Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399737 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 4 5 6 7 8 9 10 11 12 13 14 ... 62 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:46

— Toqatim tugadi, opa,—dedi Kumush,—ortiq so'zlamangiz.
— So'zlamayman,—dedi To'ybeka,—lekin sirasini so'zlayman... Oh, ko'rsang edi bir kuyavni. Qanday chiroylik, qanday aqllik ekanini bilar eding, bekachim. Yulduzingiz nax bir-biringizga to'g'ri tushkan ekan, ikkingizning ham bir-biravingizdan kamligingiz yuq.

Kumushbibi ortiq chidalmadi, qo'rqunch bir tovush bilan xayqirdi:
— Oh, o'laman, ko'b so'zlama!

Kumushning bu tovshig'a Oftob oyim bilan Oysha kampir uydan yugurishib chiqdilar:
— Nima bo'ldi, nima bo'ldi?

Kumushbibi onasi bilan bibisining uydan chiqishlari ila boshini sandalning ko'rpasiga burkab, yotib oldi. To'ybeka juda qo'rqqan edi:
— Qallig'i to'g'risida so'z ochkan edim, men bilan urishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:53

Oftob oyim To'ybekani qarg'ab berdi:
— Sen aqlsiz o'lgur, Kumushni uyaltirg'ansan! Tinch yursang seni birav bir nima qiladimi? Bor, ishingga bor!

Onalar Kumushning bu xayqirig'ini uyalg'ang'a yo'ydilar-da, yana uyga kirib bisot kavlashka, to'y hozirlig'ini ko'rishka mashg'ul bo'ldilar.

Kumushbibi bir necha fursatkacha shu ko'yi burkanib yotdi. So'ngra o'rnidan turib tashqari havliga qarab ketdi. Kub yig'lag'anliqdan ko'zlari qizarg'an, qovoqlari shishkan, yuzlar bo'rtqan edi. Ammo bu o'zgarishlar uning husnini, latofatini bir zarra ham kamitmay balki, o'n qayta oshirg'an edilar. Tashqarig'a chiqg'andan keyin ayvonning tumshug'ig'a kelib o'lturdi va o'ng qo'lining kaftiga yuzini olib fikrga toldi. Shu holda uzoq qoldi. Shundan keyin ul qo'lini yuzidan bo'shatdi-da, entikib dam oldi va kimnidir izlagandek, kimnidir kutkandek tevaragiga qarab quydi...

— Ariq bo'yi, sirlik ariq bo'yi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:15:59

Yoshlik ko'zlar ariq bo'yig'a tushib, nozik oyoqlar ariq bo'yi tomong'a harakatlandilar. Ul ariq bo'yiga etkach, ma'lum o'ring'a sakrab o'tdida, cho'nqaydi. Bir hovuch suv olib yuzidan to'kib tushirdi va ohistagina yo'lak tomong'a qarab olgandan keyin suvning oqishig'a ko'zini tikdi. Kumushning dardini hech kim bilmas uning xayoliga hech kim tushunmas, magar shu ariq bo'yi tushungandek, bilgandek... Sirlik ariq bo'yi unga nimalarnidir so'zlar, undan nimalarnidir tinglar, bunga chetdan hech kim voqif bo'la olmaydir-da, bo'lmog'i ham mumkin emas.

Ko'zlaridan oqqan marvarid tomchilarini shu sirlik ariq suvi bilan yuvdi, bir martabagina yuvdi emas — qaytalab-qaytalab yuvdi. Boyag'i achchig'idan bir muncha tinchlanib, ko'z qizilliklari ketkan holda bitta-bitta bosib ichkariga qaytdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:11

10. TO'Y, QIZLAR MAJLISI

Qutidorning tashqarisig'a er mehmonlar, ichkarisig'a xotin mehmonlar to'lg'anlar, ular quyuq, suyuq oshlar, holva, nisholdalar bilan izzatlanadirlar. Tashqarida bir qo'sha sozandalar dutor, tanbur, g'ijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib shaharning mashhur xofizlari ashula aytadirlar. To'y juda ham ruhlik...

Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytkanda, ular qum-tuproqdek ko'b, biroq majlisning borishida tartib yo'q, havli yuzi va uylar xotinlar bilan to'lg'an, qaysi havli yuzida bir tovoq oshni yeb o'lturadir, kim yig'lag'an bolasini ovitish bilan ovora, birav yor-yor o'qub, tag'in bittasining quvonchi ichiga sig'may xaholab dunyoni buzadir, xullas bag'-bug' yetti qat ko'kdan oshadir...

Oftob oyim qayg'uliroq, tusi bir oz siniqqan sumon... Mehmon kutib charchag'anidanmi, nimadan bo'lsa ham juda kalavlagan, Ba'zan qiladirg'an ishidan ham yanglishib ketkani, masalan, uyga kirmakchi bo'lib tavanxonaga kirib kolg'ani ko'riladir. To'yga kelgan xotinlarning «To'ylar muborak, kuyav o'q'ul muborak!» deb surashlariga ham ishonchsiz bir ohangda «Qutlug' bo'lsin», deydir.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:18

Oftob oyim donxonaning eshigidan turib xotinlar orasidan kimnidir o'z yonig'a chaqirdi. Yoshi ellidan oshqan, kulgusi ichiga to'lib toshqan bir xotinni duvurdan chiqib, o'ziga qarab yurganini ko'rgandan keyin donxonag'a kirdi. Xotin ham ichkariga kirgach, Oftob oyim eshikni qiya bekladi-da, qayg'uliq bir boqish bilan xoting'a qaradi.
— Nega qayg'uliq ko'rinasan, Oftob?

Oftob oyim uzoq tin olib eshikka qaradi va yarimtovush bilan:
— Shu choqda ichimg'a charog' yoqsalar ham yorimaydir-da, egachi,— dedi va ko'ziga jiq yosh oldi.
— Nega?
— Qizim to'g'risidan...
— Qizingg'a nima bo'ldi?
— Unashilg'anig'a bu kun yettinchi kun,—dedi Oftob oyim,— shundan beri Kumushingiz tun ham yig'laydi, kun ham, sababini so'rasam sira javob bermaydir-da, do'lonadek ko'z yoshisini qila beradir. Bu kun tag'in yig'isi oshib tushdi. Haytovur yalinib, yalpog'lanib arang hammomga yubordik.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:25

Xotin Oftob oyimning bu gapidan hayron bo'ldi va o'ylab so'radi:
— Nimabalo, kuyaving ko'rksizmi?
— O'zim ko'rmadim,—dedi Oftob oyim,—ammo ko'rguchilarning so'zlariga qarag'anda o'xshashsiz ko'rkam, tengsiz aqlli bir yigit emish... Otasining o'zi yigitni yaxshi ko'rib kuyav qilg'an edi.
— Kumushning o'zi yigit to'g'risidan hech narsa bilmaydirmi?
— Biladir,—dedi oyim,—uning oldida biz jo'rttaga kuyavni maxtashamiz, lekin bu maxtovlarni eshitgusi kelmay, qaytag'a yig'isinig'ina ortdiradir.

Xotinning ham bu gapdan hayrati ortdi va bunda qanday sir borlig'ig'a aqli yetmadi. Oftob oyimni yupatish uchun o'tkan-ketkandan va boshda yig'lab erga tekkan qizlarning chimildiqda yigit bilan apoq-chapoq bo'lishib ketkanlaridan hikoya qildi:
— Qayg'irma Oftob,— dedi,— kuyaving bunchalik suluk bo'lsa, gap-so'zda tengi bo'lmasa, hali chimildiqda qizingning pechak guldek (chirmovich o'ti) bo'lib eriga chirmashkanini ko'rarmiz.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:32

— Oh, opajon,—dedi, umidsizcha oyim,—manim bunga ko'nglim chopmaydir.
— Chopsin, Oftob. Men bunday yig'lok qizlarning ko'pini ko'rdim, shunday qizlarning uyalmay-suyalmay chimildiqda xatto yigitdan ham ortdirib harakat qilg'anlarini ham ko'rdim, sening qizing ham shularning bittasi, qayg'irma Oftob.
— Ilohi shunday bo'lsin-da.
— Bo'ladi-bo'ladi,— dedi kulib xotin,— shoshmachi, Oftob. Agar qizing men aytkandek o'zgarib ketsa menga nima berar eding?
— Sizga bosh-oyog' kiyim.
— So'zingdan qaytma, Oftob. Pechak guldek bo'lib eriga chirmashkanini ko'rarmiz hali, xudo ko'rsatsa, bor, o'ynab-kulib mehmonlaringni kut!..

