Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400099 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 53 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:40

Ikki quda havli yuzasiga tushkanda Kumush sahn bo‘ylab yurinib turar edi. Ular
Zaynabning uyiga to‘g‘ri kirdilar. Zaynab ularni qarshilab o‘tqazdi va achinish ohangida
Oftob oyimg‘a dedi:
— Qaytar emishsizlar, deb eshitdim. Birar oy ham turmas ekansizlar-da.
— Ancha turdik aylanay, buv Zaynab, — dedi Oftob oyim, — endi navbat sizlarning
borishlaringizg‘a qoldi.
Uchunchi so‘zni O‘zbek oyim oldi:
— Shuncha aytdim — bo‘lmadi, yov quvlaptimi bilmadim. Oppoq oyingga qolsa,
Kumush opangni ham birg‘a olib ketmakchi.
Zaynab bir turluk holga tushdi. Kuchlangandek qilib:
— Ular nega ketsinlar! — dedi.
Oftob oyim qudasig‘a qarab qo‘ydi:
— Ketmasa bo‘lmaydir, buv Zaynab. Bir chekkasi sizning es-hushingiz joyida, manim
Kumush opangizdan boshqa hech kimim yo‘q, qolsa-ku mayli, biroq meni Kumushsiz o‘ldi,
deng. Shunga qolg‘anda qayin onangiz bir oz tushunmay turiptilar.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:46

Zaynab yer ostidan qayin onasig‘a ko‘z yubordi. O‘zbek oyim hanuz tirtishib yotqan
qudasig‘a qarshi qizishdi:
— Qo‘ying-chi, — dedi, — besh-olti kun qizsiz turg‘an kishi bir narsa bo‘ptimi?!
— Siz tushunmayapsiz oyi... hali tag‘in dadasi biladilar.
— Men senga aytay, Zaynab, — dedi O‘zbek oyim va endi qudasining gapiga quloq
solmay qo‘ydi, — oppoq oyingning hamma mulohazasi sendanga o‘xshaydi. Zaynab
siqilmasmikin, ikki o‘rtag‘a sovuqchiliq oralamasmikin, deb qo‘rqadi. Men: Zaynab siz
o‘ylag‘an kelinlardan emas, tegu taxtlik, aslzoda, Kumushni siylamag‘anda ham bizni
siylaydi, — desam ham unamaydi...
— Meni xudo uriptimi, — dedi Zaynab.
Oftob oyim qudasining keyingi gapidan ancha siqildi. Go‘yo o‘zi Kumushni qoldirishg‘a
tarafdor bo‘lsa ham, faqat Zaynabning kundashlik qilishidan qo‘rqib turg‘andek ko‘rsatilgan
edi.
— Yanglishyapsiz, oyi.
— Yanglishsam, yanglishmasam Kumush bu uydan siljimaydir.
Oftob oyim bo‘g‘ilib, foydasiz tortishib o‘lturishni tark qildi. Endi bu to‘g‘rida eriga
murojaat qilmoqchi edi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:43:52

Marg‘ilong‘acha aravani Hasanali minadirgan bo‘ldi. Chunki Marg‘ilondan arava minib
kelguchi yollanilg‘an kishi bo‘lib, Toshkandga kelishning ertasi kuni hisobini olg‘an edi.
Qudalarning qaytishi chinga aylangandan keyin, yo‘l taraddudi boshlandi. O‘zbek oyim
bo‘g‘irsoq qovirtirish, talqon tuydirish, to‘qoch yopdirish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
Oftob oyim eridan ham qo‘lini yuvib qo‘ltug‘ig‘a urgan edi. «Hoji afandi birar yil tursin,
deb aytdi. Endi bir yilni o‘zimizcha ko‘rmasak bo‘lmas. Ikki oyog‘imizni bir etukka tiqishimiz
uyatka o‘xshaydir» deyishi va so‘zga quloq ham solmay — «mehmonxonada hoji bor, sen
bilan yo‘lakda ezilishib o‘lturolmayman, nomus!» deb burilib ketishi bechorani juda ham
esankiratib tashladi. Oxirda Otabekka ham murojaat qilib ko‘rdi. Undan ham asli maqsadni
hosil qilolmay, faqat ularnikidan jo‘yalikroq uzr eshitdi. Otabek qayin onasining fikriga
qisman qo‘shilib «Nima bo‘lsa ham besh-o‘n kun og‘irliqni manim uchun o‘z ustingizga
olasiz. Agar men sizning talabingizni ma’qul qiladirg‘an bo‘lsam, ayniqsa qizingizning
ko‘ngliga shubha keladir... Sizga aytkulugi yo‘q, bu to‘g‘rig‘a manim aralashmog‘im yaxshi
bo‘lmas. Kundash adovati borasidagi fikrlaringiz to‘g‘ri va lekin ish u darajalarga yetmas,
deb o‘ylayman... Juda bo‘lmaganda Kumushning o‘zini oldingizg‘a jo‘natarman, xotirjam
bo‘ling!» dedi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:01

