Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68103 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 7 8 9 10 11 12 13 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:01

Ular madrasa muyulishida ajrashdilar. Shamsibek kelganida Mahfuza uxlamagandi. Eri tanchaga o‘tirib yonboshlagach, G‘animurodning ahvolini surishtirdi. Keyin erining xayolga cho‘mganini ko‘rib, asta so‘radi:
— Yaqin orada Abdulvahobni ko‘rmadingizmi?
Shamsibek qo‘qqisdan berilgan bu savolga hayron bo‘ldi.
— Nima edi?
— Xavotirdaman. Ko‘pdan beri eshigimiz tagidan o‘tishni odat qilgan. Uch-to‘rt bor ko‘pchilik bo‘lib o‘tdilar. Baqirib, nimalarnidir aytadilar, men anglay olmayman. Ko‘ngliga yomonlik oralamaganmikan?
— Biz unga nima gunoh qilibmiz-ki, ko‘ngliga yomonlik oralasa?
— Shahriyorning rad javobini sizdan ko‘rsa-chi?
Shamsibek «yo‘q» deb kulimsiradi. O‘sha uzrxohlikdan so‘ng Abdulvahobga olampanohning javobini yetkazganida, u: «Sen astoydil vositachilik qilmagansan, mening mulla bo‘lishim senga yoqmaydi. Chunki sen qishloqning yagona mullasi bo‘lishni istaysan. Ko‘nglung qora!» qabilidagi xunuk so‘zlarni aytgan edi. Albatta, bu gaplardan Mahfuza bexabar. Shamsibek uning xavotirligi oshmasin, deb bildirmagan edi. Shuning uchun ham hozir, «bu yurish ularning odati, avhomga1 berilmang», deb qo‘ya qoldi.
Mahfuza erining mudrayotganini ko‘rib qo‘ltig‘iga yana bir yostiq qo‘ydi-da: «Bir narsa ko‘rsatsam izza qilmaysizmi?» — dedi.
— Nima ekan? — dedi Shamsibek.
Mahfuza tokchada o‘rog‘liq matoni olib ochdi.
— Qarang-chi!
Shamsibek qaddini rostlab, matoga tikildi: ko‘m-ko‘k matoga zarhal ipakda ajib tasvirlar chizilgan: o‘rtada kungaboqarni eslatuvchi doira. Atrofida doirachalar. Ipaklar to‘lqinsimon qilib tikilgani uchun doirachalar yoniq yulduzlar kabi jimirlab turibdi. Matoning chetlarida ikki qatorli zarhal hoshiya bor.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:09

— Qaerdadir ko‘rganman, — dedi Shamsibek undan ko‘z olmay.
— Rasadxonada emasmi? — dedi Mahfuza kulimsirab.
— Ha-ha, o‘sha yerda. Ammo siz qayda ko‘rib edingiz!
— Men ko‘rganimcha yo‘q, sizning hikoyangizni eslab turib tikdim. O‘xshaydimi?
Shamsibek katta doira atrofidagi doirachalarni sanadi: oltita. Rasadxona devorlarida ham xuddi shunday tasvir bor edi. Ranglar ham aynan ko‘chibdi. Shamsibek ilk marta rasadxonani ko‘rganida shu tasvirni Mahfuzaga so‘zlab bergandi. Ne ajabki, zavjasi buni qulog‘iga ilib, ipak bilan matoga tushiribdi.
— Faqat birginami?
— Ha, yana birini bugun boshladim.
— Jumagacha bitiring.
— Muncha shoshqich?
— Shahriyorga ko‘rsataman.
— Voy, o‘lay! — Mahfuza cho‘chib tushdi. Chunki bu yetti uxlab, tushiga kirmagan edi. — Voy o‘lay, nima deyapsiz! Arziydimi?
... Ertalab Shamsibek to‘g‘ri xonaqohga yo‘l oldi. Uning Abdulvahobga aytadigan so‘zi ko‘p emasdi. Shu bois tashqarida, kimsasiz ko‘chada, tik turgan holda gaplashdilar.
— Abdulvahob, so‘nggi kunlar ichi ko‘chamizdan botma-bot o‘tishingizning sababi nima?
— Shahristonda Xudoning ko‘chalari ko‘p. Qay biridan o‘tishim o‘z xohishim bilan bo‘ladi. Sizga buning daxli yo‘q.
— Har qanday qilmishning miyonasi xo‘bdur. Oqibatni unutmaslik zarur.
— Oqibatni? Xusravi beoqibatning1 etagidan tutganingiz holda bu ibratni tilga olishingiz g‘oyat taajjubli.
— Tuhmat botqog‘iga yana to‘la botibsiz. Beisbot so‘zlardan tiyilishingiz lozim.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:17

