Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 400096 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 3 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:14:30

Oftob oyimning bu savoli o'zi uchun zararlik bo'lib chiqdi. Chunki qutidor, Yusufbek hojining qanday kishi bo'lg'anlig'ini, bu kunda qaysi ishda ekanligini va o'ziga bo'lg'an munosabatini mayda-chuyda tafsilotlari bilan so'zlab chiqib, so'zi oxirida:
— «Yigitning naslini aybsitib bo'lmaydir, to'g'risig'a ko'chkanda bu yigit naslan bizdan allaqancha yuqorida turadir»,—deb qo'ydi.

Oftob oyim endi ikkinchi turlik yo'l bilan ketdi:
— Uylanganmi, yo'qmi?
— Uylanmagan. Buni qaysidir bir majlisda uning qulidan eshitkan edim.
— Yoshi nechalarda bor?
— Ko'b bo'lsa yigirma besh yoshlarda bo'lur, bo'lmasa yigirma ikki-yigirma uchlardan oshkan emas.
— Nima majburiyatda bizga kuyav bo'lmoqchi, Toshkanddan qiz topilmag'anmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:14:37

— Topilsa ham yoqtirmas ekan, — dedi qutidor va o'ngg'aysiz holatda voqi'ani shipshitib chiqdi. Masalaning bu yanglig' boshlanishig'a va buning ustiga erining moyillanishiga Oftob oyim nima deyishni bilmay qoldi. Tuzik, erining maylini anchagina dalil va sabablarga suyanib bo'lgan bir mayl ekanini onglagan, kuyav buladirg'an yigitni uzlarig'a o'g'ulliqqa loyiq bir kimsa ekanini ham yaxshi tushungan edi, ammo hozir bu gaplardan ham ilgariroqda «musofirlik» masalasi turar; bir necha yillardan beri muvofiq kuyav izlay-izlay nihoyat Toshkandlik bir musofirga berish xo'rlig'i Oftob oyim uchun og'ir edi.
— Endi qanday kengash berasan, xotin?

Oftob oyim o'z fikrini ochiq aytishka yuraksina olmas, eri-ning ko'ngli olinishidan qo'rqar, ammo — «musofir» masalasiga jonu dildan qarshi edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:14:44

— Siz muvofiq ko'rgan bir ishka qarshi tushib, ra'yingizni qaytarolmayman,— dedi ko'b o'ylagandan keyin Oftob oyim,— chunki nima bo'lganda ham sizning otaliq ismingiz bor, ham ko'broq ixtiyor sizning qo'lingizdadir. Men albatta ko'zingizning oqu qorasi bo'lg'an yolg'iz qizingizni yaramas, bo'lmag'ir kishiga tutib berarsiz, deb bilmayman. Bu jihat bilan bu ishka rizolig'im bilinsa ham biroq qarshilig'im shundadirki, kuyav toshkandlik bo'lg'andan so'ng qizingizni o'zi bilan birga olib ketar va siz bilan meni yolg'iz bolamizdan ayirar... Bunga qolg'anda sizni bilmasam-da, ammo mening bunday judoliqqa sira toqatim yo'qdir... Mana shu tarafni yengilroq o'ylag'ang'a o'xshadingiz, jonim.
— So'zlaring to'g'ri, xotin,—dedi o'ylab qutidor,—lekin taqdir bitkandanmi, nimadan bo'lsa ham bu yigitka qarshi ko'nglim jizillab turadir. Bu fikrim senga ma'qul tushadimi, yuqmi, har holda biz endi uzoq o'ylashib o'lturmaylik-da, uz hohishimizcha qilib javob beraylik: masalan, sovchilarga rizolig'imizni bildirib, ammo Kumushni Marg'ilondan olib ketmaslikni shart qilaylik. Agar shartimizni qabul qilsalar yolg'iz bolamiz ikki bo'lib — ayni bizning muddaomiz; yo'q, qabul qilmasalar ul vaqtda kinalari o'zlaridan bo'lsin, mana bu maslaxatka nima deysan, xotin?
— Musofirlig'i?..
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:14:51

— Biz ta'nani kuyav qilmaymiz,—dedi qutidor,—bizga chin yigit kerak, xalq «musofirga berdi» deb so'z qilsa-qil-sin.