Oftob oyim shu yo‘sun har tarafdan ham umidsizlanib, mengravsib qoldi. Kumushni
ko‘rgan sayin allanuchka yuragi achir, judoliq kunlarini aslo tasavvur qilolmas edi. Kumush
bo‘lsa, onasining hozirgi holiga aching‘andek, unga yaqinlashmay, chetlab yurar va ikkinchi
tarafdan Zaynabning bir yarim qarich osilib ketkan qovoq-dudog‘ig‘a istehzolanib tomosha
qilar edi.
Yo‘l hozirliklari bitib, O‘zbek oyimning Oysha kampirga atab tikdirgan sarupolari ham
bitdi. Bu kun mehmonlarning eng so‘nggi kechalari edi. O‘zbek oyim yarim kechalargacha
qudachasi bilan so‘zlashib o‘lturdi.
So‘ngra Oftob oyim bilan Kumushni yolg‘iz qoldirib o‘z uyiga yotqali chiqdi. Ona-bola
bu kechani birga kechirmakchi edilar. Oftob oyim qudasining ketidan qizig‘a hayfsinib1
qo‘ydi.
— Onangni firoq o‘tida yondirishdan uyalmading, qizim.
— Nega yonar ekansiz...
— Nega yonmayin axir, dunyog‘a kelib sendan boshqa ovinchog‘im bo‘lmasa... Agar
qo‘limdan kelsa achib va yonib turg‘an yuragimni senga ochib ko‘rsatar edim... Koshki edi
bir shaharginada bo‘lsang.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:08

Kumush onasining yuragidagi o‘tni hozir sinamasdan ham his etkan, chunki yigirma yil
o‘z quchog‘ida o‘sdirg‘an onadan ajralish uning o‘ziga ham og‘ir tuyulib boshlag‘an edi.
— Besh-olti oy... hech narsa bo‘lmas, oyi. Eson bo‘lsaq tag‘in ko‘risharmiz.
Oftob oyim ko‘z yoshisini duv to‘kib yubordi. Nachog‘lik o‘zini qattig‘ ushlagan Kumush
ham sirrini yashirolmadi... Ona-bola bir necha vaqt yig‘i ichida bo‘-g‘ildilar.
— Qolishg‘a-qolding, — dedi oxirda ona, — ammo qayin ota va qayin onalaringg‘a
xizmat qil, yaxshiliqni qo‘lingdan berma, ayniqsa, kundashingga yomonliq sog‘inma,
yaxshiliqdir, yomonliqdir har nimaiki o‘zlari qilsinlar, zinhor sen aralashma.
— Manim nima ishim bor...
— Albatta ishing bo‘lmas... Shundog‘ bo‘lsa ham men kechagi so‘zingdan cho‘chib
qoldim. Kunda-shingning ko‘rinishi bayovg‘a o‘xshasa ham, ammo o‘zi pismiq ekan...
Bunday odamdan albatta hazar kerak. Agar oralaringg‘a savuqchiliq tushadirg‘an bo‘lsa,
sen o‘chakishib yurma, yaxshisi qayin otangg‘a uzringni aytib, bu uydan ketish harakatini
qil. Men bu to‘g‘rida ering bilan ham so‘zlashib qo‘ydim, tuzikmi?
— Tuzik.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:22

