Tohir Malik. Falak (qissa)  ( 68028 marta o'qilgan) Chop etish

1 2 3 4 5 6 7 8 9 10 11 ... 14 B


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:32:40

BEKOR QILINGAN HUKM
(Kundalikning uchinchi sahifasi)

Ular Bibixonim masjidiga kirishib bomdod nomozini o‘qishdi-yu, yo‘lga chiqishdi.
Shamsibek ketish oldidan Abdulvahobni yo‘qlamoqchi edi, topolmadi. Masjidda ham uchratmadi... Shahar darvozasidan chiqaverishda otning tizginini tortdi. Pastakkina tolga suyanib, mudrab o‘tirgan Abdulvahobni tanib, unga yaqinlashdi. Tuyoq tovushini eshitib, Abdulvahob ko‘zini ochdi. Erinibgina o‘rnidan turdi.
— Uyga qaytyapman, olib ketaymi? — dedi Shamsibek.
— Ishingiz bitdimi?
— Yo‘q, zavjamni olib kelaman.
— Zavjamni? Uylanganingizni aytmovdingiz-ku?
— Ha... mavridi bo‘lmovdi.
— Kimga uylangansiz?
— Sherbek zargarning qiziga.
— Mahfuzasigami?
— Ha.
Shamsibek Abdulvahobning Mahfuzaga odam qo‘yganini bilardi. Ammo Sherbek zargar Abdulvahobni xush ko‘rmay, shogirdini — Shamsibekni kuyov qildi. Samarqandda yurgan Abdulvahob, albatta, bundan xabarsiz edi. U Mahfuzani ko‘rmagan bo‘lsa-da, ko‘nglida Shamsibekka nisbatan rashk uyg‘ondi. «Mahfuzasigami?» deganida Shamsibek Abdulvahobning ko‘ngliga yomon fikr oralaganini sezdi. Lekin sir boy bermadi. Qamariddin tomoq qirib qo‘ydi. Shamsibek gapni qisqa qilish kerakligini tushunib:
— Borasizmi? — dedi.
— Yo‘q.
— Nima deb qo‘yay?
— Hech narsa... ko‘rmadim, deng.
Shamsibek otning boshini burdi. Abdulvahob mung‘ayib turib qoldi. Uning ko‘zlarida alam bor edi...
Ular katta karvonga qo‘shilib olishdi. O‘ttizga yaqin tuya oldinda uzoq va og‘ir yo‘l borligini bilganday vazmin yuradi. Har oyoq tashlashganida qo‘ng‘iroqlari bo‘g‘iq jaranglaydi. Tuyakashlar ahyon-ahyonda ovoz chiqarib qo‘yadilar. Quyosh karvonni erinmay kuzatadi. Odamni uyqu bosadi. Shamsibek bilan Qamariddin tizginni bo‘sh qo‘yishgan, otlar boshlarini egib, tuyalar yonida borishadi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:32:48

— Haligi telba gadoni olib ketmoqchi edingizmi?— dedi Qamariddin.
— Ha. Bu ahvoliga odam achinadi.
— Juda ko‘ngilchan ekansiz, uka. Haddan ziyod ko‘ngilchan bo‘lish ham yaramaydi. Shahriyorimiz mehri issiqlik qilib bu devonavashlarni erkin qo‘ydilar. Mana oqibat: ular tuhmatu ig‘vodan bo‘shamay qolishdi. Fasod toshlarining bari sultonimizga otilyapti.
U bir oz jim yurgach, yana so‘z ochdi:
— Ammo, shahriyorimiz muhtasibni xo‘b mot qilgan-da, eshitganingiz bordir?
— Yo‘q.
—Ana xolos... Hammaning og‘zida duv-duv gapku... Uch-to‘rt oy burun shahriyor bilan Bibixonim masjidiga juma namoziga bordik. Namozdan so‘ng muhtasib davlatpanohning sha’niga nojo‘ya gaplarni aytdi. Bu gaplarni eshitib, men g‘azabdan titrayapman-ku, shahriyor esa kulimsirab o‘tiribdilar. Muhtasib so‘zini tugatgach, shahriyor o‘rinlaridan turdilar. Masjidga yig‘ilganlar, shahriyor hozir muhtasibni jazoga buyuradilar, deb o‘ylashdi. Biroq kutilmaganda shahriyor muhtasibni savolga tutdilar: «Aytadilarkim, piringiz sizni hazrati Muso darajasiga qiyoslabdilar, shu rostmi?» Sayid Oshiq tasdiq ishorasini qilgach, shahriyor davom etdilar:
— Siz o‘zingizni hazrat Musodan ustun deb bilasizmi?
— Yo‘q.
— Balli. Endi ayting-chi, Fir’avn1 ulug‘mi yoinki menmi?
— Siz.
— Balli. Ollo taolo «Fir’avnga qattiq-qattiq gap aytma, hatto u bilan muomalani yumshoq qil», deb hazrat Musoga farmoyish berganida, nima uchun hazrat Musodan past bo‘lgan janobingiz Fir’avndan balandroq bo‘lgan kaminaga bu qadar qo‘pollik qilyapsiz?
Muhtasib og‘iz ocholmay qoldi. Nazarimda yer yorilmadi-yu, yerga kirib ketmadi. Men xaloyiq oldida mulzam bo‘lishdan o‘limni afzal ko‘rardim. Muhtasib aqli qusurligini shunday namoyish etdi-qo‘ydi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:32:56

