Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399742 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 54 55 56 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:14

Zaynabning shu fe’li balog‘atka yetib, erga tekkandan keyin ham o‘zgarmadi.
Otabekning Zaynabka bo‘lg‘an munosabatini o‘qu-g‘uchig‘a albatta so‘zlagulugi yo‘q.
Eri unga oylab, yillab qaramay qo‘yg‘anida ham ul ih deb tovush chiqarmadi. Otabekning
bu holiga qarshi chiqg‘uchi va Zaynabni yo‘l-yo‘ruqqa solg‘uchi yana faqat O‘zbek oyim
ediki, buning sababi ham izzatlik o‘qug‘uchimizg‘a bir daraja ma’lum bo‘lsa kerak. Sut bilan
kirgan jon bilan chiqar deganlaridek, O‘zbek oyimning o‘shal vaqtlardag‘i tashviqotlari ham
uning tarafidan faqat «kelinlik» majburiyati ostida qabul qilinar, masalan, qayin ona —
«falonchi domlag‘a borib mundog‘ qil, Zaynab», deb buyurmag‘uncha o‘rnidan qo‘zg‘almas
va shuning bilan birga erining tashlab qo‘yishi to‘g‘risida onasi, egachisi va boshqa
yaqinlarig‘a churq etib og‘iz ochmas edi. Zaynabning bu holiga hukman — «erining qarash
va qaramaslig‘i uning uchun farqsiz edi» deb aytish albatta to‘g‘ri bo‘lmaydir. Chunki
kundashining Toshkandga kelish xabarini eshitkan Zaynabni biz yuqorida Otabek
quchog‘ig‘a tashlang‘an holda ko‘rib edik. Xulosa, Zaynabning bolaliq vaqti bilan hozirgi
holini chaqishdirib qarasaq ko‘ramiz; yosh Zaynab bir oy ilgari tikilib qo‘yilgan kiyimning
o‘ziga yoqmag‘anini faqat arafa kuni aytib, yig‘laydir, bu kungi Zaynab o‘zining
muhabbatini eriga faqat kundashi kelib yetar oldida e’lon qiladir.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:25

Biz yuqorida yosh Xushro‘y bilan o‘qug‘uchini bir darajada tanishdirgan edik. Endi
uning oila hayoti bilan ham tanishdirishka majburmiz:
Xushro‘yning erga tegishi ham o‘ziga o‘xshash fav-qulodda bo‘lg‘an edi. Masalan
aksariyat qizlarimiz ota-ona kimni muvofiq ko‘rsa, shunga tegishka majburdirlar. Lekin
Xushro‘yniki mundog‘ bo‘lmadi. Xushro‘y o‘n sakkiz yoshka yetkandan keyin unga sovchilar
kela boshlaydirlar.1 Tabiiy Xushro‘yning fe’lini yaxshi bilgan ota-ona uning ra’yini olmasdan
turib bir ish qilmoqdan qo‘rqadirlar. Olim ponsadboshig‘a ma’qul bo‘lg‘an necha yigitlar,
Mohira oyimg‘a yoqg‘an qancha tegu taxtlik xonadonlar Xushro‘y tomonidan rad qilina
boradir. «Falonchining o‘g‘limi?» deb so‘raydir Xushro‘y va onasidan javob kutmay: «xudoy
ko‘tarsin erni. O‘shanga tekkanimdan ko‘ra, qaro yerga tekkanim yaxshi!» deydir. Bir
necha vaqt shu yo‘sun Xushro‘yning ra’yiga qarab er-xotin zerikadirlarda, o‘zlaricha bir
joyga qudalashmoqchi bo‘ladirlar. Ularning andishasini bilgan Xushro‘y boshda bunga
qarshi bir narsa demaydir. Ammo uzil-kesil fotiha o‘qub, qudalashish uchun uylariga kelgan
sovchi va quda xotinlarning oldilarig‘a kelib betlariga aytadir: «Hali men ersirab qolg‘anim
yo‘q, fotiha o‘qub tashvish chekmay uylaringga jo‘nay beringlar». Mohira oyim bu
yuzsizlikdan yer yorilsa yerga kirgundek bo‘ladir. Sovchilar ersa mundog‘ uyatsiz qizdan
alhazar o‘qushib jo‘naydirlar. Albatta ota-onaning bunga qarshi choralari qarg‘ish va
ranjishdan nariga o‘tolmaydir. Og‘asi Azimbekning Xushro‘y ustiga ko‘targan mushti ham
«nega meni urasiz, men falonlik qildimmi?» degan haqlik so‘z bilan darmonsizlanadir.
Shu voqi’adan so‘ng sovchilar oyoqi uziladir. Xush-ro‘y uchun hech kim og‘iz solmay
qo‘yadir. Chunki boyag‘i sovchilar bu favqulodda muomalani ko‘ringan biravga doston qilib
o‘quydirlar. Mohira oyim ta’naga til ochadir: «Endi dunyodan ersiz o‘tasan, qizim!»
Lekin Xushro‘y hanuz pinagini buzmaydir: «Er qurib ketkan emasdir, xohlasam
ertagayoq erga tega olaman», deydir.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:33

