Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 46195 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:27:32

UNUT BO‘LGAN «QARINDOSH»

«19... yil, 17 aprel. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 11.00. Tajribaning ikkinchi bosqichi boshlandi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Yurak urishi mo‘’tadil. Meditsina komissiyasi uning miyasida o‘zgarish qayd qilmadi.
Soat 19.35. Tajribaning ikkinchi bosqichi tugadi. Elallomalarning ishlashida noaniqlik sezilmadi. Professor o‘zini yaxshi his qilyapti. Bugun matbuotda tajribaning boshlangani va elallomalarning ishlash xususiyati haqida maqola berildi. Professor bundan negadir ranjidi. Sababi noma’lum.
Tajribaning uchinchi bosqichi ertaga boshlanadi».


Quyosh baland imorat ortida ko‘rinmay qolgan, shahar oqshom og‘ushiga kirib borardi. Havodagi mayin bir iliqlik Jahongirda piyoda sayr qilish istagini uyg‘otdi. U ko‘chaning narigi betiga o‘tgach, o‘g‘lining ovozini eshitib to‘xtadi.
— Hormang, dada, — dedi Jamshid yetib kelgach. — Sizni kutib turuvdim. Chiqqaningizni sezmay qolibman. Bugun tajribaxonangizga kirmoqchi edim, qo‘yishmadi.
— To‘g‘ri qilishibdi. Kirib nima qilarding?
— Har holda...
— O‘z ishingni o‘yla.
Ular jim qolishdi. Jahongir gulini to‘kib chim barg chiqargan beg‘ubor novdalarga suqlanib boqardi. Jamshid esa otasiga, uning o‘ychan ko‘zlariga qaraydi. Odamlar unga «ko‘zing dadangga, gavdang tog‘alaringga o‘xshaydi», deyishadi. Darhaqiqat, Jamshid otasiga qaraganda balandroq, yelkalari keng, baquvvat yigit bo‘lgan edi.
— Dada, — dedi Jamshid o‘rtaga tushgan jimlikni buzib, — biz faqat ishda ko‘rishib, xizmat yuzasidangina gaplashadigan odamlarga o‘xshaymiz. Shuni hech sezganmisiz?
— A? — Jahongir bu savolni taajjub bilan kutib oldi. Darrov javob qaytarmadi. «Faqat ish yuzasidan... Darhaqiqat, keyingi paytlarda shunaqa bo‘lib qoldim, shekilli? Lekin bu o‘tkinchi narsa». Jahongir shularni xayolidan o‘tkazib, o‘g‘liga e’tiroz bildirdi: — Gaping noo‘rin. Ahil ota-bola o‘rtasida bo‘ladigan munosabat bizda ham bor. Ish haqida ko‘p gapirishimiz ham tabiiy. Fan bizning butun borlig‘imiz bo‘lib qolgan, shunday emasmi?

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:27:39

— Shunday. Lekin shu yaxshimi?
— Gapingga tushunmadim?
— Ota-o‘g‘il o‘rtasida mehru oqibat bo‘lmasligi kerakmi?
— Bizda yo‘qmi?
— Bilmadim. Sizning mehringizga shak keltirolmayman. Lekin mening mehrim uchun o‘rin bermaysiz.
— Ya’ni?
— Ya’ni, ayrim paytlarda farzand otasini o‘ylasa, otasi haqida qayg‘ursa-yu, ota ishingni qil, desa.
— Juda to‘g‘ri. «Ayrim paytlarda» ota bemor bo‘lsa yoki og‘ir ahvolga tushib qolsa, bo‘lak gap. Lekin sen aytgan «ayrim paytlarda» ota sog‘-salomat, boshqalar kabi xizmatini o‘tayapti, hech qayg‘urishga o‘rin yo‘q. Bunday paytda farzand otaning so‘zlarini quloqqa olishi kerak. — Jahongir shunday deb kuldi-da, o‘g‘lining yelkasiga qoqib qo‘ydi. Keyin bugun matbuotda e’lon qilingan maqoladan so‘z ochib, uning fikrini so‘radi. Jamshid gapirayotganida otasi kabi ko‘zlarida o‘ychanlik paydo bo‘lardi. Shoshilmay so‘zlardi. Mantiqsiz gaplar tilidan deyarli uchmasdi. Jahongir o‘g‘lidagi bu xislatni hurmat qilar, ammo buni aytib maqtamasdi.
Yoshligida mahallalarida bir befarzand qariya bo‘lardi. U kun bo‘yi eshigi og‘zida qurut, pista, papiros sotib o‘tirar, bolalarni pista bilan siylab turgani uchun atrofi gavjum bo‘lardi. Otadan yetim qolgan Jahongirning onasi qanotida ishlashi, o‘qishi bu qariyaning nazariga tushgan, bu oila xususida qaerda gapirsa «Ollohning bandalariga bergan ne’mati ko‘p. Ammo ne’matlarning eng ulug‘i — farzandlarning aslligidir», derdi. Bu maqtovni Jahongirning o‘zi ham eshitgan, qariyaga mehri ortib, uzoq vaqt quvonib yurgan edi.
Hozir negadir shu qariyaning so‘zlarini eslab, xuddi o‘sha damdagiday xursand bo‘ldi.
Anhor yoqasiga yetishganida Jamshid to‘xtadi.
— Dada, bugun o‘rtoqlarim bilan uchrashmoqchi edik.
— Yaxshi. Faqat kechikma.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:27:50

