Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68118 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:25:30

Ot burnini kerib pishqirdi. Yigit uning bo‘yniga erkalab shapati urib qo‘ydi-da, orqasiga qaytdi. Asr namoziga hali vaqt bor, shu bois u avval karvonsaroyga qo‘nib, keyin namoz payti masjidga chiqishni ixtiyor qildi. U Samarqandga yo‘l olganida Abdulvahobga suyangan edi. Musofirlik tuzini endi totayotgan yigit uchun shahristonda tanish kishisining borligi ancha dalda bo‘lardi.
Abdulvahoblarning yeri ularnikiga tutash, lekin uch-to‘rt barobar katta edi. Qishloqning aksar ahli Abdulvahoblarning yerida ishlar edi. Andijon yo‘lidagi adirda ham, O‘sh tevaragidagi tog‘larda ham shularning chorvasi o‘tlardi. Yigit Abulvahob bilan bir maktabda tahsil olgan edi. Abdulvahobning xotiri zaifroq, uquvi aytarli baland emasdi. Madrasaga borish istagi bo‘lmasa-da, otasining po‘pisasidan qo‘rqib, rizolik berdi. Besh yil muqaddam ota-bola Samarqandga yo‘l olishdi. Boybuva og‘zi qulog‘ida xursand bo‘lib qishlog‘iga qaytdi. Endi uning o‘g‘li haqida gap ketsa «mulla Abdulvahob» deb tilga olinadigan bo‘lgan edi. Madrasaga kirganidan beri Abdulvahob qishlog‘iga birrov bo‘lsa-da, kelib-ketmadi. Boybuvaning o‘zi ikki marta Samarqandga borib keldi.
Mana shu qo‘shni yigit tahsildan yuz o‘giribdi. Uning yo‘ldan ozgani musofir umidiga soya solsa ham, u hamqishlog‘i bilan uchrashish istagidan voz kechmadi. Bir tomondan, qishloqdan olib kelgan omonatni topshirmog‘i lozim bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uni qalandarlik jandasida ko‘rmoqchi edi.
Yigit qorabayirni otxonaga bog‘lab, tepadagi hujraga joylashdi. Keyin pastga tushib, hovuz labida turgan obdastani oldi-da, tahoratga o‘tdi... Obdastani o‘rniga qo‘ya turib, unga razm soldi. Qorniga chertib qo‘ydi.
— Ha, mehmon, xush yoqdimi? — dedi yelkasiga sochiq tashlagan yag‘rindor kishi.
— Misi toza ekan, — dedi yigit.
— Ha... mendagi mollarning bari asl. Misgarmisiz, deyman-a?
— Yo‘q, zargarman.
Namoz vaqti yaqinlashgani uchun yigit gapni qisqa qilib ko‘chaga chiqdi. Masjidga yetguncha uchragan qalandarlarga qarab bordi. Biroq, istagan odamini uchrata olmadi. Masjidda odam ko‘p edi. Yigit namozni poygakroqda o‘qidi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:25:43

 Yuziga fotiha tortib, boshqalar qatori o‘rnidan turgach, ko‘zi minor tarafdagi ikki qalandarga tushdi. Abdulvahobni shulardan so‘rab bilay-chi, deb o‘sha tomonga yurdi. So‘rashga og‘iz juftlagan ham edi-ki, qalandarlardan biri unga peshvoz chiqdi:
— Shamsibek!
Yigit hayrat bilan unga qaradi: Abdulvahob! Qorayibdi, ozibdi. Yonoq suyaklari turtib chiqib, ko‘zlari kirtayib qovoqlari salqib qolibdi. Faqat ovozi o‘zgarmabdi. Yuzidagi kulgichi ham sal sezilib turibdi... Ko‘rishishdi. Keyin bozorga kiraverishdagi choyxonaga borishdi. Abdulvahob xursand edi. Har holda Shamsibek hamqishlog‘i, undan ota yerining isi keladi. Shamsibek esa na xursand, na xafa edi. Saboqdoshidan ko‘z olmay, undan ilgarigi Abdulvahobni qidirardi. Olti yil oldingi Abdulvahobdan deyarli hech narsa qolmabdi.
— Madrasani tark etdingizmi?
— Men din-shariatning puturini ketkazgan do‘zaxilar davrasidan qaytdim. Oxirat andishasini deb, pirimning etaklaridan tutdim. Bandalarga haqdan imon so‘rab, ibodat qilishdan ulug‘ savob yo‘q!
Shamsibek miyig‘ida kulib, chinni piyoladagi ko‘k choydan bir ho‘pladi. Keyin fonusning nurida yaltirayotgan botiq ko‘zlarga qarab, dedi:

Yorab, loyimni-ku, qorgan o‘zingsan,
O‘rish-arqog‘imni o‘rgan o‘zingsan.
Yomonmanmi, yaxshi, men qandoq qilay?
Taqdir manglayini bergan o‘zingsan.


Abdulvahobning choynak tutgan qo‘li titrab ketdi.
— Astag‘firulloh! — dedi ovozini ko‘tarib. — Tavba qiling!
Narigi so‘rida o‘tirganlar ularga qarab qo‘yishdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:25:53

— Tavbaga na hojat? — dedi Shamsibek xotirjam.— Bu so‘zlarni Umar Hayyom aytgan. Men gunoh ish qilsak ham, savobga qo‘l ursak ham Haq-taolodan demoqchi edim. O‘zgalar uchun ibodatga berilib, umrni xazon qilishdan na foyda? Har banda o‘z gunohi uchun o‘zi istig‘for aytmagi durust emasmi? Ilmdan yuz o‘girib, umrni juvonmarg qilmoq gunoh emasmi?
— Tilingizni tiying! Do‘zaxilarning so‘zini aytmang!
— Xo‘p, sizningcha bu do‘zaxilarning so‘zi, yo‘lingiz esa tariyqat ekan, unda avvalgi yo‘lingiz-chi? Ilm olish sizningcha gunohmi?
Abdulvahob suhbatdoshiga yovqarash qildi-yu, javob bermadi. Ular jim qolishdi. Shamsibek narigi so‘rida gurunglashayotganlarga qarab o‘tirar, Abdulvahob esa qo‘lidagi tasbehga tikilib qolgandi.
Shamsibek saboqdoshining so‘zlarida sun’iylik sezdi. Abdulvahobning yoqa ushlashi, kalima keltirishi kimlargadir taqlid qiluvchi masxarabozni eslatardi. Uning «oxirat andishasini deb, bandalarga imon so‘ramoq uchun» qalandarlikni kasb qilganiga shubha uyg‘ondi. Abdulvahob tabiatan bunday emasdi. U ko‘proq otasiga tortgandi. Boybuva bir mo‘’jaz masjid soldirib, ustalarning yarim haqini bermay, o‘zidan ketgan pulni ham qishloq ahlidan undirib olgan edi. Abdulvahob maktabga kelganida qo‘ynida oq kulcha non bo‘lar, bolalar bor ovoz bilan saboqni takrorlashga tutinishganida u o‘g‘rincha non tishlab o‘tirardi. Buning uchun boshiga tayoq kelgan paytlar ko‘p bo‘lardi. U hech mahal o‘rtoqlarini siylamasdi. Aksincha chaqimchiligi uchun hamma uni yomon ko‘rar edi. Kunlarning birida otasi berib yuborgan payshanbalik pulning bir tangasini yashirganidan xabar topgan bolalar, o‘ch olish qasdida bu qilmishini darhol domlaga yetkazgan edilar. Ham domlasidan, ham otasidan jazo olgan Abdulvahob shundan so‘ng saboqdoshlarini battar yomon ko‘rib qolgan edi. Madrasaga ketadigan yili Shamsibeklarning qo‘rg‘oniga o‘t tushgan, yon qo‘shni bo‘la turib na otasi, na o‘zi hattoki devor oshib qarab qo‘yishgan edi.
U mana shu kabi gunohlari evaziga endi tavbaga yuz o‘girdimi?
Nahotki?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:05

