Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68019 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:29:07

— Ojiz, shahriyorim.
— Sabab? Sen Abu Ali ibn Sino tariyqini xato deb bilursanmi?
— Zinhor! Ibn Sino tariyqi — uzoq umr ko‘rishning yagona yo‘li. Lek hech kimsa bunga to‘la amal qilmaydi. Bu birlamchi. Ikkilamchi — hakimning asabni ehtiyotlash haqidagi qonunini bajo keltirmoq mumkin emas. Asab asta-asta ishdan chiqib borib, umrni egovlaydi.
— Demak, bandalarning orzusi siniq ekan-da?
— Bedavo xastaliklarga shifo bermoqqa sababchi bo‘lguvchi tabobat bu muammoni ham hal qilur.
— Insha Olloh.
— Ungacha balki yuz yil, balki undan ko‘proq yillar o‘tar, hakimlar bu sirdan ham voqif bo‘lurlar. Aytaylik, tanbur torlari hadeb chertilaversa, oqibat soz buziladi. Odam asabi ham shunday. Bola tug‘ilganida asablar sozlangan bo‘ladi. Yillar o‘tavergach, soz buziladi. Ana shu paytda yana bir qayta sozlansa, umr uzayur.
— Barakalla! Tabobatdagi zehningni menga aytishmagan edi. Iqtidoringni fikrlaring oshkor qilib qo‘ydi... Soxta oltin quyishingdan xabar topib edim. Ammo sen ishlagan bir uzukni ko‘rib taajjubda qoldim. Oltinni soxta desam, sohibi iyor1 bunday toza oltinni to hanuz uchratmaganman, deydi. Bu muammoga tushuna olmadim.
— Shahriyorim, darhaqiqat men soxta oltin, soxta kumush quya olaman. Bu ham ustozimning ta’siri. «Kitob sirr-al-asror»da2 bayon qilingan usullarni xo‘p anglab olganman. Ustoz raiyatni aldab boyishni o‘zlariga ep ko‘rmaganlar. Men ham u kishining chizgan chiziqlaridan chiqmadim. Asl oltin bilan kumushga muhtoj bo‘lmagan buyumlarga bezak uchungina soxtasini ishlatdim. Sizdagi uzukka ishlatilgan oltinni ar-Roziyning shogirdigina olishi mumkin.
— Qay yo‘sinda? Sir emasmi?
— Buni amalda ko‘rsatib bermagani uchun Xuroson hokimi Abu Solih Mansur ar-Roziy boshiga kitob bilan urdirib ko‘r qilgan ekan.
— Donishmandni jazolash iblisning ishi. Shoh nufuzi bilan donishmanddan ustun bo‘lsa, donishmand shohdan bilimi ila ulug‘. Donishmandning shohga ehtiyoji yo‘q, ammo shoh donishmandga hamisha muhtojdir. Allomaga jazo bergan sultonda na aql, na imon bo‘ladi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:29:18

