Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 46194 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:23:25

To‘lqin, hazillashayapsanmi, deganday, Sultonga qarab qoldi. Keyin Jahongirga yuzlandi:
— Bu nima deyapti? Miyaga elektrod qo‘yish taqiqlangan-ku!
— Zarur paytlarda ruxsat olish mumkin.
To‘lqin endigina yondirgan sigaretasini kuldonga qo‘ydi.
— Bu gaping menga to‘g‘ri kelmaydi. Miyaga elektrod qo‘yish kashf qilinganidayoq men unga qarshi chiqqanman. Bu g‘ayriinsoniy kashfiyot deganman, esingdami?
— Kashfiyot sen o‘ylaganday g‘arazli emasdi. Taraqqiyotga, xususan fanga xizmat qiladigan foydali tomonlari ham bor edi.
— Bo‘lsa bordir. Lekin men fikrimdan haligacha qaytganim yo‘q. Shuning uchun taklifingni qabul qila olmayman. Har holda bu gap sendan chiqqan. Jahongir bunday ishga qo‘l urmaydi.
— Agar majbur bo‘lsa-chi?
— Chin aytyapsanmi? — dedi To‘lqin hayratini yashirmay. Lekin javob kutmay qo‘shib qo‘ydi. — U holda... tajriba uchun zarur bo‘lsam...
— Men faqat yozuvchiligingni nazarda tutib tajribani mantiqan xulosalashga yordaming tegarmikin, deb o‘ylovdim. Agar o‘zingda xohish tug‘ilsa, taklifni qabul qilishing mumkin.
— U holda meni faqat kuzatuvchi va sharhlovchi muxbir sifatida qabul qil.
Ular tajriba xususida bo‘lak gapirmadilar.
Mehmonlar ketishgach, Jahongir o‘zida horg‘inlik sezdi. Xonasiga kirib, yechinmay yotdi. Bir ozdan so‘ng eshik asta chertilib, xonaga o‘g‘li Jamshid kirdi.
— Dada, kechirasiz, men tasodifan suhbatlaringizni eshitib qoldim. Tajribangizda miyasiga elektrod o‘rnatilgan odamdan foydalanmoqchimisiz?
— Hali bir fikrga kelmadim. Nima edi?
— Elektrodni menga o‘rnatsangiz...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:23:33

Jahongir o‘rnidan turdi. O‘g‘lining to‘satdan bu fikrga kelishiga tushunolmadi. Jamshid yoshligidan otasining kasbiga qiziqardi. Ammo ikkinchi kursda bionikaga havasi ortib, shu sohaga o‘tib ketdi. Endi muhim bir yangilik ustida ish olib borayotgan edi. Jahongir o‘g‘lining ilmga berilganidan xursand, lekin uning mustaqil so‘qmoq izlashidagi harakatidan qoniqmas edi. «Fanda mening etagimni tutma, o‘z yo‘lingdan bor. Chinordan barg uzaman demay, chinor bo‘lishga harakat qil», derdi. Jamshid bu o‘gitlarga amal qilar, lekin bari bir, oz bo‘lsa-da, otasiga suyanardi. Jahongir o‘g‘lining hozirgi fikridan ham shuni uqdi.
— Sabab? — dedi o‘g‘liga.
— Tajribangizga qatnashsam... balki ilmiy ishimga turtki bo‘lar.
— Buning ilmiy ishingga hech aloqasi yo‘q-ku?
— Bilaman, aloqasi yo‘q. Ammo tezlashishiga yordam berarmikin... Axir bu jasoratga bog‘liq narsa...
— Ilmiy ishni tezlatishga shoshilma. Puxtaroq qilishni o‘yla. Jasorat haqidagi gapingni men boshqa eshitmay. Quruq jasorat bilan olim bo‘lishni xayol qilsang, boshqa ish bilan shug‘ullan.
Jamshid alamidan oqarib ketdi.
— Dada, siz...
— Xo‘sh?
— Siz meni o‘ylamayapsiz. Vaqt ketyapti. Tengdoshlarim allaqachan dissertatsiyalarini yoqlab bo‘lishgan.
— Demak, ular senga nisbatan qobiliyatliroqdir? Buni o‘ylab ko‘rmadingmi?
— O‘ylab ko‘rdim. Lekin... ilmiy ish, kashfiyot bir joyda to‘xtab qolmaydi-ku? Daraja olingandan keyin ham davom ettirish mumkin-ku? Bir og‘iz so‘zingiz bilan...
Jahongir qovog‘ini uyib, teskari qaradi.
— Menda bo‘lak gaping yo‘qmi? — dedi gapini kesib. Jamshid javob bermay chiqib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:23:43

