Davron kulib qo‘ydi. Yigitali akaning gapi to‘g‘ri. Uning o‘zi ham maktabda o‘qib yurgan kezlari shu fikrda edi. Institutning dastlabki kurslarida ilmiy unvoni bor o‘qituvchilar ko‘ziga farishtadek ko‘rinardi. Vaqt o‘tib, domlalar haqidagi mayda-chuyda gaplar qulog‘iga kira boshlaganda avvaliga ishonmadi. Keyinchalik olimlarning boshqa odamlardan farqi yo‘qligiga, faqat yaxshilik, ezgulik emas, yomonlik, ablahlik ham qila olishlariga amin bo‘ldi. Bolalik sururi so‘na bordi. Ayniqsa ilmiy unvoni bor ikki muallimning uch-to‘rt talaba orasida «Sendan men kuchliman», «Bekor aytibsan, ilming past», qabilidagi tortishuviga guvoh bo‘lgach, ulardan butkul hafsalasi pir bo‘ldi.
Ammo u olimlar orasida havas qilsa arzirli odamlar ham borligini bilardi. Davron dotsent Bekmirzaev haqida hamisha iliq gaplar eshitardi. So‘nggi kursda o‘qiyotganida talabalar bag‘oyat hurmat qiluvchi bu domlaning nazariga tushib, quvonchdan terisiga sig‘may yurdi. Bekmirzaev kamtar, shu o‘rinda nihoyat darajada injiq, serjahl edi. Davronni ham ba’zan g‘adablab qolardi. Biroq shogirdining xijolat bo‘lib indamay turganini ko‘rib darrov hovuridan tushar, «Ke, qo‘y, xafa bo‘lma, ammo ko‘zingga qarab ishla», deb nasihat qilardi.
Davron Yigitali akaga «Adovatlarining sirini bilmayman», deb noto‘g‘ri aytdi. Adovat sabablarini Bekmirzaevning o‘zidan eshitgan, ammo uni birovga aytishga shu topgacha hojat sezmagan edi. Bekmirzaevning noto‘g‘ri yo‘l tutgan institut rahbarlariga qarshi olib borgan kurashi, hal qiluvchi pallada yolg‘iz qolgani, maxsus komissiyaning taftishi, Bekmizraevning haq bo‘lib chiqishi, kurashdan o‘zini olib qochganlarning endi amalga intilishi hatto talabalarga ham ma’lum edi. Ko‘pchilik ular o‘rtasidagi adovatga shu, ya’ni, Bekmirzaevning amalga o‘tirolmagani sabab, derdi. Bu farazning puch ekanini Davron yaxshi bilardi. Bekmirzaev hech qachon amalga intilmagan. Institut rahbarlarini fosh qilishi ham amal uchun emas, adolat uchun edi. Rahbarlar haqida so‘z ketguday bo‘lsa, ba’zan Davron: «Aslida shu o‘ringa siz o‘tirishingiz kerak», deb qo‘yardi. Shunda Bekmirzaev bosh chayqab: «Yo‘q, mendan rahbar chiqmaydi. Bunga yarasha qobiliyatim yo‘q. Rahbar qo‘l ostidagilarni «otang yaxshi, onang yaxshi», deb ishlata bilishi kerak. Men o‘zimni tuta olmay bir-ikki baqirib, po‘pisa qilsam, eng mehnatkash odamni ham ishdan sovutib qo‘yaman. Keyin amalga sira ishonib bo‘lmaydi. Qadimda ham «Toji-taxt bevafo» deb o‘tishgan. Bo‘zchi bilganini to‘qishi kerak. Men ilm deb yuribman. Shuni eplasam ham katta gap», derdi.