Oraga sukut cho‘kdi. Ulug‘bekning bu so‘zidan keyin Shamsibek sirni ochishga ehtiyoj sezdi. Zotan Ulug‘bekning bu sirdan voqif bo‘lishi, Shamsibekning nazarida, foydadan holi emasdi.
— Afv eting, shahriyorim, mening bunday fikrim yo‘q edi. Faqat ustoz fojiasi xayolimga kelganidan aytdim... Asl oltin olish uchun inson qoni darkor...
— Qon?
— Ha, sizga yuborgan uzukning oltinini qayta quyib, quritilgan qon bilan sifat berganman.
— Qonni qaerdan olding?
— O‘zimdan.
— Sen o‘z qoningni hamisha ishlatavermaysan-ku?
— Men asl oltindan har doim uzuk ham qilmayman.
Shu topda azon chaqirig‘i eshitildi. Asr namozining vaqti bo‘lgan edi. Ulug‘bek yuziga fotiha tortib, o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Shamsibek ham turib, qo‘l qovushtirganicha shahriyorning yurishini kutdi. Ulug‘bek bir-ikki qadam tashlab, to‘xtadi-da, haligacha hurmat yuzasidan qo‘l qovushtirib turgan Shamsibekka yuzlandi:
— Bundan buyon oltinga qon ishlatishingni man etaman. Qon to‘kmak tanbehga loyiq ishdir. Va bunday qiluvchi kishining umri qisqa bo‘lur. Ulug‘bek saltanatida inson qoni bezak uchun to‘kilmasligi darkor. Uqdingmi?
— Xo‘p bo‘ladi, shahriyorim.
— Ertaga dam ol. Shanba nonushtadan so‘ng zargarlarga bosh bo‘lib, xazinadagi oltin-kumushlarni saralaysan. So‘ng dorulshifoiya uchun shahardan joy tanla. Tabobat ilmiga ixlos qo‘yganlarni, eng zukko hakimlarni to‘playmiz. Samarqand tabobat ilmining ham markazi bo‘lsin.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:29:32

— Ma’qul. Ammo joy tanlamoq uchun bir necha qo‘zi so‘yish lozim.
— Sabab?
— Go‘shtlarni shaharning hamma dahasiga, ochiq havoga ilib qo‘yamiz. Go‘sht qaysi dahada sekin buzilsa, o‘sha yerga dorulshifoiya qurish mumkin.
— Barakalla! Zehning tahsinga loyiq.
— Shahriyorim, yana bir uzrim bor.
— Ayt.
— Men istaklaringizni bajo keltirsamu uyga qaytsam.
— Sabab?
— Ko‘garchin1 erkinlikni sevadi.
— Ammo toza osmondagi beozor ko‘garchinga nodon qirg‘iylar hamla qilishi mumkin.
— U holda qishloqqa borib kelishga ijozat bersangiz. Oilamni olib qaytsam.
— Bu ishing ma’qul. Qamariddin safar anjomlaringni tayyorlab beradi. O‘zi ham hamroh bo‘ladi. Xazinani qaytib kelganingdan so‘ng saralaysan.
Shamsibek asr namozini saroy ahli, mirzoning shogirdlari bilan o‘qidi. Tun yoyilganda Qamariddin uni qo‘noqqa uzatib qo‘ydi. Yo‘l-yo‘lakay Shamsibek shahriyor bilan bo‘lgan suhbatni hikoya qildi. Qamariddin buni eshitib:
— Ha, dunyoda ulug‘lar ko‘p, ammo Ulug‘bek bitta, — deb qo‘ydi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:29:53

XATO VA HAQIQAT

«19... yil, 18 aprel. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 11.00. Bugunga belgilangan tajriba qoldirildi. Meditsina komissiyasi professorning asab hujayralarida o‘zgarish qayd qildi. Uning yurak urishidagi mo‘’tadillik ham bir oz buzilgan.
Tajribaning uchinchi bosqichini ertaga davom ettirish mo‘ljallandi».