Qamariddin yaxshi hamroh edi. Shamsibekni zeriktirmadi. Kezi kelganda ilm bobida ham bahslashdi. Bahsda har yengilganida iyagini qashib, «yoshligimda o‘qimadimda», deb qo‘yardi. U tug‘ma polvon edi. Samarqandning manman degan sherbilaklari haligacha uning kuragini yerga tegiza olmagandi. Qamariddinni ko‘tarib yerga urish uchun ham uncha-buncha kuch kifoya qilmasdi. Agar otga o‘tirsa, chetdan qaragan kishiga xuddi jonivorning beli sinib ketayotganday tuyulardi. Lekin kurashlar, qilich chopishlar haqida ko‘p gapirmadi. Uning suhbatidan bahra olgan Shamsibek «agar purdil bo‘lib tug‘ilmasa, albatta, alloma bo‘lib tug‘ilardi», deb qo‘ydi.
Karvon hamon ilgarilaydi. Qo‘ng‘iroqlar hamon bo‘g‘iq ovoz chiqaradi. Andijonga yaqinlashishdi. Hademay ular katta karvondan ajrab, yo‘lni bog‘ ko‘chaga burishadi. Qamariddin otni yetaklab boryapti. Shamsibek bir maromda qadam tashlayotgan tuyalarga tikiladi. Ularning qatori buzilmaydi. Tuyalar taqdirga tan bergan — bo‘yin egganlaricha olg‘a yurishadi. Faqat o‘rtadagi tuya ba’zi-ba’zida to‘xtamoqchi bo‘ladi. Bo‘taloq yelinga intiladi. Tuya esa to‘xtolmaydi. Burunduqning arqoni oldingi tuyaga bog‘langan. Burunduqlar hamma tuyalarda bor. To birinchi tuya to‘xtamaguncha, ular dam olisholmaydi. Birinchi tuyaning izni ham o‘zida emas.
Shamsibek onasiga talpinayotgan bo‘taloqdan, bolasiga sut berolmay, yurak azobida osmonga qarab bo‘kirib qo‘yayotgan tuyadan ko‘z uzmay qoldi. «Odamlar ham shundaymilar? — deb o‘yladi u o‘zicha, — ularning burunlaridan ham ko‘rinmas halqa o‘tkazilganmi? Halqalar bog‘langan arqonning uchi shahriyorning qo‘lidami? Agar biror kimsa haq yo‘ldan toysa, u tortib qo‘yadimi? Men-chi?.. Kindik qonim to‘kilgan yerni tashlab, shahristonga kelishga majbur bo‘lyapman-ku?! Nahot odamning izmi o‘zida bo‘lmasa? Odamni bog‘lagan halqaning nomi tirikchilikmi? Odam shu tirikchilik vajidan boshqa bir kimsaga bo‘yin egadimi? Onadan hamma bir xilda yalang‘och, bir parcha jish bo‘lib tug‘iladi. Lekin birovi zarga o‘raladi, birovi churuk laxtakka. Bu muammoga shahriyor ham javob berolmasa kerak... Fuqaroning barini zarga o‘rab bo‘lmaydi...»
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:04