O‘rtadan bir necha vaqt o‘tib Azimbekning o‘rtoqla-ridan bo‘lgan Nusratbek otlig‘ bir
beknikidan xotin ustiga sovchilar keladir. Mohira oyim eridan fikr so‘rash o‘rnig‘a qizig‘a arz
qiladir va Xushro‘y munga qolganda quloq qoqmaydir. Bu roziliqni eshitib otasi va og‘asi
juda so‘yinishadirlar. Zero Nusratbek beklar ichida obro‘likroq kishining o‘g‘li va hozirgi
tutib turg‘an ishi ham ancha dong‘lik bo‘ladir. Shuning uchun uning xotinliq bo‘lish
kamchiligi ham e’tiborg‘a olinmaydir. Fotihaning ikkinchi haftasi to‘y-nikohlari bo‘lib,
Xushro‘yning Nusratbek bilan chodirda qilg‘an birinchi muomalasidan til biriktirib erga
tekkani xotinlarg‘a ma’lum bo‘ladir.
Xushro‘y chodirdan chiqmasdanoq choy tashib, xizmat qilib yurgan kundashiga
kesatuq bilan hujum boshlaydir. Ikkinchi va uchunchi kunlarda to‘ppa-to‘g‘ri kundash
ustiga sapchiydir. Hafta, o‘n kun o‘tmasdan erini o‘z tomonig‘a og‘ishdirib kundashi yonig‘a
kirgizmayoq qo‘yadir. Ikkinchi va uchunchi haftalarda o‘choqboshini o‘z qo‘lig‘a olib
kundashini ikkita yosh bolasi bilan tomoq vajidan ham siqa boshlaydir. Nusratbek bo‘lsa
ko‘chaga chiqg‘anda beklik da’vosini qilib, uyiga kirganda Xushro‘ybekka mute’. Bechora
katta xotin Xushro‘yning doimiy hujumiga mahkum qolib, eridan loaqal ikkita go‘daklari
yuzi uchun bo‘lsin marhamat ko‘rmay azoblanadir. Ikkinchi oylardan boshlab Xushro‘y
kundashini bo‘g‘ib urish odatini chiqaradir va o‘rim-o‘rim kundash sochini alafdek yulib
olishdan ham tortinmaydir.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:41

Tamom jonidan to‘ygan bechora kundash uchunchi oyg‘a chidab borolmay eridan
taloq so‘raydir. Noiloj Nusratbek ham unga javob berishka majbur bo‘ladir. Alamzada
bechora ikki go‘dakni eriga tashlab ketmakchi bo‘lg‘anida Xushro‘ydan ochiqchasig‘a shu
gapni eshitadir: «Itdan bo‘lg‘an qurbonliqqa yaramas! Bolalaringdan umidingni uzgan
bo‘lsang, itbachchalaringni bu uyda qoldir!» Xushro‘yning og‘zidan chiqg‘an bu tahdid
bechora onaning yuragini uyushdiradir. Darhaqiqat, Xushro‘yning bu ishdan ham
toymaslig‘ini aniq bilib, yig‘lay-yig‘lay bolalarini o‘zi bilan birga olib ketadir.
Xushro‘y uch oy ichida tomir yoyib qolg‘an bir oilani ildizi bilan yulqib tashlab
tinchiydir. Mundan boshqa Nusratbek kabi bir odamni ham o‘z ishoratiga qaratadir.
Endi yetti-sakkiz yil bor, ul o‘z kayficha yashab ke-ladir. Har narsadan ham mamnun,
biroq... Shuncha muddatdan beri ona bo‘lolmag‘anidan xafa, hamma qayg‘u hasrati ana
shu tug‘masliqda. Mundan ikki yilcha burun eri Nusratbek: «Olti yildan beri tug‘maysan,
ko‘r-satmagan tovuping qolmadi. Endi nima qilamiz?» deb kulgan edi, Xushro‘y erining
maqsadi nima ekanini payqab: «Bolasiz kishi dunyoda turolmaydirg‘an bo‘lsa, bir oz
zaharni boshlab sizga beraman, undan keyin o‘zim yeyman!» dedi. Shundan keyin
Nusratbek mundog‘ gapni ikkinchi gapirmay qo‘ydi. Darhaqiqat, Xushro‘yning bu so‘zini
hazil deb bo‘lmas edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:45:54