Jahongir bir necha daqiqa harakatsiz turib qoldi. Yo‘q, u o‘g‘lining gaplariga achchiqlanmadi. Jamshid maktabni bitirganidan so‘ng bu xildagi yordamni ko‘p so‘ragan, har safar ham rad javobini olgan edi. Eng avval dorilfununga kirish paytida yordam so‘radi. «Manzilga qadar aravangni mustaqil tortishga ko‘zing yetsa kir, bo‘lmasa hayotda yashashning osonroq yo‘llari ko‘p, o‘shalardan birini tanla», degan javobni eshitsa ham o‘qish istagidan voz kechmadi.
O‘qib yurgan kezlari talabalarning ilmiy jamiyatida bionikaning kelajagi xususida ma’ruza qildi. Birinchi darajali mukofotni olishga yakkayu yagona nomzod bo‘lib turganida, boshqa bir toliba unga nisbatan ustunroq darajada ma’ruza qildiyu mukofotni olib ketdi. Jamshid o‘shanda ham otasidan yordam kutgan edi. Bu safar o‘zi aytishga botinmay, onasini o‘rtaga qo‘ygandi. Er-xotin yolg‘iz o‘g‘ilning taqdiri xususida o‘zlaricha turli fikrda bo‘lganliklari uchun, ikkinchi marta sen-menga borishdi. Shunday bo‘lsa-da, Jahongir o‘g‘li va xotiniga bildirmay hay’at a’zolari bilan uchrashgan, har ikki ma’ruza bilan tanishgan edi. Tolibaning ma’ruzasidagi fikrlar, shubhasiz a’lo edi. Qiz fotosintezga asoslanib, quyosh nuridan kiyim va ozuqa olish yo‘llari haqida bir qancha farazlarni ilgari surgandi. Jamshid esa jonivorlarda mavjud bo‘lgan exolokatsiya to‘g‘risidagi umumiy fikrlari bilan cheklangandi. Hay’at Jahongirning obro‘yini inobatga olib, mukofotni Jamshidga berishi ham mumkin edi. Lekin Jahongir bunga yo‘l qo‘yolmasdi. Uning o‘zi hozirgi darajasiga mustaqil, hech kimga orqa qilmay erishgan, o‘g‘lining ham shunday bo‘lishini istardi. Xotini o‘g‘lining taqdiri xususida gap ochsa, «ter to‘ksin, yengil yutuqqa o‘rganmasin», deb gapga nuqta qo‘yardi.
U o‘g‘lining tirishib o‘qiyotganini bilsa ham, talabni yanada qattiqroq qo‘yaverardi. Qaysi bir yili dorilfunun uni maxsus fan bo‘yicha dars o‘tishga taklif etdi. Tasodif uni Jamshidning kursiga ro‘para qildi. Imtihon paytida a’lochi talaba bo‘lmish o‘g‘liga to‘rt baho qo‘yganida barcha hayratda qoldi. Jamshid indamadi. Lekin uning uchun ham onasi gapirdi. Oqibatida Jamshid uch kishilik komissiyaga imtihonni qayta topshirdi. A’lo baho oldi. Ana shunda u «otamdan yordam so‘ramayman», deb qaror qilgan edi. Lekin o‘qishini bitirgach, otasiga yana ro‘para bo‘ldi:
— Meni dorilfununda olib qolishmoqchi, — dedi.
— Juda yaxshi. Tabriklayman, — dedi Jahongir.
— U yerda qolish istagim yo‘q.
— Nega?
— Men ilmiy-tekshirish institutining aspiranturasiga kirmoqchiman.
— Nima maqsadda?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:23:55