— Beisbot deysizmi? Olloh o‘z mag‘firatiga cho‘mdirgur hazrat xoqoni Said Mirzo Shohruhga, ya’ni padari buzrukvoriga suiqasd qilgan Shayx Qosim Anvarni panohiga olganiga ne deysiz?
— Mirzoga Ahmad Lur suiqasd qilgan. Shayx beayb.
— Ahmad Lurning shayxga murid ekanligi-chi? Yoinki dinimizni poymol etuvchi ilm bilan mashg‘ul bo‘lish-chi?
— Muridlik xususidagi so‘zingiz mavhum. Ilm xususidagi so‘zlaringiz esa bema’nilik. Haq taolo Odam alayhissalom bilan birga ilmlarni ham yaratgan. Falakiyot dinni poymol etmay, dinimiz ravnaqi uchun xizmat qilguvchi ilmdur. Rasad ahli falakdagi o‘zgarishlarga qarab namoz vaqti, ro‘zai-ramazon damlari, kun chiqish va botish vaqti, niyat va farzlar muddatini, Quyosh yo Oyning tutilishi voqe bo‘lsa, uning vaqtini aniqlab berish maqsadida ter to‘kadilar. Buning nimasi gunoh? Bilingki, tushunishdan ojizlikni e’tirof etmoq ham idroklilikdur.
— Shundaymi? Siz ham bilingki, sevgan narsangiz o‘zingiz uchun kulfatdir.
— Bag‘oyat ibratli so‘z aytdingiz. Sizning nazaringiz tushgan Rasulillohning hadislaridagi: «Siz biror narsani yoqtirmassiz-u, ammo siz uchun xayrlidur», degan jumlaga e’tibor qilganingiz ma’qul edi.
— Xudovandi karimning o‘zi haq-nohaqni qiyomat kunlari ajratib oladi. Mening tavbalarim o‘shanda asqotadi.
— Ilohim asqotsin. Ammo o‘rmonga o‘t ketsa ho‘lu quruq baravar yonadi.
Abdulvahobning ko‘zlarida g‘azab yondi. U dinga nisbatan qattiq so‘zlar aytgani uchun emas, balki donishmandlik bobida hamqishlog‘idan ancha past ekanini his qilganidan g‘azabda edi.
Juma namozi oldidan Ulug‘bek diyor akobirlari va sohibqironning mozoriga borib muhtojlarga duoyu sadaqalar ulashdi. So‘ng Bibixonim masjidiga yo‘l oldi. Shamsibek ham uning shogirdlari qatorida turdi. Namoz tugagach barchalari madrasaga bordilar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:30