15. ESINI KIRGIZDI

 «Kundashlik uyda kunda janjal» deganlar. Albatta buni aytkuchi kishi o‘ylamasdan va
bilmasdan aytmagandir. Jilla, har kuni janjal bo‘lmag‘anda ham haftada, o‘n kunda bir
to‘polon chiqmasa albatta kundashni kundash, deb bo‘lmas. Nega desangiz, bizning ba’zi
bir kundashsiz, chiqitsiz oilalarda ham ikki, uch kunda tovoq-qoshiq sinib, tog‘ora
yangilanganini har qaysimiz bilamiz, bas, endi kundashlik oilalarimizga kelganda-chi,
albatta yuqoridag‘i — «kundashlik uyda kunda janjal» maqolini to‘g‘rig‘a, chinga
chiqarmasdan chora yo‘q.
Men — yozg‘uchi, «O‘tkan kunlar» hikoyalarini otam marhumdan necha qaytalab
eshitsam ham zerikmas edim, faqat bir joyigina meni zeriktirar edi. Bu kun men shu
«O‘tkan kunlar»ni qalamga olganimda ham o‘sha o‘zimni zeriktirgan faslini tashlab o‘tishka
majbur bo‘ldim. Darhaqiqat, o‘z oramizda kundash janjalini kim bilmasin? Arzimagan gap
ustida dunyo buzg‘an kundash to‘polonlari kimning qulog‘ig‘a yoqsin? O‘qug‘uchining
qimmatlik vaqtini ayag‘animdek, qalamni ham bu g‘idi-bididan ozod qilishni muvofiq
ko‘rdim. Meni kechirsinlar.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:47:12

Zaynab xafaligi oshqan kezlarda qarindosh-urug‘larinikiga yurib chigilini yeshar edi.
Uch-to‘rt oyning ichida ikki martaba egachisi Xushro‘ynikida ham mehmon bo‘lib ketdi.
Ammo hozirgisi uchunchi martaba kelishi edi.
— Nuchuk xudo yarlaqadi! — deb Xushro‘y singlisini qarshiladi. Sunbula1 oyining
mo‘’tadil havosiga qaramasdan Zaynab marjon-marjon terlagan edi.
— Nega muncha o‘zingni oldirib qo‘yding, Zaynab! Uyingdan tinchmisan, ering esonomon
yuriptimi?
— Qurib ketsin, — dedi Zaynab va ko‘ziga yosh oldi. Xushro‘y achinish o‘rniga kuldi.
— Kel, ayvong‘a chiq, — dedi, — oyimnikida eding-mi?
— Yo‘q.
— Uyingdan keldingmi?
— Ha.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:48:11

Xushro‘y singlisini o‘tqazib cho‘risiga choy buyurdi. Fotihadan keyin «pochcham eson,
omonmilar?» deb so‘rag‘uchi singlisiga:
— Pochchang o‘lsin! — dedi achchig‘lanib Xushro‘y,— Najmiddinbek deganning
dalasiga ketkan edi. To‘rt kundan beri dovu daraksiz, o‘ldimi, qoldimi — bilmayman.
Zaynab uch-to‘rt oyning ichida kishi tanimasliq holga tushkan edi. Ilgarigi to‘lalig‘ining
yarmisini yo‘qotqanidek tusiga qarimsiqlik kirgan, ko‘z harakatida ham bir besaranjomliq
zohir va bularning ustiga har qachon unda ko‘rilgan «og‘irliq» o‘rniga asabiylikka yaqin bir
vaziyat o‘lturg‘andek edi. Zaynab egachisining haligi gapiga rizosizliq bildirdi:
— Noshukur ekansiz, opa, — dedi, — pochchamdan nolishingiz yaxshi emas, sizning
ham boshingizg‘a manim kunimni solsa nima qilar edingiz?
— Men ham Zaynab bo‘lsam, albatta solar edi, — deb kuldi Xushro‘y, — menga qolsa
har kim o‘z nafsiga yaxshiliq yoki yomonliqni o‘zi hozirlaydir...
— Tavba deng, opa.
— Men shu choqg‘acha, — dedi Xushro‘y, — bandasiga bosh egishni va bandasi oldida
tavba qilishni or bildim va orlanishim orqasida har kimning ustida yurdim...
— Katta gapirmang.
— Katta gapirsam va gapirmasam, — dedi Xushro‘y,— manim fe’lim har kimga ma’lum
va hammadan ham senga ochiq... Qo‘ychi bu gaplarni, o‘zing tinchmisan?
— Tinchligim qursin...
— Aytsang, aytmasang, — dedi opasi, — albatta tinchliging qurig‘an.
— Quritg‘an qurisin...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:48:24

