Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400144 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 51 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:51

— Siz munchalik qo‘rqmasangiz ham bo‘lar edi...
Kumush bir oz javobsiz qoldi va surilib devorga suyaldi:
— Nimadan ham qo‘rqmasam bo‘lar edi?
— Axir... jek ko‘rmasangiz1 ham... deyman-da...
— Men kimni jek ko‘ribman?
— Bilarsiz axir, kimni...
— Uyat, Zaynab!
— Sizniki ham uyat!
Yana ikki kundash hujumga hozirlanishqan xo‘rozlardek bir-birlarining ustlariga
hurpayishdilar.
— Nimam uyat? — deb so‘radi Kumush.
— Men erim bilan o‘lturganda ustimga kirma, de-yishingiz albatta uyat.
— Avvalo men bu so‘zni sizning haligi qilig‘ingizg‘a qarshi aytdim. Agar siz buni chinga
hisoblag‘an bo‘lsangiz, men ham sizdan chinda so‘rayin: siz eringiz bilan o‘lturganda men
ustingizga kirdimmi?
Zaynab bu savolning javobiga qolg‘anda bir oz tutiliqdi. Chunki, Otabek Zaynab yonida
bo‘lg‘anda Kumushning kirganini xotirlay olmadi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:40:59

— Siz kirsangiz albatta ko‘kragingizdan itarmas edim, — dedi Zaynab. — O‘zingiz jek
ko‘rganingiz uchun meni ham o‘zingizdek fahmlab kirmaysiz.
— Kishini bo‘g‘asiz, Zaynab! Gapka temirchilik yaxshi emas!
— Gapka temirchilikdan xudoy saqlasin, ota-bobom temirchi o‘tkan emas.
— Kim sizga — otang temirchi deyapti?
— Axir so‘zingizning sirasi shunga keladi-da...
— Tavba, — deb kuldi Kumush, — jek ko‘rasan, deb bir aytasiz, o‘zingdek fahmlaysan,
deb uzib ulaysiz, sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi, deb tag‘in nina tiqasiz... Mana shuni gapka
temirchi, deb aytadilar.
— Rost-da axir, siz qo‘rqmasangiz ham...
— So‘zlay bering.
— Axir...
Zaynab o‘zining xatosini ongli va gapuralmay g‘o‘ldiradi. Kumush esa buni sezib
Zaynabning o‘z og‘zidan iqror etdirish ko‘yiga tushdi.
— Men tushundim, — dedi, — sen qo‘rqmasang ham bo‘ladi ering seni yaxshi ko‘radi,
demakchisiz.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:07

Zaynab ishini to‘xtatib bo‘zrayg‘ancha Kumushka qarab qoldi... Bu xatosini o‘nglash
uchun esiga hech gap kelmas edi:
— Axir... menga o‘xshash sizni ham ishondirib qo‘yg‘andirlar.
— Sizni nimaga ishondirg‘anlar?
— Axir... Men sensiz turolmayman, deb sizga ham aytkandirlar...
— Hech.
— Sizga aytmagan bo‘lsalar... menga yuz qaytalab aytadirlar... U kishini sizga ham
shunaqalar, deb o‘ylabman...
O‘zi aslo ishonmag‘an shuncha yolg‘on gaplarni boyag‘i dovdirash holatida ilhom
ravishda to‘qib yubordi. Uning bu dovdir gaplari g‘alaba qozonmoqchi bo‘lg‘an Kumushni
dovdiratti, boyag‘i oyna yonida tug‘ilgan shubhasi chinga chiqg‘andek bo‘ldi va muhokama
xususiyatini yo‘qotdi. Zaynab to‘g‘ri aytadi, deb o‘yladi, agar uni yaxshi ko‘rmaganda
Toshkandga kelishimni kutib o‘lturarmidi?..
Zaynab bu yolg‘onlash natijasidan qo‘rqib, o‘ngu ters ishiga yopishdi. Kumush moddiy
hayotidan ayrilg‘an jonivordek bo‘shashdi. Oybodoq ona tarafidan ikki kundash o‘rtasig‘a
qo‘yilgan tushlik bir necha vaqt sovib yotdi. Zaynabning qo‘rqa-pisa «oling, opa»sidan
so‘ng ikki taraf ham lagandan chimchigan bo‘lishdilar-da, birin-sirin qo‘lni dasturxon
chetiga artishdilar...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:18

