Abdulla Qodiriy. O'tkan kunlar (roman)  ( 399619 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 57 58 59 60 61 62 B


shoir  29 Noyabr 2006, 07:56:14

Zaynab orqag‘a tislandi... Otabek kosani unga otdi... Zaynabning kiyimi atala bilan
belandi. Shuning ustiga dahlizdan Yusufbek hoji ko‘rindi.
— Ket , ket! Taloqsan, taloq!
«Taloq» so‘zini eshitkan Kumushning ko‘zi yarq etib ochilib, yana yumildi... Hoji
voqi’ani tabibdan eshitkan, shuning uchun hozirgi fojia’ sahnasidan ajablanib turmadi.
— Chiq, Zaynab, chiq! — dedi ul ham, — la’nat sendek xoting‘a!
Zaynab chetlanib uydan chiqdi... Hoji Kumushning boshig‘a kelib o‘lturdi. Otabek va
onasi oyog‘ ustida edilar, Kumushning ko‘zi yumiq, sochlari yuzi ustida parishon edi. Hoji
o‘z qo‘li bilan sochlarni tuzatib Kumushning ko‘kimtil tovlang‘an yuzini ko‘rdi va manglayini
bosdi...
— Oyim... Oyim!.. — dedi hoji. Kumush ko‘zini ochib besaranjom unga nazar tashladi
va tanib... qo‘zg‘almoqchi bo‘ldi.
— Qo‘zg‘almang, oyim... qo‘zg‘almang!
Kumushning ko‘z yoshisi chakkasidan oqib tushdi... Hoji ham o‘zini to‘xtatolmay,
Kumushning yoshini artib, boshini siladi:
— Xudo shifo berar, bolam!
Kumush jomga qo‘zg‘aldi, Otabek kelib qo‘ltiqladi, hoji ham uning boshini tutdi... Bu
gal qusuq qong‘a aylangan edi, burnidan ham bir necha tomchi qon oqdi... Qusub
yotg‘ach, ko‘zi yarqillab ochilib ketdi va tevaragiga betoqat qarandi:
— Oyi... dada... — so‘ngra, — begim, — deb ingrandi... Erining yuzini yuziga qo‘ydi,
uyalg‘ansumon ko‘zini yumdi...

* * *

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:56:21

Ertasi kun dafn marosimi bo‘ldi. Janozag‘a Toshkandning har bir mahallasidan deyarlik
kishilar ishtirok qildi. Faqat maqtulaning eng yaqinlarig‘ina bu tantanaga yetib kelalmadilar.
Bechora ona, bechora ota!..
Uchunchi kun ular ham kelib yetdilar... Ularning hozirgi holini tasvir etish mumkinmi?!
Yettinchi kun xatmi qur’on qilinib xalqg‘a osh berildi va shu munosabat bilan
chaqaloqqa «Yodgorbek» deb ism qo‘yildi.
Kumushning yaqinlarig‘ina emas, balki foji’adan xabardor bo‘lg‘an shaharning kattakichigi
Zaynabka beriladirgan jazoni erta-kech kutmakda edilar. Biroq foji’aning o‘ninchi
kunlarida Zaynabning jinni bo‘lib, ochiq ko‘yi ko‘chada yurgan xabari va og‘asi tomonidan
ushlanib kishanga soling‘an mojarosi eshitildi. Zaynabning jununi qozilar va tabiblar
tarafidan ham tasdiq etilgach, uning ustidagi jazo ko‘tarildi. Darhaqiqat, aqldan ozib
ko‘chalarda ochiq kezish va kishanga tushishning o‘zi ham Zaynab uchun kichkina jazo
hisoblanmas edi.
Foji’aning yigirmanchi kunida yana xatmi qur’on qilinib, butun yurtka osh berilgandan
so‘ng, bechora bolu paridan1 ayrilg‘anlar Marg‘ilong‘a qaytish harakatiga tushdilar.
Yodgorbek ham Oftob oyimning quchog‘ida ketmakchi, uning olib ketilishiga qarshi hech
kim yo‘q edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:56:30

Eng keyingi vido’lashish kuni yetdi. Otabek, qutidor va Oftob oyim (...) qabristonining
ikki tup qurig‘an chinor yog‘ochi orasig‘a turg‘uzilg‘an yangi xishtin sag‘ana qarshisida
to‘xtadilar. Sag‘ananing o‘ng boshidag‘i toshdan o‘yib yasalg‘an lavha ko‘zga chaqilib turar
edi:
La ilaha illa-ollohu Muhammadu-rasul-ulloh
Hazihil markadul munavvaratu lil mazlumatil
mashhudati al-mag‘furati.
Kumushbibi binti Mirzakarim Marg‘inoniy, tarixi tavalludi 1248.
Vafoti 1269-yil hijriy, jumod-ul-avval.
Bu lavha bir dilporadan husn sanamiga yodgordir.
Bunda madfun kundash balosining namoyon bir qurbonidir.
Ayo charx, etding ortuq jabr bunyod,
Ko‘zim yoshlig‘, tilimda qoldi faryod.
Hayotim lolazoridin ayurding,
Yoqib jonim, kulim ko‘kka sovurding.
Bechora ona chidalmadi, qabrni quchog‘lab uvvos tortdi. Otabek ham qabr yonig‘a tiz
cho‘kib, ko‘z yoshisi bilan tuproqni loy qila berdi... Qutidor lavha qarshisida edi. Lavhani
o‘qub chiqgandan keyin ul ham piq-piq yig‘lab yubordi. Yarim soat chamasi shul holda
qoldilar.
Qur’on o‘qushg‘a hech kimda majol yo‘q edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:56:43