Dorul-saltanada Baytul-hikma qaror topganidan beri goh Ulug‘bek, goh Ali Qushchi allomalar bilan birgalikda talabalardan bir guruhini falakiyot ilmidan boxabar qilar edilar. Bu juma Ulug‘bekning o‘zi saboq berdi. U falakiyot xususida juda bosiq va ohista so‘zlar, tinglovchilar uning har bir fikrini oson uqib olish imkoniga ega edilar. Ulug‘bek ustrlob va undan foydalanish haqidagi so‘zlarini tugatgach, ziyj tuzmoq hunaridan so‘zlay ketdi:
— Ziyj tuzmoq miloddan bir yuz o‘ttiz to‘rt yil muqaddam rasm bo‘lgan. Yunon allomasi Guparxu Aqrob majmuasida tasodifan yorug‘ yulduzni ko‘rib hayratdan yoqa ushlagan. Alloma majmuada ilgari bu yulduzni sira uchratmagan ekan. Gavhari anjumda bir ko‘rinib, bir ko‘zdan yo‘qoluvchi falak boshoqlarini nazardan qochirmaslik uchun u ziyj tuzmoqni rasm qildi. U ziyjiga besh yuz yulduzni jamlab, yorug‘lik darajalarini oltiga bo‘ldi. Shundan so‘ng falakiyot ilmining akobirlari bu ziyjga o‘zgartishlar kiritdilar. Batlimus, Nasriddin Tusiy, Muhammad al-Batoniy, Abdurahmon So‘fiy kabi allomalar ziyj ganjiga nodir gavharlar qo‘shdilar. Oftob va bo‘lak sayyoralarning taqvimini kuzatib borib, hikmat egasi bo‘lmish Nasriddin Tusiy tuzgan «Ziyji jadidi Elhoniy»dagi hamda Abdurahmon So‘fiy risolasidagi oftob va bo‘lak sayyoralar taqvimida yo‘l qo‘yilgan tafovutlarni inobatga olib, Ollohning hukmi bilan, biz ham ziyj tuzmoqqa bel bog‘lab, Tangrining marhamati bilan muddaoga erishdik. Ziyjda bir ming o‘n sakkiz yulduzning o‘rnini belgiladik. Abdurahmon So‘fiy risolasidagi sakkiz yulduzni hamon izlamoqdamiz. Harakatimiz to shu kunga qadar samara bermadi. Mavlono So‘fiy ushbu yulduzlarni o‘zlari ko‘rmay, Batlimusdan olganlar. Inshoolloh, uning o‘rnini belgilash bizga nasib etur.
Sovuq sabab bo‘ldi shekilli, Ulug‘bek bu kungi darsini qisqa qildi. Talabalardan «anglay olmagan fikrlarni qayta so‘ranglar», deb sukut saqladi. So‘rovchilar chiqavermagach, Shamsibek o‘rnidan turib qulluq qildi.
— Qulog‘im senda, — dedi Ulug‘bek undan savol kutib.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:38

— Shahriyorim, sizga bir narsani ko‘rsatish niyatida edim. — Shamsibek shunday dedi-da, matolardan birini olib, Ulug‘bekning oyog‘i ostiga qo‘ydi.
— Nima bu? — dedi Ulug‘bek.
— Kaminaning ojizalari to‘qigan ekanlar, maqbul bo‘larmikan, deb olib keldim.
Chaqqonroq ikki mulozim uni olib, shahriyor qarshisida ochdi. Ulug‘bek bir matoga, bir Shamsibekka, so‘ng yana matoga tikildi.
— Ajab, bu falak-ku! — dedi u hayrat bilan. — Bu rasad devorlaridagi falakning tasviri-ku! Kimning ishi bu? Ojizamniki, dedingmi?
— Ha, shahriyorim.
— Shunday mo‘’jizani yaratgan iqtidor egasini ojiza demoqlikka qanday tiling aylandi? Mashoyixlar:

«Onangdan bosh tovlama, oshmasin dardi,
Hayot toji erur oyog‘in gardi!» —[/I
]
demish ekanlar. Uqdingmi?
— Gunohkorman, shahriyorim.
— Ayollar ham Xudoning bandalari. Sen kabi iqtidor egalarini yaratar ekanlar, nechun o‘zlari «ojiza» yoinki aqli noqis bo‘lsinlar?! Mana bu falakka qaranglar, — Ulug‘bek endi atrofdagilarga murojaat qildi. — Biz bu yulduzlar o‘rnini topmoq uchun necha tunlar mijja qoqmadik. Nebaxtkim, falakiyot ilmini kulbaxonadagi ayol chaqib ko‘rsa. Ular ham ilmdan xabar topsa. Kurrai arz aylanadi, deganda, «astag‘firulloh!», deb yoqa ushlamasa... Zavjangga rasadxonani qachon ko‘rsatib eding?
— U kishi ko‘rmaganlar. Men hikoya qilib berib edim.
— Nur a’lo nur. Ko‘rmay-ki, shunday mo‘’jiza yaratibdimi, sharaf unga. Sen kunduzi uni olib kel. Rasadni ko‘rsat. Qizlarni yoniga olib shunday falak tasvirlaridan tiksin. Farmonim shul: rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahliga yetib ma’lum bo‘lsinkim, Shamsibek Ismoil o‘g‘lining zavjasi tikkan falak tasviri barchaning uyida bo‘lmog‘i darkor. Rasad ahli, saroy ahli, madrasa ahli bu falaklarni bozordan sotib olishga majbur. Falakni fuqaroga ko‘rsatmoq, tanitmoq maqsadida u faqat bozorga olib chiqilsun!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:47

