Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399820 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 56 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:54:41

Hoji kulimsirab qo‘lidag‘i uch-to‘rtta oq tanga bilan bitta tillani Oybodoqqa uzatdi —
«Tangalarni o‘zing ol, tillani doyachaga ber!» dedi. Hasanali so‘yinchisini topshirg‘andan
so‘ng duog‘a qo‘l ochdi: «Olloh taolo umri bilan bergan bo‘lsin». Shundan keyin xotirjam’
bo‘lg‘an holda xuftanga ketdilar.
Otabek mehmonxonaga yaqinlashishi bilan chaqaloq yig‘isini eshitib ixtiyorsiz ichkari
havlig‘a tomon burildi va yo‘lakda onasig‘a yo‘liqdi. Qorong‘u bo‘lsa ham O‘zbek oyimning
tusidagi shodliq belgulari ochiq ko‘rinib turar edi:
— O‘g‘ul muborak bo‘lsun, bolam!
— O‘zi tetikmi?
— Tetik!
— Oldig‘a kiraymi?
— Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — chillalik uyga kechasi ko‘chadan kelib kirish yaxshi
emas... Ichkari kirsang to‘g‘ri Zaynabning oldig‘a bor. Dadang shundami?
— O‘zi?..
— O‘zi yaxshi, xotirjam bo‘l, — dedi O‘zbek oyim, orqasig‘a qaytdi. Otabek ketiga
burilib tashqari yo‘lak-dan kirguchi dadasi bilan Hasanali sharpasini oldi va o‘ylanib to‘xtadi.
Ayniqsa hozirgi paytda dadasi bilan to‘qnashish uning uchun bir oz o‘ngg‘aysizroq tuyulgan
edi. Shu yo‘sun bir muncha vaqt yo‘lakda turib, so‘ngra ichkariga tomon yurdi. Zaynabning
uyiga o‘tar ekan, bir necha qayta Kumush yotqan uy tarafka qarab oldi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:54:51

— O‘g‘ul muborak bo‘lsin!
Zaynab erini shu so‘z bilan kulib qarshiladi, Otabek ham kulimsirab «qutlug‘ bo‘lsin!»
deb qo‘ydi. O‘lturgandan keyin Zaynab o‘zicha kulindi:
— Haligi... — dedi. «Haligi» dan keyin aytadirgan jumlasini unutib qo‘ydimi yoki o‘ylab
qoldimi, nima bo‘lsa ham aytalmadi. Otabek uning og‘zini kulimsiragan holda bir oz kutib
«xo‘sh, haligi...?» deb so‘radi.
— Haligi...
— Uyog‘i?
— Oti qursin... ha, aytkandek, oshingizni yeysizmi?
— Yeyman.
— Sovib qolmag‘an bo‘lsa — shu.
Otabek ertadan beri hech narsa yemab edi.
— Qandog‘ bo‘lsa ham, — dedi.
Hozir Zaynabning chehrasi ochiqroq ko‘rinsa ham, ammo bu ochiq chehraning
zamirida uni jiddiyroq mashg‘ul qilg‘an yana bir gap bordek, ya’ni ko‘rinishdan shoshqanliq
va yo shuning singari bir hol uning shu ochiq chehrasi ostig‘a yashiring‘andek edi.
Zaynabning o‘n besh daqiqaliq muomalasida Otabek yuqorig‘i kabi «esdan chiqarish»
holatiga bir necha qayta uchradi va oxirda so‘ramoqqa majbur bo‘ldi:
— Nega holingiz parishon?

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:54:58

Zaynab kuldi:
— Nega parishon bo‘lsin.
— Manim ko‘zimga parishon ko‘rinasiz.
— To‘g‘ri, — dedi Zaynab, — qo‘rqdim...
— Nimadan qo‘rqdingiz?
— Tug‘ishdan...
— Qiynaldimi?
— Qiynalish ham gapmi, — dedi Zaynab, — o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaganingiz uchun
ishonmaysiz.
— Oyim mundog‘ demagan edi-ku?
— Sizdan yashirg‘anlar.
Otabekning yuragi juda uyushib ketdi. Hatto kundashini parishoni xotir qilg‘an bu gap
Otabekka qandog‘ ta’sir qilishi ko‘b tafsilga muhtoj emas. Bu to‘g‘rida Zaynabka yana savol
tashlab tafsilot olishdan qo‘rqdi, ham uzoq o‘lturolmadi. Choyini naridan-beri ichib, o‘runini
to‘shatib yotdi. Zaynab sham’ni o‘chirdi. Hali yotmoqqa vaqt erta edi — Zaynab Kumushlik
uyga — xotinlar oldig‘a chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:07

