon oyog‘i tovsillanib, O‘zbek oyim Sorabek oyimga o‘zlarining
borishlaridan xabar yubordi va Hasanaliga aravani qo‘shmoqqa buyurdi. O‘rda oyimlarining
turmushlarini ko‘rmagani uchun Kumushning ham ular bilan birga borg‘usi keldi va ertalab
choy ustida Zaynab tilga kelturib, «Zaynabingiz ham boradimi» deb so‘rag‘anida, O‘zbek
oyim: «Zaynab bir martaba borish bo‘lsa borg‘an», deb javob berdi.
— Men-chi?
— Sen ham bormaysan.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:39:54

Kumushning ma’yuslanib qilg‘an sukutidan keyin, O‘zbek oyim mundog‘ izoh berib
chiqdi:
— Sen Toshkanddagi Yusufbek hojining kelini bo‘lasan, bolam! Chorlamag‘an joyga
borish uchun sening kafshing ko‘chada qolg‘an emas, — dedi.
Otabek qayoqqadir ot minib ketgan edi. Yusufbek hoji bilan qutidor Solihbek
oxundning Ko‘kaldosh hujrasiga mehmon bo‘lib ketganlar. Faqat bu kun uyda
qoladirg‘anlar — Kumush, Zaynab va Oybodoq edilar.
O‘zbek oyim yo‘lakkacha kuzatib chiqg‘an Kumush bilan Zaynabka qarab arava
yonidan kuldi:
— Ikki kundash uyni xoli topib tag‘in yulishmanglar! Oybodoq, sen kundashlardan
xabarsiz qolma!
Oftob oyim aravaga minar ekan:
— Xudoy saqlasin, oyi! Shukur, ikkalasining ham aql-hushi boshida! — dedi.
— Bular kundash emas — egachi-singil-ku! — dedi otning jilovidan ushlab Hasanali.
— Meni tashlab ketkaningiz alamini Zaynabdan olmasam kimdan olay, — dedi kulib
Kumush va darbozaning halqasi bilan o‘ynar ekan: — a, yulishamizmi?— deb Zaynabdan
so‘radi. Zaynab javob bermadi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:03

O‘zbek oyim Oybodoqqa ba’zi ta’limotlarni bergandan keyin kelinlariga:
— Tushda issig‘siz qolmanglar! — dedi. Arava qo‘zg‘aldi.
Zaynab ilgariroq, Kumush keyinroq ichkariga qaytib kirdilar. Kundashining so‘zsiz,
nesiz o‘z uyiga kirib ketkani uchun o‘ylanib, bir oz havli yuzida to‘xtadi, so‘ngra bu ham o‘z
uyiga burildi.
Kundan-kunga Zaynabning susayib, o‘ziga begonalashib borg‘anini ul yaxshi onglar
edi. Bu kun bo‘lsa o‘ynab aytkan so‘zi javobsiz ham qoldirilib, bu hol yana uning miyasini
qotirdi. Ko‘nglida bir xiralik bilan borib daricha yonig‘a o‘ltirdi. Zaynabning hasadini
qo‘zg‘atmas uchun Otabek bilan muomalada qilg‘an ehtiyotlari zarracha foyda
bermaganiga hayron, endi qaysi yo‘sunda mirosani sozlash yo‘llarini o‘ylar edi. O‘n besh
kun ichidayoq buncha keskinlashkan Zaynabning ichki adovatining bir oyda qaysi
darajalarga borib yetishini o‘ylar va mirosa bu holda ketgan taqdirda bu uyda uzoq qola
olmasini fahmlar edi. Lekin bu uydan chiqib ketishni, bir-ikki oylab Otabekni Zaynab
qo‘lig‘a topshirib qo‘yishni yana muvofiq ko‘rmas, ya’ni Kumushda ham bir qizg‘anchiqlik
hissi uyg‘ong‘an... Fikri shu yerga yetkanda qaysi kunidir Otabekning Zaynabka
boshqacharoq qilib kulib qarag‘ani va Zaynabning shu vaqtdag‘i oydek jozibalik to‘la yuzi
ko‘ringandek bo‘ldi... Bu ko‘rinishdan so‘ng ul sakrab o‘rnidan turdi-da, tokchadag‘i oynani
oldi va o‘ziga qaradi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:10

