Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68088 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 6 7 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:30

Ulug‘bek so‘zdan to‘xtadi. O‘tirganlar tasdiq ishorasini qilib gapga tutindilar. Mirzo davradagilarga o‘tkir nazarini bir-bir qadab chiqdi-da, joyiga qaytdi.
— Baytul-hikma xususida kim so‘zlamakchi? — dedi u o‘tira turib. Uning savoli birmuncha fursat javobsiz qoldi. Shunda u sukut saqlab o‘yga tolgan Ali Qushchiga qaradi: — Bu xususda o‘g‘lim ne der ekan?
Ali Qushchi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, o‘rnidan turdi. Yengil ta’zim qilib so‘z boshladi. U shahriyorga nisbatan tez gapirar, so‘zlayotganida nigohi bir joyda turmas edi.
— Dorul-saltanada Baytul-hikma qaror topsa nuralannur bo‘lur. Baytul-hikma xalifa Ma’mun1 farmoni bilan barpo etilgan allomalar uyushmasiga o‘xshamay, ilm arkining norasidalarini haq yo‘lga boshlovchi dargoh bo‘lsa.
— Ma’qul, — dedi Ulug‘bek mamnun bosh irg‘ab. Bunga javoban Ali Qushchi ta’zim qildi-da, so‘zini davom etdi:
— Tangri-taoloning qudrati bilan yorug‘ dunyoga bizdan ilgari kelgan allomalar ilm arki xazinasini noyob fikr durdonalari bilan boyitdilarkim, biz bu durlardan hanuz bahramanddurmiz. Ammo ilm arkimizning norasidalari bilmoqliklari shartdurkim, ushbu fikrlar qanchalar noyob bo‘lmasin, mutlaq emasdur. Falak aylangani sayin ular tahlil va tahrirga muhtoj bo‘lib borurlar. Al Xorazmiyning «Kitob surat al-arz» deb atalmish risolasida Batlimus jug‘rofiyasiga o‘zgartishlar va aniqliklar kiritishi ilm arkimiz norasidalariga o‘rnak bo‘lmog‘i darkor. Yunonning ulug‘ allomalari yaratgan nodir asarlarni dadil tahrir qilgani uchun Al Xorazmiy ulardan katta noaniqliklarni topdi va Tangrining xohishu istagi bilan yozilgan «Al kitob al muhtasar fi hisob al jabr va muqobala» zar andar zar bo‘ldi. Baytul-hikmada shular chetda qolmasa, degan umidimiz bor.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:39

Ali Qushchi Ulug‘bekka yana ta’zim qilib, so‘zini tugatishga izn so‘radi. Mirzo unga bo‘lak gaping yo‘qmi, deganday savol nazari bilan qaradi-da, keyin «Miram Chalabiy» deb chaqirdi. Shamsibekning hamsuhbati o‘rnidan turgach:
— Qulog‘imiz senda, — dedi.
— Sizning bul amringiz bizday ilm arki norasidalarining yo‘lini oftob yanglig‘ yoritgusidir. Ustodning gaplari ham ko‘p ma’qul. Men tavbalari qabul bo‘lgur bobomning «Batlimusdan o‘rgan, ammo taqlid qilma», degan o‘gitlarini toabad yodda tuturman. Istagim shulki, tengqurlarim ham nasihatgo‘ylikdan nari yursalar. Yana bir istagim shulki, ilm arkining biz kabi norasidalari Al Forobiy, Ar Roziy, Al Beruniy, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy kabi shayxul-ulamolarning yo‘liga solinsa, ya’ni alloma Tangri yaratgan ilmlarning baridan boxabar bo‘lsa. Falakiyot, riyoziyot, handasa, tibbiyot, jug‘rofiya, adabiyot ilmidan xabar topsagina alloma deb tilga olinsa.
— Ma’qul. Yana kim so‘z aytish istagida?
Qora soqol qo‘yib, katta salla o‘ragan kishi o‘rnidan turdi. Shamsibek uning kimligini bilmasdi. Ammo majlis oldidan uning anchayin sezilarli oqsashiga e’tibor berib, «tug‘ma oqsoq ekan», deb qo‘ygandi.
— Qulog‘im senda.
— Baytul-hikma Sizning ulug‘ marhamatingiz tufaylidur. Shu bois unga bo‘lak yurtlardan allomalar jalb qilinmasa.
— Nechun?
— Sizning marhamat nuringizdan bahramand bo‘layotgan Movarounnahr allomalari ham yeturmikin, degan xayoldamiz.
— Xayoling chakki! Baytul-hikma Haq-taoloning istak va xohishi bilan bo‘lur, alalxusus, unga kurrai arzning iqtidorli allomalari taklif qilinur.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:43:47