Otabek uxlash uchun yotqan bo‘lsa ham haligi gap uni ko‘z yumdirmay qo‘ydi, o‘ng,
so‘l, chalqancha yotib boqar edi. Lekin Zaynabning «qiynalish ham gapmi?» jumlasi qulog‘i
ostidan ketmas edi... Kumushning uyidan keti uzilmay kelib turg‘an xotinlarning g‘o‘ng‘irg‘
o‘ng‘iri ham uning uyqusig‘a xalal berar va ora-chora go‘dakning yig‘lag‘an tovshi ham
eshitilar edi. Bu ma’sum tovushqa qarshi unda bir xil yaqinliq — otaliq hissi qo‘zg‘alg‘andek
bo‘lsa ham, ammo boshqa qora xayollar ichida tez yo‘qolur edi. Shu yo‘sun ivir-jivir,
achchig‘ va chuchuk holat ichida uxlab ketdi. Bir-ikki kun miyonasidagi kechinmalar turlik
rang bilan uning uyquliq dimog‘ida akslana boshladilar... Cho‘chib uyg‘ondi... Yonida
Kumush... Zaynab yo‘q edi. Uyquliq ko‘zi bilan narigi uyga quloq soldi, hanuz boyag‘i
tovushni eshitdi va o‘ng yonini bosib ko‘rpaga burkandi, mundan keyin tinch uxlab ketdi...
Tush ko‘rar edi: «Chamanda gullar ochilg‘an emish... Bu gulshan uning o‘ziniki
emish... Ul rango-rang chechaklardan ko‘zini ololmas emish. Tevarakka kelgan yovdan xavf
bor emish... Xanjarini ushlab yovg‘a qarshi chiqg‘an emish... Yov qochqan emish... Yov
orasida onasi ham bor, otasi ham ko‘rinar emish... Qaytib chamanga kirsa bir sigir gulni
bosib, yanchib o‘tlab yurg‘an emish... Bu holdan o‘zini unutkan va qo‘lidag‘i xanjari bilan
sigirga yugirgan emish... Sigir emas — sariq sochlik albasti emish... Darmonsizlang‘an va
xanjari qo‘lidan tushkan emish... Dunyoni qorong‘uliq bosqan emish...» Cho‘chib uyg‘ondi
va o‘z yonida uxlab yotqan Zaynabni ko‘rdi. Haligi bosinqirashdan yuragi gup-gup urar va
vujudini ter bosqan edi. Sekingina o‘ng yonig‘a ag‘darilib havli tomong‘a qarab yotdi. Uning
ag‘darilishi bilan Zaynabning ko‘zi ohistag‘ina ochilib yana yopildi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:16

Vaqt saharga yaqin, tevarakdagi xo‘rozlar ketma-ket qichqirar edilar. Yaqin oradag‘i
objuvoz poyko‘pining zarbi yerni silkitib-silkitib to‘lqin berar edi. Narigi uyda yonib yotqan
sham’ nuri daricha tirqishidan milt-milt ko‘zga ilinur, ammo ship etkan tovush eshitilmas
edi. Ul qaytib uxlayolmadi. Kumushning kechagi qiynalishi to‘g‘risida xayollanib ketdi. Subh
azoni aytilib, sekin-sekin tong yorib bordi, mahalla masjididan ham azon tovshi kelgach, ul
tahorat olmoq uchun qo‘zg‘aldi.
Kumushning yonig‘a kirish qulay bo‘lsin, deb nonishtani Zaynabning uyida qildi. O‘zbek
oyim tarafidan kirish uchun ruxsat berilgan edi. Choydan keyin doyacha Kumush yonidan
bir oz vaqtg‘a chiqib turdi. To‘rga Kumush yotqizilg‘an, uning oyog‘ tomonida O‘zbek oyim
chaqaloqni ko‘tarib o‘lturgan edi. Otabek kirganda o‘zining siniqg‘an yuzi, ichkariga
botinqirag‘an ko‘zi bilan Kumush iljayib unga qaradi. Otabek tutilinqirab, «muborak
bo‘lsin!» dedi. Kumush javob o‘rniga uyalib yuzini ko‘rpaga yashirdi. O‘zbek oyim:
— Berganga qulliq bo‘lsin, o‘ltur, — dedi.
Otabek Kumushning bosh tomonig‘a o‘lturdi. O‘zbek oyim fotiha o‘qudi. So‘ngra
chaqaloqni Otabekka yaqinlashdirib, — toychog‘imning ko‘rmanasini chiqar, dadasi. —
Otabek qizarib bolag‘a qaradi, Kumush yuzini yana ko‘rpaga yashirib oldi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:25