Oq yaktakli kishi choyni yangilab ketgach, Abdulvahob Shamsibekka qaradi:
— Kelishingizning boisi nima?
— Davlatpanoh yo‘qlabdilar. Sababi qorong‘u.
— Ko‘hakka bormog‘ingiz lozim ekan.
— Sabab?
— Bu oqshom iblislar bilan suhbat qurgani Bog‘i maydonga yo‘l solganlar.
— Fikringizni anglamadim?
— Yulduz sanaydilar.
— Ko‘hak olismi?
— Yo‘q.
— Hamroh bo‘la olasizmi?
— Maylingiz. Saharda yo‘lga chiqamiz.
Sovuqqina xayrlashishdi.
Tongda sovuqqina omonlashishdi. Abdulvahobning ulovi bo‘lmagani uchun ikkovi ham piyoda ketishdi. To shahardan chiqishgunicha Abdulvahobga kim bitta non, kim chaqa berdi. Shamsibek otini yetaklab sal orqada yurdi. Yo‘lda Abdulvahob dini islomning xokisor bo‘layotgani haqida gapirib bordi. So‘z oralarida benamozlarni qarg‘adi. Obi rahmatga yaqinlashganda, yo‘l chetidagi naqshinkor choyxonada to‘xtashdi. Ariqdagi tiniq suvda yuvinib, tolning soyasidagi so‘riga o‘tirishdi. Do‘ppisining piltasi ko‘rinib qolgan, sal oqsaydigan puchuq bola choy-non olib kelib qo‘ydi.
Ariq labidagi supada davra qurgan mo‘ysafidlarning biri qo‘liga tanbur oldi. Mayin kuy taraldi. Do‘ppisini tizzasiga qo‘ygan ko‘zi yumaloq kishi likopchani chertib, kuyga jo‘r bo‘ldi:

Ul kimu go‘zallarga xandon lab bermish,
Dard ahliga jigar qonin zap bermish.
Qismatimiz shodlik bo‘lmasa ne g‘am,
Shodmiz, chunki g‘amni ming-minglab bermish...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:13

Xonandaga hushi ketgan Shamsibekning xayolini Abdulvahob bo‘ldi:
— Yo Olloh! Musulmonlar fisqu-fujurga berilib, oxiratni unutishdi. O‘zing kechir, yo parvardigor, hech kim uzlatga chekinishni istamaydi... — U yana nimalarnidir pichirladi. Keyin ovozini ko‘tardi: — Arvohlarning qarg‘ishiga qolyapmiz... Qiyomat yaqin, qiyomat... Bandalar mahshar1ni eslamay qo‘yishdi... — Abdulvahob tasbeh o‘girib, Shamsibekka qaramay gapirardi. — Davlatpanohingizga hazrat Qusom arvohlarining qarg‘ishi tegdi.
— Unday demang!
— Deyman! Har bir sulton uchun yilda bir marta hazratning qabrlarini ziyorat qilish ham farz, ham qarz. Davlatpanohingiz bu safar udumni buzdi. Hazratning dahmalariga bosh qo‘yishni o‘ziga ep ko‘rmadi.
— Buni kim aytdi?
— Muhtasibimiz2 Sayid Oshiq masjidda yolg‘iz o‘zlari tilovot qilib o‘tirgan ekanlar. Arzu samo3 birdan qisirlab ketibdi. Shohizinda tomonda chaqmoq chaqibdi. Hazratning qabrlari ustida bir soya qad rostlabdi-da, muhtasibimizga qarab: «Sulton Ulug‘bek ziyorat qilmoqni lozim topmay, shariatga shak keltirdi. Bundan musulmon ahlini ogoh qil. Samarqandliklar bu gunohni qon bilan yuvmagunlaricha boshlari kulfatdan chiqmas!» debdi...
— Yana tuhmatning uyasini kovlayapsanlarmi?
Narigi so‘rida ularga orqa o‘girib o‘tirgan kishiga e’tibor berishmagan ekan. Mahobatli bu sipoh Abdulvahobning so‘zlarini eshitib, g‘azabga kelgan edi. Qovog‘i uyulganidan peshanasidagi ajinlar yig‘ilib, qalin qoshlari tutashib ketgandi. U Abdulvahobni yelkasidan tutdi:
— Qani, yur-chi, gaplaringni shahriyor ham eshitsinlar!