Meditsina komissiyasining xulosasi kutilmagan zarba edi. Jahongir tajribaning dastlabki bosqichlarida shunday uzilish bo‘lar, deb o‘ylamagandi. U a’zolaridagi o‘zgarishning boisini bilgani uchun vrachlarning davolanish xususidagi o‘gitlarini loqaydlik bilan eshitdi. Hamshira tomiriga em ignasini sanchganda ham og‘riqni sezmadi. Komissiya raisi, «endi borib dam oling» degach, o‘rnidan turib dahlizga chiqdi-da, tajribaxona tomonga yurdi. Oq xalat kiygan yigit-qizlar bilan gavjum bo‘lguvchi xona bo‘m-bo‘sh edi. O‘rtada, shaffof devor ichidagi toshtobut va ikki elalloma, chapda boshqaruv stoli, o‘ngda kumush rangga bo‘yalgan asosiy elalloma. «Tajriba qoldirilgani uchun hammaga javob berib yuborishganga o‘xshaydi», deb o‘yladi Jahongir. U asta yurib, asosiy elalloma yoniga bordi.
Elektron allomaning ishlash jarayoni nazariy jihatdan hal qilingach, tajribaxona xodimlari uning bo‘lajak shakli haqida ko‘p bahslashishgandi. Ba’zilar oddiy robot shaklida bo‘lsin, deyishdi, ba’zilar zamonaviy radiopriyomnik shaklini taklif etishdi. Lekin Jahongirga dorulfununni yangigina bitirib kelgan qizning taklifi ma’qul keldi. Natijada elalloma shu qiz aytgan shaklda sakkiz qirralik qilib bunyod etildi. Asbob ichi o‘n olti katakdan iborat arining uyasini eslatar, har uyadagi uskunalar bir bosqichni amalga oshirar, bir bosqich amalga oshirgan natija keyingi uyaga o‘tardi. Elalloma agar robot shaklida bo‘lganida har bir jarayon uchun bir robot talab etilardi. Bu ham joyni ko‘p egallardi, ham tajribaning bir me’yorda borishiga halal berishi mumkin edi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:30:06

Jahongir shu topda nima uchundir shakl xususidagi o‘sha bahslarni esladi. Shogirdlarining kuyib-pishib tortishishlari ko‘z oldiga kelib, kulimsiradi. U yoshlarning ilm borasida bahslashishlarini xush ko‘rardi. «Astoydil, jonu dili bilan, ammo mantiqiy asoslarga suyanib bahs qiluvchi yoshlargina yaxshi olim bo‘lib yetishadi». Ustozning bu gaplari uning uchun ham qonunday bo‘lib qolgan edi. Ana shu bahslar natijasida kashfiyot yaratildi — elalloma shakllandi.
Jahongir orqaga qaytib, eshik yonidagi kresloga o‘tirdi. Yana elallomaga tikildi. «Chakki ish bo‘ldi, — deb o‘yladi u, — holimga qaramagan ekanman. Aslida elektrodlarni Mansurga o‘rnatib, tajribaga rahbarlik qilaverishim mumkin edi. Mansur hali yosh, har qanday og‘irlikka chidash bera olardi. Shuni chuqurroq o‘ylab ko‘rmabman. Hali ham unga aytsammikin? Qanday aytaman? To‘lqinga o‘xshab javob qaytarsa-chi?.. Yo‘q... Nima bo‘lganda ham tajribani oxiriga yetkazishim kerak.
Qiziq... Elalloma bir xilda — o‘zgarishsiz ishlayapti. Avvalgi murdalarda ham shunday ishlagandi. Qabul qilish, tiklash, uzatish, tahlil, xulosalash davridagi kuchlanish o‘zgarmayapti. Lekin ikki tajriba natijasidagi farq osmon bilan yercha. Sababi nimada? Murdalardami? Yoki tashqi muhitdan biror ta’sir bo‘ldimikin?..»
Eshik ochilib, Jahongirning fikri uzildi.
— Men ketib qoldingizmi, deb o‘ylabman, — dedi xonaga kirgan chuvakkina yigit. Bu Jahongirning iste’dodli shogirdlaridan biri, tajribani boshqarayotgan Mansur Xalilov edi.
— Ketganimcha yo‘q, endi nima qilishni o‘ylayotgan edim. Qani, o‘tir, xo‘sh, nima gap?
— Tajriba usulini bir oz o‘zgartirsakmikin?
— Nima uchun?
— Siz...
— Qanday taklifing bor?
— Elallomaga robot ulasak qanday bo‘larkin?
— «Qanday bo‘lishini» o‘ylab ko‘rmadingmi?
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:30:31