Oftob oyim eridagi maylni boshdayoq payqag'an edi, shuning uchun tilar-tilamas «o'zingiz bilasiz» javobini berdi. Javobni olib qutidor sovchilar oldig'a chiqdi va ma'lum shartni ularga e'lon qildi. Bu shartni Otabek ismidan Ziyo shohichi qabul etib qutidorni Otabekdek bir yigitni kuyav qilishi bilan tabrikladi va shu takallufsiz sovchilik ila umr savdosi bitkan hisoblandi. Ikki yoshnnng muhabbatlik, uvalik-juvalik bo'lishlarig'a duo qiling'ach sovchilarg'a zarrin to'nlar kiydirildi. Hasanali qutidorg'a o'zining minnatdorchilig'ini aytib tugata olmas, so'z oralarida uni duolar bilan g'ark etmakda edi.

— To'nlar muborak bo'lsin.
— Sizga kuyav o'g'ul muborak bo'lsin.

Qutidor ixlos va samimiyat bilan:
— Qutlug' bo'lsin,— dedi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:04

9. QARSHILASH

Bu kungi kutilmagan tun Hasanali otani gangitkan, uning keksa ko'zlari uyqu bilan tamom chaplashib olg'an edilar. Ul bu xabarni ertaga ertalab qaysi yo'sun bilan bekka bildirish yo'llarini o'ylar edi. Bu favqulodda suyinch xabarni bekning qaysi yo'sunda qarshilashini o'ylar edi. Bu xabarni eshitish bilan Otabekda ko'riladirg'an o'zgarishlarni, hollarni, harakatlarni... barchasini birma-bir ko'nglidan kechirar edi. Bu gapni eshitkach, haftalab hujra ichidan chiqmay yotkan bekni ko'chalarda, bozorlarda, qutidor uylarida shodlanib, ruhlanib yurganini ko'rar edi. Bu o'ylarni tugatkandan keyin uning ko'zlari uyqu sari yumila boshlab, qarshisig'a Otabek kelib to'xtar edi: «Ota, men sizning bu kilg'an yaxshilig'ing'izni sira unutmasman» deb minnatdorlik qilg'andek bo'lar edi. Hasanali uyg'onib ketar va qaytadan shu to'g'rida o'ylab boshlar edi: «Bechora. Suyganing tug'risida o'ylay-o'ylay boshlaring og'rib, ohlar tortib yotadirg'andirsan... Yordamching yo'qlig'idan umiding kesilib, xasratingni kimga aytishni bilmaydirg'andirsan. Qayg'irma begim, Hasanali otang u to'g'rida ham seni yodidan chiqarmadi... Bu kecha sening qayg'uliq kechalaringning eng keyingisi va oydinliq ham she'riyatlik tunlaringning arafasidir, begim».

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:13

Hasanalining kuzlari tag'in uyqug'a ketar, qarshisig'a Otabek bilan ko'hlik, ko'rkam bir qiz kelib chiqar va ikkisi unga qarab iljayishar edilar: «Bizning chin otamizsiz» degandek bo'lar edilar. Hasanalining yana uyqusi qochar edi.

— Yoshim oltmish to'rtka yetdi, o'g'ul-qizim bo'lmadi... Dunyodan charog'chisiz boraman... Darvoqi Otabek menga o'g'ullik qilmasmi, xotini menga qiz bo'lmasmi, ularning bolalari meni «bobo» deb ketimdan yugurmasmikinlar? Tuproq ostlarida unutilib yotqan kezlarimda: «Bir vaqt Hasanali otamiz ham bor edi», deb yodlasalar, yaxshilik bilan eslasalar yetar menga shu.

Tunlar uzoq, tongni otdirib, Otabekni quvondirishg'acha sabr chidamas, ko'z yumishg'a haligidek xayollar mone' bo'lar edilar. Shu yo'sun yarim uyqu holatda tongni otdirib so'yintirish soatlari ham etdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:19

Choydan keyin hujrasiga chiqib ketkan Hasanali kultug'ida bir narsa bilan kirib bek qarshisig'a o'lturdi. Otabekdagi sukut, xayol, fikr kabi holatlarni yulib, yulqib olib, ular o'rniga chechak donalari ekib, umid suvlari sepmakchi edi. Hasanali:
— Endi muborak bo'lsin, sizga,—dedi.