Baytul-hikma xususida bo‘lak fikr aytuvchilar chiqmadi. Mirzoning ishorasi bilan bazm boshlandi. Miram Chalabiy, «Bu bazm qaror topgan Baytul-hikma sharafiga», deb tushuntirdi. Shamsibek bu kech shahriyor suhbatida bo‘lolmasligini sezdi.
Ertasi kuni ham, ikki kundan so‘ng ham mirzo huzuriga kirish sharafiga muyassar bo‘lolmadi.
Bir haftadan keyin me’mor dorulshafaqa imoratining tarhi tayyor bo‘lganini ma’lum qilgach, olampanoh dargohiga yuzlana oldi. Bir osh’yonliq bino qurish fikrini shahriyor ma’qulladi. U atrofga mevali daraxtlar ekishni ta’kidlagach, me’morga dedi:
— Yangi hammom uchun nobop joy tanlanibdi.
— U yer ko‘pchilikka ma’qul bo‘lib edi.
— Ma’qul emas. To‘rt ko‘chaning boshi berkilib qoladi. Shahristonda boshi berk ko‘chalarning mavjudligi me’morning noqobilligi oqibatidir. Shuni inobatga ol.
Ulug‘bek qaytishga ruxsat berdi. Shundan so‘ng Shamsibek Abdulvahobning uzrini aytishga jur’at qildi.
— Vositachi bo‘lmog‘ingga sabab nedur? — dedi Ulug‘bek uning so‘zlarini tinglab bo‘lib.
— Sababi o‘zingizga ma’lum: saboqdoshmiz, bir qishloqdanmiz.
— Shuginami?
— Ha, shugina xolos.
— Iqtidoriga kafilmisan?
— Ojizman, shahriyorim.
— Balli. Shundayligi menga ham ma’lum edi. U madrasani toat-ibodat uchun emas, aqli noqisligi uchun tark etgan. Dori dardga sabab ekan, shifoga qanday umid bo‘lishi mumkin?
— ...
— Faqatgina saboqdosh bo‘lgani uchun ilm arkiga yetaklab kirishga intilmoq masjidga eshak olib kirmoq bilan barobardur. Shuni bilki, bo‘lak sababi bilan emas, balki aqli noqisligi uchun ilm dargohidan qaytib, unga tosh otganlar tuban va johildurlar. Yana bilki, kimki johilga ko‘mak bersa, Olloh uning ustidan shul johilni hukmron qilib qo‘yur. Saboqdoshing jarimalari sahifasiga avf raqamini tortmoqqa noloyiq. Bundan so‘ng fikringni bu qadar bema’ni ishlar bilan band etma.
Shamsibek uzr ayta-ayta, chiqdi.
Ertasi kuni rasadxona yo‘lidagi yerga dorulshafaqa binosini qurish harakati boshlandi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:44:00