— Hisoblab chiqdim. Agar robot ulasak, tajribaning borishi tezlashadi. Undan tashqari, bu ishdan psixorobiklar ham manfaatdor bo‘lishadi.
— Robot tayyorlash uchun ketadigan vaqtni inobatga oldingmi?
— Yangi robot yaratmay, tarjimon robotlarni moslasak-chi?
— Mumkin emas. Bu ish uchun maxsus robot yaratish kerak. Lekin sen aytgan usulni ham qo‘llab ko‘ramiz. Bu tajriba tugagach, robot yordamida yana qaytaramiz. Keyin natijasini solishtiramiz. Shunday qilsa, psixorobiklar uchun ko‘proq foyda bo‘ladi. Undan tashqari, vaqt o‘tishi bilan bioto‘lqindagi o‘zgarishlarni ham aniqlab olamiz. Sen Kibernetika institutining psixorobika tajribaxonasi bilan bog‘lan. Tajriba uchun kerakli robot yaratishda yordamlashishsin.
— Xo‘p, bugunoq gaplashaman.

«19... yil, 19 aprel. O‘zFA Biofizika ilmiy-tekshirish instituti. Professor Alievning tajribaxonasi.
Soat 15.30. Tajribaning uchinchi bosqichi boshlandi. Professor bugun o‘zini yaxshi his qilyapti. Yurak urishi mo‘’tadil. Meditsina komissiyasi bugun uning miyasida va asablarida o‘zgarishni qayd qilmadi.
Soat 20.15. Tajribaning uchinchi bosqichi yakunlandi. Elallomalar reja asosida uzluksiz ishladi. Professorning sog‘lig‘i yaxshi. Tajriba ertaga davom etadi».


Ko‘cha odatdagidan gavjumroq edi. To‘p-to‘p bo‘lib kelayotgan yoshlar qattiq-qattiq gapirib, nimanidir muhokama qilishardi. «Darvoqe, bugun futbol bor edi». Jahongir xiyobon bo‘ylab asta yurib borar, tajribaning murakkablashayotganini o‘ylardi: «Shamsibek Ulug‘bekdan tayin vazifa oldi-yu, uyiga qaytdi. Hozircha Ulug‘bek bir marta suhbat qurdi. Shu bilan tamommi? Shamsibek Buloqboshida, o‘z uyida shahid bo‘ladimi? Palak-chi? Bu haqda hozircha ma’lumot yo‘q. Tajriba hali uzoq davom etadigan ko‘rinadi. Quvvatim yetarmikin? Asablar bo‘shashyapti. Yoki dam olsammikin? Yo‘q, dam olishga fursat bor. Elalloma yaxshi ishlayapti. Biroq, bari bir mukammal emas. Uning uchun faqat chirimagan jasad lozim ekan. To‘qimalarda gap ko‘p. Men shuni hisobga olmabman. Endi elallomaning sezgichini taxminan sakson-to‘qson barobar oshirish kerak. Shunda u jasad tanlamaydi. Sezgichni kuchaytirish uchun qo‘shimcha moslamalar o‘rnatilsa asbob o‘n barobar kattalashadi. Shunda hozirgi tajribaxona torlik qilib qoladi. Yangi bino so‘rash kerak. Hozir so‘rasam, kelgusi bahorgacha berishar...