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:20

Abdulvahob «yo-hu!» deb jazavaga tushdi. Odamlar: «Qalandarga tegma!» deyishsa ham, sipoh: «Qalandar bo‘lsa toat-ibodat qilsin, sultonning muborak nomlarini bulg‘amasin!», deb turtib-turtib yo‘lga soldi. «Sen ham yur!» degach, Shamsibek noiloj oldinga tushdi.
Suv yoqalab xiyla yuqorilashdi. Ko‘hakning etagidagi bog‘ qo‘ynida qad rostlagan qasrga yetib kelishgunicha sipohning jag‘i tinmadi. Gaplaridan Abdulvahobni kaltaklashga ham tayyor edi-yu, lekin bir andisha uni ushlab turardi: u «xudoning gadolari»ga qo‘l ko‘tarmoq aybligini bilardi.
Sipohni Bog‘i maydon darvozasi oldidagilar to‘xtatishmadi. Nozik did bilan bino qilingan bog‘ oralab bir oz yurilgach, ajib imorat qarshisidan chiqdilar. Ustunlari toshdan bo‘lgan oshiyonning to‘rt tarafi ayvon edi. Ulug‘ ayvon ichida toshdan ishlangan bir ulug‘ taxt bor edi. Abulvahobga bu yerlar tanish. U qarshisidagi imoratning Chilstun deyilishini, sal narida izorasi tamom chinni bo‘lgan Chinniy qasr borligini bilardi. Shamsibek esa bundan bexabar. U kecha Ulug‘bek madrasasini qanday taajjub, havas, iftixor bilan ko‘rgan bo‘lsa, hozir ham bu ajabtovur imoratga shunday zavq bilan tikilib qoldi. Atrofdagi zar to‘nli odamlar ko‘pam e’tiborini tortmadi. Sipoh ularni bog‘ ichkarisiga olib o‘tib, boshqa bir sipohga topshirdi-da, iziga qaytdi. Peshin namozini shu yerda o‘qib olishdi. Namozdan keyin ularni olib kelgan sipoh yana paydo bo‘ldi.
— Qani, haligi gapni shahriyorning o‘zlariga ayt-chi!
Yana Chilstun qarshisidan chiqishdi. Endi bu yer gavjum edi. Ayvonda yurt akobirlari, taxtda esa, samovash to‘n kiyib, ixcham salla o‘ragan muloyim chehrali bir kishi o‘tirardi. Shamsibek uni ilgari hech ko‘rmagan bo‘lsa-da, davlatpanoh ekanini his qilib, tiz cho‘kdi. Abdulvahob sal egilib qulluq qildi.
Ulug‘bek indamadi. Uning yonidagi xiyol bukchayib qolgan oq soqolli qariya sipohdan so‘radi:
— Bularni haydab kelishingning boisi nima?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:29

