Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400160 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 52 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:16

— Ammo sizni shubhadan chiqaraturg‘an hujjatlaringiz albatta yo‘q emas edi.
Kumush uyalg‘annamo yuzini chetka burdi, Otabek tovshini sekinlatib davom etdi:
— O‘tkan kun sizdan «Toshkandda qolasizmi, yo‘q-mi?» deb so‘rag‘anim ham faqat
shunga o‘xshash gaplar bilan siz xafalanmang, deb aytilgan edi. Agarda siz siqilar ekansiz,
hali ham Toshkandda qolmasligingiz menga ma’qul ko‘rinadir. Chunki men sizni shuning
singari o‘rinsiz ozor chekishingizni xohlamayman.
— Siz quvlamasangiz, men Marg‘ilong‘a bormayman.
Otabek kuldi.
— Agar siz shunga o‘xshash arzimagan gaplar uchun manim ustimga hujum
qilabersangiz, albatta quvlayman.
Kumush bir xil o‘pkalangan boqishda:
— Sizga ishonsam bo‘ladimi? — deb so‘radi.
— Yuragingizdan so‘rang.
— Yuragim... Yuragim ishonma, deydi.
— Bo‘lmasa bu yurak so‘zi emas.
— Albatta yurak so‘zi.
— Yuragingizning ishonma, deyishka birar vaji bordir?
— Bor.
— Bo‘lsa ayting.
— Yuragim: quvlanishg‘a kim sazovor, deb sizdan so‘raydi... Siz o‘z yuragingizdan olib
javob bering.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:26

Otabek maqsadga tushundi, daf’atan javob berishka hayron bo‘lib qoldi. Darhaqiqat,
Kumush eng nozik joydan ushlag‘an edi.
Kumush Otabekdan javob kutib o‘lturmay yana dedi:
— Boshqalar yuragini sinab ko‘rishka qudratim yetmasa ham manim yuragim ikki
narsani o‘z ichiga sig‘dira olmaydir...
— Sening yuraging ikki narsani o‘z ichiga sig‘di-radir, demakchisiz.
— Demakchi emasman, — dedi Kumush, — chunki hech vaqt bo‘ladirg‘an gap emas...
Kumush hamon yuqorida aytilgan bir ma’nonigina ifoda qilmoqchi bo‘lar edi. Ammo
Otabek Kumushning to‘sindan o‘zgarib ketkan xarakter qat’iyatiga va bir kundayoq,
bunchalik masofani o‘tkan keskinlikka juda taajjubda, qarshisidag‘ining suratida emas,
siyratida1 qiziq bir o‘zgarish ko‘rar edi.
— Maqsadingizga yaxshi tushunaman, — dedi oxirda,— har jihatdan qaralg‘anda ham
siz bu to‘g‘rida haqlisiz. Ammo o‘shang‘acha... balki buni o‘zingiz his etarsiz, deb
o‘ylayman...
Kumush indamay qo‘ydi. Ehtimolki, ul keyingi masala to‘g‘risida erining fikrini bilib
qo‘ymoqchi edi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:36