Jamshid xayrlashib, ketdi. Jahongir sohildagi bo‘sh kursiga o‘tirdi. Sal naridagi majnuntol panasida bir-birining pinjiga kirib o‘tirganlarga ko‘zi tushib, o‘rnidan turdi-da, nari ketdi. Xayolini elalloma tiklagan bugungi voqealar egalladi...
«...Fanimiz taraqqiy etib ketdi... Bu jumlaga ba’zan «olamshumul yutuqlar», «beqiyos darajada...» degan sifatlarni qo‘shib qo‘yamiz. Ha... biz bugunni, kelajakni o‘ylab, o‘tmishni unutayotibmiz... Insu jinslar1 ming yil ilgari ham ma’lum bo‘lgan ekan. Hozir bir yuz ellik ming marta katta qilib ko‘rsatuvchi zarrabinlar2 bilan mikroblar xillarga ajratiladi. U paytlarda oddiy ko‘z bilan qanday farqlashdi ekan? Yo tafakkur bilan aniqlanganmikin? Bunday deyilsa, tafakkur ham dalillarga suyanadi-ku? Roziy fojiasi to‘g‘ri bo‘lib chiqyapti. Ko‘pchilik: «Qariganda muttasil o‘qishning ta’siridan ko‘zi ko‘rmay qolgan», derdi. Bu faraz isbotlanmadi. Roziy ko‘zining operatsiya qilinishi ham chin bo‘lib chiqishi ehtimol. Ajab, ming yil ilgari ko‘zni operatsiya qilishga botinganlar... Bizning yutuqlarimiz esa ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bo‘lib chiqyapti...»
Jahongir xayollari bilan bo‘lib, uyiga yaqinlashganini sezmadi. Uning fikrini qiroat bilan berilgan salom buzdi:
— Assalomu alaykum, qarindosh!
Jahongir qarshisidagi devsifat, mo‘ylovdor kishini darrov taniy olmadi.
— Tanimadilar shekilli-a, qarindosh, men Akbarman.
Jahongir tog‘avachchasini shundan keyingina tanidi.
— E, Akbar aka, omonmisiz, — deb so‘rashdi-da, ichkariga boshladi. Akbarning oyog‘i og‘riq ekanmi, yo oyoqlar bu og‘ir gavdani ko‘tarishga qodir emasmidi, har holda u zinadan oqsoqlanib, sal bukilibroq chiqdi. Jahongir uchinchi qavatda turar, shuning uchun liftdan foydalanmasdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:27:58