JAHON ICHRA YANA BIR OSMON

Jahongir boshida qattiq og‘riq turganini his qildi. Daftarni yopib, xona bo‘ylab yura boshladi. Bir oz yotdi ham, bo‘lmadi. Tashqariga chiqdi. Dam oluvchilar sayrga ketishgan, shuning uchun atrofda shovqin yo‘q edi. Pastdagi soyning shovillashigina tog‘lar sukunatni buzib turardi. Jahongir soy bo‘yiga tushdi. Sohilda bir oz yurdi-da, keyin katta xarsangga o‘tirdi. Suv ko‘pirib, toshlarni yumalatguday bo‘lib oqar, uning muzdek shabadasi tanga xush yoqardi. «Sal narida bundan ham kattaroq soy bor, — deb o‘yladi Jahongir. — Ikkisi qo‘shilib kichik daryo bo‘ladi. Keyin u katta daryoga, daryo esa dengizga qo‘shiladi. Fan tarixi ham shunga o‘xsharkan. Turli zamon, turli yurtlarning olimlari o‘ziga xos bir jilg‘a bo‘lib, dengizga quyilavergan. Dengizda biz bir tomchimiz xolos. Qancha kashfiyotlar qilindi. Bu kashfiyotlarning qanchasi qayta ishlanishga muhtoj. Ali Qushchining ta’biri o‘rinli bo‘lgan ekan: Alloma ulug‘ bo‘lgani bilan uning fikri mutlaq emas! Al Xorazmiy Ptolomeyning geografiyasini tubdan qayta ishladi. So‘ngra fanning yangi tarmog‘i algebrani yaratib naqadar buyuk ish qildi. Tenglamalarni hal qilishda Yevklid geometrik yechimlar bilan cheklangan, Diofant taklif qilgan yechimlarni isbot qilib berolmagan, Geron esa, ayrim sonlarning ilovasinigina bergan edi. Al-Xorazmiy mana shularni tahlil qilib yechimda Arximeddan ko‘ra aniqroq qiymatni chiqardi. Fibonachchi, Pachiola, Tartalyan, Kardan, hatto Ferrari1 Xorazmiyni ustod deb tan olgan edilar. Kibernetikaning asosiy terminlari — «algoritm» va «algorifm» Al Xorazmiy nomi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi. Buning barchasi nusxa ko‘chirish emas, hayiqmay tahlil qilish va qayta ko‘rib chiqishning natijasi bo‘ldi. Biz salaflarimizning shu xislatlarini chuqurroq egallashimiz kerak ekan. Holbuki, hozir nomdor akademikning ishini qayta ishlash tugul, tahlil qilish, jilla bo‘lmasa sharhlash katta muammo bo‘lib qolyapti. Mana Jamshid... Yana keraksiz xayolga berildim. Boshqa narsani o‘ylashim kerak. Nimani? Masalan, rasadxonani... Qanday go‘zal bino. Darvoqe, bu haqda Sultonga maktub yozishim kerak edi...» Jahongir shuni eslab, o‘rnidan turdi-da, yuqoriga ko‘tarildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:44:28

Boshining lo‘qillashi hali to‘xtamagan bo‘lsa ham, xonasiga kirgach, bir varaq qog‘oz olib, tez-tez yoza boshladi:
«Do‘stim Sulton! Tajriba davrida bir fikr uyg‘ondi. Jasadi tajribaga asos bo‘lgan alloma Ulug‘bek rasadxonasini ko‘rgan ekan. Taassurotlari asosida men ham uning guvohi bo‘ldim. Rasadxonani tasvirlashga ko‘p vaqt kerak. Men hozir bunga qodir emasman. Sen faqat bir narsani o‘ylab, tekshirib, hujjatlarni solishtirib ko‘r: rasadxona qachon buzilgan? Kim buzdirgan? Abdullatifmi? U holda nega Bobur Mirzo «Boburnoma»da darz ketgan tosh taxtga qadar batafsil tasvirlagan? Alisher Navoiy-chi? Esingdami:

Temirxon naslidin sulton Ulug‘bek,
Ki olam ko‘rmadi sulton aningdek...
... Rasadkim bog‘lamish zebi jahondir,
Jahon ichra yana bir osmondir...

Bulardan tashqari, bilishimcha, Abdullatifning o‘limidan so‘ng rasadxonada astronomik tekshirishlar olib borilgan. Balki boshingni bemavrid aylantirayotgandirman? Men shunchaki o‘ylab ko‘r, demoqchiman.

Salom bilan, Jahongir. 16 iyun 19... yil».