Shamsibekning xayolini Qamariddin buzdi:
— Anavi yerda katta qishloq borga o‘xshaydi-a? — dedi u qamchini bilan mag‘ribni ko‘rsatib.
— Ha, bor, — dedi Shamsibek. Keyin o‘sha tomonga tikilib qoldi.
— To‘y bo‘lyapti shekilli, — dedi Qamariddin yonayotgan mash’alalarga ishora qilib.
— Yo‘q, to‘y bo‘lsa, katta gulxan yoqishmaydimi? Qishloq notinch ko‘rinadi.
— Bo‘lmasa boraylik.
Ular ot yo‘rttirib ketishdi. Olomon to‘plangan besh paxsalik devor oldiga kelib tizginni tortdilar. Devor ostida yaktaklari yirtilgan, yuzlari mo‘mataloq yigit bilan durrachasini yuziga to‘sib dir-dir titrayotgan qiz, sal narida esa, katta salla o‘ragan, qora soqolli bir kimsa tasbeh o‘girib turardi. Hamma kimnidir kutardi.
Qamariddin odamlar orasidan o‘tib, sallali kishiga yaqinlashdi-da, salom berdi.
— Taqsir, bu yig‘ilishning boisi nima?
— Ahli islom gumrohlarni jazolagani to‘plangan.
— Gumrohlar shularmi? — dedi Qamariddin yigit bilan qizni ko‘rsatib.
— Ha.
— Jaroyimi nedur?
— Buni ahli islomdan so‘rang.
— Men sizdan so‘raydurman.
Tasbeh ushlagan katta sallali kishi bo‘sh qo‘li bilan soqolini silagan bo‘lib «astag‘firulloh», deb pichirladi-da, unga qovoq uyib qaradi.
— O‘zlari kim bo‘lurlar? Musofirga o‘xshaydurlar? Musofir izzatini bilmog‘i darkor.
— Aybga buyurmaydilar, taqsir, biz shahriyorning amri oliylari bilan Samarqanddin Andijon sari yo‘l olganmiz. Bu olomon sabab bo‘lib to‘xtab edik. — Qamariddin shunday deb, yaktagining ich cho‘ntagidan Ulug‘bek muhri bosilgan poygirni chiqardi. O‘pib, ko‘ziga surtdi-da, sallali kishiga uzatdi. U ham poygirni ehtiyotlab olib, o‘pib ko‘ziga surtdi. Keyin ochib, undagi shohona muhrni ko‘rdiyu so‘zlarini o‘qimayoq, bukilib ta’zim qildi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:13

— Biz osiylarni aybga buyurmaydilar.
Bu kishining ta’zim qilganini ko‘rganlar ham beixtiyor ta’zimga berildilar.
Shamsibek to‘pning chetrog‘ida turardi. Bu manzarani ko‘rib kulimsiradi. Yonidagi mo‘ysafiddan asta so‘radi:
— Bularning jaroyimlari nima ekan?
— Bu yigit shu muzofotning pahlavoni edi. O‘tgan bozorda qozikalonning polvonini dast ko‘tarib yerga qo‘yibdi. Eshitishimizcha, qozikalon bu kurashdan ko‘p narsa umid qilgan ekan. Bugun ertalabdan bechoralarni azoblaydilar.
— Nechun?
— U nikohlangan qiz bilan don olishibdi chog‘i.
— Jaroyimini o‘zlaring ham bilmaysizlarmi?
— Hammaning og‘zida har xil gap. Qay biriga ishonishni bilmay qoldik.
Shamsibek «vo ajab!» deganicha olomon orasidan o‘tib borib, Qamariddinga yaqinlashdi.
— Taqsir, — dedi Qamariddin katta sallali kishiga, — bularning jaroyimlaridan meni hanuz voqif qilmadilar-ku?
— Aybsitmaysiz, hozir hamma gapni bayon qilaman. Ko‘rib turganingiz bu qiz chorshanba kuni Ahmadboyvachchaga nikohlangan edi. Kecha to‘y arafasida anavi iblis qizning boshini aylantirib olib qochmoqni xayol qilibdi. Odamlar ushlab huzurimga keltirishdi. Biz «Devorga bostirilsin!» deb hukm chiqardik.
— Ularni ayb ustida ushlashibdimi? — so‘radi Shamsibek.
Katta sallali kishi Qamariddinga savol nazari bilan qaradi.
— Taqsir, bu yigit shahriyorning eng suyukli shogirdi. Shahriyor bu kishini qanotlari ostiga olganlar, — deb izoh berdi Qamariddin.
Davra sallali kishi boshchiligida endi Shamsibekka ta’zim qildi.
— Ahmadboyvachcha bilan nikohga qizning o‘zi rozi bo‘lib edimi?
— Ha, men o‘zim guvohman.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:32