Akbar ne azobda yuqori ko‘tarilib, manziratni kutmayoq ichkari kirdi. U o‘tirgan yumshoq kursi g‘ijirlab ketdi. Cho‘ntagidan g‘ijimlangan ro‘molcha olib, hansiraganicha terlarini artdi. Akbar Jahongirning kichik tog‘asiga to‘ng‘ich farzand bo‘ladi. Ularning oralaridagi farq to‘rt oy bo‘lsa ham, Jahongir uni «Akbar aka» deyishga odatlangandi. Jahongir ikkinchi kursdaligida onasidan ham ajraldi. Ko‘ngli yarimta bo‘lganidan tog‘alarinikiga tez-tez kelardi. Ayniqsa onasining sevimli ukasi bo‘lmish kichik tog‘asini ko‘p ko‘rgisi kelardi. Ammo oradan ikki-uch yil o‘tgach, tog‘asining xushlamaygina kutib olishini sezdi. Uylanish haqida gap chiqa boshlaganida, kelin ayasining «Jahongirjon, hamma ham o‘z aravasini o‘zi tortishi kerak», degan gapini eshitdi-yu, bu yerga qadam bosmay qo‘ydi. Tog‘asi ham uning holidan xabar olmadi.
Jahongir oshxonaga kirib choy qo‘ydi. Javondan shirinliklarni oldi. U ko‘p yillardan beri unut bo‘lib qolayotgan qarindoshining bu tashrifidan taajjubda, o‘ylab o‘yiga yetolmasdi. Akbar esa o‘z uyida o‘tirganday edi.
— Shu deng, salkam uch soat kutdim-ov. Endi ketaman, deb turuvdim, — dedi u bir tishlam nonni murabboga botirar ekan. Keyin uni og‘ziga solib, bir-ikki chapillatib chaynadi-da, gapida davom etdi. — Bugun gazitda siz haqingizdagi narsani o‘qib qolib, tinchimni yo‘qotdim. Shunaqa paytda muborakbod qilish bizdan lozim dedim-u, uyingizni so‘rab-istab kelaverdim. Ammo boshim arshi-a’loga yetdi. Urug‘imizni olamga mashhur qildingiz. Lekin xafa bo‘lgan tomonimiz ham bor, — u murabboga yana non botirdi. — Olimlikka berilib, qarindoshchilikni unutib qo‘ydingiz. Qariganda gina-kuduratni unutib bordi-keldi qilaylik. Bizdan keyin bolalarimiz begona bo‘lib ketishmasin.
— Gapingiz haq. Allaqachon shunday qilishimiz kerak edi. Ayb ikkimizdan ham o‘tdi.
— Ha-da, beayb parvardigor, deydilar. Endi bizning vazifamiz...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:07

— Akbar aka, aybga buyurmaysiz, sizni bir oz xoli qoldiraman. — Jahongir shunday deb yana oshxonaga chiqdi. Qozonga sabzi-piyoz bostirgach qaytib kirdi. — Akbar aka, ozib-yozib bir kelgansiz. Endi shuning sharafiga, a? Ko‘ngil qanaqasidan tusaydi? Yulduzi qizilidanmi, oqidanmi?
— E, e, qariganda-ya? Ha, mayli, qarindoshlik hurmati, sazangiz o‘lmasin. Qizili salomatlikka to‘g‘ri kelmaydi. Bosim chatoq. Andak oqidan bo‘lsa kifoya.
— Yana bir uzr. Men uchun ham... o‘zingiz... olasiz. Hozir tajriba payti, ilojim yo‘qroq...
Akbar mezbonni bir-ikki qistagan bo‘ldi-yu, keyin «taqdirga tan berib», qadahni bo‘shatdi. To‘rtinchi qadahdan so‘ng rangiga qizil yugurib, og‘zi gapdan bo‘shamay qoldi. Jahongir oshni damlab kirgach, navbatdagi qadahni ola turib:
— Bola-chaqang ko‘rinmaydimi? — deb so‘radi.
— O‘g‘lim o‘rtoqlari bilan birga...
— Ha... bolang bitta edi-ya? Bizniki yettita. Qurmag‘urlarning birontasi ilm demadi-ya! Ha, mayli, nonini topib yesa bo‘ldi bizga, a, labbay?
— Ha, endi...
— Xotining ham ko‘rinmaydimi? — Jahongir yalt etib mehmonga qaradi. Lekin Akbar undagi o‘zgarishni sezmay, kulimsirab gapiraverdi: — Qariganda ham o‘tiraveradimi, bir oyog‘ining chigalini yozmoqchi bo‘lgan-da. Bizning xotin ham shunaqa...
— Akbar aka! — Bu safar Jahongirning ovozi balandroq va dag‘alroq eshitildi. — Keliningizni bir yarim yil burun yerga qo‘yganmiz...
— A? — Akbar qo‘lidagi qadahni stolga qo‘yib, yuziga fotiha tortdi. — Buni qara, xabarsiz ekanmiz. — U shunday deb, qo‘lini qovushtirdi-da, qiroat bilan qur’on o‘qiy boshladi. Jahongir o‘rnidan turib oshxona tomonga yurdi. «Qariganda ham esini yig‘ib olmabdi», deb o‘yladi. Akbar yigit chog‘larida ham shunday edi. Ichib, kayfi oshganda chala yarim o‘rganib olgan qur’onni bor ovozi bilan duch kelgan yerda o‘qir, keyin odamiylik haqidami, tuproqni ulug‘lash haqidami, hurmat yoinki burch haqidami nasihat qilar, o‘tirganlarni farosatsizlikda ayblardi. Shuning uchun Jahongir «piyon qori» laqabini olgan tog‘avachchasi ishtirok etuvchi ziyofatlarga iloji boricha yaqinlashmasdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:13

