Bu gapni eshitib Qamariddin maydondagi voqeani esladi-da, bir qimirlab oldi. Mo‘ysafid hikoyasini davom ettirdi:
— Bir kuni deng, shu Ahmadboyvachchani dadalari sunnat qildirgan kunlari edi shekilli, uloq berdilar. Muzofotning o‘n chog‘li nomdor polvonlarini ham ayttirgan ekanlar. Katta kurash bo‘ldi. To‘xtamurod yonimizda jilmayib turaverdilar. Qarasak, maydonga tushgulari yo‘q. Polvonlar ham, odamlar ham shu kishiga qarashdi. Oxiri boybuvaning o‘zlari chaqirdilar, maydonga tush dedilar. «Aybsitmang, boybuva, bugun tusholmayman», dedilar To‘xtamurod. Shunda boybuva xunuk so‘zlarni aytvordilar. To‘xtamurodning hamiyatlari kuchli edi. Belbog‘ni mahkam bog‘lab o‘rtaga tushdilar. Ikki-uch aylantirishda davraning zo‘ri bo‘lib turgan polvonning kuragini yer tishlatib, belbog‘ni yelkalariga tashlab, sovrinni olmayoq chiqib ketdilar. Orqalaridan bordik. Avvaliga kurashga tushmaganlarining boisini so‘radik. To‘xtamurod to‘nni yechib, yaktakni ko‘tardilar. Bellariga deng, ikkita yong‘oqday chipqon chiqqan ekan, haligi kurashda belbog‘ siqib yuboribdi. Biz to‘yga qaytdik. To‘xtamurodning sovrinni olmaganlari boybuvaga qattiq tekkan ekan. Haligi polvonlarni sarxush qilib, To‘xtamurodga yuboribdilar. Nomardlar deng, u kishini ayamay do‘pposlashibdi. Ertalab borsak, To‘xtamurodning boshlari yorilgan, qo‘li singan. Qaytar mahalimiz To‘xtamurod «Endi bu qishloqdan boshimni olib ketaman. Shahristonga boraman», deb qoldilar. Ertasiga kelib ko‘ch-ko‘lonlarini aravaga ortib berdik. To‘xtamurodning issiqlari baland, ko‘zlari kirtaygan, biror kun qoling, desak ham ko‘nmadilar. Aravaga zavjalari bilan endi tilga kirgan G‘anijonni chiqarib, o‘zlari otni yetakladilar. U kishidan o‘n olti yo o‘n yetti yil darak bo‘lmadi. O‘tgan qovun pishig‘ida G‘anijon kirib keldilar. Eski aravada volidalari. Marg‘ilondagi bir kurashda To‘xtamurodning bellari qattiq lat yeb, qazo qilibdilar. G‘anijonning volidalari xasta ekanlar, uch kundan keyin omonatlarini topshirdilar. Ularning eshiklarini Ahmadboyvachcha o‘ziniki qilib olgan edi. Marhumani shu o‘zimizning eshikdan chiqardik... Agar aybga buyurmasangiz, sizdan bir narsani so‘rasam.