Shamsibek qizga yaqinlashib, engashdi:
— Singlim, ayting-chi, Ahmadboyvachcha nikohiga o‘zingiz rozi bo‘lib edingizmi? — Qiz indamadi. Qo‘rquv va dahshat hali ham uning vujudini muzlatib turar edi. — Ayting, singlim, qo‘rqmang.
Qiz asta «yo‘q», deb bosh qimirlatdi.
Shamsibek iziga qaytdi.
— Taqsir, ojizaning rizoligisiz o‘qilgan nikoh inobatga o‘tadimi? Bu nikoh shariatga xilof emasmi?— deb so‘radi u sallali kishidan.
— Nikoh shariatga xilof bo‘lsa ehtimol. Ammo ularning harakatini nima deb baholamoq kerak?
— Ayblaridan o‘tmoq mumkin emasmi? Yosh umrlarini xazon qilmoq ham gunohi azim sanaladi-ku?
— U holda dinimiz pokligini qay holda saqlamoq kerak? Bandalarni zinodan qanday qaytarmoq lozim?
— Adolat yo‘li bilan, — Shamsibek shunday deb sallali kishiga savol nazari bilan tikildi: — Taqsir, o‘zlari bularni zinokor deb hisoblaydilarmi?
— Ayni rost.
— Shunga ko‘ra jazo belgiladilarmi? Fikri ojizimcha, devorga bostirmoqqa hukm qildilarmi?
— Ayni rost. Ikkovi beliga qadar ko‘milib, so‘ng ustlariga, ko‘rib turganingiz devor yiqitilur.
— Taqsir, hukmingiz shariatga andak xilof emasmi?
— Bizning qo‘limiz shariat hukmida qat’iydur, — dedi sallali kishi, savollardan norizo ekanini yashirmay.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:41

— Agar malol olmasangiz, shariat hukmiga doir bir-ikki savolni so‘rasam, — Shamsibek shunday deb Qamariddinga qarab oldi. Sallali kishi ham «Bu yigit haddidan oshmayaptimi?» degan ma’noda Qamariddinga qaradi. Qamariddin «so‘rayvering», deganday im qoqqach, Shamsibek yana sallali kishiga yuzlandi:
— Taqsir, ma’lumingizkim, janobi payg‘ambarimiz alayhissalom bir odamni zinoda ayblamoqdan avval obdon so‘rab-surishtirganlar. Bu xususdagi hadisi shariflarni janobingizga eslatmoqning zarurati yo‘qdir. Bu bandalarning zino qilganlari, ya’nikim, shahvatlarini harom yo‘l bilan qondirganlariga guvohlar bormi?
— Bor, — sallali kishi o‘zidan sal narida turgan ikki yigitni imlab, yoniga chorladi. — Guvohlar shular.
Shamsibek yaqinlashgan yigitlarning salomlariga alik olgach, yana kishiga yuzlandi:
— Taqsir, guvohlik uchun to‘rt odil musulmon erkak lozimligini unutganingiz yo‘qdir? — Sallali kishi javobdan bo‘yin tovlab, nazarini olib qochgach, Shamsibek yigitlarga yuzlandi: — Sizlar bularni qandayin sharmandali holda ko‘rdinglar?
Yigitlar «kim javob beradi?» degandek, bir-birlariga qarab olishgach, mo‘ylovi o‘sinqirab tepa labini bosayozgan yigit, o‘ziga ham ishonmagan tarzda gap boshladi:
— Boy otam buyurdilarki... nikohlariga olganlarini bir boshi buzuq olib qochgan ekan... «Quvinglar», dedilar. Keyin «ushlangu ushlagan yeringizda o‘ldiring» ham dedilar. Omma, biz o‘ldiradag‘on jallod emasmiz. Bularni shahar yo‘lida tutdigu izlariga qaytardik.
— Sizlar ko‘rganingizda qanday holda edilar? — deb savolini takrorladi Shamsibek.
— Qiz ot ustida, yigit jilovni ushlab olgan, pastda, piyoda edi.
— Demak, ularni sharmandali holda ko‘rmadingiz?
— Yo‘q, taqsir.
— Taqsir, endi gunohkor deyayotganingiz yigitni chorlang-chi, bu hukmda zinokorning iqrori ham darkor.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:49