Osh yaxshi dam yemasa ham suzib kelaverdi. U mehmonning tezroq turishini istab qolgan edi. Bir tomondan uning jirkanch qiliqlariga nafrati uyg‘ongan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, kundalikning davomini yozishi, ertalabgacha tiniqib dam olishi kerak edi.
Ovqat vaqtida mehmon non-nasiba haqida va’z aytib o‘tirdi. Nihoyat, osh orqasidan bosib uch-to‘rt piyola choy ichgach, fotihaga qo‘l ochdi.
— Mashinangizni chaqirsangiz kelarmikin? — dedi u o‘rnidan turayotib.
— Menda mashina yo‘q.
— Ie, shunday katta olimda-ya?
— Ishxonam yaqin. Hojati yo‘q, deb olmaganman.
— Chakki qilibsiz. Bu kerakli mol. Olib qo‘yish kerak.
Akbar tashqariga chiqib ham, boshi-keti yo‘q gaplar bilan Jahongirni ushlab turdi. Jahongir uning bir dardi borligini sezgan, lekin sir boy bermayotgan edi. Akbarning bu darajadagi ezmaligidan so‘ng, so‘rashga majbur bo‘ldi:
— Siz hali menga bir narsa aytmoqchi edingizmi?
— Ha... e, umi, mayli, keyin aytsa ham bo‘lar...
— Hozir aytavering.
— Bilasizmi, jigar, bugun gazitda g‘alati mashinangizni yozishibdi. Tog‘angizni, ya’ni bizning padarni ham bir tajriba qilsangiz-chi?
— Nega?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:22

— Endi, sizga aytmasam bo‘lmaydi, yaqin qarindoshmiz, — dedi Akbar unga yaqinroq kelib. Jahongir uning bir sensirashiga, bir sizlashiga e’tibor bermadi. U yoshligida ham shunday edi. — O‘zing bilasan, otam savdoda uzoq yil ishlab, u-bu narsa orttirgan ekanlar. Lekin qo‘lga tushib, yashirgan narsalari bizga qorong‘u bo‘lib qolgan, — Akbar endi ovozini pastlatib, deyarli shivirlab gapirardi. — Bilishimcha, oz-moz tilla ham berkitgan ekanlar. Shu topilsa, siz ham jiyansiz, qonuniy ulushingiz bor... Qolaversa, bizday odamga yetti bolani uyli-joyli qilish hazilakam gap emas. Endi bular keyin aytilsa ham bo‘lardiyu, o‘zingiz qo‘ymadingiz. Xo‘p, mayli, hozir boshingizni qotirmay, men ketdim.
Jahongir rad javob berishni ham, so‘kib, haydashni ham bilmay, garang bo‘lib turib qoldi. Akbar shoshib, uning qo‘lini olib qisdi-yu, lapanglab yurib ketdi. Jahongir bo‘lib o‘tgan noxush uchrashuv va suhbatni xayolidan chiqarish uchun uy atrofida bir oz yurdi. Ko‘cha jimjit. Bayram arafalarida yonib turuvchi rang-barang chiroqlar ham o‘chgan, yo‘l chetidagi mayda favvoralarning suvi kuchsizgina otilib turardi.
U qancha yurmasin, xayolini jamlashga harakat qilmasin, bo‘lmadi. Akbarning so‘nggi gaplari qulog‘i ostida jaranglab, g‘azabini oshiraverdi. Nihoyat, bugun ishlay olmasligini sezib, uyga kirib ketdi. Dam o‘tmay Jamshid kirdi. U otasidagi o‘zgarishni payqasa ham, sababini so‘ramadi. Yarim tunda ko‘zi uyquga ilingan bo‘lishiga qaramay, Jahongir erta tongda o‘rnidan turib, yozuv stoliga yaqinlashdi-da, kundalikni qo‘liga oldi...
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:42