Jahongir xatni pochta qutisiga tashladi-da, yana bir oz soy bo‘yida yurdi. Xayol bilan bo‘lib, katta hovuzga yaqinlashganini sezmay qoldi. Bu hovuzda cho‘miluvchilar ko‘p bo‘lguchiydi. Bugun negadir ikki yigitdan bo‘lak hech kim yo‘q. Ulardan biri oftobda toblanib yotibdi. Biri yuqoriga chiqib kalla tashlashga hozirlanardi. Mana u tashladi. Lekin Jahongir o‘ylaganday kallasi bilan emas, qorni bilan tushdi. Suv chayqalib atrofga sachradi. Jahongir birdan to‘xtab qoldi. Keyin suzayotgan yigitga qarab turdi-da, tez burilib orqasiga qaytdi. Oromgoh boshlig‘ining xonasiga kirib, institutga telefon qildi. Mansur tajribaxonada ekan. U ikki soatlardan so‘ng oromgohga yetib keldi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:45:02

Jahongir uni soy bo‘yiga boshladi. Hol-ahvol so‘ragach, muddaoga ko‘chdi:
— Men o‘zimni yomon his qilganimda elallomada o‘zgarish sezilmadimi?
Mansur o‘shanda elallomaning kuyib qolganini ustozidan yashirgan edi. Shuning uchun Jahongirning savoli uni gangitib qo‘ydi. Jahongir buni sezdi.
— To‘g‘risini aytaver, yashirma.
— Elalloma kuyib qolgan edi.
— Qanday qilib?
Mansur bor gapni aytdi.
— Buni o‘sha zahoti aytishing kerak edi, — dedi Jahongir ranjiganini yashirmay.
— Men sababini aniqlay olmadim, — dedi Mansur.
— Uning kuyib qolishida hech kimning aybi yo‘q. Elalloma texnik jihatdan bexato ishlangan.
— Unda xavf chiroqlarining yonishi, keyin uchqun chiqishi nimadan sodir bo‘ldi?
— Bularning bariga sabab — bioto‘lqinning kuchayishi. Voqealarning kishi ruhiga ta’siri bioto‘lqinning kuchayishiga yoki susayishiga sabab ekan. Voqea fojiaga borib taqalganda men o‘zimni yomon his qilganman. Xuddi shu paytda elallomaning tahlil va xulosalash bo‘limida ogohlantiruvchi chiroq yongan. Bioto‘lqinning kuchlanishi oshgan. Tushundingmi? Biz elallomani bir me’yordagi bioto‘lqinga moslagan edik. Avvallari u tekis oquvchi suv kabi bo‘lgan voqealarni tiklagan edi. Endi suv to‘satdan qattiq chayqaldi. Ana shu chayqalishning kuchi uchqun chiqargan. Mana shularni hisobga olib, elallomaga tezlik bilan moslama o‘rnatishimiz kerak. Tajriba vaqtincha to‘xtatiladi. Men ikki kundan keyin tushib boraman.
— Kecha kibernetika institutdagilar kelishdi. Yaxshi bir yangilikni taklif qilishyapti. Robot bilan o‘tkaziladigan tajbiramizda teleekranda foydalanishmoqchi. Robot ham elallomadan axborotni qabul qilib oladi, yozib boradi, ham teleekranga uzatadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:45:19

— Juda yaxshi. Tayyor turishsin. Balki, shu yilning o‘zida boshlarmiz.

«19... yil, 21 iyun. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Bugunga mo‘ljallangan tajriba qoldirildi. Barcha elallomaga o‘rnatiladigan yangi moslama yaratish ishiga safarbar qilindi».
«19... yil, 2 iyul. Moslama yaratildi. Ertaga tajribaning oltinchi bosqichi boshlanadi».
«19... yil 3 iyul. Soat 11.00. Tajribaning oltinchi bosqichi boshlanishi kerak edi.
Elallomalar ishga tushganida tajribaxonani radioto‘lqindan muhofaza qiluvchi pardaning kuchsizlangani sezildi.
Soat 13.15. Muhofaza pardasi tiklangach, tajriba boshlandi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Meditsina komissiyasi unda o‘zgarish sezmadi. Barcha xodimlar tajribaning borishi haqida professordan ma’lumot kutishyapti. Biroq, professor «Tajriba biz o‘ylagandek tekis davom etyapti», deyish bilan cheklandi. O‘zini «Professorning yaqin do‘stiman», deb tanishtirgan yozuvchi To‘lqin Murodovni ham qabul qilmadi.
Soat 18.15. Tajribaning oltinchi bosqichi hech qanday hodisasiz muvaffaqiyatli tugadi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Tajribaning yettinchi bosqichi 11 iyulga mo‘ljallanadi. Professor bugungi voqea uchun tajriba rahbariga tanbeh berdi. Uning aytishicha, voqealar orasida uzilish sezilgan. Tajriba haqida bo‘lak ma’lumot yo‘q».