13. ESON BO‘LSAQ KO‘RISHARMIZ

Toshkandga kelishning yigirmanchi kunidan qutidor Marg‘ilong‘a qaytish fikriga tushdi.
Hoji va Otabeklar yana bir necha hafta qolishg‘a qistasalar ham, bo‘lmay uzr aytdi: «Uy
yolg‘iz, faqat To‘ybeka bilan Oysha ona; hollari nima kechti, nima qo‘ydi ma’lum emas.
Boshqa tarafdan o‘zimning savdo ishlarim ham o‘lda-jo‘lda, shunchalik mehmon bo‘ldiq.
Bas, qilg‘an izzat va ikrom-laringiz uchun rahmat», dedi. Hojining: «Endi kelin bolani
yubormaymiz-da», deb kulishiga — «Manim bolam emas — sizniki, u yer ham bu yer ham
o‘zining uyi, janobingiz nimani muvofiq ko‘rsalar, menga ham ma’quli o‘sha», dedi. Hoji
birmuncha gap aylantirib, «O‘rtadan anovi gaplar o‘tmagan bo‘lsa edi, albatta bu yerda
olib qolmas, zeroki, sizning bag‘ringizni bo‘sh qo‘yish insofdan bo‘lmas edi. Agar sizga og‘ir
tushmasa yurtdagi gap-so‘z bosilg‘uncha birar yil Toshkandda tur-sin, so‘ngra Marg‘ilon
borsin, derdim», dedi. Qutidorg‘a ham bu mulohaza juda ma’qul tushib «bu mulohazalari
beandoza to‘g‘ri, albatta munda birar yil turishi lozim va lobid!» deb javob berdi.
Kumushning Toshkandda qolishig‘a otasi shunday yovosh qaradi, bu to‘g‘rida Oftob
oyimning fikr va rizolig‘i bilan hisoblashish emas, hatto uni ko‘ngliga ham kelturib ko‘rmadi.
Holbuki Marg‘ilondan chiqishda Oftob oyimning «Kumushni Toshkandda qoldirmaysiz!»
deb qo‘yg‘an birinchi shartiga qayta-qayta qo‘l qo‘yg‘uchi shu qutidor edi. So‘zni
cho‘zmoqqa hojat yo‘q: erlarimizning Oftob oyimlarg‘a qarashi hamisha shundan boshqa
emas.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:44

Qaytish xabari Oftob oyim qulog‘ig‘a yetishkandan keyin uning avvalg‘i uchrashishi qizi
bilan edi. Chunki eriga qarag‘anda ham ko‘broq ixtiyorni qizida bo‘lg‘anini yaxshi bilar edi.
Shu xabarni Hasanalidan eshitishi ila to‘g‘ri Kumushning yonig‘a kirdi:
— Kumush, — dedi kulimsirab, — qaytar emishmiz, dadang aytibtilar.
Kumush qo‘lida nimadir tikib o‘lturg‘an edi. Ko‘zini ishdan olmadi:
— Qaytsalaringiz, xayr-xo‘sh.
Bechora ona qizining louboli1 bu gapidan bo‘shashib ketdi va ne zaylda o‘lturib
olg‘anini bilmadi:
— Nima deysan?
Kumush iljayib onasig‘a qarab qo‘ydi, yana ishini tika berdi:
— Ketsalaringiz xayr-xo‘sh.
— Sen-chi?
— Men qolaman.
Oftob oyim tushunolmay qizig‘a bir necha vaqt tikilib turdi. Kumush unga qaramay
nina sanchar edi.
— Hazilingni qo‘y.
— Hazilim emas — chinim.
— Uyat emasmi?

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:52

Kumush kuldi:
— Nega uyat bo‘lsin?
— Qo‘y-chi!
— Qolsam o‘z erimniki, — dedi Kumush, — begona emaski uyat bo‘lsa...
Oftob oyim o‘t ichida qolg‘andek toblandi:
— Birav qol, demasa ham qolaberasanmi?
Kumush ishini yonig‘a qo‘yib endi onasig‘a qaradi:
— Avvalo bu yerda qolishimg‘a sizdan boshqa hech bir qarshi kishi yo‘q. Zaynab
sizning yoningizg‘a o‘tsa ham, biroq uning xohishini menga ahamiyati yo‘q.
— Esing o‘zingdami, bola?
— O‘zimda, — dedi kulib, — man sizning qizingiz Kumush... Hozir Toshkandda o‘z
erimnikida o‘lturibman...
— Erim, deb tuqqan onangdan kechasanmi, yuzsiz?
— Yo‘q, kechmayman, faqat bir necha vaqt sog‘i-nibqina yuraman.
Oftob oyim qizining bu gapini eshitib yig‘lab yubordi:
— Onangning o‘sha sog‘inishqa toqati yo‘q, — dedi,— man sani kundashlik uyga
ishonmayman...
— Kundashim bitta bo‘lsa, do‘stlarim sakkizta.
Oftob oyim ko‘z yoshisini artdi:
— Kundash bilan hazil o‘ynama, qizim.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:42:59