— O‘zingiz tuzikmisiz?
— Shukur...
— Qiynalibsiz, deb eshitdim...
— Tug‘moq hazilmi senga, — dedi O‘zbek oyim.
Kumush Otabekni o‘ziga imladi va qulog‘ig‘a shivirladi: «sizning gunohingizga...»
— Xo‘rak qildingizmi?
O‘zbek oyim:
— Kechadan beri ichiga issig‘ kirgani yo‘q. Zaynabka aytay sutlik atala qilib bersin, —
dedi.
— Albatta! — dedi Otabek va onasig‘a bir tilla so‘yinchi bergandan so‘ng xotirjam’lik
bilan uydan chiqdi.
Tushlikdan keyin Otabek mehmonxonada kitob mutolaa qilur, dahlizda Hasanali
uzilgan ot asboblarini ulab tikar, Hoji masjidgami, boshqag‘ami ketkan edi. Shu vaqt
ichkaridan Oybodoq chiqib Otabek yonig‘a keldi:
— Bek, siz uyga kirib chiqar emishsiz, — dedi.
Otabek kitobni belguluk qilib yopdi:
— Tinchlikmi?
— Tinchlik... darrav kiring-chi!
Otabek Oybodoq bilan ketma-ket ichkariga kirdi. Zaynab rangi o‘chkan holda
Kumushning uyidan chiqib kelar edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:32

— Nima gap? — deb undan so‘radi Otabek.
— Bilmadim, — dedi, — opam ko‘ngillari aynab qusyaptilar...
Otabek eshik yonig‘a kelgandan so‘ng uydan bir necha xotin paranji yopinib chiqdilarda,
ul uyga kirdi. O‘zbek oyim jom ushlag‘an, Kumush jomga o‘qchib qusar edi.
— Nima bo‘ldi?
Kumush javob beralmadi.
— Bilmadim... boyatdan beri to‘xtovsiz qusyapti, — dedi O‘zbek oyim. Qusib
charchag‘an Kumush holsizlanib boshini yostiqqa tashladi. O‘qchib yoshlang‘an ko‘zlari
bilan eriga qarab oldi.
— Yoqmaydirg‘an xo‘rak bergansiz.
— Yoqmaydirg‘an hech narsa yegani yo‘q, — dedi onasi,— o‘sha ataladan boshqa
xo‘rak qilmadi. Undan ham yarim kosagina ichdi. Qolg‘ani ana tokchada...
O‘zbek oyimning gapi tugamasdan Kumush yana jomga intildi. Otabek uning boshini
tutdi.
— Tabib aytdiraymi?
— Aytdir. Manim ham ko‘nglimga shu kelib turgan edi.
Otabek Kumushning qusug‘i bitkuncha turdi-da, so‘ngra yugurib tashqarig‘a chiqdi.
Hasanali hanuz boyag‘i ishda edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:40