Darhaqiqat, tajribaning boshlanishidayoq Jahongir elalloma yuborayotgan axborot oqimining xiralashganini sezdi. Keyin yana qalandarlik libosiga kirgan Abdulvahob, madrasada va’z aytayotgan Ulug‘bek, xazinada oltin saralayotgan Shamsibek, nimadir tikayotgan Mahfuza va anglab bo‘lmaydigan tasvirlar ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ldi. Keyinroq tasvirlar oydinlashib, so‘zlar ham aniqlashdi.
Jahongir oromgohga qaytgach, shularni xayolida qayta tiklashga urindi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:45:38

FALAK
(Kundalikning oltinchi sahifasi)

Birinchi qor tushganida binoning poydevori qo‘yilib, devor yerdan odam bo‘yi ko‘tarilgan edi. Chilla kirdi. Sovuq ko‘z ochirmay qo‘ydi. Ustma-ust qor yog‘ib, tizza bo‘yiga chiqdi. Tomlardan kuralgan qor tor ko‘chalarni deyarli to‘ldirayozdi. O‘n kundan beri quyosh ham yuz ko‘rsatmaydi. Go‘yo zamin sovuq lahadga tushganday. Faqat odamlarning harakatigina hayotning so‘nmaganidan dalolat beradi.
Bino qurilishi boshlangach, Shamsibek xazinadagi oltin-kumushlarni saralashga kirishgandi. U kun bo‘yi saroydagi do‘kondan chiqmas, uyga qosh qorayganda qaytardi. Ba’zan o‘g‘li uxlab qolgan bo‘lardi. Zavjasi sandalning olovini balandlatib, o‘zi bir chekkada chevarlik qilib o‘tirgan bo‘lardi. Shamsibek uning nima tikayotganiga ko‘p ham ahamiyat bermasdi.
Samarqandga kelgan kunlari yolg‘izlikdan Mahfuzaning dili xun bo‘lib, turli rang ipak oldirgan, Buloqboshidagi odaticha, do‘ppi, qiyiqlar tikib, o‘zini ovutardi.
... Shamsibek bugunga mo‘ljal qilgan oltinlarni quyib bo‘lib ketishga chog‘langanida ganjur1 uni ichkariga chorladi. Ixcham sandiqlardan birini ochib:
— Qarangchi, kecha Hindistondan keltirishdi. Tillasi durustmikan? — dedi.
Shamsibek tilla bezaklarga havas bilan tikilib qoldi. Bezaklar shu darajada nafislik bilan ishlangan ediki, tillaligi uchun emas, nafisligi, go‘zalligi uchun ham bebaho edi. Shamsibek tilladan shunday bezak ishlay oladigan zargar bor, deb xayoliga ham keltirmagandi. U bir baldoqni olib, mash’ala yorug‘iga tutdi. Soch tolasi yo‘g‘onligidagi halqachalarga moshning yarmicha keladigan yoqut qadalgan. Mash’ala yorug‘ida ular xuddi bargga qo‘ngan shudring tomchisiday titraydi, yaltiraydi.
— Bundan zo‘rroq san’at bo‘lmasa kerak, — dedi Shamsibek baldoqni joyiga qo‘yar ekan.
— Tillasi-chi? — deb so‘radi ganjur.
Shamsibek bezaklarni yana bir ko‘zdan kechirdi. Ularning yuzasi bir oz xira tortgan, tillasi pastroq navli edi. Agar shunday desa, shubhasiz, bularni ham eritishi kerak. Lekin bunga uning qo‘li bormaydi. U faqat o‘zi ishlay oladigan bezak va buyumlarnigina eritayotgan edi. Shuning uchun ham u ganjurga yolg‘on gapirdi:
— Tillasi toza, eritmoqqa hojat yo‘q.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:45:47