Sipoh ta’zim qilgandan keyingina so‘zlashga jur’at etdi:
— Taqsir, bu fosid xayollar1 shahriyorning muborak nomlarini bo‘htonga bulg‘ayotgan ekanlar.
Qalandarga tikilib turgan Ulug‘bek jilmayib qo‘ydi:
— Qamariddin, eski tanishni yana olib kelibsan-da? — dedi. Sipoh bir qalandarga, bir Shamsibekka qaradi-yu, shahriyorning so‘zlarini anglamadi.
— Sen ilgari Xudoning bu gadosini tolibi ilm libosida olib kelib eding. Tahassurkim2, mullavachchalik yo‘lidan butkul qaytib, libosini endi topibdi.
— Qani u nimalarni so‘zlayotgan ekan?
— Arvoh qon tilaganmish...
Sipoh bor gapni aytishga istihola qildi. «Sulton Ulug‘bek gumroh, dahriy» degan gapga tili aylanmadi. Ammo shahriyor gapning mazmunini uqdi. Shamsibek uning g‘azablanishini, qalandarni jazoga buyurishini kutgan edi, lekin ne ajabki, sulton g‘azablanish o‘rniga jilmaydi.
— Shuginami? Xudoning telba gadosini behuda bezovta qilibsan-da, — Ulug‘bek shunday deb, qalandarga yuzlandi. — Xo‘sh, Abdulvahob, sen bu kulohu jandani qay maqsadda kiyib eding?
— Oxiratni deb, toat-ibodatni deb...
— Balli. Vazifang — bandalarning gunohini Haqdan so‘rab, ibodat qilish. Sen esa fisqu fujur bilan bandsan. Bu holda ibodating o‘z gunohingni ham yuvishga yetmaydi-ku?
— Fisqu fujurdan Ollohning o‘zi asrasin. Men osoyishtalikni ko‘zlab, bandalarni arvohning talabidan ogoh qilayapman.
— Avvalo, raiyat osoyishtaligiga sen qayg‘urma. Bu sultonning yumushi. Sen arvohning so‘zidan qay holda ogoh bo‘la qolding? Uni o‘zing ko‘rdingmi?
— Yo‘q, pirim ko‘rganlar.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:37

— Uni faqat piring ko‘ribdi-da? Ajab!.. Arvoh yana nima debdi? Ha, ziyorat qilmadi, debdimi? Agar shunday bo‘lsa, u ham aldabdi. Piring ham aldagan. Sababki, ul kuni Barhayot shoh qabrlari yonida tilovat qilganimga Haq-taoloning o‘zi shohid... Endi o‘zing ayt, senga qanday jazo beray?
Abdulvahobning o‘rniga sipoh javob qildi:
— Hazrat shahriyor, bu telbaning tashhizi xotiri uchun darra zarur.
Ulug‘bek «jim» deganday o‘ng qo‘lini sal ko‘tarib qo‘yib, Abdulvahobga tikildi. Abdulvahob shahriyorga tik qarashga jur’at etdi:
— Mening jonim Ollohning omonati. Lozim bo‘lsa bul omonatni sizning qilichingiz bilan oladi.
Ulug‘bek kulimsirab bosh chayqadi:
— Yo‘-o‘q... Qilichim qonsiragan emas. Sohibqiron bobom shamshirini har narsaga ham uravermas edi. Men ham urmayman. Qamariddin, uni ko‘chaga uzatib qo‘y. Ammo tega ko‘rma. Jazosini Tangrining o‘zi bergay.
Shamsibek «Shahriyor Abdulvahobni jazolamasa edi», degan xavotirda turardi. Yo‘q, u do‘stiga achinmasdi. Aksincha, qalandar jazolansa, sultonga qarshi yangi ig‘volarning bosh ko‘tarishidan xavfsirardi. Qamariddin Abdulvahobning yelkasiga asta turtib, darvozaga olib chiquvchi yo‘lga imladi. Keyin Shamsibekka yuzlandi.
— Taqsir, hazrat shahriyorga arzim bor edi, — dedi Shamsibek shoshib.
— Qanday arz?
Shamsibek qo‘ynidan mo‘’jaz poygir chiqardi. Qamariddin shohona muhrni ko‘rib, uni darrov Shamsibekning qo‘lidan oldi-da, ta’zim bilan borib sultonga uzatdi.
— Shamsibek Ismoil xoji o‘g‘liman, degin. Nechun barvaqtroq aytmading? — dedi Ulug‘bek maktubga ko‘z yugurtirgach.
Shamsibek javob o‘rniga ta’zim qildi. Chunki voqea ravshan, sababni aytish o‘rinsiz edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:26:51