Shundan keyin ikavi donxonadan chiqib xotinlar orasig'a kirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:39

* * *

Qizlar majlisi — gullar, lolalar, to'tilar, qumrilar majlisi! Bu uyda — Kumushbibining tog'asining uyida qizlar maj-lisi, gullar majlisi!

Bu uyga o'ttuz-qirq chamaliq qizlar yig'ilg'anlar, yig'ilishdan maqsad: qizlar o'zlarining eng latif, eng go'zal bir a'zolarini bu kun xotinliq olamiga uzatmoqchidirlar. Bu uzatish majlisini jonlik, ruhlik o'tkazmak uchun barcha qizlar o'zlarining eng asil, eng nafis kiyimlarini kiyib, favqulodda yasanib, husn olamini yana bir qat, yana bir qayta bejabdirlar. Agar bu uyga kirib, bu majlis a'zolarini bir martaba ko'zdan kechirsangiz,. hozirdanoq aytib qo'yish mumkinki, albatta esingiz chiqib ketar:

Bu gulmi, ko'xlik? Yuq narigisi! Undan ko'ra bunisi! Barisidan ham uttasi!.. Ana shunday qilib esdan ham ajrarsiz, gul tanlashda bir qarorga kelalmay el ichida kulgiga ham qolursiz, rasvo ham bo'lursiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:46

Mana, majlis a'zolari shunaqangri bir-biravidan o'toq malaklar, parilar edilar. Majlisning shoiralari, o'yinchilari, childirma va dutorchilari—barchasi ham hozir bo'lib faqat Kumushbibigina hammomdan qaytmag'an edi. Shuning uchun majlis ochilmag'an, ochilsa ham ruhsizroq, Kumush kelgach, majliska ruh kirishiga barcha ishonadir va uni to'zimsizlanib kutadir.

Kimdir, oradan bittasi «kelishdi!» deb yubordi. Barcha qiz-lar uyning darichasi yonig'a uymalashib havliga qaradilar. Chindan ham ul yonida ikki yangasi bilan kelgan edi. Shu choqda bizga Otabek kerak edi! Nega desangiz ul kelsin edi-da, suyganini bir ko'rsin edi; hammom bilan ul... faqat jongina so'raydir, majruh ko'kslarga o'qqina otadir... Boshdag'i oq shohi ro'ymol, ichdagi oq shohi ko'ynak, ustdagi oq kumush zarrin sirilgan po'stin, baqbaqalarni o'rab o'pib turgan yoka qunduzlarining kelishkani, solinib tushkan qora jinggila sochlarning bo'yin tevaragiga chirmashkani, xom nuqra yuzlarning bo'g'riqqani...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 04:16:56

Yangalar Kumushni havlidan turib qizlarg'a topshirdilar:
— Mana Kumushbibi — sizlarga, qizlar! Kumushning ko'nglini yaxshilab ochinglar, qizlar!

Ikki-uch qiz chopib havlig'a tushdilar-da, Kumushbibidan paranjini olib uyga boshladilar. Yangalar Kumushni qizlarg'a topshirib ketdilar. Havli er va xotindan bo'sh, yolg'iz qizlarg'ag'ina xoslanib qoldi.

Kumushbibi boshlag'uchi qizlar bilan uyga kirdi, undan ongqan atir islari bilan uy to'ldi. Qizlar o'zlarining bir turlikkina so'zlashishlari bilan Kumush ila ko'risha boshladilar:
— Esonmisiz, sarupolar muborak?

Kumushbibining qizlarg'a bergan javobi eshitilar, eshitilmaslik edi:
— Qutlug'...
   

Qayd etilgan