Shundan birar soat keyin Otabek qaytib Zaynab tomondan qarshi olindi. Ust to‘nini
yeshib Zaynabka bergandan so‘ng, qaysi uyga kirish to‘g‘risida havli yuzasida bir oz
taradudlanib qoldi. Tevaragida g‘ildirlab yurgan Zaynabning uyiga kiraberish uchun
Kumushning mulohazasini qilar, Kumushning oldig‘a kirmak uchun Zaynabni o‘ylar edi.
Kumush uyda ko‘rinmadi, shunga ko‘ra «uxlag‘andir», deb o‘ylab Zaynab bilan kirdi.
Zaynab oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lg‘an holda erini to‘rt qavat ko‘rpacha ustiga o‘tquzib,
yoniga uchta par yostiqni uydi. Erining mahsisini artishka ko‘maklashib, yelpib qo‘ymoq
uchun izn so‘radi. Otabek uzr aytib bunchalik mehribonchiliq ma’nosidan cho‘chib qo‘ydi.
Otda kelgan bo‘lsa ham kunning issig‘lig‘idan bir piyola choyga muhtoj edi. Choy so‘zi
og‘zidan chiqmasdanoq Zaynab o‘choq boshig‘a yugurib ketdi. Uning keti bilan
Kumushning uyiga qaradi. Eshik va darichalar ochiq bo‘lsalar ham uyda birav ko‘rinmadi.
Kumush kelgandan beri Otabek kun sayin o‘zini siqiqroq bir doiraga kirib borg‘anlig‘ini
sezar edi. Adimini sanab bosish, bir cho‘qib sakkiz yoqqa qarash kabi ehtiyotlarga
ta’limotsizoq o‘rganib qolg‘an, buning ustiga bir xil o‘ngg‘aysizlig‘i ham yo‘q emas edi...
Uning o‘tkan kunlari, ya’ni Kumushka Marg‘ilonda qiladirg‘an muomala va aloqasi Zaynabka
qorong‘i, shu qorong‘iliqdan foydalanib Zaynab bilan muomalasi o‘zi tilagancha. Ammo
endi o‘sha holatni davom etdirish mumkin emas edi. Kumushka kulib qarasa, Zaynabka
ham shundog‘ qilmoqqa, unga qandog‘ muomala qilsa, bunga ham shundog‘ qilishg‘a
majbur edi. Biroq buning birinchisi yurakdan, ikkinchisi... Birinchisini tavsif qilib ko‘rsatish
nuchukkim, biz shu o‘ringacha ko‘b qog‘ozlarni qoralab kelamiz, o‘qug‘uchini ham
zeriktirmay orqamizdan ergashdirgandek bo‘lamiz, chunki Otabek va Kumush ishqlarida
samimiyat, yana to‘g‘risi she’riyat bor edi. Ikkinchi masala ustiga o‘tib tahlil qilmoqchi
bo‘lsaq, Otabekda majburiyatdan boshqa hech gap topolmaymiz, topgan bilan
o‘qug‘uchig‘a qiziqarliq bir narsa chiqmaydir. Qahramonimizning hozirgi «majburiyati»
sabablarini muhtaram o‘qug‘uchilar yaxshi his etsalar ham yana biz bir daraja o‘z
tomonimizdan ularni sanab ko‘rsatamiz:

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:26

Din adolatka buyuradir va ota-onaning hurmatlari ko‘ndalang, majburiyatning eng
kuchligi ham nozigi — mundan bir necha hafta ilgari Zaynab avval martaba yurak dardini
ko‘z yoshlari ichida ochib berdi. Hammadan ham mana shu keyingisi Otabekni siqib
tashlag‘an edi. Bu dard ayniqsa Otabekka uch yildan beri sinashta, ul bu dardning
achchig‘-chuchugini uch yil bo‘yi totib kelar va shuning uchun ham boyag‘i og‘irliqni o‘z
ustiga olmoqqa majbur edi...
Zaynab unga ikki piyola choyni ichirgandan so‘ng so‘radi:
— Sizni kech qaytarsiz, deb osh qoldirmag‘an edik, sovug‘roq bo‘lsa ham ozroq olib
qo‘yg‘an edim... yesangiz?
Otabek ochiqib kelgan edi, «mayli, bering», dedi. Boyagi gap bilan yeyilmagan
lag‘mon Otabekning oldig‘a keldi. Ustidagi qiymasi bilan laganning buzilma-g‘anini ko‘rib
Otabek so‘radi:
— O‘zlaring yemadinglarmi?
— Yedik. Kumush opa ham shu yerda edilar... Lag‘monni uncha xushlamas ekanlar,
shekillik, yaxshi yemadilar... U kishi yemaganlaridan keyin men ham yeb o‘lturg‘ali
iymandim...
— Yemagan bo‘lsangiz, siz ham olishing, — dedi bek.
Zaynab eridan iymanmay birgalashdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:36

Xo‘rak orasi Otabek Zaynabdan so‘rab, Kumushning uxlab yotqanini bildi. Tomoqdan
keyin Otabek ham bir oz uxlab olish uchun yotdi. Ko‘zi uyqug‘a borg‘ach, faqat shuni kutib
o‘lturgan Zaynab qo‘lida yelpug‘ichi bilan yostiq yoniga keldi. Eri juda uxlab ketkandan
so‘ng yelpiy boshladi... Yelpir ekan, Zaynabning ko‘zi Kumushning uyida edi...
Zaynab o‘zining bu tasodufiy muvaffaqiyatini kundash nazaridan o‘tkuzib olmoqchi va
boyag‘i da’vosini bir daraja amalda ham ko‘rsatmakchi edi.
Zaynab shu holda uzoq fursat erini yelpidi va natijada ma’lum ko‘rukni odatdan
tashqari bir muvaffaqiyat ichida kundash nazaridan o‘tkazdi: nima yumish bilandir uydan
chiqg‘an Kumush Otabekning yostig‘i yonida qo‘lig‘a yelpug‘ich ushlagan Zaynabka ko‘z
qirini tashlab o‘tdi.
Birar soatdan keyin Otabek uyg‘ondi. Zaynab ham kundash yuragini un qilg‘uchi yel
tegirmonini to‘xtat-moqqa majbur bo‘ldi.
Otabek uyga kirganda yostiq betini tartibsiz soch o‘rimlari bilan chulg‘atib Kumush
uxlar edi. Otabek bir necha daqiqa uning uyquliq holatiga termulib qoldi va unga rohatsizlik
bermas uchun sekingina orqasig‘a qayt-di. Uy eshigidan chiqar chog‘ida yana bir qarab
oldi... Endi uyquliq ko‘z ochilg‘an edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:44

— Tinch uxlay bering, men ketaman.
Kumush ko‘z yumish o‘rniga yostiqdan boshini uzdi va yerga tushkan ro‘ymolini o‘rab,
o‘lturdi. Uning ko‘zi uyqudan qolg‘an kishilarning ko‘zidek qizarg‘an edi. Otabek qaytib
kirdi.
— Nega qo‘zg‘aldingiz, uxlang, — dedi. Kumush javob bermadi, qovog‘i solig‘ edi. —
Ko‘zingiz qizarib ketipti, uxlay olmadingizmi?
— Tobim yo‘q...
— Xudoy saqlasin, — dedi bek va Kumush yonig‘a o‘ltirdi, — qayeringiz og‘riydir?
— Bilmayman, — dedi. Ko‘zi tokchadag‘i allanarsalarda edi.
Otabek bu ters javobni hazil fahmlab kuldi va Kumushning manglayig‘a qo‘lini tegizdi:
— Nega bilmaysiz?
— Qo‘lingizni oling.
— Nega olay?
— Mendan hazar lozim...
— Sizdan hazar qilmayman...
Kumushning ko‘zida bir turlik g‘iltillash bor edi:
— Zaynabdan-chi? — deb so‘radi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:41:51