ASL OLTIN VA INSON QONI
(Kundalikning ikkinchi sahifasi)

Shamsibekni bu safar Chilstun tomonga boshlamadilar. So‘l tomondagi gulzor yoqalab, favvora otilib turgan sahnga chiqishdi. Quyosh ufq sari bosh qo‘ygan, uning kuchsiz nuri bir-biriga urilayotgan marvarid suv tomchilarida aks etardi. Favvoradan sal naridagi shohsupada Ulug‘bek mutolaa qilib o‘tirardi. Shamsibek sultonga halal bermay, deb turib qoldi. Buni sezgan Qamariddin unga sekingina:
— Davlatpanohning o‘zlari buyurganlar, boravering, — dedi. Shamsibek ildam yurib, supaga yaqinlashdi-da, tiz cho‘kib qulluq qildi.
Ulug‘bek kitobdan bosh ko‘tardi. U oddiy sariq to‘n kiyib olgan, shu topda sultonga emas, ko‘proq mudarrisga o‘xshab ketardi. Shamsibek to‘nning barini o‘pdi. Ulug‘bek unga joy ko‘rsatdi. Qamariddin suhbatdan voqif bo‘lishga ehtiyoj yo‘qligini anglab, ta’zim bilan orqasiga qaytdi.
Ulug‘bek xontaxta ustidagi kitob bilan qog‘ozlarni ehtiyotlab olib qo‘ydi.
— Bu tun Mirrix Yerga yaqinlasha boshlaydi, — dedi u yigitga qarab. — Rasadxona ahli shu uchrashuvga tayyorlanyapti. To yulduz toshguncha sen bilan yaqinroq tanishay, deb edim.
— Qulingizman, shahriyorim.
— Sen mening emas, Ollohning qulisan. Bul haqiqatni zinhor unutma. Seni dastlab ta’riflashganda, ulusni aldashingni ayta turib: «U imonsiz gumroh hamdur», deyishib edi. Bu ta’rifning boisi nedur?
Shamsibek darrov javob bermadi. U shariat taqiqlagan kitoblarni mutolaa qilgani uchun shahriyorning qahri kelar, deb o‘ylamasdi. Aksincha, Ulug‘bekning shariat peshvolari so‘zini ko‘pam inobatga olavermasligini bilardi. Uni boshqa bir sir sukut saqlashga majbur etgan edi. Shamsibek o‘zi haqidagi bu qadar batafsil ma’lumotning olampanoh qulog‘iga qay yo‘sinda yetib kelganini bilolmay garang edi. U sultonning tik nazariga qarashga botinmay, boshini egib gapirdi:
— Men «Maxariq al-anbiyo» bilan «Xiyol al-mutanabiyin» mutolaa qilib, mazmunini ba’zi do‘stlarimga tushuntirib edim.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:51