Sallali kishining ishorasi bilan yigitni boshlab keldilar. U Ollohning nomini zikr etgani holda qasam ichib, qo‘yilmish aybni inkor etgach, Shamsibek yana sallali kishiga murojaat qildi:
— Taqsir, avvalo shuki, bularning zinokor ekanliklari tasdiq topmadi. Yana shuki, yigit hali uylanmagan, qizning nikohi esa shubhali, avvali — uning nikohga rizoligi yo‘q, so‘ng esa nikohlangani bilan er-xotin sifatida yashamagan, demakkim, u ham oilasiz maqomidadir. Shundoq ekan, ular zinokor bo‘lgan taqdirlarida ham, siz lozim topganingiz hukm — belga qadar ko‘mib, so‘ngra ustlaridan devor bostirmoqlik bularga emas, besoqolbozlarga xossatandir. Yana shuki, bular g‘o‘rlik qilib noma’qul yo‘lga kirishga urinibdilarkim, bunga jazo — ta’zirdir, o‘n darra kifoyadir.
Qamariddin Shamsibekning mantiqiy tahliliga qoyil qolib, «Nima der ekan?» degan ma’noda sallali kishiga qaradi. U javob bermay, tasbehini aylantiravergach, Shamsibek Qamariddinning qulog‘iga shivirladi. Qamariddin hamrohiga ajablanib qaradi-da, so‘ng sallali kishiga yuzlanib:
— Taqsir, bu yigit purdil emish, shu rostmi? — deb so‘radi.
— Ha, bu iblisda filning kuchi bor.
— U holda men uni sinab ko‘rayin. Men shahriyorimiz uchun purdil yigitlarni tanlab yurib edim.
— Ixtiyoringiz, — dedi sallali kishi e’tiborsiz ohangda.
— Yigitga og‘irlik qilmasmikin, ancha azob chekkan, — dedi Shamsibek.
— Purdil azob degan narsani bilmaydi, — dedi Qamariddin. Keyin yigitga yaqinlashib, so‘radi: — Bel olishmoqqa chog‘ingiz bormi?
Yigit Qamariddinga burgut qarash qildi. Uning qo‘l-oyoqlarini yechib qo‘ydilar. U bilaklarini uqalab o‘rnidan turdi.
— Qiyiq beringlar! — dedi kimdir.
Darrov qiyiq uzatishdi. Yigit belini mahkam bog‘lab, Qamariddinga yaqinlashdi. Shamsibek shundagina uning Qamariddindan qolishmasligini sezdi.
   