Ma’lumki, kishi oynaga boqqanda nechog‘liq aybsiz bo‘lsa ham o‘zini bir kamchiligi
orqaliq ko‘radir. Shunga o‘xshash bir qarashda Kumush ham o‘z-o‘zidan rozi qolmadi.
Shahlo ko‘zlar, o‘siq jinggila kipraklar, qunduz qosh va qora xollar va boshqa latofatlar
o‘ziga pisand bo‘lmadilar... O‘zini Zaynabka qarag‘anda siqiq, yosh, bolasifat ko‘rdi...
Oynani tokchag‘a qo‘yib Zaynabka chinlab hasadlangan holda kelib boyag‘i o‘rniga o‘lturdi.
Anchagina o‘ylab o‘lturg‘andan keyin ko‘ngliga «u meni suysa bo‘ldi-da», degan gap
keldi... O‘zining bu hukmiga rozi bo‘lmadi, go‘yo o‘zining suyilishi bir necha oyliqqag‘ina
o‘xshar, Zaynabning to‘lg‘an oydek yuzi bu suyilishka shu besh-o‘n kunning ichidayoq
xotima beraturg‘andek ko‘rinar edi. Shu ko‘rinish orasida Zaynabni yana o‘z ko‘zidan
yaxshilab o‘tkarmakka va uning husn kuchini sinamoqqa qaror berib o‘rnidan turdi...
Kumush kirganda Zaynab daricha yonida to‘ppi tikib o‘lturar edi.
— Oyim aytkandek, — dedi kulib Kumush, — siz bilan yulishqali keldim.
Zaynab to‘ppisini qo‘yib o‘rnidan turdi:
— Men ham oldingizg‘a chiqaymi, deb turg‘an edim...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:18

Kumush istehzo bilan kuldi:
— To‘ppi tikib o‘lturibsiz-ku, manim oldimg‘a chiqarmidingiz, barakalla sizga, — dedi.
Zaynab bir sabab ko‘rsatalmay o‘ngg‘aysiz holda qoldi. Darhaqiqat, uning bu ishi ochiqdanochiq
bolalarcha ketgan edi. Kumush uni o‘ngg‘aysiz holdan chiqarish uchun tikilgan
to‘ppini yerdan olib ko‘rgan bo‘ldi.
— Chokni yaxshi tikar ekansiz, kimga?
— Biravga atag‘anim yo‘q, axir bittasi kiyar... O‘lturing.
Ikki kundash qarshima-qarshi o‘ltirishdilar. Kumush unga tikilib-tikilib qarar edi...
Zaynab boyag‘i o‘ng-g‘aysizliqdan hali chiqib yetmagan, qizarinqirab yerga boqqan edi. Birikki
daqiqani so‘zsiz kechirdilar.
— Chiqmag‘animni ham ko‘nglingizga olibsiz-da, — dedi nihoyat Zaynab.
— Nega ko‘nglimga olay, men yosh bolamanmi, — dedi,— kelganimga o‘n besh kun
bo‘lmasdan o‘zingizni chetka tortib boshladingiz... Men siz bilan egachi-singil bo‘larmiz, deb
o‘ylag‘an edim...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:27

— Hali nima bo‘libmiz... Arzimagan gapni ham ko‘nglingizga olabersangiz...
— Bu arzimagan gapmi? — dedi Kumush, — uyda hech kim yo‘qlig‘ini bilaturib
o‘zingizni chetka tortasiz... Bu esa yuzingni ko‘rishga toqatim yo‘q deganingiz bo‘ladir.
— Qo‘ying-chi... O‘zingiz har bir narsani ham ko‘ng-lingizga olaberar ekansiz... men
unaqa emasman...
Boshlanishda anchayin hazilga o‘xshab ko‘ringan bu kinaxonliq kutilmagan joyda bir
tus olib ketdi. Kumush o‘n besh kunlardan beri yig‘ilib kelgan achchig‘ini bir varakay to‘kib
soldi:
— Men ko‘nglimga olsam arziydirganini bilib olaman, — dedi.
— Oldingizg‘a chiqmag‘anim yuzingizni ko‘rmaslik uchun bo‘lg‘anini siz qayoqdan
bildingiz, manim ichimga kirib chiqmag‘andirsiz-ku, axir?
Zaynab ham ancha qizishib oldi. Kumush undan ham oshib tushdi:
— Bilish uchun ichingizga kirib chiqishim shart emas... Ba’zi ishlaringiz ichingizdagini
menga ochiq so‘zlaydir.
— Qaysi ishlarim?
— So‘ramang...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:34