Ulug‘bek gap tamom, deganday ishora qilgach, talabalar ta’zim bilan chiqa boshlashdi. Ulug‘bek Shamsibekni saroyga olib ketdi. Dorulshafaqa qurilishi va xazinadagi ishlarni surishtirdi-da, dedi:
— Bilishimcha, o‘tgan oy Baytul-hikma qanotiga Xorazmdan kelgan tabib xastalik tarqatuvchi insu jins bilan o‘zini emlab betoblanibdi.
— Ha, shahriyorim shunday bo‘ldi.
— O‘z-o‘zini xasta qilmoqdan muddaosi ne ekan?
— U xastalikning boshlanish onlarini bilib, shifo izlashni niyat qilib edi.
— Shifoga umid bormi?
— Xudo xohlasa, yaqin kunlar ichi oyoqqa turur. Dardi u qadar og‘ir emas.
— Shifo topgani hamon huzurimga keltirursan. Bo‘lak hakimlarga mening farmonimni yetkaz: xorazmlik tabib singari insu jinslarni sinab ko‘rish jazo bilan taqdirlanur.
— Shahriyorim, bir arzim bor, — dedi Shamsibek qulluq qilib.
— Gapir.
— Birinchi bor suhbatingizda bo‘lganimda falakdagi o‘zgarishlar kurrai arzga ta’sir ko‘rsatadi, deb edingiz.
— Ha, shunday.
— Ma’lumingizki, Andijondan qaytar mahalimiz G‘animurod ismli purdil yigitni olib kelib edik. Nojinslar mayib qilganini aytib ham edik.
— Yodimda bor. Qamariddin uning tuzalib maydonga chiqishini kutyapti chamamda.
— Afsuski u maydonga tusholmaydi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:46:58

— Sabab?
— Sababi, u qorason xastaligiga mubtalo bo‘lgan. Xastalikning birdan bir shifosi — oyoqni kesish. Bo‘lak shifo tabobatga qorong‘u. Biroq, xayolimga bir fikr kelib edi.
— Qanday fikr?
— Falakda bo‘ladigan katta o‘zgarishlarni bilsam. Shu kuni dori tayyorlab, muolaja qilsam.
— Qaysi o‘zgarishlardan aytasan, falakda o‘zgarish mo‘l.
— Aytaylik, xusuf kuni yoki quyosh tutiladigan kun. Shu onlarda havo tarkibida o‘zgarish bo‘lmasmikan? Bo‘lsa, dori va malhamga ta’sir etmasmikan?
— Fikringda jon bor. Bu kunlar ummonda to‘fon ko‘tarilishi, bo‘ron bo‘lishi, qattiq shamol esishi, sel kelishini ko‘pdan aytadilar. Ajab emas, tabobat ham o‘zgarish sezsa. Hamalning o‘n biri xusuf kuni bo‘ladi. Ammo bu damda sen toat-ibodatda bo‘lishing zarur-ku?!
— Raiyat uchun mening toat-ibodatimdan ko‘ra tabobatdagi ishim ko‘proq naf berarmikin? Qolabersa, kurrai arz aylanadi, dedingiz. U holda Oyning yorishmog‘i mening ibodatimga muhtoj emas.
Ulug‘bek yigitning javobini eshitib, jilmaydi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:47:13