— Xudoyg‘a shukr, qo‘lingda xating bor, o‘lg‘anning ustiga chiqib tepkandek xatxabarsiz
qo‘yma. Har bir o‘n besh kunda xat yozib eringga ber.
— Albatta, siz ham unutmang.
Bir oz jim qoldilar... Oftob oyim entikib og‘ir nafas oldi va ma’yusona Kumushka
qaradi. Kumush o‘rinsizcha onasig‘a qarab iljaydi. Bu o‘rinsiz ishdan Oftob oyim
achchig‘landi:
— Manim holim senga kulgimi, qizim?
— Yo‘q, — deb yana kulimsiradi Kumush, — bir-ikki kundan beri siz aytadirgan...
— Nima men aytadirgan?
— Axir... — deb qizarindi Kumush, — ko‘nglim aynar edi, deb aytar edingiz-ku...
Oftob oyimning ham yuzida bir kulimsirash ko‘rishdi:
— To‘g‘rimi?
— Bilmadim... — dedi, yerga qarab qizardi, — o‘tkan kundan beri ko‘nglim
aynagandek bo‘ladi... Ayniqsa palov isidan ko‘nglim ketadi... Achchig‘ narsalar yegim
keladi...
— Muborak bo‘lsin, — dedi Oftob oyim, kuldi. Kumush ijirg‘anib o‘zicha allanarsa
so‘zlandi. Oftob oyim engashib Kumushning qulog‘ig‘a shivirladi, — bu sirni eringdan
boshqa hech kimga bildirma, qayin onang ham yengil xotin, ayniqsa kundashing seza
ko‘rmasin.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:34

Kumush ma’qul ishorasini berdi. Ona-bola bir o‘rin yozib yotdilar. Ko‘b vaqtkacha Oftob
oyimning ivir-shiviri nabira to‘g‘risida bo‘lib qoldi. Ko‘ziga uyqu kelmay «shuni ham ko‘rar
kun bo‘larmikin?» deb edi.
Sahar paytida turib choy ichdilar. Subh namozini o‘qub, arava qo‘shildi. Aravaga
chiqadirg‘an mayda-chuyda tashilib bitdi. Ot jilovida Hasanali, arava yonida qutidor va hoji
so‘zlashib turar edilar. Otabek arava orqasig‘a narvoncha chiqarib qo‘ydi. Xotin-xalaj
hamma yo‘lakka yig‘ilib, Oftob oyim birin-birin kuzatkuchi xotinlar bilan ko‘rishib chiqdi.
Eng so‘ng Kumushni bag‘rig‘a bosib yig‘lab yubordi. Kumush ham o‘zini tutib turolmadi.
Boshqalar ham yig‘idan nasibasiz qolmadilar.
— Xudoyg‘a topshirdim, Kumush, qazom yetib ko‘ralmay o‘lsam, mandan rozi bo‘l!
— Siz ham, oyi!..
Qutidor ham ko‘chadan yo‘lakka kirib qizining manglayidan o‘pdi:
— Ko‘rishkuncha, qizim.
— Xayr, otajon.
Yo‘lakka Yusufbek hoji yuzlanib umumiy duog‘a qo‘l ko‘tarildi. Duodan so‘ng Otabek
to‘riq yo‘rg‘ani chiqarib qutidorg‘a tutdi. Oftob oyim yana bir qayta qizi bilan
quchog‘lashg‘ach, Otabekning ko‘magi bilan yig‘lag‘an ko‘yi narvonchadan aravaga mindi
va soyabon orqaliq olding‘a o‘tdi. Qutidor Yusufbek hoji bilan salomlashib
quchoqlashg‘andan keyin Otabekning qo‘ltig‘lashi bilan otqa mindi. Otabek ham aravaga,
Oftob oyim yonig‘a chiqib o‘lturgach, umumiy «Ollohu akbar!» dan so‘ng Hasanali otni
yo‘lg‘a soldi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:44

Kumush darboza yonig‘a chiqg‘an edi:
— Xayr onajon! Manim uchun buvimni quchog‘lab qo‘ying. O‘rtoqlarimg‘a salom
ayting!
— Xudoyg‘a topshirdim, Kumush, yaxshi qoling, quda!
— Yaxshi boring, buv Oftob!
— Yaxshi qoling, buv Zaynab!
— Yaxshi boring, opoq oyi!
Arava ko‘chadan burilg‘uncha «yaxshi qoling, yaxshi boring, salom ayting» so‘zlari
takrorlanib turdi. Arava katta ko‘chadan burilib, ko‘zdan yo‘qolg‘ach, eng keyinda qolib
yig‘lag‘an ko‘yi Kumush ichkariga kirdi. Otabek bir necha bekatkacha mehmonlarni kuzatib
borib, so‘ngra qaytmoqchi edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:44:56