— Sening tinchlig‘ingni hech kim quritg‘an emas, Zaynab! Hamma jabrni o‘zingo‘
zingga qilayapsan!
— Hamisha shu gapni aytib qolg‘ansiz,— deb o‘pkaladi Zaynab,— dunyoda kim o‘ziga
jabrni xohlaydir?
— Sen va senga o‘xshag‘anlar.
— Xudo urar...
— Aytsang, aytmasang xudo urib qo‘yipti.
— Shunday kunlarga men qolay dedimmi?
— Degansan!
Zaynab opasining istehzolik yuziga qaradi va uning nima demakchi bo‘lg‘anig‘a
tushunolmadi:
— Degan bo‘lsam ayting...
— Sen manim qanday qilib erga tekkanimni bilasanmi?
— Bilaman...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:48:33

— Bilsang bilganingcha tur, — dedi Xushro‘y, — endi kelaylik sening erga tegishingga:
albatta tona olmassan, sening er qilishda tariqcha ixtiyoring va rizolig‘ing yo‘q edi,
ehtimolki ixtiyor nima, orzu nima o‘zing ham payqamas eding. Balki ixtiyor va orzularing
ham bo‘lg‘andir — biroq uni hech kim maydonda ko‘rmas edi. Shuning uchun tizgining
oying bilan dadangning qo‘lida, boshqacha aytkanda ularning tuyaga ortqan yuki, kimga
sotsa, qayerg‘a jo‘natsa ixtiyorsiz eding... Yodingda bormi, nikoh kunim men kulib,
chaqchaqlab aravaga mindim, sen bo‘lsang, uydan yig‘lab chiqding va eringnikiga yig‘lab
bording... Yaxshi, ering senga yoqdi, ammo ering faqat senga yoqqan bilan ish bitmasligini
yana xotiringga keltirmading. Ering seni tashlab qo‘ydi, sen churq etmading, istiqboling
to‘g‘risida o‘ylamading... Faqat g‘alvir suvdan ko‘tarilgandan so‘nggina, sen o‘zingni har
tarafka tashlay boshlading... Lekin endi bir ming toblansang ham natija o‘zingning
fe’lingcha— bitta: sening uchun har kun bir o‘lim yoki o‘sha uydan boshingni olib chiqish.
Xushro‘yning rahmsiz muhokamasidan oqg‘an bu haqiqatlar Zaynabni yig‘latdi.
— Men shunday bo‘lar, deb o‘ylamag‘an edim...
— Sen o‘ylashni bilarmiding? — deb kuldi Xushro‘y.
— Birav o‘lay desa, siz kulasiz!

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:48:44

— Men yig‘lashni bilmayman! Kishilar yig‘lag‘anda, manim kulgim qistaydir.
— Manim o‘rnimda bo‘lsangiz, siz ham yig‘idan bosh ko‘tarmas edingiz...
— Sening yeringda bo‘lsam bilasanmi nima qilar edim, Zaynab, — dedi Xushro‘y, —
dunyosini ost-ust qilar edim, bir tomchi yoshimni yuz tomchi zahar bilan qo‘shib tashlar
edim.
Zaynab keyingi gap bilan egachisining yuziga ko‘ta-rilib qaradi va Xushro‘yning yuzida
zolimona bir istehzo ko‘rdi.
— Yaxshi, — dedi Zaynab bir xil siniq tovushda, — hamma do‘stlaringiz sizga dushman
bo‘lsin, uch yildan beri sizning so‘zingizni aytib yoningizda kelgan qayin onangiz ham
dushmaningiz yonig‘a o‘tsin: hatto sizni tuqg‘an ota-onangiz ham «sabr qil, bolam!» deb
quruq so‘z aytib o‘ltursinlar... Bas, shu holatda siz yig‘lamay nima qilar edingiz?
Xushro‘y pinagini buzmay yana kuldi:
— Dushman o‘zi nima degan so‘z? — dedi, — men senga boya ham aytdim: kishining
dunyoda do‘sti yo‘q, magar nafsiga o‘zi do‘st; kishining dunyoda dushmani yo‘q, magar
nafsiga o‘zi dushman! Masalan sen o‘zing: otangg‘a, onangg‘a do‘stim, deb ishonding,
ammo ulardan nima yaxshiliq ko‘rding? Bu kun ularning «sabr qil, bolam!» deb bergan
kengashlari sening yarangga malham bo‘larmi? Albatta, bo‘lmas. Boshdayoq ering senga
qaramay qo‘ydi. Ammo sen qayin onangning va’dasiga va tag‘in allanarsalariga ishonding...
O‘zing o‘yla, bolani ona tug‘adir, lekin unga muhabbatni ham ona tug‘ib beradimi? Albatta
bu mumkin emas. Sen bechora shunga ham ishonding. Endi gap nima? Otang senga sabr
yediradir, qayin onang bo‘lsa kundashing duosida... sen bo‘lsang yig‘i quchog‘ida...

Qayd etilgan