ISHONCH

Jahongir daftarni yopib o‘rnidan turdi. Derazani ochib yubordi. Salqin tog‘ havosi ichkariga ufurib kirdi. Tun yarimlagan. Oromgohda sokinlik hukmron. Uning uyqusi o‘chgan, yotgani bilan bari bir ko‘zi ilinmas edi. Shuning uchun «Qorovul ota bilan bir otamlashay», deb choynakni ko‘tardi-da, tashqariga chiqdi. Yelvizak turib eshikni taraqlatib yopdi. Peshayvon panjarasiga suyanganicha sigaret tutatayotgan kishi shu tomonga qaradi. Jahongir geliobiologiya sohasida ishlovchi bu olimni tanir, uning astronomiya bilan meditsinani chog‘ishtirgan holda olib borayotgan ilmiy tadqiqotlaridan xabardor edi.
— Ahmad Zokirovich, hali ham uxlamabsizda, — dedi Jahongir unga yaqinlashib. — Yo osmondagi o‘zgarishlarni kuzatyapsizmi?
— Yo‘q, osmon hozir tinch. Uyqum qochdi. O‘zlari choynak ko‘tarib qolibdilar?
— Qorovul ota bilan bir otamlashay, yuring siz ham.
— Men yaqinginada choy damlab suhbatdoshga xumor bo‘lib turuvdim. Bu yoqqa marhamat qila qoling.
— Geliobiologiya olamshumul kashfiyot bo‘sag‘asida turganga o‘xshaydi, — dedi Jahongir ichkari kirgach.
— Nimaga unday deyapsiz?
— Olim tunni bedor o‘tkazdimi, demak, bir gap bor.
— Yo‘q, bedorlikning sababi boshqa. Oqshomda soy bo‘yida bir kishi bilan bahslashib qoldim. Meditsinaga oid kitoblarni o‘qib o‘zida o‘n ikki xil kasallik borligini «kashf» qilibdi. O‘zini bilag‘on qilib ko‘rsatib vrachlarni ayblamoqchi bo‘ldi. Nima emish, vrachlar uning o‘n uchinchi kasalligiga diagnoz qo‘yisha olishmayotganmish.
— Odamlar ham qiziq, — dedi Jahongir kulimsirab, — kasallik sal cho‘zilsa yo og‘irlashsa vrachni aybdor qila boshlashadi.
— Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Qani, Jahongir Alievich, marhamat qilsinlar, — mezbon shunday deb choy uzatdi-da, shirinlik va non burdalari ustiga yopilgan oq sochiqni olib, gapini davom ettirdi. — Meditsinaning bu qadar tez taraqqiyoti muhim muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘yyapti. Vrachlarning ishi tobora og‘irlashib, mas’uliyatlari ortyapti. Ko‘pchilik meditsinaga ishonib, kasallik bilan yuzma-yuz kurashib, yengib chiqish qudratidan mahrum bo‘lib borayotganini anglamayapti. Ayniqsa, oqshomgi suhbatdoshimga o‘xshagan «bilimdon»larning ko‘payishi xavfli.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:47:24

