11. KUTILMAGAN BAXT
Kumushbibidan vakolat olish ham juda qiyin bo'ldi. Domlaning: «Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi nafsingizni toshkandlik musulmon Otabek Yusufbek hoji o'g'lig'a bag'ishlamoqning: «Sizkim Kumushbibi Mirzakarim qizi nafsingizni topshirdingizmi?» degan so'rog'i olti, yetti qaytarilg'andan keyin, shunda ham yangalar qistog'i ostida arang uning rizolig'i olindi.
Kechki soat beshlarda qutidorning havlisi to'rt ko'z bilan kuyav kelishini kutadir. Kuyav uchun palovlar, quyuq-suyuq oshlar necha turlik ne'matlar hozirlanib, bular ham kuyavning intizorida turadirlar. Nihoyat soat besh yarimlarda kuyav keldi. Yigirma-o'ttuz chog'liq yosh yigitlar — Rahmatning o'rtoqlari, ular orasida Otabek — kuyav ko'rindi: boshida simobi shohi salla, ustidan qora movut sirilgan sovsar po'stin, ichida o'zining Shamayda tiktirgani osmoni rang movut kamzul, movut shim: oyog'ida qalapoy afzali, belida Kumushbibining usta qo'li bilan tikilgan shohi qiyig'... Yuzlar qizil, og'iz irpaygan, ko'zlar o'ynab allakimni qidiradir. Oshlarini yeb bo'lsalar ham jo'rttaga kuyav ko'rish uchun o'lturg'an mahalla kishilari bir-birlarini turtishib: «Tuzuk-tuzuk, kuyavlikka arzigundek, chaki chakkiga tushmapti, olmayu-anor» deyishdilar. Tomda kuyav kutib o'lturg'an xotinlar ichidan Oftob oyimning egachisi oshiqib singlisi yonig'a tushdi-da: «Oftob, darrav isiriq hozirla, kuyavingni yomon ko'zdan o'zi asrasin!» dedi. Qutidor eshik ostida qo'l qovishtirib mehmonlarni kutib oladir, yer ostidan kuyaviga ko'z qirini tashlab, kishiga sezdirmay o'zicha kulisirab qo'yadir. Mehmonxona ayvonida oq soqolliq, ko'rkam siymo va og'ir tabi'atlik domla bilan? Ziyo shohichi, Hasanali, qiz vakili va tag'in bir necha kishilar o'lturadirlar. Yigitlar kuyavni domlalar qarshisig'a kelturib» to'xtatkandan keyin Otabek vakili bo'lg'an Ziyo shohichi bilan Kumush qiz vakili Muhammadraxim oralarida mahr masalasi ochiladir. Ko'b tortishqandan so'ng quyidag'i mablag'lar mahr qilib belgulanadirlar: uch yuz oltin pul, mundan keyin olib berish va'dasi bilan Marg'ilondan o'rdadek bir havli, sog'ish uchun sigir, asbobi ro'zg'or...