Shunda Jamshid otasiga qalin daftar berdi. Daftardan uning bionikaga oid faraz va taxminlari, eng muhimi — exolokatsiyaga asoslangan yangi mashina yaratish fikri jamlangan edi. Jahongir daftarni o‘qib chiqqach, o‘g‘liga oq yo‘l tiladi.
Mana, ikki yildan beri Jamshid aspiranturada. Ularning institutlari yonma-yon joylashgan. Ish paytida deyarli ko‘rishmaydilar. Lekin Jahongir o‘g‘liga sezdirmagan holda uning ishidan hamisha boxabar bo‘lib turardi. Darhaqiqat, Jamshidning ishi sekin siljiyapti. Nailoj, muammo murakkab, uni osonlikcha hal etish mumkin emas. Lekin o‘g‘li shoshilyapti. Jahongir buni bugungi suhbatsiz ham anglab yurardi. Shoshqaloqlikning boisini izlardi. Barcha fikrlari uni «shuhratparastlik» degan tushunchaga olib kelardi. U o‘g‘lida g‘alaba nashidasidan mast bo‘lib yurish, shuhrat libosiga o‘ralish fikrlari borligini ko‘p yil burun payqagan edi. Shuhrat ketidan quvishning yomon natija bilan tugashini Jahongir biladi. Uning ko‘p iste’dodli tengdoshlari mana shuning qurboni bo‘lishdi. Bilimlarini takomillashtirish o‘rniga obro‘ talashish bilan o‘ralashib, oqibatda fan olamidagi kelajaklaridan mahrum bo‘ldilar.
Jahongir mana shularni o‘ylab, diqqati oshdi. Ko‘nglidagi g‘ashlikni uyqu bilan quvmoqchi bo‘ldi. Ammo uyqusi ham o‘chgan edi. Oshxonaga kirib qahva qaynatdi. O‘g‘lining xonasidagi chiroq o‘chmagan, aftidan u ham uyg‘oq edi...
Ertalabga yaqin ko‘zi ilingan ekan, o‘g‘li uyg‘otdi:
— Dada, nonushta tayyorladim.
Nonushtadan so‘ng Jamshid dasturxonni yig‘ishtirishga turdi.
— O‘tira tur, — o‘g‘li qayta o‘tirgach, Jahongir so‘zini davom ettirdi. — Men kechagi gaplaringni o‘ylab ko‘rdim.
— Men ham o‘yladim.
— Qanday xulosaga kelding?
— Siz istagan xulosaga. Sizdan yordam so‘ramasligim kerak edi.
— Gap bunda emas. Sen ilmga o‘zingni butkul bag‘ishlamasang, ilm senga hech nima in’om qilmaydi. Sen buni unutmasliging kerak. Shuhratni o‘ylash — o‘z yo‘lingga o‘zing g‘ov qo‘yding, degan gap.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:24:05

— Men bularni tushunaman, dada. Lekin siz kashfiyotingiz bilan o‘ralashib atrofga befarq qaraydigan bo‘lib qolgansiz. Hozir ilmlarini emas, mansab va darajalarini ham qilich, ham qalqon qiladiganlar ko‘p.
— Ilgari yo‘q edi, deb o‘ylaysanmi? Sen bundaylarning qilich-qalqonidan qo‘rqma. Bu qilich-qalqon mo‘rt, bolalarning o‘yinchog‘i kabi soxta. Chinakam qilich-qalqon ilmda bo‘ladi. Sen uni faqat o‘zing yaratishing lozim.
— Nima uchun men maqsadimga og‘ir so‘qmoqdan borishim kerak?
— Nima uchun yengil yo‘ldan borishing kerak? Yo‘q, o‘g‘lim, kalta o‘ylabsan. Men istagan xulosaga kelmabsan. Sen daraja va unvon uchun emas, fanda yangilik yaratish uchun kurash. Daraja va unvon egasi bilan qabrga kiradi. Lekin kashfiyot yorug‘ dunyoda qoladi. Shuni unutma. Bu mavzuda bo‘lak bahslashmaylik. Xayolingni bo‘lmag‘ur gaplar bilan chalg‘itma.
...Ular avtobusgacha birga ketishdi. Keyin Jamshid institutga, Jahongir esa akademiyaga yo‘l oldi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:24:18