— Demak, payg‘ambarlarning muborak nomlariga til tegizibsan-da?
— Men ustozimning fikrlarini o‘zimcha talqin etdim, xolos.
— Ustod dedingmi? Ar-Roziy ustodlikka arzigulik alloma!
Shamsibek xontaxta ustidagi kitoblarga beixtiyor ko‘z qirini tashladi. Ularning biri Abu Rayhon Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» ikkinchisi — Batlimusning «Al-Majistiy» asari edi. Shamsibek Batlimusning kitobini ko‘rdiyu xayoliga kelgan bir fikrni aytishga jur’at etdi:
— Ar-Roziy Batlimusu Aflotunu Aqliduslar bilan ilm bobida bellashadigan alloma.
— Balli! Haq gap aytding. Uni-ku, ustoz deb bilibsan, sharaf senga. Vale, Abu Ali ibn Sino ham ar-Roziyni ustoz deb bilganini unutma. Tahassurkim, shunday ulug‘ allomaning yo‘lini tutganlar g‘oyat kam erur.
— Ammo falakiyot ilmiga siz kabi ixlos qo‘yganlar bisyor.
Ulug‘bek yigitga tikilib qoldi.
Shamsibek, nojo‘ya gap aytdim shekilli, deb o‘rnidan turib, qo‘l qovushtirgancha uzr so‘radi. Ulug‘bek qo‘li bilan joy ko‘rsatgach qaytib, omonatgina o‘tirdi.
— Fikringcha, falakiyot ilmi tabobat yoki riyoziyot yoinki kimyodan past darajadami? — Ulug‘bek yigitning yana turishga chog‘langanini ko‘rib, qo‘shib qo‘ydi. — Ilm haqida gapirganda o‘zingni erkin tut.
Shahriyor erkin so‘zlashga ijozat bersa-da, Shamsibek fikrini ochiq bildirishga botinmas, har bir so‘zini aql tarozisida o‘lchab, keyin aytardi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:28:58

— Tabobat va kimyoda ustozning tengi yo‘q edi. Men ham ustoz kabi ko‘proq Yer ilmlaridan bahramand bo‘lishga ixlos qo‘yganman. Raiyat uchun shu ilmlarning nafi bor deb o‘ylayman. Ayniqsa tabobat ilmi fuqaroning ofiyati, uchun zarur. Ustoz ar-Roziyga qadar insonlar chechak bilan og‘rib ko‘p ozor ko‘rganlar. Ustoz chechakni qaytaruvchi em yo‘lini kashf etdilaru bu azoblar barham topdi. Tabobat ilmi xastaliklarni tarqatuvchi insu jinslarni kashf etdi. Afsuskim, odamlar bulardan hanuz bexabarlar. Hakimlarning so‘zlari quloqqa olinmaydi. Shu bois o‘lim ko‘p, umr qisqa. Agar davlatpanohning ixtiyorlari-la tabobat bilan kimyo ilmi rivoj topsa, nur a’lo nur bo‘lur edi.
— Ya’ni?
— Ya’ni, dorulshifoiyalar qurilsa raiyat ofiyati bisyor xo‘b bo‘lurmi, deyman.
— Istaging ko‘p ma’qul. Ammo falakiyotni nazarga ilmaganing chakki. Bir barmoqning kuchi hech qancha emas. Ilm ham shunday. Zamin ilmlarining bari bir-biriga omuxta. Donishmand alloma bu ilmlarning barchasidan xabardor bo‘lmog‘i darkor. Ustozing shunday edi. U falakiyotning tabobatga ko‘p ta’siri borligini ham bilgan. Yerda xastalik tarqab, qirg‘in boshlanishiga falakdagi o‘zgarishlarning sabab bo‘lishini o‘ylab ko‘rmagan ekansan. Bilki, gavhari anjum samoga shunchaki sochib yuborilgan emas. Ular Ollohning irodasi bilan turkum-turkum bo‘lib o‘rnashganlar va bir-birlarini aql bovar qilmovchi kuch bilan tortib tururlar. Kurrai arzni ham bo‘lak sayyoralar tortib turur. Agarchi tortib turuvchi bu kuch bo‘lmas ekan, yulduzlaru sayyoralar qorishib ketur edilar. Shuningdek, bu kuch mavjudlikdan yo‘qolsa, osmonga otilgan toshdan tortib to‘morigacha zaminga qaytib tushmas edi. Samoning bul kuchi kurrai arz ilmlarini ham bir-biriga monand tortib turur. Biri biridan uzilsa muddaoga erishilmaydi. Xo‘sh, fikringcha, tabobat umr uzaytira olishga hozir qodirmi?

Qayd etilgan