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:30:40

Jamshid bugun kelmadi. Futbolga borgandir. Ishi nima bo‘ldi ekan? Juda qiynalib ketdi. Men yoshligimda bunchalik qiynalmagandim. U shubhasiz zo‘r iste’dod egasi. Qiziq, men buni bila turib o‘ziga aytmayman. Ko‘proq ishlashga majbur qilaman. Uning yangi avtomobili jahon miqyosidagi kashfiyot bo‘ladi. O‘shanda unga oq fotiha beraman. Shundan so‘ng mening o‘gitlarimga hojat qolmaydi. Istasam-istamasam shuhrat libosiga o‘raladi. Faqat o‘zini tutib tursa bas.
O‘g‘limning kashfiyoti har qanday avtomobil halokatiga chek qo‘yadi. Exolokatsiyadan shu darajada foydalanish bionikaning katta yutug‘i. U bunga ikki yil ichida erishyapti. Yaxshi natija. Lekin tajribalari ko‘ngildagidek chiqmayapti...»
Jahongir anhor tomonga burildi. U xizmatdan qaytar mahali ko‘pincha shu sohilda hordiq chiqarardi. Hozir ham suyanchiqsiz kursiga o‘tirib, suvga tikildi. Anhor to‘lib oqyapti. Loyqa suvning yuzasida xas-cho‘plar qorayib ko‘rinadi. Jahongir hech narsani o‘ylamay tiniqib olish maqsadida qirg‘oqqa ship-ship urilayotgan to‘lqinchalarni kuzatdi. Shu zaylda o‘tirdi. Keyin uyi tomonga yo‘l oldi. Muyulishda bir qiz bilan turgan o‘g‘lini ko‘rib, ularni xijolat qilmaslik uchun orqasiga qaytmoqchi edi, ulgurmadi. Jamshid otasini ko‘rib, u tomon yurdi.
— Dada, telefon qilsam, tajriba tugamadi, deyishdi. Keyin borsam, chiqib ketgan ekansiz. Hayron bo‘lib turuvdim, — dedi u yaqinlashib. So‘ng qizni tanishtirdi. — Lolaxon, birga ishlaymiz.
Qiz salom berdi.
— Endi men boray, — dedi ko‘zini yerga tikib. Jahongir xayr, deb yo‘lida davom etdi. Jamshid sal o‘tmay unga yetib oldi.
— Uni kuzatib qo‘ymadingmi? — dedi Jahongir.
— Unamadi. Uyi yaqin...
— Ishlaring qalay?
— Ishlarim... yomon emas.
—Yashiryapsanmi?
— Aytganimning foydasi yo‘q. Faqat ishingizga xalal beradi.
— Aytaver.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:31:59

— Qisqasi... Tajribalarimni to‘xtatish haqida buyruq chiqdi.
— Nega?
— Keyingi tajribalar ham yaxshi natija bermadi.
— Buyruqni kim berdi?
— Kim bo‘lardi, ilmiy rahbarim. Dissertatsiya mavzuini ham o‘zgartir, deb aytdi.
— Bo‘lmagan gap! Bunday qilishga uning haqqi yo‘q!
Jahongir uyga kirib, bir piyola choy ichdi-da, o‘rnidan turdi.
— Sen ovqatga harakat qil. Men darrov qaytaman,— deb Jamshidning ilmiy rahbari Suhrob Xo‘jaevnikiga yo‘l oldi. Jahongirning bu olim bilan eski tanishligi bor. Biroq salom-aligi ko‘pdan beri yo‘q edi. Jahongirning kechki payt yo‘qlab kelishi Suhrobni hayron qoldirmadi. Mehmonni sun’iy iliqlik bilan qarshilab, ichkariga boshladi. Jahongir dasturxon tuzamoqchi bo‘lgan ayolga e’tiroz bildirdi. Xoli qolishgach, so‘z boshladi:
— Nima uchun kelganimni payqagandirsan?
— O‘g‘ling masalasidadir?
— Yo‘q, yosh olimning taqdiri masalasida. Sening yosh olimga bo‘lgan munosabating haqida gaplashgani keldim. Jamshid menga begona bo‘lganida masalangni akademiyaga qo‘ygan bo‘lardim.
— Men shu darajada katta gunoh qilibmanmi?
— Seningcha gunohmasdir. Lekin tajribani to‘xtatish haqidagi buyrug‘ing, menimcha, fan oldida katta jinoyat. Tajribani to‘xtatishga haqqing yo‘q!
— Tajriba boshi berk ko‘chaga kirib qoldi. Endi undan yangilik kutish qiyin. Men davlat pullarini shamolga sovurolmayman. Mening tajribaxonam bexato ishlashi kerak.
— Bu o‘zingning fikringmi yo biror ko‘rsatma bormi?
— Bu fikr emas, printsip! Men shu asosda ishlayman. Xatolarga tobim yo‘q.
— Mana shu «printsip» sening qusuring. Sen hamisha yengil yo‘lni izlarding. Boshqalardan ham shuni talab qilasan.
— Men ustozman. Shogirdlarimni istagan yo‘limga boshlayman. Ular aniq va bexato ishlashlari kerak.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:32:08