Otabek daf’atan javob beralmay havli tomong‘a qarab qo‘ydi:
— Buni... mendan ham siz yaxshi bilasiz.
Otabekning alang‘lab javob berishi Zaynabning boyag‘i da’vosini chinga chiqarg‘andek
bo‘lib, Kumush juda ham to‘nini teskari kiydi va yuzini chetka burdi:
— Yalhaqlikni1 qo‘ying.
Otabek bu holga tushunolmay, Kumushning ko‘ziga jiq to‘lg‘an yosh yana uni shoshirib
qo‘ydi. Shundog‘ ham bo‘lsa kulimsirab:
— Uyqudan so‘l yoningiz bilan turibsiz, — dedi.
— Chunki manim o‘ng yonim bilan turg‘uzadigan kishim yo‘q...
— Adovat shuning uchunmi hali? — dedi bek va kulib yubordi.
Kumush ko‘z yoshisini artdi:
— Ha, shuning uchun.
— Shuning uchun bo‘lsa arzimaydi...
Kumush ko‘tarilib ketdi:
— Ikki yuzlamalig‘ingiz va til tegida til saqlag‘a-ningiz ham arzimaydimi?
— Tushunmay yotibman...
— Albatta tushunmaysiz va tushunishni ham tilamaysiz.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:01

Ul Kumushdan munday ters gaplarni umrida birinchi martaba eshitar edi. Bir onda
necha xil ehtimollarni o‘ylab chiqdi:
— Zaynab sizga bir narsa dedimi?
— Dedi, «Sensiz turolmayman» deb aytkan so‘zla-ringizni ham dedi.
Unga nima bo‘lsa ham ikki kundash o‘rtasidan ancha gaplar o‘tkani bir daraja ma’lum
bo‘lib, Zaynabning yolg‘on-yashiq gaplar bilan Kumush yuragiga o‘t yoqqanini payqadi.
Ammo boyag‘i yarim jiddiy vaziyatini buzmay so‘radi.
— Zaynabning so‘ziga siz ishondingiz?
— Ishonmaydirg‘an gapmi?
— Yaxshi, men unga shunday deb aytkan ham bo‘layin, lekin shunda ham sizning
xafalanishingiz menga qiziq tuyuladir. Ayniqsa sizdan bu gap...
Kumush indamadi. Otabek uning orqa sochidan tutib sekingina yerga bosdi:
— Qani gapuring-chi menga, orangizdan bir gap o‘tdimi, — deb so‘radi.
— Ha o‘tdi, — dedi Kumush va chetka qarab kulimsiradi.
— O‘n besh kun bo‘lmasdan?

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:08

— Mendan boshqa xotin bo‘lsa Zaynabingiz bilan birinchi kundanoq arazlashar edi...
— Xudo xayringizni bersin...
— Kesatmang.
— Kesatmasam gapuring.
Kumushning raqobat o‘ti bir oz o‘cha tushkan edi, uch-to‘rt kunlik mojarodan
yaxshig‘ina hasrat ochildi. Otabek hasratni yarim jiddiy tinglab bordi. Zaynabning keyingi
so‘zi va so‘nggi yelpitish foji’alari ham hasrat qolipig‘a birma-bir kirib chiqdi. Hasrat
tugalgandan so‘ng Otabekning yuzidagi boyag‘i yarim jiddiylik ketib, uning o‘rnini
o‘ychanliq oldi. Ul shu holatda anchagina so‘zsiz qoldi va oxirda o‘zini natija kutib
o‘lturg‘uchi Kumushka qarab kulib qo‘ydi.
— Nega kulasiz?
— Chunki yig‘lamoqqa arzimaydir.
Kumushning qoshlari chimirildi:
— Zaynabingizning bu qilig‘iga men chidalmayman.
— Chidash va chidamasni hozircha bir tarafka qo‘yib turayliq, — dedi Otabek, —
ammo hammadan ilgari sizdan so‘rayman: menga ishonchingiz bormi?
— Bor, ham yo‘q, — dedi Kumush va kulimsirab bir oz o‘ylanib oldi, — Zaynabning
haligidek gaplari kishini shubhaga solar ekan...

Qayd etilgan