— Men uchun biror kuningni ajrata olasanmi? — deb so‘radi Niyoz chodirga yaqinlashganlarida.
— Nima edi?
— Komandirovka muddati bir hafta. Shu atrofda yaxshi yerlar bor, deb eshitaman.
Ikki kundan beri Davronning yuragi siqilib qadrdonlarini qo‘msayotgan edi. Shu uchun «Mehmonning istagi bahona bo‘lib oyoqning chigilini yozsammikin», degan xayolga keldi-da, «Yaxshi, erta bo‘lsin-chi, biror yoqqa boramiz», dedi. Niyoz Davronning darrov ko‘na qolganidan hayron bo‘ldi. Chunki u «Qandaydir bahonani pesh qilib, iltimosimni yerda qoldiradi», deb o‘ylagan edi.
Oqshom tushib, chodir yonida davra qurildi. Gulxan yoqildi. Qorayib ketgan qumg‘ondagi suv qaynab-toshib go‘yo o‘tni o‘chirmoqchi bo‘ladi. Gulxanning qumg‘on turgan tomoni bir oz pisillab, tutaydi-da, keyin yana alanga avjiga qo‘shiladi. Davron sim halqani qumg‘onning bo‘yniga ilib uni otash bag‘ridan oldi. Bir kaft quruq choy tashlab, uch bora qaytardi. Hamisha qiziydigan davra bugun, mehmon bor uchun, uncha qovushmay turardi. Qirg‘iyburun mehmonning kibr bilan gapirishi gurung me’yorini buzib qo‘ygandi. Natijada bu safargi choy oxirigacha ichilmadi.
Niyoz yo‘l yurib charchaganidanmi yo shaharda barvaqt yotishga ko‘nikkani uchunmi, chodirga kirib ketdi. Davron yig‘ma karavotini tashqariga olib chiqib yoydi. Junchoyshab tashlab chalqancha tushganicha qo‘llarini yostiq qildi. Uyqusi kelmadi. Osmon toza. Yulduzlar jimirlaydi. «Qaysi bir shoir paxtazorni yulduz toshgan osmonga o‘xshatgan edi. Bir qaraganda chiroyli taqqos. Agar u paxtaning taftini his qilganda sovuq yulduzlarga qiyos etmas edi. O‘sha shoir ham Niyozga o‘xshagan odam-da. Soqi sumbati joyida, yuragi esa faqat qon haydash bilan band. Lekin sezgi, his, tuyg‘u, dard degan tushunchalar mutlaqo begona. Niyoz o‘zicha menga yordam qilmoqchi. Rozilik berishga majburman. Bo‘lmasa, ish chala qoladi. Odam ko‘p hollarda ongli ravishda ongsizlik qiladi. Bilib turib, istagiga, maslagiga zid ravishda qadam tashlaydi. Hamisha shunday bo‘lib kelgan. Nahot bu davom etsa? Yo‘q, qachondir bunga chek qo‘yiladi. Kim chek qo‘yadi? Kimdir birinchi bo‘lib Niyozlar toifasiga qarshi chiqadi. Kimdir? Kim? Nima uchun men emas? Qo‘rqamanmi? Nimadan? Jur’atim yetishmaydimi? Qo‘rqmayman, jur’atim ham yetarli. Ammo yolg‘izman. To‘g‘ri, hozircha atrofimda maslakdoshlarim bor. Biroq, hujum boshlangach, chekka-chekkaga chiqib oluvchilar ko‘payadi. Kurashga chog‘langanlarning biri Asad Bekmirzaevich edi. Haybarakallachilar ko‘p bo‘ldi. Majlis chaqirishdi. Asad Bekmirzaevich ularning qalqoniga aylandi. Qing‘ir ishlar fosh qilindi. Akademiyaga xat yuborish masalasi ko‘tarilganda biri: «Ikki marta uylanganman, sharmandam chiqadi», dedi, biri: «Ilmiy kengash a’zosiman, qo‘l qo‘yolmayman», dedi, yana biri: «To‘g‘ri-yu, to‘g‘ri emas-da», deb lanjlik qildi. Qani, qani, deb rag‘batlantirgan azamatlar oqibatda, «Qoziqning boshi ham, uchi ham bo‘lma», degan maqolga sodiq qolishdi. Akademiya prezidentiga Asad Bekmirzaevichning o‘zi ro‘para bo‘ldi. Uning dalillari isbotlanib, institutda o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yo‘qsa, butunlay yomonotliqqa chiqardi. Hayotning chalkashliklari behisob ekan, tishimiz o‘tmaydigan muammolari garang qilib yuboradi kishini... Xudo jonivorlarni yaratganda, yaxshi hamki, tuyaga shoxu mushukka qanot bermagan, deyishadi. Shu fozilligini Xudo odamlarga ham ishlatmagan ekan-da. Odamni yaratgach, mansablarni qalashtirib «Istaganingni tanlayver, qobiliyatingga emas, istagingga qara. Agar shu bilan to‘ysang, olaver», degan shekilli. Koshki mansabparast odamni to‘ydirish mumkin bo‘lsa! Asad Bekmirzaevich haqiqat uchun kurashdi. Lazzatini esa mana shu Niyozning qarindoshi totdi. O‘roqda yo‘q, mashoqda yo‘q, xirmonda hozir, deydilar-ku. To‘g‘ri gap. Niyoz ham qarindoshidan o‘tib qayga borar edi! Mana, vakil bo‘lib kelibdi. Kechagina arxeologiya desa, qulog‘ini ko‘rsatardi. O‘nta darsdan bitta choyxona palovni afzal ko‘rardi. Endi menga aql o‘rgatmoqchi. Butun bir ekspeditsiyaning taqdirini hal qilmoqchi. To‘g‘ri, mablag‘ ketyapti. Davlatning pulini behuda sovurmasligimiz kerak. Lekin hamma narsani pul bilan o‘lchab bo‘lmaydi-ku! Balki xalqimiz tarixida yangi sahifa ochuvchi manbalar xuddi shu tuproq ostidadir. Buni Niyoz hech qachon fahmlay olmasa kerak... G‘uj-g‘uj yulduzlar. Osmon qaynayotganga o‘xshaydi. Yulduz uchdi. Osmonni poralab, uzun nurli iz qoldirib so‘ndi. Ilgarilari shunga qarab «bir odam o‘ldi», deyishardi. Necha yuz yillar shu fikr hukmron edi. Endi kometa yoki meteorit uchdi, deb izohlashadi. Fanda isbot etilgan bu fikr yillar davomida hukmronlik qilar, lekin mutlaq bo‘lolmas. Balki bularning bari kometa emasdir? Balki bu biror fazoviy kemaning izidir? Balki u uzoq yulduzdan biz tomonga kelayotgandir. Uning nuri fazoning qaysi bir bo‘lagida ko‘rinib qolgandir. Bo‘lishi mumkin-ku axir? Biz bir qoidaga mahkam yopishib olishga o‘rganib qolyapmiz...»