— Xatoga yo‘l qo‘ysalar-chi?
— U holda bu sohani tashlashlari kerak yo mavzuni o‘zgartirishlari lozim.
— Yo‘q. Haqiqat yo‘lida ko‘p xatolar bo‘ladi. Agar birgina xato deb, haqiqat yo‘li to‘silaversa biz haligacha ibtidoiy davr chegarasidan hatlamagan bo‘lardik. Biofizika tarixi o‘n yettinchi asrga, Dekartning fikrlariga borib taqaladi. Biofizika instituti esa ilk marta 1919 yilda asos topdi. Shu vaqt orasida qancha kashfiyotlar qilindi, qancha xatolar ro‘y berdi. Agar shu fikringda tursang, Leonardo da Vinchini ham surib tashlashing kerak. Axir u taklif qilgan po‘lat qush hech amalga oshmaydigan ish-ku? Holbuki o‘sha qush keyinchalik samolyot yaratish fikriga turtki bo‘ldi. Endi uni bionikaning asoschilaridan deb tan olasizlar-ku?
— Tarixiy misollarni jinim yoqtirmaydi. Bu bilan aql o‘rgatishga tirishma. Undan tashqari, sening o‘g‘ling Dekart ham emas, Leonardo da Vinchi ham emas.
— Senga ko‘p narsalar yoqmaydi. Lekin dunyo sening istaging bilan tirik emas.
— Balki shundaydir. Lekin hozircha senikiga nisbatan mening istaklarim ro‘yobga chiqyapti.
— Masalan?
— Masalan, akademiyaga saylov paytida sening emas, mening nomzodim o‘tdi. Sen shuning alamiga meni tanqid qilib, chalish yo‘lini izlayapsan. Sendan iltimos, bunday puch gaplar bilan meni bezovta qilma. Men bekorchi odam emasman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:32:16

Jahongir shasht bilan o‘rnidan turdi. Vujudi g‘azabdan titrab ketdi. Ammo indamadi. Eshik tomonga yurdi. Ostonaga yetganda, Suhrob uni to‘xtatdi:
— Hamma gap omadga bog‘liq ekan. Bir zamonlar sening omading kelib, baxting kulgan edi. Omad endi menga kulib boqdi.
Jahongir uning ko‘zlariga tikildi. Bir paytlar u shu ko‘zlaridan yosh to‘kib «Ma’rifatni sevaman, usiz yashay olmayman, uni tinch qo‘y», degan edi. Lekin Ma’rifat Jahongirni tanlagan, shu-shu ular orasidagi bordi-keldi yig‘ishtirilgan edi. Suhrob buni o‘ttiz yildan beri ko‘nglidan chiqarmagan ekan. Mana, hozir vaqtni boy bermay o‘ch olganidan xursand. Jahongir uning shodligini sezdi. Ostona hatlab tashqariga chiqdi. Ikki qadam qo‘ydi-yu, orqasiga qarab: «Ablah ekansan!» dedi.
Suhrob tirjayganicha eshikni qattiq yopdi.
Jahongir duch kelgan mashinani to‘xtatdi-da, uyiga ketdi. Jamshid ovqat tayyorlab, kutib o‘tirgan ekan. Unga «o‘zing yeyaver, ovqatlanib keldim», deb xonasiga kirdi. Qog‘oz-qalam olib, Fanlar akademiyasining prezidiumiga maktub yozdi. Keyin tajriba kundaligini ochdi.

Qayd etilgan