— Bilmagan bo‘lsam bildirib qo‘ying, axir.
— Aytsam yana achchig‘ingiz qistaydir...
— To‘g‘ri gap bo‘lsa achchig‘im sira qistamaydir...
Yaqinroqda yumish qilib yurgan Oybodoq eshitmasin uchun sekinroq tovushda:
— Qistamasa aytay, — dedi Kumush, — eringiz manim oldimg‘a kirsa, nega ishingiz
bo‘lsa-bo‘lmasa kirib o‘ltirib olasiz-da, yolg‘iz qolg‘animda kirmaysiz?
— Shundog‘ deyarsiz, deb turg‘an edim o‘zim ham— dedi Zaynab,— kirishimni ham
ko‘nglingizga olg‘an bo‘lsangiz, endi mundan so‘ng kirmaganim bo‘lsin.
— Qani, to‘g‘ri gapka achchig‘ingizning qistamag‘ani?
— Axir, eringiz bilan yolg‘iz o‘ltirg‘aningizda mundan so‘ng kirmayin deyapman-ku.
— Egrilikka olmang, Zaynab, — dedi Kumush, — men bu gapni yonimda erim
bo‘lg‘anda kirma, deb aytmadim, balki boyag‘i so‘zimning isboti uchun aytdim...
Bu o‘rinda ikkisi ham jim bo‘ldilar. Oybodoq darichaga kelgan edi:
— Tushlik osh vaqti bo‘ldimi, nima tomoq qilsamikin?
Kumush Zaynabka qaradi:
— Nima tomoq buyuramiz?
— Sizdan so‘rayapti...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:42

— Zaynabnisa yaxshi ko‘rgan tomoqni qilingiz, — dedi Kumush.
— Lag‘mon qilaymi? — deb Oybodoq Zaynabka qaradi.
— Tomoqqa ishtihom yo‘q, o‘zingiz bilganingizcha qilabering.
Oybodoq ketdi. Uning keti bilan Zaynab «tavba» deb qo‘ydi.
— Tavba demang, Zaynab... Bu gaplar ayniqsa siz bilan menga kelishmasa ham
azbaroyi meni yolg‘iz tashlab qo‘yg‘aningizdan aytdim... men sizning uyingizga butun
umrga kelgan emasman... Atigi uch-to‘rt kun qayin ota, qayin onalarimni ko‘rib ketish
uchungina kelganman. Shunchalikka bir-biravimizdan chetlashib, ming‘ayishib yurishimiz
kishiga og‘ir kelar ekan.
Kumushning «uch-to‘rt kuni...» bilan Zaynab yorishib ketgandek bo‘ldi:
— Voy o‘lay, Kumush opa, — dedi Zaynab bo‘shashqan ohangda, — chindan ham
ko‘nglingizga olibsiz deyman. Ko‘nglimda tariqdek yomonlig‘im bo‘lsa, ertagacha yetmayin.
«Ketish» so‘zini eshitib ond ichib boshlag‘an Zay-nabka Kumush ichdan kulib qo‘ydi va
«endi o‘lsam ham ketmay, sen qarab tur!» deb yandi.
Shundan keyin oradan gap-so‘z to‘xtag‘andek bo‘ldi. Kumush tizzasini quchoqlab
nimanidir xayolida, Zaynab bo‘lsa qatimini uzun tortib to‘ppisini tikar edi. Anchagina shu
holatda qatim tortqandan so‘ng Zaynab sekingina qarshisidag‘i g‘ayri rasmiy yovg‘a
yovlarcha qaradi. Uzoqqina qarab turg‘andan keyin o‘ziga ham sezdirmaslik qilib entikdi,
yana uch-to‘rt qatim tortti...

Qayd etilgan