Insonlar, taqdirlar, yo'llar xilma-xil.
Shimoliy vokzaldan 40 yoshlardagi bir odamni, Qo'yliqdan 23 yoshdagi yigitni olib yo'lga tushganimizda men o'ylamagandim mashinamizda ikkita bir-birigra ummuman zid qarashlar, taqdirlarni olib ketayotganimizni...
Tirikchilik ilinjida Ufa shahrida ishlab kelayotgan bu odam o'zi gap ochib qoldi:
- Bu yerda qiyin, u yoqlar bilan umuman solishtirib bo'lmaydi. Biz hali ancha orqadamiz! ...
Hullas, u yer unaqa, bu yer bunaqa, degandek diydiyo boshlandi. Odamlar qiziq.
"Jahongashta sayyoh"dan reportajni boshladik:
- Qancha ishladingiz u yoqda?
- Bir yilcha bo'ldi.
- Daromad yaxshi bo'ldimi?
- Nolimayman, nasibaga yarasha.
- Bolalar bu yerda qolishganmi?
- Ha, shu yerda. O'g'illar-qizlar, hammasi.
- Hozir shu topib kelganlaringizni uyingizga olib borasiz-a? Oilangiz bilan behavotir yaxshiliklarga ishlatay deysiz, shundaymi?
- Ha, albatta-da!
- U yoqda bir yil yurganingizda uyingizdan ko'nglingiz hotirjam, tinch bo'ldi. Chalg'imay ishladingiz, pul topdingiz-a?
- Ha, telefonlashib turardik, har hafta. Ba'zan yangiliklardan ham habardor bo'lib turardik.
- Ha, rahmat, yashang! Agar uyingizda qandaydir tashqi havotir bo'lganida u yoqqa ishlagani borarmidingiz, ishlab pul toparmidingiz?
- ...
Aka sukut saqladilar. Edni yosh yigitchadan so'radik (asida u o'zi gap boshladi, ismimni qayerdandir bilib olibdi. Ismimni aytib murojaat qildi).
- Siz Qarshidan kelayapsizmi?
- Ha aka. Biroz ko'rgulik bor ekan, shuni o'tab kelayapman, olti yarim yil.
- Juda yoshsizku, nima bo'lgan edi o'zi?
- Yoshlik qilib ozgina egrilikka aralashib qolgan edik. Mana endi shuning jazosini o'tadik.
- Hmm, olti yarim yil - aytmoqqa oson-u, odam bir joyda olti kun majburlikdan o'tirsa qay holga tushishini bilaman. Hozir o'zingizni qanday his qilayapsiz, hamma narsa ko'zingizga boshqacha, zavqli ko'rinayaptimi?
- Ey aka, o'zimga sig'may ketayapman, rosa baqirgim kelayapti-yu... Uyga borsam, agar katakda tovuqlar bo'lsa katakni buzib tashlayman, kaptarlar qafasda bo'lsa qo'yvoraman, itni ham bog'lamayman aka! Ozodlikning, erkinlikning qadrini ... (Keyingi gaplarini ikkinchi yo'lovchiga qarab aytdi) Shukur qilish kerak, hafa bo'lmag-u, siz noto'g'ri fikrlar ekansiz!
- Endigi maqsadlar qanaqa, biror kasbingiz bormi, nima ish qilmoqchisiz?
- Kollejda o'qirdim, undan haydaldim. Endi yana o'qiyman, biror ishni mahkam ushlayman, degan niyatlar bor aka.
- Har qanday dog' vaqtlar o'tgan sari yuviladi, unutiladi. Faqat uni yana yodga tushiradigan ish qilmaslik kerak. Shunday qilolasiz deb o'ylayman?
- Aka, maqsadim ham shu, men bu dog'ni yuvaman. Hayotning qadriga yetdim. Olti yil u yoqda qilgan mehnatimni uyimda qilganimda ostonam oltin bo'lar edi. Demak, ishlasa bo'lar ekanku, halol ishlab pul topsa ham odam boyiy olarkanku. Tarbiyalashdi, tarbiyalandik, boshqa ko'rmaylik...
Bu ikki odamni manzillariga yetkazgunimizcha yana ko'p suhbatlar qildik. Ularni kuzatib qolarkanman, ichimda duo qildim: "Olloh boshqa adashmaslikni, to'g'ri yo'lda sobit bo'lishni nasib qilsin"...