Otabek tushunolmay Hasanaliga qaradi. Hasanali iljaygan ko'yi qo'ltug'idag'i zarrin choponni olib sandal ustiga qo'ydi.
— Bu qanday chopon?— deb so'radi bek.
— Muborak bo'lsin, dedim-ku.
— Nima muborak bo'lsin?
— Sizga iffatlik va sevimlik rafiqa bilan qutidordek qayin ota. Hasanaliga kelin.

Otabek qiziq holatda qoldi: bir turlik titrab ketdi, ko'z-lari qinidan chiqar darajaga yetdi. G'ayriixtiyoriy qo'zg'alib o'lturgandan keyin so'radi:
— Bu nima degan so'zingiz?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:26

— Nima deganimni so'ramangiz va deganimga ishonaberingiz, — dedi kulib Hasanali, — men sizni qutidorning qizig'a uylandirishka qaror qilib, qarorimni ham bu kun kechasi Ziyo shoichi bilan amalga oshirdim... ya'ni qutidorning qizig'a sizning uchun unashib keldik.

Otabek gangib, shoshib so'radi:
— Qaysi qizig'a unashib keldingiz?
— Qutidorning yolg'iz qizig'a, — dedi Hasanali, — bundan xotirjam' bo'lingiz, bek. Ziyo shohichi ertalabki choyni ichib borarman degan edi, biz uning bilan hali to'y kengashlarini qilamiz.

Otabekning tusida hursand va xafalig'i majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga qarshi tushmaganidek, so'yinchini ham oshkor qilmadi...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:32

* * *

Kumushbibi uyqudan turib, favqulodda bir holga uchraydir:
— Bir kechada hammaning tushiga «to'y» kirib chikg'an.

To'y uchun yangi ko'rpalar qoplamoqchi bo'ladirlar, par to'shaklar olmoqchi bo'ladirlar, kuyav uchun qanday kiyim yarashmog'i ham bahs qilinadir. Oftob oyim eriga oltin kamar olmoqqa buyuradir... Tavba, demay chora yo'q: Oftob oyimlarning kuyavlari kim, qaysi qizlarini erga beradirlar, ularning Kumushdan ham boshqa qizlari bormi?— Ularning qizlari yolg'iz, demak Kumush erga beriladir... Tushunarlik gap emas:
— Erga kim tegadir?
— Kumush.

Kumushbibi kuyavni yoqtiradirmi, yo'qmi? Bu to'g'ida uning fikrini bilish kerakmi, emasmi? . — So'zlash ham kerak emas, bildirish ham.
— Nega?

Chunki odat shul! Kumush ota-ona yoqtirg'an kishiga rozi bo'lish uchun majbur!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:39

Kumushbibi kuyavning kim bo'lg'anlirini To'ybekaning shu so'zlaridan so'ng payqab oldi:
— Mana bekachim,— dedi kulib To'ybeka.— To'ybeka opangni sen hech narsaga sanamaysan. Biroq uning nafsilamrda karomati bor. Opang bir narsani tiliga va yo ko'ngliga oldimi, darrav farishtalar «omin!» deydirlar. Anovi kungi yosh mehmonni senga maxtasam achchig'landing, ammo kelib-kelib bu kun seni o'shanga berdilar... Endi mundan keyin To'ybeka opangg'a ixlos qo'y, beka-chim!

Bu xabarni eshitkuchi Kumushbibining qora ko'zlari jiq yoshg'a to'lib, kipraklari yosh bilan belandilar.

— Yig'lama bekachim,—dedi To'ybeka,—biz bilamiz sizning ko'z yoshlaringizning nimaga ekanin: erlar suyinganda kulsalar, sizga o'xshash qizlar yig'laydirlar; sizning yig'lag'aningiz—quvong'aningiz... Meni erga berganlarida senga o'xshash men ham yig'laran edim, ammo ichimdan nikoh kunining tezroq kelishini kuta-kuta o'lgan edim.
   

Qayd etilgan