— Men ham shundaydur, deb edim, — dedi ganjur sandiqni yopib, tashqariga yo‘l boshlar ekan.
Kechqurun izg‘irin ancha kuchaygan edi. Shamsibek telpagini bostirib kiyib tez-tez yurib ketdi. Dam o‘tmay, tanasi qizib, sovuq ham sezilmay qoldi.
Mahfuza bugun ham odatdagiday sandalda o‘tirardi. Eri kirishi bilan turib qarshiladi-da, oshxonaga chiqdi. Shamsibek shiringina uxlab yotgan o‘g‘lining burnini chimdib, uyg‘otmoqchi bo‘ldi. Kichkintoy bir g‘ingshidi-yu, uyg‘onmadi.
Mahfuza dasturxon yozdi-da, bir chinni ovqat bilan ikkita non keltirib qo‘yib, o‘zi ham o‘tirdi.
— G‘animuroddan xabar olmadingizmi? — dedi Shamsibek.
— Borib keldim. Yana yurolmayapti ekanlar, oyoqlarida shish bormish.
— Beli-chi?
— Opoqbuvi aytmadilar.
Shamsibek ovqatni ichib bo‘lib, dasturxon ustidagi nonlar olingach, yuziga fotiha tortdi-da, o‘rnidan turdi.
— Men ham borib xabar olay-chi. Avvalgi kuni yuzidan xiyla qon qochgandi. Qarashidan ham xavfim bor edi, — dedi. Mahfuza «maylingiz», deb qoziqdan to‘nni olib tutdi.
G‘animurod sandalda yonboshlab yotardi. Sandalning bir tomonida Qamariddin o‘tirardi. Uy egalari ko‘rinmasdi. Shamsibek kirib bir oz o‘tirgach, G‘animurodning tomirini ushlab ko‘rdi. Keyin uning shishgan, bir oz ko‘kargan oyog‘ini ko‘rdi.
— Men malham tayyorlab qo‘yaman. Zavjam ertaga tashlab ketar. Kechga qadar besh marotaba surib, yaxshilab silang. Sovuq tegmasin. — Shamsibek shunday deb, ketishga chog‘landi. Qamariddin ham turdi. Ikkovlon xayrlashib chiqishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:45:54

— Oyog‘ini ko‘rib mashqingiz pasaydi, tinchlikmi?— dedi Qamariddin.
— Payqadingizmi? — dedi Shamsibek. — Unga og‘ir dard ilashibdi. Qorason bo‘lganga o‘xshaydi.
— Davosi mushkulmi?
— Davosi yo‘q.
— Hech-a?
— Oyoqni kessa, balki...
— Astag‘firulloh!
— Bo‘lak shifo yo‘q. Suyaklar iriy boshlagan. Tabobat ojiz.
— Yo Xudo, bedavo darddan o‘zing asra. Ammo G‘anipolvonga ixlosim baland edi. Bundayin mard kamdan-kam bo‘ladi... Peshanasida baxtsizlik bor ekanda... Nailoj... Asli baxtsizlik yopishgan kishi oxir bir kun uning sharbatidan totadi, derdilar. G‘anipolvon bu sharbatdan xiyla erta totib qo‘yibdi. Attang.
Shamsibek indamadi. Bir oz yurishgach, Qamariddin yana so‘z ochdi.
Kecha anavi qozini ko‘rdim. Afti angori ancha xarob.
— Qaysi qozini aytyapsiz?
— Andijon yo‘lidagi-chi?
— Sizni tanidimi?
— Tanimay-chi! Teskari qarab oldi. Erta-indin u ham devonalarga qo‘shiladi. Qalandarlikka qaytgan jo‘rangiz uni qanotiga oladi.
— Nega unday deyapsiz?
— Farg‘ona ayolatidan kelganlar tez topishadilar.
— Musofirlikda yuz issiq bo‘ladi-da.
— U nonko‘r qalandar bilan ko‘rishib turasizmi?
— Ha.
— Siz u bilan salom-alik qilmang. Undan yaxshilik chiqmaydi. Nazari sovuq.
— Shunday deysiz-u, lekin u ham tirik jon. Xudoning bandasi.
   

Qayd etilgan