Qarshidag‘i binoga Yusufbek hoji tarafidan qo‘yilg‘an qori bularning holiga tushundi.
Sekin-sekin qorixonadan chiqib keldi va narida o‘lturib qur’on o‘qudi. Oftob oyimning nolasi
bosilsa ham, lekin ko‘z yoshisi tiyilmadi. Bir ulgina emas, anovlar ham shu holda edilar.
Fotiha tortilg‘andan so‘ng qutidor va Oftob oyim qorig‘a pul berdilar. Qori ketkandan keyin
har qaysilari o‘zlarini bosib alohida-alohida qur’on o‘qub bag‘ishladilar, so‘ngra ohistaohista
yo‘l olib qabr bilan vido’lashdilar. Go‘yo Kumush «mendan rozi bo‘ling!..» deb
onasig‘a xitob qilar, Oftob oyim orqasig‘a qaray-qaray yig‘lab kelar edi...
Otabek ularni uyga qo‘yib, qabr yonig‘a keldi va tuni bilan shunda qoldi. Erta bilan
Hasanali aravani qo‘shib tayyorlag‘an, mayda-chuyda aravaga tashilar edi. Eng keyinda
Oftob oyim Kumushning kiyimlari bilan Yodgorbekni ko‘tarib chiqdi, keyinroq Yusufbek hoji
bilan qutidor ko‘rindilar. Qutidor vidolashib aravaga chiqg‘anda ko‘cha tarafdan Otabek
kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga — «tushing otdan!»
dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irg‘ib otqa mindi va qutidordan so‘radi:
— Otni haydaymi?
Qutidor bilan hoji tushunisholmay bir-birlariga qarashdilar. Yo‘lakda turgan O‘zbek
oyim darbozadan mo‘ralab qo‘ydi. Qutidor indamagani uchun Otabek o‘zicha otni haydab
yubordi.
— Xayr!
— Xo‘sh!
Marg‘ilong‘a jo‘naydirg‘an Hasanali gangib ko‘cha-ning o‘rtasidan hojig‘a qaradi. Hoji
yo‘lakdagi oyimg‘a yer ostidan ko‘z qirini tashladi... Otabek ortig‘a qaramasdan aravani
haydar edi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:57:01

17. XOTIMA

Bir yildan so‘ng Otabek usta Alim bilan birga Toshkand keldi. Hoji va O‘zbek oyim og‘iz
ochib undan ranjiy olmadilar. Ul mehmonlar kabi edi. Na otasi va na onasi bilan ochilib
so‘zlashmadi. Usta Alim bilan bir hafta chamasi Toshkandda turib eng so‘ngg‘i kech yolg‘iz
ko‘yi Kumush qabri yonida bo‘ldi. Kecha oydin, qabriston tib-tinch, uzog‘roqdan qur’on
tovshi eshitilar edi. Ikki tub chinor butoqlarida qo‘nib o‘lturgan uch-to‘rtta boyqushlar, qabr
yonig‘a tizlangan Otabek va yuqori, quyi do‘mbaygan qabrlar bu tilovatka somi’ kabi edilar.
Qur’on oyatlari qabriston ichiga og‘ir ohangda oqar edi. Qabr yonig‘a tiz cho‘kkan yigitning
ko‘z yoshlari ham qur’on oyatlariga qo‘shilishib oqar edi. Birar soatdan keyin tilovat
to‘xtaldi. Otabek holsizlanib oyog‘ uzra turdi va orqasidag‘i yarim yalang‘och ko‘lagani
ko‘rib bir necha qadam qabr tomong‘a tislandi... Ko‘laga yaling‘an sumol unga yaqin yurib
keldi...
— Kim bu?
— Men Kumush!..
Otabek tovush egasini tanidi. Bu majnuna Zaynab edi.
— Ket mundan!
— Men Kumush! — dedi yana Zaynab, ammo ketmay iloji qolmadi. Zeroki dunyodag‘i
eng yaqin kishisi unga «ket!» amrini bergan edi. Zaynab orqasig‘a qaray-qaray Otabekdan
uzoqlashdi. Otabek qaytib unga qaramadi, qabr yonig‘a tiz cho‘kdi...

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:57:15

Ertasi kun O‘zbek oyim yig‘lay-yig‘lay Yodgorbek uchun tikdirgan kiyimlarini o‘g‘lig‘a
topshirdi. Otabek usta Alim bilan birga Marg‘ilong‘a jo‘nadi. Bundan so‘ng Otabek
Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta O‘zbek oyimning o‘zi Marg‘ilon borib keldi.
1277-nchi yilning kuz kezlarida bo‘lsa kerak, Yusuf-bek hoji Qanoatshodan1 bir xat
oldi. Qanoatsho Avliyo otadan yozar edi.
«O‘g‘lingiz Otabek yana bir kishi bilan bizning qo‘shunda edi. Olmaota ustidagi o‘rus
bilan to‘qunish-mamizda birinchi safimizni shu ikki yigit oldi va qahramonona urushib
shahid bo‘ldi. Men o‘z qo‘lim bilan ikkisini dafn etdim...»
Yusufbek hoji xatmi qur’on qilib yurtka osh berdi, O‘zbek oyim qora kiyib ta’ziya ochdi.

B i t d i

Qayd etilgan


shoir  29 Noyabr 2006, 07:57:32

YOZG‘UCHIDAN

Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risini surishtirib bildim:
Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib,
undan ikki o‘g‘ul qolibdir. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan
bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi
ma’lum emas, deydilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  21 Noyabr 2009, 11:40:32

O'tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy



Muallif: Abdulla Qodiriy
Hajmi: 684 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
Saqlab olish
Online o'qish

Qayd etilgan