Kumush go‘yo Zaynab ustiga hujum yasayturg‘andek hurpaydi:
— Ul kundash bo‘lg‘anda men kundash emasmi?
— Ming qilg‘anda ham, — dedi onasi, — sen chin kundash bo‘lolmaysan.
— Nimaga?
— Nimagaki ering sen tarafda, chin kundashlik va chin dushmanlik Zaynab tarafda.
Kumush kulimsirab onasining qulog‘ig‘a shivirladi:
— Bu to‘g‘rida xotirjam’ bo‘ling.
— Nima uchun xotirjam’ bo‘lay?
— Agar Zaynab manga kundashlik qilabersa, kuyavingiz uning javobini bermakchi...
Shuning uchun ham manim bu yerda qolishim ma’qul.
— Javobini bersa, qaytib kelishlik qochmas...
— Man ketsam, — dedi Kumush, — hech qachon Zaynabka javob bermaydir.
— Nega bermaydir?
— Shuning uchunki qudachangiz kelinsiz qolaman deb orag‘a tushadir, ammo men shu
yerda bo‘lsam, albatta tiliga kaltak keladir.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:07

Oftob oyim hamon oyog‘ uzatmadi, qizig‘a yalinib ko‘rdi:
— Yosh joning bor, qizim, — dedi, — biravga yomonliq sog‘inma, man bilan birga ket,
nima qilishsa o‘zluk-o‘zi qilishsin... Zaynab ham umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘yg‘an.
— Siz tushunmay yotibsiz, — dedi Kumush va eshikdan oyog‘ tovshini sezib gapni shu
yerda to‘xtatdi. O‘zbek oyim so‘zlanib kirdi:
— Nega muncha shoshmoq, yov quvladimi, aqalli bir oy bo‘lsin... Marg‘ilon degan
yurtdan ot-otlab, tuya qo‘mlab1 kel emish-da bir oyg‘ina turmay ket emish! — Oftob oyim
bilan Kumush uning hurmatiga o‘rinlaridan turdilar. O‘zbek oyim o‘ltura-o‘ltura so‘radi. —
Hali eshitdinglarmi?
Eshitdik, — dedi Oftob oyim biz ham shuning mojarosida edik.
— Axir shu ham gapmi, xudda allakimlarga o‘xshab.
Oftob oyim uzr aytdi:
— Uyimiz yolg‘iz, shunchalik sizlarni ozor chekdirdik... Begona kishinikida ham yigirma
kun turayliq-chi... Xudda o‘z uyimizdek yayrab-yashnadiq, sharofatlaringiz soyasida ko‘b
kishilar bilan tanishdiq, izzat-ikromlaringiz ta’rifidan ojizmiz... Endi navbat sizlarning ham
bizning shaharlarga borishlaringizg‘a keldi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:16

— Bekor gap, — dedi O‘zbek oyim, — hali qudalarimizni muddaodagidek siylay
olg‘animiz yo‘q, shu holda jo‘natsaq bizning sha’nimizga yaxshi emas... Men qudamning
oldig‘a chiqaman, bizga nomus keltirmakchi bo‘lsa ertaga jo‘naybersin.
Oftob oyim takror uzr aytdi:
— Bizni uyaltirmoqchi bo‘lsangiz mayli, chiqing, agar xursandligimizga qarasangiz,
qo‘ying. Kumushingiz ham; shuncha turg‘animiz bas, endi Zaynabni olib oyimning o‘zlari
biznikiga borsinlar, deydi...
Ketish orasig‘a Kumush ham kelturilib siqilg‘ach O‘zbek oyimning haligi
odamgarchiliklari keyingi navbatka qoldi.
— Hali Kumush ham ketmakchimi?
Kumush kulimsirab onasig‘a qaradi. Oftob oyim uzr aytdi:
— Shukur, sizning oldingizda Zaynabnisa bor. Manim bo‘lsa qanot-quyrug‘im shu
Kumush. Ayniqsa, Kumushingizga javob bermasangiz bo‘lmas, oyi.
O‘zbek oyim Kumushka xo‘mrayib oldi:
— Yo‘q-yo‘q Oftobbonu, — dedi, — sizlarga javob bersam-da, Kumushka yo‘q.
— Shu galcha javob berasiz, men sizdan so‘rayman.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:23