— Ota, siz yugurib tabibga boring-chi!
Hasanali ishini tashladi:
— Nima gap?
— Keliningiz boyadan beri qusar emish.
Hasanali tabibga yugurdi. Otabek qaytib uyga kirdi. Chaqaloqni Zaynab ko‘targan,
Kumush hamon qus-moqda... Kumush holsizlanib o‘zini yostiqqa oldi. Qovoq ostlari
ko‘kargan, yonig‘a kelgan Otabekka ham qaramoqqa majolsiz edi.
— Tuzikmisiz?
— Ko‘nglim.
Otabekning hamma badani titrab ketdi, shundog‘ bo‘lsa ham o‘zini qattig‘ ushladi:
— Qatiq ichirib ko‘rdingizmi? — dedi onasig‘a.
— Yo‘q.
— Qatiq buyuring!
Oybodoq qatiq keltirguncha Kumush yana jomga intildi. Bir-ikki o‘qchib qusqandan
keyin, Otabekning qo‘lidag‘i suv bilan og‘zini chaydi va piyoladagi qatiqdan bir-ikki ho‘plab,
o‘zini yostiqqa tashladi. Harorati kuchlik, yurak urishi favqulodda tez edi. Otabek uning
manglayini qo‘li bilan bosib ushlagan edi, bir oz tinchigandek bo‘ldi. O‘zbek oyim
burchakda bola ko‘tarib o‘lturgan Zaynabdan chaqaloqni olib, uni jomni to‘kib kelishka
buyurdi. Otabekni manglayida turg‘an qo‘li qizib ketib, ikkinchi qo‘lini almashdirishg‘a
majbur bo‘ldi. Manglayida sovuqliq his etib Kumush ko‘zini ochdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:55:47

— Ko‘nglingiz bosildimi?
Kumush javob o‘rnida yostiqdan qo‘zg‘aldi. Jom yo‘q edi. Otabek shoshib tokchadag‘i
xitoyi norin tovoqni oldi. Kumush qusdi. Bu gal qusuq boyag‘i qatiq aralash ko‘kimtil va
sarg‘imtil narsalar edi. Og‘zini chayg‘andan keyin Otabek qatiqni taklif qilg‘an edi, ichmadi
va o‘zini yostiqqa otdi...
Tabib keldi xabarini eshitib, Otabek jonlang‘andek bo‘ldi. Uy eshigiga jom ko‘tarib
kelgan Zaynab keyiniga qaytdi. O‘zbek oyim ham chaqaloqni ko‘tarib uydan chiqdi. Otabek
tabibning hurmatiga turishni unutib Kumushning manglayini bosqancha o‘lturar edi. Tabib
Otabekdan voqi’ani so‘rab bilgandan so‘ng Kumushning tomirini ko‘rib labini tishlab qoldi
va tovoqdag‘i qusuqni hidlab qaradi:
— Bu kun nima xo‘rak qilg‘an ekan?
— Atala.
— O‘sha taomdan bir oz qolg‘ani bormikin?
— Bor! — dedi Otabek va boya onasi ko‘rsatkan joydan kosani olib tabib qo‘lig‘a
berdi.Tabib kosadan barmog‘ig‘a bir oz elashdirib yaladi va darrav tuflab tashladi.
— Zahar ichibti!
Otabek sapchib ketdi, tusi qo‘rqunch holga kirgan edi...
— Bekor gap!

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:56:02

Tabib Otabekning hozirgi holatidan dahshatka keldi...
— Men hozir daf’i uchun doru yuboraman, — dedi va qo‘zg‘aldi. Otabek ham uning
bilan birgalashib o‘rnidan turdi:
— Zaharni kim beradi?
Nima deyishka ham hayron tabib:
— Man... man... o‘zingiz o‘ylab ko‘ring-chi... Man darrav doru yuboray, darrav ichiring,
tuzikmi? — dedi.
— Bildim, bildim! — dedi bechora Otabek. — Zay-nab, Zaynab, Zaynab... !
Yuboring, yuboring, darrav yuboring!
Tabib ketdi, Otabek telbalarcha yugurib Kumushning boshig‘a keldi, yuzini ochib
manglayini bosdi va o‘pdi... Kumush ko‘zini ochib kuch bilan so‘l qo‘lini erining yelkasiga
tashladi... Qo‘lida chaqaloq bilan O‘zbek oyim kirdi.
— Zaynabni chaqir, Zaynabni!
O‘zbek oyim tabib so‘zidan xabardor edi:
— Zaynab! Zaynab!
Zaynab yugurib uyga kirdi. Tusi murdadek oqarg‘an edi. Otabek Kumushni qo‘yib
yerdagi atalani oldi:
— Ich muni, ich !

Qayd etilgan