* * *

Jahongirning miyasiga elektrod o‘rnatib, elallomalar qatori tajribada qatnashishi bir oz qarshilikka uchrasa-da, har holda ilmiy kengashda ma’qullandi. Oradan o‘n ikki kun o‘tgach, YuNYeSKOdan ruxsat qog‘ozi keldi. Shundan so‘ng u ikki haftani neyroxirurgiya klinikasida o‘tkazdi.
Miyaga elektrod o‘rnatish neyrofiziolog va neyroxirurglar hamkorligining natijasi edi. Neyrofiziologlar, ruhiy to‘lqinga asoslanib, miya bo‘limlariga, xususan gipotalamus va gippokampga kuchsiz elektr quvvati bilan ta’sir etish mumkinligini aniqlashgach, neyroxirurglar miyaga bir necha juft jajji elektrod o‘rnatish yo‘lini izlay boshladilar. Neyroxirurglar jonivorlarning miyasiga elektrod o‘rnatayotgan damlardayoq dunyo olimlari bu ish yuzasidan ikki guruhga bo‘linishdi. Ba’zilar elektrod o‘rnatishga mutlaq qarshi, ayrimlar esa bu tadqiqotga xayrixoh edilar. Dastlabki tajribalar muvaffaqiyatli yakunlangach, fidoyi bir kishi topilib, uning miyasiga o‘n ikki juft jajji elektrod o‘rnatildi-da, jahon neyroxirurglarining anjumanida namoyish etildi. Elektrodlar miyaning ma’lum bo‘lakchalaridan birini qitiqlab uyg‘otar, qolgan qismlardagi ruhiy to‘lqinning, ya’ni his-hayajonning uyg‘onishiga esa yo‘l bermas edi.
Katta anjuman o‘tayotgan saroy sahnasiga chiqqan kishi miyasiga elektrod o‘rnatilgan odamga sira o‘xshamas, barcha kabi so‘zlar, fikrlar, kular edi. Ammo maxsus radiomarkaz ishga tushishi hamon u butunlay o‘zgardi. Dastlab haykal kabi qotib turdi. Elektrodlar boshqaruvchining buyrug‘ini qabul etgach, u markaz hukmiga itoatkorona bo‘ysuna boshladi. His qilish, o‘ylash, fikrlash, quvonish huquqidan mahrum bo‘ldi. Radiomarkaz ishini to‘xtatgach, u yana avvalgi holiga qaytdi.
Anjuman ahlining bir qismi bu kashfiyotni tabriklagan bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay, qator taraqqiyparvar davlatlar va nihoyat YuNYeSKO bunday tajribani taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildilar. Odamni tirik robotga aylantirish, uning erki, huquqini poymol etish man etildi. Biroq, ilmiy izlanishlar va tajribalar uchun, zarur paytda, ma’lum muddatga maxsus ruxsat olish mumkin, ammo ijozat vaqti tugagandan so‘ng miya elektroddan xoli qilinishi shart edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:24:34

Miyasiga elektrod o‘rnatilgach, Jahongir To‘lqin o‘ylagandek tirik robotga aylanmadi. Chunki Jahongirdagi elektrodlar miyaning kichik bir bo‘lagigagina ta’sir ko‘rsatar, uni his qilish huquqidan mahrum etolmas, eng muhimi faqat tajriba onlari ishga tushib, boshqa paytda miya faoliyatiga ta’sir ko‘rsatish kuchini yo‘qotar edi.
Operatsiya professor kutganidan ham yengil o‘tdi. Shuning uchun tajribani paysalga solmay boshlab yubordi. Yangi tajriba tafsilotlarini qayd qiluvchi kundalik daftarning sahifalariga ilk satrlar bitildi:

«19... yil 16 aprel. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 12.10. professor tajribaxonaga to‘g‘ri neyroxirurgiya klinikasidan keldi. Kutib turgan o‘g‘lini ham qabul qilmadi. U haddan ziyod o‘ychan edi. Tibbiy komissiya tajribani boshlashga ruxsat berdi. Professorning yurak urishi mo‘’tadil. Miyada og‘riq yo‘q. Professorning ko‘rsatmasi bilan tajriba avval bir jasad ustida olib boriladi.
Ikki elalloma murda turgan havosiz xonaga qo‘yilgan. Professor qo‘shni xonaga yotqizildi. Mushaklariga elallomadan keluvchi o‘n to‘qqizta sim ulandi. Miyasidagi ikki elektrod ham murdaning ruhiy qiyofasini tiklovchi elallomaga ulangan. Tajribaxona radioto‘lqinlarni o‘tkazmaydigan parda bilan muhofaza qilindi.
Soat 12.45. Tajriba rahbari, fizika-matematika fanlari nomzodi Mansur Xalilovning ruxsati bilan elalloma ishga tushdi.
Soat 20.20. Tajribaning birinchi bosqichi tugadi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Tajriba davomida elalloma uzluksiz ishladi. Tajriba xulosasi hali noma’lum. Professor xulosalarni o‘z kundaligiga yozib borajagini aytdi. Tajribaning ikkinchi bosqichi ertaga belgilandi».

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:24:43

Jahongir yaxshi tush ko‘rgan odamday tiniqib turdi. Mushaklariga o‘rnatilgan simlardan xalos bo‘lgach, murdalar va elalloma joylashgan xonaga chiqdi.
— Elalloma qanday ishladi? — deb so‘radi u shogirdidan.
— O‘zgarish yo‘qqa o‘xshaydi...
— O‘xshaydimi yo aniqmi? — Jahongir shunday deb, shaffof plastmassa oynakka yaqinlashdi. Yigitning jasadiga tikilib qoldi. — Yanglishmayapsanmi?
— Balki menga shunday tuyulgandir?
— Bo‘lishi mumkin. Sen elalloma tiklagan voqealardan bexabarsan-ku... G‘aroyib olamga kirib qoldim. «Arki Oliydan o‘tganingizdan so‘ng Sarduatik mavzeida bir-biriga ro‘baro‘ madrasa va xonaqohni ko‘rasiz. Ular osmon g‘ashini va Chin suratxonasining rashkini keltirar darajada baland va bezaklari go‘zal. Binoning mustahkamligi bilan ustunlarning nozikligini, naqshlar va xushxat lavhalarni na yozuv qalami, na bayon raqami tasvirlashga qodir...»
— Kechirasiz, domla, so‘zlaringizga tushunmadim. Aytganlaringiz biror asardan parcha emasmi?
— Yo‘q, bu yigitning miyasiga o‘rnashib qolgan gaplar. Samarqandga yo‘l olganida kimdandir eshitgan. Men Registondagi Sherdor madrasasi o‘rnida ilgari Ulug‘bek qurdirgan xonaqoh bo‘lgan, deb eshitgan edim. Shu xonaqohni yigitning ko‘zi bilan ko‘rdim. Elalloma ishga tushgach, meni xuddi uyqu bosganday tuyuldi. Keyin ko‘z oldimda tushunarsiz qizil tasvirlar gavdalandi. So‘ng katta karvon safida otda ketayotganday bo‘ldim. Quyosh nuridan yelkam kuydi. Otdan anqib turgan ter hidini aniq his etdim. Men hamma narsani unutdim. O‘n beshinchi asrga xuddi shu yigit bo‘lib qaytganga o‘xshab qoldim. Yigitning gaplarini go‘yo men aytdim. Go‘yo Samarqand tuprog‘ida o‘zim yurdim, ajoyib narsalardan o‘zim ta’sirlandim, odamlarning gaplarini ham o‘zim eshitdim. Eng muhimi bu narsalarning hammasi xotiramda yaxshi saqlanib qoldi. Bunday bo‘lishini sira kutmagan edim.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:24:50