— So‘zingiz yerda qoladir, buv Oftob, bir oz andisha ham lozim, — dedi va Kumushka
yuzini o‘girdi, — uyat emasmi, kelin? Kecha kelding surilib, bu kun ketkin burilib.
— Menda ixtiyor yo‘q, oyijon, — dedi Kumush, — sizlar nimani ma’qul ko‘rsalaringiz
menga baribir.
O‘zbek oyim boshi bilan keliniga rizoliq bildirib «barakalla» deb qo‘ydi. Oftob oyim
qizig‘a o‘qrayinqirab yer tegidan qaradi:
— Albatta Kumush nima ham desin? — dedi, Kumushning ham haligidek qololmaslig‘a
faqat meni ko‘zi qiymag‘ani uchun... bo‘lmasa albatta ketmas edi.
O‘zbek oyim bir gapdan toymay: «Ketish uyat, Otabek, uch yil qatnag‘anda qizingiz bir
yilgina Toshkandda tursa nima qipti...» kabi so‘zlarni o‘zgarishsiz bir maqomda aytilib
turg‘andan keyin Oftob oyim boshqa yo‘l tutmoqchi bo‘lib, Kumushni uydan chiqib turishka
buyurdi. Kumush chiqg‘andan so‘ng:
— Qizini menga qoldirishg‘a ayadi demang, oyi, — deb qo‘ydi, — munda boshqa
mulohazalar ham yo‘q emas...
— Ayting.
— Aytsam shuki, — dedi bechora ona, — Kumushingizning fe’li xo‘yi o‘zimga ma’lum:
erka o‘skan, lavzi tez, kundashlikka chidaydirgan siyoqi yo‘q, har kun Zaynabingiz bilan
g‘idi-bidi qilaberib sizni qiynab qo‘yarmikin deyman... Bir kuni kelganda onasi qurg‘ur bir
og‘iz aytmagan edi, deb mendan ranjirmikinsiz deyman... Tana buzoqning turqi tuqg‘anig‘a
tamg‘a deganlaridek, albatta menga ravshan... arazchi desangiz ham shu, ichi qoraliq
desangiz ham shunda...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:31

Shuncha to‘qumadan O‘zbek oyimning yuzida hech bir o‘zgarish sezilmadi:
— Albatta unaqa gap har kimda ham bo‘ladi, — dedi,— shukur, men bilan hoji otangiz
tirik bo‘lsaq, undog‘ gaplarga yo‘l qo‘ymaymiz. Zaynab bo‘lsa xudoning yaratkan maxluqi;
urish va araz degan gapni bilmaydir.
— Zaynabingizning fe’li albatta sizga ma’lum ekan, ammo men Kumushni sizga yaxshi,
deb aytalmayman.
— O‘z bolasini yomonlag‘uchini, — dedi kulib O‘zbek oyim, — men o‘z umrimda
birinchi martaba ko‘rdim... Undan ko‘ra bolamni senga ishonmayman, deb ayting.
— Nega ishonmayin, faqat qozonimdag‘ini sizg‘a suzib qo‘ydim...
— Nima bo‘lg‘anda ham Kumushka javob yo‘q.
— Xo‘b qolsin, — dedi Oftob oyim, joni kuyib asabiylashkan edi, — Kumushdan har na
yomonliq ko‘rsangiz mendan o‘pka qilmang.
— Qizingizg‘a yomonliqni o‘zingiz o‘rgatib ketmasangiz sizdan o‘pkam yo‘q.

Qayd etilgan