— Kasalning xili ham mingdan oshgandir?
— O‘n ming deyavering.
— Shunga yarasha meditsina texnikasi taraqqiy etyapti-ku?
— Hamma og‘irlik shunda-da! Ilgarilari vrach bemorning qon bosimini o‘lchab, yurak urishini tinglab, taxminan bo‘lsa ham diagnoz qo‘yib, darhol davolashni boshlardi. Endi ahvol butunlay o‘zgardi. Avval vrachning o‘zi xastani turli yo‘sinda tekshirib ko‘radi. So‘ng maslahat uchun boshqa sohadagi hamkasblariga yuboradi. Ular ham bemorni turli maqomga solishib, obdan tekshirishadi. Asosiy vrachning xonasiga kasallik to‘g‘risidagi axborotlar oqib kiraveradi-yu, diagnoz ba’zan haftalab noaniq bo‘lib qolaveradi.
— Vrach o‘z bilimi, mahoratiga nisbatan ko‘proq texnikaga ishonib qolgan, deng?
— Afsuski, shunday. Natijada bemorning vrachga bo‘lgan ishonchi ham yo‘qolishi mumkin.
— Davolashdagi eng muhim dori yo‘qolar ekan.
— Ha-da! Bemor vrachga ishonmasa, davodan umid qilish qiyin. Undan tashqari ishonchsizlik tez tarqaladigan yuqumli kasal. Soy bo‘yidagi suhbatdoshimga ham shu kasal ilashgan. Eski tabiblarni qo‘msab, ta’riflab o‘tiribdi.
— Xalqdan chiqqan tabiblarni butkul inkor etib, menimcha noto‘g‘ri ish qilyapsizlar. Ularning aksariyatidan o‘rganish mumkin edi. Onamning aytishlaricha, olti oyligimda hayotimni bir tabib ayol saqlab qolgan ekan.
— Jahongir Alievich, siz — yigirmanchi asrning professoridan shunday gap chiqishini kutmagan edim.
— Yo‘q, bu oldi-qochdi gap emas, ishonavering. Aytishlaricha, ikki kun onamni emolmay so‘lib qolgan ekanman. Vrachlar yuqumli kasal deyishibdi. Shunda dadam bir kishining gapiga kirib, meni dalada turadigan bir ayol tabibnikiga olib boribdilar. Tabib piyoz o‘toq qilayotgan ekan. Voqeani dadamdan eshitib, «Qani, og‘zini oching-chi», debdiyu o‘sha zahoti barmog‘ini tiqib, tomog‘imdan olma po‘chog‘ini olib beribdi. Butun kasalligimga shu po‘choq sabab ekan. Tabiblar haqida bunday ibratli hikoyalar ko‘p. Hatto azayimxonlardan ham...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:47:33

— O‘rganish mumkin. Lekin ularning usuli biz erishgan yutuqlarga munosib emas. Ancha orqada. EHMlarning meditsinada tutgan o‘rni qadimgi usullarni o‘rganishga ehtiyoj qoldirmaydi. Geliobiologiyaning tarixini qadimda osmondagi o‘zgarishlarga qarab kasallik tarqalishini bashorat qiladigan munajjimlar bilan bog‘lashadi. Lekin bu fanga ana o‘shalar asos solgan deyishimiz, ularning usulini qo‘llashimiz noto‘g‘ri-da. Bugungi geliobiologiya aniq dalillarga suyanadi.
Jahongirning ko‘z oldiga tajriba yakunlari keldi. Geliobiologning so‘zlari Shamsibek boshlamoqchi bo‘lgan davolash usulini yodiga soldi. «Demak, Shamsibekning usuli shunchaki emas, ham mantiqan, ham ilmiy asoslangan faraz. Tajriba tugagach, uning natijasini geliobiologlarga ham ma’lum qilish kerakka o‘xshaydi...» Jahongir shularni xayolidan o‘tkazib, suhbatdoshining so‘zini bo‘ldi:
— Ahmad Zokirovich, men bu borada siz bilan bahslasha olmayman. Qani, choydan quying, — dedi u piyolani uzatib. — Lekin menimcha, EHM vrach bilan bemor o‘rtasida qora tikanak bo‘lmay, ularning qatorida turishi kerak. Chunki eng yuksak texnika ham faqat vrachning tahlillash idrokini to‘ldiradi, unga yordam beradi. Asrlar o‘tavergani bilan bemorlar vrachdan maslahatgina emas, tasalli kutish xislatlarini yo‘qotmaydilar.
— Bu gapingiz o‘rinli. Hatto o‘zim ham ba’zan tasalliga muhtoj bo‘laman.
— Choy uchun ham, suhbat uchun ham tashakkur. Endi bir oz dam olaylik, — dedi Jahongir o‘rnidan turib. — Agar istasangiz, qimizxo‘rlikka olib borishim mumkin.
— Qaerga?
— Bu sir.
— O‘razboy cho‘ponnikiga emasmi?
— Obbo, faqat men bilaman deb, kerilib yursam-a?
— Biz quyoshdagi o‘zgarishlarga qarab bilib olamiz-da.

Qayd etilgan