Ulug‘bek poygirni yonidagi navisandaga berib, yana Shamsibekka qaradi:
— Qalandarga hamroh bo‘lishingning sababi nedur?
— Saboqdoshmiz, shahriyorim.
— Ajab, ikki do‘stning biri davlatimning ajnih1ida ig‘vo bilan, yana biri fuqaroni aldash bilan mashg‘ul, — Ulug‘bek shunday deb a’yonlariga qarab oldi. Katta-kichik salla o‘raganlar bosh irg‘ab tasdiq ishorasini qildilar. Davlatpanoh qarshisida ta’zim qilib turgan Shamsibek boshini ko‘tarib, unga savol nazari bilan qarashga jur’at etdi.
— Sen misni qalbaki oltinga aylantirish ilmidan xabardor emishsan?
— Xabarim bor, shahriyorim. Misni oltinga aylantirishim rost. Sochdan kumush olishim ham rost.
— Shu yo‘l bilan fuqaroning ko‘zini bo‘yab, boylik to‘plashing-chi?
— Agar shul gap chin desangiz, xazinam siznikidan ancha mo‘l bo‘lmog‘i lozim edi. Ammo ustodlarim meni fuqaroga xiyonat qilmoqqa o‘rgatishmagan. Tavbalari qabul bo‘lgur bobom har yangi ishga qo‘l urganimda fotiha berib, shunday derdilar:

To qayg‘u qo‘lidan ichmasdan sharob,
Quvonib ichmadim aslo mayi nob.
Hech kimning tuziga non botirmayman,
To o‘z jigarimdan yemayin kabob.


Ulug‘bekning yuzida kulgi o‘ynadi. Bunday paytda uning ko‘zlari yana ham mehrli boqardi. U soqolini silab, yonidagi kishiga dedi.
— Mavlono, taxminingiz tahsinga loyiq. Yigit siz aytganday qobil. Ajnihimizga chaqirib yanglishmabmiz.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:27:08

Shamsibekning yonida turgan Qamariddin uni sal turtib qo‘ydi. Shamsibek Ulug‘bekka yaqinlashib, tiz cho‘kdi. Zangori shohiga sariq zar bilan bezak berilgan to‘nning etagini o‘pib, ko‘ziga surtdi. Shu topda ustozining gapini esladi: «Oxiratda Xudo yorlaqagur sohibqiron hayot ekanliklarida mirzo Ulug‘bek Qozizodayi Rumiyning ilmlarini hurmatlab, etaklaridan o‘pgan ekanlar. Shunda sohibqiron juda ranjib «shahzodalarning etak o‘pmoqligi butkul nojo‘ya. Dunyo sening oyog‘ingni o‘pmog‘i lozim», degan ekanlar. Shahriyor bobolarining o‘gitlarini quloqqa olsalar ham, ilm ahliga bo‘lgan e’tiborlarini kamaytirmaganlar. Ajab emas, siz ham sultonning panohida unib-o‘ssangiz...»
Ulug‘bek Shamsibekning yelkasidan yengil ushlab turg‘izdi-da, a’yonlari bilan bir-bir tanishtirdi. So‘ng haligacha qo‘l qovushtirib turgan sipohning yoniga qaytdi:
— Qamariddin, mehmonimning aduvbandi ekansan, uni o‘zingga topshiray. Bir oz hordiq chiqargach, oqshomgi suhbatimizga olib kelursan.
Ular ta’zim qilib, tislanib chiqishdi.

Qayd etilgan