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:33:58

Qamariddin harifini bir necha muddat bo‘sh qo‘ydi. Yigit ham shoshilmadi. Ikkovlari bir-birlarining belbog‘laridan mahkam ushlaganlaricha bir yerda aylanishar, go‘yo qulay payt poylashardi. Odamlar maydonchaga yaqinlashib davra hosil qilishgan, hammaning e’tibori kurashchilarda edi. Bu kurash katta to‘ylar yoki bo‘lak marosimlardagi kurashlarga o‘xshamasdi. Odamlar «Qani, ko‘tar endi!», «Bo‘sh kelma!», «Ha, barakalla!» deb qichqirishmas, quvonishmas, bahslashishmas edi. Kurash osoyishta boshlanib, osoyishta davom etardi. Xaloyiq kurashning nima maqsadda boshlanganidan, g‘olibni nima kutishidan hali bexabar edi.
Qamariddin uch-to‘rt aylangach, yigitni o‘ziga tortdi. Yigit hushyor edi. Beli bukilmadi. Shunda Qamariddin dahanini yigitning yelkasiga qattiq tirab uning belini bor kuchi bilan qisdi. Bel bukilmadi. Qamariddin yigitning oyog‘ini bir oz bo‘lsa-da, yerdan uzib yonboshga olmoqchi bo‘ldi. Yigit zarang daraxtday edi. Oyog‘i yerdan uzilmadi. Qamariddin endi astoydil kurashga berilgan, yigit bo‘lsa unga javob qilishga shoshilmasdi. Bu orada davraning osoyishtaligi buzilgan, ayrim betoqatlar «nega qarab turibsan!» deb baqira boshlashgan edi.
Boshini Qamariddinning yelkasiga tirab olgan yigit yalang oyoqlari bilan yerni paypaslaganday bo‘ldi. Bir zum harakatdan to‘xtadi. Qamariddin uning hamlaga tayyorlanayotganini sezdi. Diqqatini to‘pladi. Darhaqiqat, soniya o‘tmay yigit kuch ishlatdi. Qamariddinning beli bukilmadi. Shunda yigit o‘zini sal orqaga tashladi-da, Qamariddinni aylantirmoqchi bo‘ldi. Eplay olmadi. Davraning hayajoni oshdi. Yigitga kuyunganlar unga dalda bera boshlashdi. Kurashchilar maydonni halqaday o‘rab turganlarga yaqinlashishdi. Odamlar o‘zlarini orqaga tashladilar. Shu damda yigit o‘ng oyog‘ini Qamariddin sari tashlab harifiga yaqinlashdi-da, shu onning o‘zida uni qattiq kuch bilan siltab tortdi. Qamariddinning beli bu kuchga bas kelolmadi. Yigit «yo, pirim!» dedi-da, uni dast ko‘tardi. Olomon xursandchilikdan qichqirib yubordi. Qamariddin yigitning qo‘lida — qarshilik ko‘rsatishga ilojsiz edi. Yigit uni yonboshga ham olmadi, yerga ham qattiq urmadi. Asta yerga qo‘ydi. Polvonlar orasida bunday tantilikni faqat o‘ziga ishonganlar qila olardi. Qamariddin yigitni bag‘riga bosdi. Yigit uning bag‘ridan bo‘shagach, yana joyiga borib o‘tirdi.

Qayd etilgan


shoir  01 Sentyabr 2006, 05:34:06

— Taqsir, ijozatingiz bilan men bu yigitni shahriyor huzuriga olib ketsam, — dedi Qamariddin katta sallali kishi davrasiga qaytgach.
— Men shariat hukmini buzolmayman. Hukmga ahli islom guvoh bo‘lgan.
Qamariddin olomonga yuzlandi:
— Aziz fuqaro, — dedi u baland ovozda, — bular o‘z jigarbandlaring ekan. G‘o‘r ekanlarki, gumrohlik qilibdilar. Ayblaridan o‘tsa bo‘ladimi?
Har tomondan «bo‘ladi, aybidan o‘ting, taqsir!» degan ovozlar keldi.
— Ana, taqsir, ahli islom rozi. Siz ham rozi bo‘ling. Shahriyor marhamatidan bahramand bo‘lursiz.
«Shahriyorning marhamatini» eshitgach, sallali kishi tasbeh ushlagan qo‘lini ko‘tarib:
— Gunohlari bo‘lsa, u dunyoda Tangri oldida o‘zlari javob bergaylar, — dedi.
Olomon asta tarqala boshladi. Qiz bilan yigit oldiga hech kim yaqinlashmadi. Shamsibek hukm bekor qilingani hamon to‘dadan ota-onalarning otilib chiqib, farzandlari tomon intilishini kutgan edi. Lekin bunday bo‘lmadi. Katta sallali kishi ta’zim bilan Qamariddinga yuzlandi:
— Taqsir, qadam ranjida qilib, g‘arib kulbamizni charog‘on etsangiz, xizmatingizda bo‘lsak, — dedi u tavoze bilan.
— Qulluq, — dedi Qamariddin yarim ta’zim bilan, — marhamatingizdan boshimiz ko‘kka yetdi. Bu kech manzilga yetishimiz lozim. Qo‘nib o‘tishga fursatimiz yo‘q.
Yana bir qancha mulozamatlardan so‘ng ular tarqalishdi. Shundagina daraxtzor tomonda turgan ayol va ikki mo‘ysafid ularga yaqinlashishga jur’at etishdi. Qiz yuzini devor tomonga o‘girib, yigit esa boshini quyi egib o‘tirardi. Ayol qizning boshiga qora to‘n yopdi. Mo‘ysafidlar yigitni qo‘ltig‘idan olishdi. Qamariddin bilan Shamsibek ularga yaqinlashishgach, yigit qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi-da, bosh egdi:
—Qulluq, taqsir, — dedi yo‘g‘on ovoz bilan.
Uning bu ta’zimida mag‘rur minnatdorlik sezilib turardi.

Qayd etilgan