— Demak, elalloma yigitning ruhiy dunyosini to‘la tiklab ongingizga yo‘naltira olibdi-da?
— To‘la emas. Ayrim yerlarda uzilishlar bor. Nazarimda yigitga unchalik ta’sir etolmagan oddiy voqealarni tiklashga elallomaning qurbi yetmagan.
— Biomaydonning kuchi kishining ta’sirlanish darajasiga bog‘liq emasmikin?
— Balki shundaydir. Tajribaning navbatdagi bosqichlari hali oldimizga ko‘p muammolarni tashlaydi shekilli.
— Tajriba tahlilini qachon o‘tkazamiz?
— Hozircha bir narsa deyishim qiyin. Barcha xodimlar belgilangan ishlarini vaqtida tahlil etib, xulosalab turishsin. Men ko‘rgan, eshitganlarimni yozib boraman. Elallomaning ishlash jarayonini tiklangan voqealarga solishtirib tahlil qilamiz. — Jahongir shunday deb eshik tomon yurdi. Tajribaxona yo‘lagida uni o‘g‘li kutib turgan edi. Ota-bola uygacha piyoda ketishdi. Jahongir tajriba paytida ko‘rganlarini o‘g‘liga aytmadi. Jamshid dadasining gapni bir-biriga ulanmagan turli voqealarga burayotganidan tajriba haqida so‘z ochish niyati yo‘qligini sezdi. Ikkovlon anhor bo‘yidagi yemakxonada ovqatlanishdi. Jamshid bir aylanib kelaman, deb otasi bilan xayrlashdi. Jahongir esa uyiga yo‘l oldi. Xonasiga kirib qalin daftarni ochdi. Oq sahifada husnixat bilan yozilgan dastlabki satrlar paydo bo‘ldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:25:19

SABOQDOSHLAR
(Kundalikning birinchi sahifasi)


Qorabayirni yetaklab kelayotgan yigit madrasaga yaqinlashib to‘xtadi. Yelkasidagi beqasam to‘nni qo‘liga oldi-da, hayrat bilan binoga tikilib qoldi. To‘rt gumbazli, to‘rt minorali, ikki qavatli imorat uning hushini olgan edi. U mo‘’jizaga duch kelganday kiprik qoqmasdi: madrasaning peshtoqi gumbaz bilan, moviy gumbaz esa osmon bilan payvasta, yigitning nazarida madrasa gumbazi samoni ushlab turganday, bino vaznidan esa go‘yo Yerning umurtqasi qirsillab ketayotganday edi. Devordagi naqshlar mag‘ribga bosh qo‘ygan quyoshning ojiz nurida ko‘zni olguday tovlanardi...
Yigit madrasadan chiqib kelgan uzun choponli, katta oq salla o‘ragan basavlat kishiga yaqinlashdi. Salom berdi. Kishi muloyimgina, qiroat bilan alik olgach, so‘rashga jazm etdi:
— Taqsir, aybga buyurmaydilar, men tolibi ilmlardan birini istab kelib edim.
— Kimni?
— Mulla Abdulvahobni.
— Abdulvahobnimi?! — Kishining qoshi sal chimirildi. Yigitga boshdan-oyoq razm soldi. Bu o‘zgarishni yigit sezdi. — U kimingiz, akangizmi?
— Akam emas, saboqdoshmiz. Padari buzurgvorlarining duolarini yetkazmoqchi edim.
— Shunday deng... — kishi yana bir oz jim qoldi.— Abdulvahobni bu yerdan topa olmaysiz.
— Sabab?
— Do‘stingiz saboq olmoq o‘rniga ko‘rnamaklik qildi. Shakkokligi uchun jazoga loyiq edi. Lekin davlatpanohning marhamati nasib etib, Xudo bir asradi. Ilm olish istagi yo‘q ekan, madrasadan yuz o‘girdi.
— Uyga ketdimi?
— Uni hozir balki xonaqohdan toparsiz.
— Manavi yerdanmi?
— Yo‘q, u bu yerga kelmaydi. Shahriston etagidagi xonaqohni qarang.

Qayd etilgan