14. XUSHRO‘YBIBI VA ZAYNAB

Xushro‘ybibi Zaynabning egachisidir. Mohirabonu-dan ikki o‘g‘ul va ikki qiz dunyog‘a
kelib, to‘ng‘uchi Azimbek, undan keyingisi Xushro‘y (yoshlig‘ida Xushro‘y o‘rniga Xushra der
edilar), uchunchisi Karimbek va to‘rtinchisi bizning Zaynab edi. Zaynab egachisi
Xushro‘ydan yetti yosh chamasi kichik edi. Garchi bu ikki egachi-singil bir qorindan talashib
tushkan bo‘lsalar ham, sajiya — xarakterda tanib bo‘lmasliq darajada bir-birlaridan farqlik
edilar. Sajiyadagina emas, surat va siymo vajida ham katta o‘zgaliklari bor edi.
Xushro‘y uzun bo‘ylik, qotmaroq va zarcha tanlik edi. Zaynab qisqa bo‘y, go‘shtdor va
oq tanlik edi. Xush-ro‘yning harakati yengil va lavzi tez edi. Zaynab loppos va o‘nta so‘zga
arang bitta javob qaytaradirg‘an edi. Xushro‘yning ko‘zi o‘ynab, har sekuntda o‘n yoqqa
alang‘lar edi. Singlisi bo‘lsa birav bilan betma-bet kelib so‘zlashqanida ham ko‘zini hamisha
bir nuqtadan uzmas edi. Xushro‘yga bolaliq chog‘idayoq uy ichi va qo‘ni-qo‘shni «shaddod»
deb ism berganlar, chunki ul kimdan bo‘lsa-bo‘lsin, aytkanini qildirmay qo‘ymas, agar
birarta ish uning tilagiga teskari ketsa shovqin-suronni xudda boshig‘a kiyib olar edi.
Shuning uchun Xushro‘yning ra’yini bilmasdan qozon osilmas, unga yoqmagan gapka og‘iz
ochilmas, ul bor joyda qadam ham sanalib bosilur edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:06

Zaynab egachisining aksicha o‘z yaqinlaridan «pismiq» deb ism olg‘an, onasi bo‘lsa
achchig‘i chiqg‘anda «ming‘aymas o‘lgur» deb uni qarg‘ar edi. Ayniqsa quyida zikr
qiladirg‘an holimiz bu ikki opa-singilning xarakteridagi farqlarini ochib ko‘rsatish uchun
yetadir:
Mohira oyim har bir hayitdan birar oylar ilgari eriga aytib bolalarig‘a kiyimlik oldirar
edi. Oldirg‘an kiyimlik Xushro‘yg‘a yoqmasa darrav yaramag‘anini aytib almashdirib
berishka dadasini majbur etar va ko‘nglidag‘ini hosil qilib tinchir edi. Ammo Zaynab bo‘lsa
o‘ziga kelgan kiyimlikka qarshi boshda bir narsa demas, kiyimlik bichilib va tikilib ham arafa
kunlari kelib yetkandan keyin hurpayib hech kim bilan so‘zlashmay qo‘yar edi. Mohira oyim
qizining birarta ishdan norozilig‘ini payqab «Ming‘aymas, pismiq o‘lgur, tag‘in nima jin urdi
seni?» deb so‘rag‘anida, Zaynab qovoq-dudog‘ini solib bir og‘iz ham javob bermas edi.
Nihoyat ertaga hayit degan kuni Zaynabning hurpayishi yig‘i bilan almashar va yig‘i orasi
maqsad ochilsa ham ko‘pincha natijasiz qolar edi. Birar joyga mehmondorchiliq uchun
boradirg‘an bo‘lsalar, Xushro‘y hammadan ilgari e’lon etar edi: «Men ham boraman!»
Albatta uni qoldirib ketish uchun endi hech kimda had yo‘q. Ikkinchi vaqt: «Men
bormayman!» Bu taqdirda uni bir qadam siljitilsin-chi! Ammo Zaynab onasi bilan yangasi
Hanifa bir joyga otlanadirg‘an bo‘lsalar, «boraman, bormayman» demas, ular ham
yig‘lamag‘an bolag‘a sut berilmas qabilidan indashmasdan mehmondorchilikka ketar edilar.
Kechqurun qaytib kelsalar bir burchakda Zaynab yig‘lab o‘lturipti:
— Nega yig‘laysan?
— Nega meni birga olib ketmadingiz...

Qayd etilgan